TIL -MILLATNING MA’NAVIY
BOYLIGIDIR
Til nafaqat muomala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-
odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Aynan til tufayli
insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi.
Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlik va
do‘stlikning birdan bir manbaidir. Shu sababli ham har bir
xalq o‘z tilini saqlab qolishga harakat qiladi. Tarixga nazar
solsak, jahonni zabt etgan sarkardai davronlar, avvalo, mazlum
xalq ma’naviyatining mayog‘i bo‘lmish tiliga tajovuz etishga
harakat qilganlar. Mazkur bo‘htonlardan ko‘hna tilimiz ham
«benasib» qolmadi. Bag‘ri kuyuk bu tilning ne-ne «paylari
uzilib, qobirg‘alari sinib» (A.Oripov) ketmadi deysiz… Ammo
xalq dahosi, zahmatkash farzandlari yetovida xuddi qaqnus
singari qayta tug‘ilib, kamol topaverdi. Bugungi hurlik
zamonida, tilimizning qonuniy himoyasi qayta tiklangan davrda
tilimiz o‘zining butun-basti bilan keng quloch yoymoqda.
Insoniyat tarixida bugungi kungacha 9000dan ortiq til yo‘qolib
ketgan. Hozirgi kunda Yer sayyorasida 6809 ta til saqlanib
qolgan. Aholi eng ko‘p foydalaniladigan til sifatida-xitoy,
ingliz va ispan tillari e’tirof etiladi. Lingvistlarning
fikricha, hozirda ko‘p qo‘llanilayotgan til ingliz tili
bo‘lsa, XXI – asr o‘rtalariga borib xitoy tili asosiy til
bo‘lib qolishi taxmin etilmoqda. Har bir mamlakatning bayroq,
gerb, madhiya singari davlat ramzlarini belgilovchi eng muhim
omillaridan biri – uning milliy tilidir. Shuning uchun, har
bir xalq o‘zining milliy tili taraqqiyoti va taqdiri uchun
qayg‘uradi. Xalqlar qanday bo‘lmasin o‘zining tili o‘zi uchun
azizdir. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
I.A.Karimov tashabbusi va shijoati bilan 1989 yil 21 oktyabrda
o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Hali sobiq Ittifoq
tarkibida turgan vaqtimizdayoq, bunday ishni amalga oshirish
chinakam jasorat va shu bilan birga istiqlolga qo‘yilgan ilk
qadam edi. Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilgan muborak
kun o‘zbekka o‘zligini qaytargan, taqdiri va kelajagini tayin
etgan qonun millatimiz tarixiga zarhal harflar bilan yozildi.
Ushbu qutlug‘ qonun o‘laroq, o‘zbek tilining maqomi yuksalib,
ming yillik xalq tilining xira tortgan ko‘zlari qaytadan
ochildi, go‘yo.
Til – xalqning, millatning eng buyuk qadriyatlaridan biri
hisoblanadi. Shuning uchun xalqning ozodlikka, o‘zligini
anglab yetishga intilishida tilning qadrini tiklash, nufuzini
oshirish muhim o‘rin tutadi. Inson tug‘ilib, voyaga yetar
ekan, u ona tili, ona Vatan, ona zamin kabi milliy
qadriyatlarini shu til vositasida anglaydi va his qiladi.
Shuning zamirida unda milliy ong, vatanparvarlik,
millatparvarlik, mustaqillik kabi tushunchalar paydo bo‘ladi
va singib boradi. Til har bir xalqning ulkan boyligi, bebaho
mulki, qalbi va ovozi hisoblanadi. 2016 yil 13 mayda
I.A.Karimov tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil
etish to‘g‘risidagi farmoni Vatanni, millatni sevuvchi har bir
insonni quvontirdi. Unda o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti,
uning hozirgi zamon globallashuv davridagi tutgan o‘rni
masalalariga e’tibor qaratilishi xalqimizning yuragidagi
gaplar edi. Bu farmonni mamlakatimizda olib borilayotgan tilga
oid siyosatning mantiqiy davomi deyish mumkin.
Bundan tashqari, olim va mutaxassislar tomonidan ilm – fan va
turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va
o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz
namunalari, 80000 dan ziyod so‘z va so‘z birikmalari, fan,
texnika, sanoat, madaniyat, va boshqa sohalarga oid
atamalarni, shevalarni o‘z ichiga olgan «O‘zbek tilining
izohli lug‘ati» bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng
muhimidir. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev rahnamoligida
milliy madaniyatimizning ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimizni yanada
boyitish, davlat va jamoat tashkilotlarida davlat tili
haqidagi qonun ijrosini ta’minlash, yoshlarimizni ona tiliga
hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng
ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda va izchil davom etmoqda.
Shu jumladan institutimiz miqyosida davlat tiliga bo‘lgan
hurmat va ehtirom har bir jabhada sezilib turadi. Rasmiy ish
qog‘ozlari imloviy savodxonlik talablari asosida yuritiladi.
Har bir tadbir milliy tilimizga bo‘lgan hurmat asosida
mazmunli tashkil qilinadi. O‘zbek adabiy tilining boy
imkoniyatlari asosida ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlari
tahrirdan o‘tkaziladi. Davlat tiliga bo‘lgan bunday muhabbat
institutda tahsil olayotgan talaba-yoshlarda milliy
g‘ururimizni, o‘zligimizni qalban his qilish yo‘lidagi
ma’naviy-tarbiyaviy ishlarimizning in’ikosi hisoblanadi.
Millatimizning milliyligini amalga oshirishdagi ko‘p yillik
orzular bugungi kunda o‘zligini namoyon qilmoqda. Tilimizning
tarovati-yu nafosatini, imkoniyati-yu salohiyatini e’tirof
etish bilan birga ta’limiy, ma’naviy ishlarimizni yanada
boyitish borasida mehnat qilaveramiz. Zero, shu asosda o‘z
vatanparvarlik burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Til xalqni
birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat va
an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro
miqyosdagi nufuzini oshirishga uni milliy va umumbashariy
tushunchalar asosida boyitishga, taraqqiy etgan tillar
qatoriga qo‘shishga harakat qilish har bir fuqaroning muqaddas
burchi bo‘lishi kerak.
M.Қo‘ziboyeva,
Tillar, pedagogika va psixologiya
kafedrasi mudiri.
Do'stlaringiz bilan baham: |