O’z qatlam so‘zlariga shu til mansub bo‘lgan til oilasining birlamchi so‘zlari, shu tilga yaqin qarindoshchilik aloqasidagi tillarda ham mavjud bo‘lgan so‘zlar hamda faqat shu tilning o‘zidagina mavjud bo‘lgan so‘zlar kiradi. Masalan, o‘zbek tilining o‘z qatlam so‘zlariga umumturkiy va o‘zbekcha so‘zlar qatlamidan iborat bo‘lsa, rus tilining o‘z qatlami hind-evropa so‘zlari, umumslavyan so‘zlari va faqat rus tiliga taalluqli so‘zlar qatlamlariga bo‘linadi.
O’zlashgan qatlam ham har bir tilda turlicha shart-sharoitlardan kelib chiqib hosil bo‘ladi. Masalan, o‘zbek tilida o‘zlashgan qatlam arab tilidan, fors-tojik tilidan, rus tilidan va u orqali Yevropa tillaridan kirib kelgan so‘zlar qatlamlaridan tashkil topgan bo‘lib, bulardan birinchisi, VII asrdagi arablar bosqini bilan, ikkinchisi yaqin qo‘shnichilik munosabatlari, madaniy-badiiy aloqalar tufayli, uchinchisi esa O’rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi va Sobiq Ittifoq tarkibiga kiritilishi, shuningdek, fan va texnika taraqqiyoti tufayli yuz bergan.
So‘z o‘zlashtirish ijobiy hodisa sanaladi, chunki u tilni boyitadi, til egalarining bilimlarini, dunyoqarashi va so‘zlashish imkoniyatlarini kengaytiradi. Biroq u me’yordan ortib ketsa va tilning o‘z qatlamiga oid so‘zlarini siqib chiqara boshlasa, unda katastrofa holati yuz berishi va til asta-sekinlik bilan yo‘qolib ketishi mumkin.
Til lug‘at tarkibi asosan 4 ta manba orqali to‘ldiriladi, boyiydi:
morfemik derivatsiya (hosila), ya’ni affiksatsiya usulida so‘z yasash. Bu ichki omil hisoblanadi.
semantik derivatsiya, ya’ni tilda so‘zlardagi ma’no taraqqiyoti va ko‘chishi orqali yangi so‘zlarning yasalishi; Bu ham ichki omil.
erkin bo‘lmagan birikmalar hosil qilish;
boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirish, ya’ni tashqi omillar orqali.
Morfemik derivatsiya va leksikalizatsiya. Uzoq Sharq va Janubiy –Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi izolyatsiyalashgan tillarda (xitoy, ve’tnam, kxmer va boshqalar) morfemik derivatsiya kam miqdorda ishlatiladi. Masalan, sintetik vetnam tilida matndagi 100 ta so‘zdan 6 tasi affiksal derivatsiya hisoblanadi. Ammo izolyatsiyalashgan tillarda so‘zlarning o‘zaro qo‘shilishi juda rivojlangan. Chunki, masalan, vetnam tili matnlarida affiksal yasalgan va yasama so‘zlarning salmog‘i 31%ni, yasama bo‘lmagan so‘zlarning miqdori esa 69% ni tashkil qiladi.3 Bu yerda shuni e’tiborga olish lozimki, izolyatsiyalashgan tillarda ikki o‘zakli qo‘shma so‘zlarni so‘z birligidan, mustaqil so‘zlarni esa yordamchi so‘zlardan farqlash qiyin.
Ajratuvchi tillarda morfem derivatsiya keng qo‘llanadi hamda yangi so‘zlarning asosiy manbai hisoblanadi. Rus tilida XX asrning ikkinchi yarmi davomida o‘zlashtirilgan 3500 yangi tushunchalarning 33% morfemik derivatsiyani, ingliz tilining leksikasida 67,5% morfemik derivatsiyani, ya’ni yasama so‘zlarni tashkil qiladi. V.G.Gakning ta’kidlashicha, fransuz va rus tili leksikasining 2/3 qismi yasama so‘zlardan iboratdir.4
Lug‘at tarkibining boyishi so‘z o‘zlashtirishning eng mahsuldor qismi bo‘lib, u uch asosiy guruh dalillari bilan belgilanadi: 1) tillarning aloqa xususiyatlari bilan; 2) jamiyatning lingvistik g‘oyasi va til vaziyatining, til holatining o‘ziga xosligi; 3) tilning ichki tarkib xususiyatlari bilan.
Har bir tildagi o‘zlashtirilgan so‘zlarning oz-ko‘pligi mazkur tillarning zaifligidan dalolat bermaydi, aksincha, bu millatning ikkinchi millatga yoki xalqqa bo‘lgan ochiq ko‘ngililigi, har tomonlama yaxshi munosibligi, bir millatning boshqa millat madaniyatiga bo‘lgan ob’ektiv, oqilona munosabatidir. Masalan, ingliz tilidagi so‘zlarning qariyib 50% fransuz va lotin tillaridan o‘zlashtirilgan. O’zbek tili lug‘at tarkibining qariyb 40%ni arab va fors-tojik so‘zlari tashkil qiladi.
Ingliz tilidagi fransuz so‘zlarining, rus tilidagi lotin, roman, german tillari so‘zlarining yoki o‘zbek tili lug‘at tarkibidagi arab, fors-tojik so‘zlarining ko‘p miqdorliligi nomi tilga olingan xalqlar tillarining leksik tomondan bir-biriga yaqinligini va bundan tashqari, bu tillardagi umum baynalminal so‘zlarni qo‘llash, ishlatish shu xalqlarning madaniy, texnik, texnologik tomonidan yaqinlashuviga olib keladi, muloqot qilishni osonlashtiradi.
Agar rus, ingliz, nemis, ispan, polyak tillarida XX asrgacha fransuz tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlar ko‘pchilikni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu tillarda ingliz tilidan o‘zlashtirilgan so‘zlar salmoqliroqdir.
Yo bo‘lmasa yaqingacha o‘zbek tilining tarkibida arab, fors tillaridan o‘zlashtirilgan so‘zlarning miqdori salmoqli bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘sha tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar qatoridan ingliz tilidan kirib kelayotgan so‘zlar tobora ko‘payib bormoqda.
Shuningdek, til lug‘atidagi so‘zlar qo‘llanishiga ko‘ra ham faol va nofaol qatlamlarga bo‘linadi. Kundalik turmushda keng ishlatiladigan umumiste’moldagi so‘zlar faol so‘zlar qatlamini, tilga yangi kirib kelgan va hali faollashib ulgurmagan yoki tarixiylik yohud eskirganlik nuqtai nazaridan tilda kam ishlatiladigan, shuningdek, muayyan hududiy, kasbiy, etnik, uslubiy ma’nolari jihatidan qo‘llanishi chegaralangan so‘zlar esa nofaol so‘zlar qatlamlarini tashkil etadi. Ushbu qatlamga shevaga xos so‘zlar, atama-terminlar, kasb-hunarga xos so‘zlar, jargonlar, argolar, evfemizmlar kiradi. Tildagi barcha so‘zlar kabi ushbu qatlamlar ham o‘zgarib turadi, qulay tarixiy shart-sharoitlarda ular faol so‘zlarga aylanishi yoki aksi bo‘lishi ham mumkin.
Til lug‘at sostavida eskirishga qaraganda yangilanish va boyib borish kuchli bo‘ladi. Bu hol tilning lug‘at sostavida aniq bilinadi. Lug‘at sostavining harakati quyidagilarda ko‘rinadi: Eski so‘zlar yo‘qoladi, aktiv so‘zlar passivlanadi, va aksincha, eski so‘zlar yangi so‘zlar bilan almashadi, yangi so‘zlar yasaladi, boshqa tillardan so‘z arlashadi, qo‘shma so‘zlar, turg‘un birikmalar paydo bo‘ladi. So‘z ma’nosi kengayadi, kichrayadi, ayrim so‘zlar eski ma’nosini yo‘qotib, yangi ma’noda qo‘llanadi, oddiy so‘zlar atamaga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |