Grammatik ma’noning lisoniy va pragmatik omillar hamkorligida oʻrganilishi
The study of grammatical meaning in corporation with linguistic and pragmatic
factors
Ernazarova Manzura Saparboyevna*,
*
Bazarbayeva Navbahor Jalgasboy qizi
*
†
Annotation.
In the article in the expression of general grammatical meaning in speech the
interaction of language and pragmatic factors was widely studied. The harmony of language and
pragmatic factors, their appropriateness in the occurrence of general grammatical meaning
were explained. And also, discursive analysis of grammatical phenomena in Uzbek substantial
linguistics on the basis of the principle “commonness - privateness” was highlighted.
Key words:
System, language, pragmatic meaning, language, speech, language and
pragmatic factors, homogeneous units, heterogenic elements, communication
Jahon tilshunosligida XX asrda til va nutq dixotomiyasini, tilning lisoniy tizimdagi
grammatik imkoniyatlarini oʻrganish yangi bosqichga koʻtarildi. Til – lison va nutq
yaxlitligidagi murakkab butunlik ekanligi, lison nutqda me’yor asosida voqelanishi, nutq uchun
asos boʻlib xizmat qilishini zamonaviy ilmiy-nazariy qarashlar va metodlarga asoslangan holda
tadqiq etish dolzarb muammolardan biridir. Bugungi kunda grammatik ma’noning lisoniy va
pragmatik omillar yaxlitligida tadqiq etish tilshunoslikning shiddat bilan rivojlanib borayotgan
pragmalingvistik, lingvokulturologik, etnolingvistik va psixolingvistik kabi zamonaviy
sohalarining taraqqiyotini ta’minlashning muhim omillaridan sanaladi.
Jahon tilshunosligida tilni sistema sifatida oʻrganish borasida ulkan yutuqlar qoʻlga
kiritildi. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlar markazidagi asosiy izlanishlar sistem-struktur yondashuv
asosida olib borilishi natijasida til birliklardagi grammatik ma’noning lisoniy va pragmatik
omillar yaxlitligida zamonaviy metodologik tamoyillarga tayangan holda tavsiflash hamda
*
*
Navoiy davlat pedagogika instituti Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi mudiri, f.f.d.(DSc), sar_79@bk.ru;
* Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi
367
ularni tashkil etuvchi birliklarining lingvistik tabiatiga xos aniq nazariy xulosalar chiqarish
mavzuning dolzarbligini belgilaydi. Binobarin, grammatik ma’noning lisoniy va pragmatik
omillar yaxlitligini jahon tilshunosligining soʻnggi yutuqlaridan, tadqiq etishning yangi
metodlaridan foydalangan holda tadqiq etish hamda bundan dunyo ilmiy jamoatchiligini
xabardor etish zaruratini yuzaga keltiradi.
Mustaqillik yillarida oʻzbek tilini sistema sifatida oʻrganish yangi bosqichga koʻtarildi.
Natijada sistemaviy yondashuvning ilk bosqichidagi formal tadqiqotlar yakuni tilshunoslik
fanining yangi sifat bosqichiga koʻtarilishini, ya’ni oʻzbek tilini substantsial asoslarda
oʻrganishni taqozo etdi. Substantsial yondashuvda asosan lison va nutqni farqlash natijasida
lisonni tadqiq qilishga e’tibor qaratildi. Oʻzbek tilini yaxlit sistema sifatida oʻrganish
tilshunoslikni taraqqiyotning yangi darajasiga moslashtirdi. Jumladan, oʻzbek tilshunosligi XXI
asr boʻsagʻasida oʻz zimmasiga yangi ijtimoiy buyurtma oldi. Davr ona tili imkoniyatlaridan
amaliy foydalanish samaradorligini ta’minlash muammosi bilan shugʻullanishga jiddiy
kirishishni taqozo etmoqda. Bu esa til imkoniyatlarining voqelanishini ilmiy tekshirish zaruratini
kun tartibiga qoʻyadi.
Grammatik ma’no nutqiy voqelanishi uchun boshqa yondosh sathlar ta’siri va koʻmagiga
kuchli ehtiyoj sezadi. Bunda lisoniy sistemaning yaxlitligi yaqqol koʻzga tashlanadi. Masalan,
har qanday morfologik shakl nutqqa chiqishida u shakllantirayotgan leksemaning ma’noviy
mohiyati (leksik omil), hosil qilingan soʻzshakl bilan birikayotgan boshqa soʻzshakl (sintaktik
omil) muhim rol oʻynaydi. Ammo bu omillar hech qachon pragmatik omilsiz yuzaga chiqmaydi
– undan xoli boʻlolmaydi. Demak, grammatik ma’no lisoniy mohiyat sifatida leksik, sintaktik
va pragmatik omillar yaxlitligida nutqqa koʻchadi. Ta’kidlash joizki, bu omillar teng kuchli
emas, birining ahamiyati ortishi bilan boshqasi susayadi. Ya’ni har bir sath birligi nutqiy
voqelanishida uch omil mavjud boʻlib, ularning yaxlitligi uchburchakka, har bir omil esa uning
bir burchagiga qiyoslanishi mumkin. Bir burchakning kengayishi boshqasining torayishi asosida
sodir boʻladi.
Koʻrinadiki, grammatik ma’noning nutqdagi oʻrnini leksik, sintaktik va pragmatik
omillardan ayri holda talqin etish mumkin emas. Lisoniy birliklar va tiklangan lisoniy
strukturaning tadqiq darajasi ularning nutqiy voqelanishini shu yoʻsinda oʻrganishni taqozo
etmoqda.
Kun tartibida sistemaviy qurilish tabiatiga ega boʻlgan lisoniy sathlar va pragmatik
omillarning fikrni shakllantirish hamda ifodalash jarayonida oʻzaro hamkorligini sistemaviy
usullarda oʻrganishga ixtisoslashgan yangi bir tilshunoslik yoʻnalishi shakllanishiga ijtimoiy
ehtiyoj mavjud. Mazkur ehtiyoj oʻzbek tilshunosligining bugungi holati, u qoʻlga kiritgan
yutuqlar bilan belgilanadi. Bu esa substantsial grammatika boʻyicha dunyo tilshunoslari bilan
birga turkiyshunoslar va oʻzbek tilshunoslari: H.Ne’matov, N.Mahmudov, A.Nurmonov,
S.N.Ivanov, A.Berdialiev, R.Sayfullaeva, M.Boshmonov, T.Mirzaqulov, M.Qurbonova,
I.Madrahimov, Sh.Akramov, S.Nazarova, M.Abuzalova, Sh.Shahobiddinova, L.Raupova
kabilarning nomi bilan bogʻliqdir. Mazkur olimlarning ishlari asosan alohida sathlar doirasi
bilan chegaralangan boʻlib, sathlararo munosabatlar, nutqda lisoniy va pragmatik omillar
hamkorligi masalasi oʻz tadqiqini kutmoqda.
Demak, navbatdagi vazifalardan biri grammatik ma’noning nutqiy voqelanishida lisoniy
hamda pragmatik omillar hamkorligi va muvofiqligi masalasini ilmiy asoslashdir. Bu esa
nutqning sistemaviy tabiatini bayon qilish, nutqni sistema sifatida tadqiq etishning falsafiy
tayanchlarini yoritish, umumiy sistema nazariyasi nutqni yaxlit oʻrganish metodologiyasi
ekanligini asoslash, grammatik ma’noning nutqiy voqelanishida lisoniy omillarning vazifalarini
aniqlash, pragmatik omillarning oʻrni va rolini ochish, ularning moslashuvini tahlil qilish,
lugʻaviy va sintaktik shakl hosil qiluvchi grammatik vositalar ma’nosining nutqiy qoʻllanishida
lisoniy va pragmatik omillarning hamkorligini muayyanlashtirish, ularning muvofiqligini
asoslash kabi vazifalarni bajarish asosida amalga oshiriladi. Bunda falsafaning bilish nazariyasi,
368
dialektik mantiq, shuningdek, tasavvuf falsafasi, umumiy sistema nazariyasi, lison va nutq
dixotomiyasi, shuningdek, N.D.Arutyunova, D.U.Ashurova, V.V.Bogdanov, Ye.S.Kubryakova,
V.G.Gak, Sh.Safarov, J.Ostin, G.G.Pocheptsov kabi qator nazariyotchi tilshunoslarning ilmiy-
nazariy qarashlari metodologik asos boʻlib xizmat qiladi.
Zamonaviy oʻzbek tilshunosligida H.Ne’matov, M.A’lamova, Sh.Shahobiddinova,
B.Mengliev, B.Bahriddinova, O.Shukurov umumiy grammatik ma’no masalasini substantsial
asoslarda maxsus tadqiq etishgan.
Grammatik ma’no nutq tarkibida qaralganida nutqning geterogen tabiatli sistema
ekanligi, unda lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligida boʻlishi hamda shu xususiyati asosida
lisoniy sistemadan farqlanishi, grammatik ma’no lisoniy va nolisoniy omillar hamkorligida
voqelanishi, bunda lisoniy omillar kuchayganida nolisoniy omillarning susayishi, nolisoniy
omillar kuchayganida esa lisoniy omillar susayishi e’tiborni tortadi. Shuni aytish mumkinki,
grammatik ma’noning nutqiy voqelanishi talqini sifatidagi uchinchi bosqich sistemaviy
tekshirishlari lisonning nutqiy voqelanishini oʻrganishdagi antropotsentrizm va diskursiv tahlil
tamoyillari asosida amalga oshadi.
Grammatik ma’no talqini oʻzbek tilshunosligi bilan tengdosh deyish mumkin. Shu
boisdan uning oʻrganilish bosqichlari tilshunoslikning taraqqiyot bosqichlari bilan mos keladi.
Oʻzbek tilshunosligi zamonaviy fan sifatida oʻzining formal va substantsial oʻrganish
bosqichlarini bosib oʻtib, yangi – antropotsentrizm bosqichiga qadam qoʻymoqda. Shuning
uchun grammatik ma’no talqini bosqichlarini ham shu yoʻsinda davrlashtirish maqsadga
muvofiq. Har bir davrda talqin va tavsiflar davr talabi hamda ijtimoiy buyurtma sababli oʻziga
xos ahamiyat va xarakter kasb etadi. Maqsad va vazifalar, ularga erishish metodologiyasi,
metodikasi va metodlari ijtimoiy buyurtma bilan hamohang kechadi.
Grammatik ma’noni oʻrganishning formal bosqichi Fitrat tadqiqotlari bilan boshlanib,
A.Gʻulomov ta’limotida oʻzining yuksak darajasiga koʻtarildi. Grammatik ma’noni
oʻrganishning bu bosqichi tilshunoslik oldiga qoʻygan vazifalar bilan bogʻliq. Bu davr
tilshunosligi vazifalari haqida gap ketganda uning ikki muhim jihatiga toʻxtalish lozim boʻladi.
Birinchidan, tillar unifikatsiyasi, yagona xalq, yagona til shakllanishi lozimligi, milliy
tillarning bir-biriga singishib ketishi gipotezasiga muvofiq ravishda tillararo farqlardan koʻra
oʻxshashliklarni boʻrttirishga intilish lingvistik tadqiqotlarda tendentsiya tusini oldi. Ayniqsa,
bu tilning grammatik sathi talqinlarida yaqqol koʻzga tashlandi. Morfologiyada soʻz turkumlari
tasnifi, grammatik shakllarning ajratilishi, leksemaga morfemaning bir koʻrinishi sifatida
qarash, shakl yasalishi va soʻz oʻzgarishi kabi tushunchalarning joriy qilinishi, sintaksisdagi
bosh boʻlaklar tushunchasining milliy tilshunosliklarda bir xil e’tirof etilishi, shunga muvofiq
ravishda gap strukturasining baholanishi, sodda va qoʻshma gaplardagi tillararo farqlarning
e’tibordan soqit qilinishi kabilar shular jumlasidandir. Bu esa grammatik ma’no talqinlarida
ham toʻliq ifodasini topdi.
Ikkinchidan, oʻzbek adabiy tili me’yorlarini ishlab chiqish va omma ongiga singdirish
ijtimoiy buyurtmasi har bir grammatik hodisani aniqlash, ularning ma’noviy va sintaktik
vazifalarini oʻrganish, natijalarni ta’lim jarayoniga tatbiq qilish zaruratini kun tartibiga qoʻydi.
Buning uchun soʻzlarni turkumlarga ajratish, har bir turkumning morfologik xususiyatlarini va
sintaktik vazifalarini belgilash, ularga xos grammatik shakllarning adabiy me’yorga mos
shakllarini tanlash, shakllardagi fonetik variantlarni dialektal variantlardan farqlash, ularning
qoʻllanishidagi adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish zarur edi. «Oʻzbek tilshunosligi tarixida
ular shu jihatdan fahmiy usulda alohida-alohida ravishda atroflicha oʻrganilib, boy daliliy
ashyolar toʻplandi. Oʻzbek tilshunoslari bu bosqichdagi vazifalarni sharaf bilan ado etishgani
holda, navbatdagi bosqichda ular asosida, barcha til birliklari kabi morfologik shakllarni
oʻrganish borasida ham talay muammolarni hal qilish ehtiyojlari va imkoniyatlari vujudga
keldi» [Mengliyev, 2010: 115].
Oʻtgan asrning 70- yillariga kelib oʻzbek tilshunosligining formal (empirik) bosqichi oʻz
369
nihoyasiga yetdi. Aytilganidek, bu davr tilshunosligi zimmasiga yuklatilgan ulkan vazifa –
adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va omma ongiga singdirishdan iborat ijtimoiy buyurtmani
uddalagan edi. Mazkur vazifalarni bajarish bilan birgalikda tilshunoslikning yangi bosqichi
uchun kuchli poydevor, mustahkam zamin hozirlandi. Empirik asoslarda yigʻilgan boy lisoniy
xazinani nazariy oʻrganish metodologiyasi boʻlgan dialektik mantiq qonun va kategoriyalariga
tayangan holda ilmiy tadqiq qilish uchun keng imkoniyatlar vujudga keltirilgan edi. 1984- va
1986- yillarda bir guruh turkiyshunoslar tomonidan turkiy tillarning yangi davrdagi talqini va
tadqiqi boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar markaziy matbuotda e’lon qilindi. Ularda
ilgari surilgan gʻoyalar va ular asosidagi maqsad-vazifalar oʻzbek formal tilshunosligi
vazifalarining mantiqiy davomi edi. Koʻtarilgan masalalarni shartli ravishda quyidagicha
guruhlash mumkin: 1) oʻzbek tilshunosligi zimmasiga oʻtgan asrning 40-yillarida yuklangan va
70- yillarida amalga oshirilgan vazifa – oʻzbek tili sathlari birliklarining formal tahlil asosida
amalga oshirilgan talqini, oʻzbek adabiy tili me’yorlari, bu me’yorlarni ommalashtirish uchun
turli ta’lim bosqichlari uchun yaratilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalari, normativ
grammatikalardagi empirik materiallar asosida nazariy bilimlarni shakllantirish, nutqiy
xususiyliklar zamiridagi lisoniy umumiylikni, til hodisalariga asos boʻlgan lisoniy mohiyatni,
nutqiy voqeliklarda namoyon boʻlgan lisoniy imkoniyatni ochish; 2) oʻzbek tilini oʻzining
turkona xususiyatidan kelib chiqqan holda ilmiy tekshirish.
Bu vazifalar grammatik ma’no talqinida ham oʻz ifodasini topdi. Grammatik ma’noni
dialektik umumiylik va xususiylik kategoriyasi asosida oʻrganishga kirishildi. Oʻzbek
tilshunosligining substantsial bosqichida morfologik shakllarning yangicha talqini shakllandi.
Avvalo, grammatik ma’noda umumiy va xususiy tomonlarni alohida-alohida ajratib oʻrganish
asosiy vazifalardan biri sifatida qoʻyildi. Bu muammo tilshunos H.Ne’matovning qadimgi
turkiy yodgorliklar morfologiyasiga bagʻishlangan tadqiqotida kun tartibiga qoʻyilgan
[Nigmatov, 1978], bir guruh tilshunoslar tomonidan belgilangan vazifalar matubotda e’lon
qilingan edi [Nigmatov, Abdullayev, 1988: №4. – S.103 – 106; Nigmatov, Abdullayev, Banaru,
Maxmudov, Muxamedova, Nurmanov, 1984: №5. – S.3 – 10]. Masala qator tilshunos
olimlarimiz tomonidan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilindi. Masalan,
aynan grammatik ma’no lison va nutq boʻlinishi nuqtayi nazaridan tilshunos
Sh.Shahobiddinovaning nomzodlik dissertatsiyasida oʻzbek tilidagi son kategoriyasi, doktorlik
dissertatsiyasida, umuman, grammatik kategoriyalar misolida tadqiq etildi [Shahobiddinova,
1994: 24; Shahobiddinova, 2001: 50]. Ayniqsa, tilshunos B.Mengliyevning doktorlik
dissertatsiyasida grammatik ma’noning nutqiy voqelanishi lisoniy tizim yaxlitligi nuqtayi
nazaridan tadqiq qilinishi uni oʻrganishning yangi pragmatik tadqiqi bosqichi uchun zamin
yaratdi. [Mengliyev, 2001: 248].
Oʻzbek tili hodisalarini «nutq-lison» tamoyili asosida oʻrganish natijasida qoʻlga kiritilgan
lisoniy umumiyliklarning nutqiy voqelanishi nafaqat sathlar hamkorligi nuqtayi nazaridan, balki
nolisoniy omillar bilan birgalikda tadqiq qilish, ulardan shaxsning oqilona va samarali
foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish pragmatik lingvistikaning asosiy vazifalaridan
biridir.
Bugungi kunda jahon pragmalingvistikasi uch yoʻnalishda rivojlanmoqda.
Britaniya pragmalingvistikasi M.Hollideyning tilni funksional tahlil qilishiga kuchli ta’sir
koʻrsatdi. Uning tadqiqotlarida tilning ijtimoiy vazifasi, mundarijasi, rasmiy yozma va ogʻzaki
nutq tahlili kabilar oʻz ifodasini topgan. Tilshunoslar Sinkler va Koulzart ham
kommunikatsiyaning antrpotsentrik tahlilini kengaytirdi. Britaniya antropotsentrik tahlilida
adabiy tilning oʻziga xos koʻrinishi boʻlgan badiiy nutq tahlil materiali sifatida olinadi.
Amerika pragmalingvistikasi adabiy tilning jonli shakli – ogʻzaki nutqqa asosiy etibor
qaratdi va etnomadaniy omillarga, tabiiy va jonli muloqotga asoslandi. Amerika
pragmalingvistikasi asosini koʻproq jonli muloqot tahlili tashkil qiladi. Ularda lisoniy imkoniyat
va uning nutqiy voqelanishi bir-biriga bogʻlanmaydi, balki faqat muloqot birliklari bilan lisoniy
370
shaxs va muloqot vaziyati yaxlitligi oʻrganish obyekti sifatida olinadi. Goffman, Saks,
Schegloff va Jeffersonning ishlari [Schegloff, 1977: .361 – 382] buning yorqin dalilidir.
Koʻrinadiki, Britaniya va Amerikada pragmalingvistika asosan boshqa lisoniy hodisalar
kabi grammatik ma’noda ham uning faqat nutqiy xususiyatlari bilan chegaralanib, uzoq yillar
davomida strukturalistlar tomonidan oʻrganilgan lisoniy grammatik ma’no tahlili xulosalariga
e’tibor qaratmaydi. Umuman olganda, har ikki yoʻnalish ham strukturalizm yutuqlaridan
oziqlanmasligi bilan xarakterlanadi.
Praga pragmalingvistikasi mazkur yoʻnalishlar orasida alohida oʻrin tutib, xususan, bu
maktab oʻz an’anasiga muvofiq lison va nutq dixotomiyasi tamoyiliga grammatik ma’noning
antropotsentrik tahlilida ham toʻla va qat’iy amal qiladi. Unda lisoniy birliklar, xususan,
grammatik shakllar, grammatik ma’no lisoniy imkoniyat sifatida qaralib, bu imkoniyatdan
nutqiy foydalanishda vaziyat va shaxs omili mushtarakligi izchilligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Demak, grammatik ma’noning oʻrganilish tarixi shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda
grammatik ma’noning nutqiy voqelanishini sinergetik tadqiq qilish, hamkorlik tamoyili asosida
nutqiy sistemada voqelanuvchi lisoniy va pragmatik omillarning oʻrni va rolini aniqlash,
hamkorlikdagi mavqeyini oydinlashtirish uchun zamin hozirlandi. Oʻzbek substansial
tilshunosligi bugungi kunda grammatik ma’no tahlilida «nutq-lison» tamoyili asosidagi
izlanishlar bosqichini muvaffaqiyatli bosib oʻtib, oʻz taraqiqyotining yangi sifat bosqichi –
«lison-nutq» tamoyili asosida tadqiqotlar olib borish ehtiyojini boshdan kechirmoqda. Lisoniy
struktura – lisoniy birliklar va munosabatlar tadqiqi boʻyicha qoʻlga kiritilgan ilmiy-nazariy
xulosalarga tayanib, sinergetik tadqiq metodologiyasi asosida til birliklarini diskursiv tahlil
qilish kun tartibidagi dolzarb vazifalardan biridir. Bugungi davr oʻzbek substansial
pragmalingvistikasidan grammatik hodisalarni «umumiylik-xususiylik» tamoyili asosida
diskursiv tahlil qilishni taqozo etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |