Surunkali bronxit o’tkir bronxitlarning tez-tez qaytalashi, haddan tashqari sovish, chekish natijasida paydo bo’ladi. Asosiy belgi — ertalab va jismoniy harakatlardan so’ng kuchayadigan, shilimshiq yiringli balg’am ajratadigan yo’tal.
Kasallik uzoq davom etganda quyidagi belgilar paydo bo’ladi:
- nafas qisishi;
- yuzning shishib ketishi;
- terining kulrangga kirishi;
- lablarning ko’kimtirligi;
- o’pkalarda quruq va nam xirillashlar, ular masofadan eshitiladi. Ko’pincha surunkali bronxitning asorati bronxial astmadir.
Davolash usullari
1. Zararli omillarni bartaraf qilish.
2. Statsionarda vaqt-vaqti bilan davolanish.
3. Dengiz havosi bilan kurortda davolanish.
4. Yo’talda doimiy ravishda balg’am ko’chirish vositalarini qo’llash, Buteyko uslubi bo’yicha nafas olish gimnastikasi bilan shug’ullanish zarur.
O’pka yalliglanishi (zotiljam)
Zotiljam (pnevmoniya) — pnevmokokk stafilokokk yoki gripp virusi, shuningdek boshqa infeksiya qo’zg’atadigan o’tkir yuqumli kasallik. Qo’zg’atuvchi mikroorganizm burun-halqumda bo’ladi, lekin o’zining hayot faoliyati mahsuloti — toksinni qonga ajratib chiqaradi, bu esa organizmning zaxarlanish va o’pka, yurak-tomir va asab tizimining zararlanishiga olib keladi. O’pka yalliglanishi krupoz va o’choqli bo’ladi.
Krupoz pnevmoniyani Frenkel pnevmokokklari, stafilokokklar, gripp virusi q’o’zg’atadi. Kasallikning yuzaga kelish va rivojlanishiga odamning qattiq sovqotishi, organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini susaytiruvchi omillar, quvvatsizlik sabab buladi. Ushbu kasallikda o’pkaning butun bir bo’lagi zararlanadi va jarayonga plevra (o’pkani o’rab turuvchi parda) jalb qilinadi, shu sababli kasallik plevropnevmoniya deb ataladi. Krupoz pnevmoniya to’satdan boshlanadi.
Belgilar:
- qattiq et uvushish;
- haroratning 38—40°C gacha tez ko’tarilishi;
- ko’krak qafasida kuchli og’riqlar;
- quvvatsizlik bosh og’rig’i, ishtaha pasayishi;
- yuz, ayniqsa lab va burun qanotlarining qizarishi;
- ongning xiralanishi, alahlash;
- harakatli qo’zgalishlar (bemorlar yotgan o’rinlaridan sakrab turadilar, xonadan yugurib chiqishlari yoki o’zlarini derazadan pastga tashlashlari mumkin);
- nafas qisishi (yuzaki nafas olish);
- zang tusidagi balgamli yo’tal;
- nafas olishda ko’krak qafasida og’riqlar paydo bo’ladi, shu sababli bemor og’riyotgan tomonini avaylab, kamroq nafas olishga harakat qiladi va og’riyotgan tomonini bosib yotadi;
- pulsning tezlashuvi, to’liqsizligi;
- oz mikdordagi to’q rangli, quyuq siydik.
- tez-tez yo’talish yoki ko’krakdagi qattiq og’riq sababli uyqu buziladi, notinch va uzuq-yuluq bo’ladi;
- lablar ko’karadi, oyoq-qo’llar sovuq bo’ladi.
Bir necha soat davom etgan badan uvushishi isitma bilan almashadi. Yo’tal avval quruq, xurujsimon, og’riqli, ozgina balg’am bilan; balg’am miqdori ko’payishi bilan yo’tal bir oz yengillashadi. Teri ushlab ko’rilganda issiq va quruq bo’ladi. Nafas olish yuzaki, og’riqdan uzuq-uzuq qisqa bo’ladi. Nafas olish tezligi og’riq, isitmaning jadalligi, intoksikatsiya darajasiga bog’liq bo’ladi, puls tezlashgan, tarang. Pnevmoniyada me’da-ichak trakti ham zararlanadi. Ishtaha yo’qoladi, chanqash, qusish, ichning dam bo’lishi (meteorizm), qabziyat paydo bo’ladi.
Davolanmasdan, harorat 7 yoki 9 kunda tez, keskin, 40°C dan 35°C gacha tushadi, arterial bosim keskin tushadi, puls ipsimon, yopishoq sovuq ter bilan qoplangan teri qoplamasi oqargan bo’ladi. Qattiq terlash kuzatiladi. Krupoz pnevmoniya bilan og’rigan bemorlarni shoshilinch ravishda kasalxonaga yotqizish zarur.
Shoshilinch yordam ko’rsatilmasa, tomir tonusi keskin tushib ketishi sababli o’lim yuz berishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |