13.8. Medikamentoz zaharlanishning sud tibbiyoti ekspertizasi
Medikamentoz vositalar hatto davolash maqsadida ruxsat berilganlari ham
ma’lum sharoitda zaharlanishning sababchisi bo’lishi, organizmning sog’lig’ini
buzilishi va ba’zan o’limga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitlarga bir biriga
to’g’ri kelmaydigan dorilarning bir vaqtda qo’llanilganda organizm reaktsiyasi; bir
martalik yoki jami dozasining oshirilishi; shuningdek u yoki bu dorini yuborish
qoidalarini buzilishi; medikamentoz vositalarining ikkilamchi ta’sirining ko’rinishi
sifatida dori allergiyasining xususiyatlari; turmushda dorilarni ehtiyotsizlik,
e’tiborsizlik yoki ko’ra bila turib ishlatish natijasida kelib chiqadigan
zaharlanishlar kiradi.
Davolash amaliyotida dorivor moddalarni farmatsevtik, farmakologik va
farmakoterapevtik bir-biriga to’g’ri kelmasliklari tufayli ham zaharlanish sodir
bo’lish hollari kuzatilgan. Vrach tomonidan berilgan dorilarning tarkibida ba’zan
bir-biriga to’g’ri kelmaydigan moddalar bo’lishi va bular fizik yoki kimyoviy
reaktsiyalarga kirishishi natijasida dorivor moddalar ishlatish uchun yaroqsiz
bo’lib qolishi va odamni sog’lig’iga ziyon etkazilishi mumkin. Shunday hollar
bo’ladiki, dorilarni yozilishi to’g’ri, ammo bir vaqtning o’zida bir necha dorini
birgalikda qo’shib iste’mol qilinganida farmakologik bir biriga to’g’ri kelmasligi
tufayli organizmning zaharlanishiga sababchi bo’lish ehtimoli yuzaga keladi.
Dorivor moddalar retseptini yozilishida instruktsiyada ko’rsatilgan
dozalariga rioya qilish muhim ahamiyatga egaligini doimo esdan chiqarmaslik
zarur. Biroq ayrim hollarda ishlatishga zid dorivor moddalar va ularning
kumulyativ xossalarini yaxshi baholay olmaslik, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli
moddalarni klinik asossiz tayinlanishi, dorini bir martalik yoki sutkalik dozasini
oshirilishi va ba’zan ularni qo’llanishda o’ziga haddan tashqari ishonish hollari
331
kuzatiladi. Dorilarni ta’siridan kerakli terapevtik effekt olishda maxsus ko’rsatma
tartibini buzilishi (yuborish yo’li va tempi, dozasini bo’lib yuborish) kasallik
o’tishini og’irlashtirish sababchisi bo’lishi va ayrim hollarda o’limga olib kelishi
mumkin. Dorivor moddalarni uzoq qabul qilinishi tufayli sodir bo’ladigan
asoratlari (masalan, kortikosteroidlar qabul qilishi tufayli yaradan qon ketishi,
antikoagulyantlar bilan davolaganda gematomaning rivojlanishi) yoki dori
allergiyasining sodir bo’lishi ko’pincha sud tibbiyoti ekspertizasining ob’ektlari
hisoblanadi.
Bir yoki bir necha dorivor moddalarning ta’sirida bu dorilarga nisbatan
organizmning o’tkir allergik reaktsiyasi kuzatiladi. Shuni aytish lozimki, dori
moddasi qabul qilingandan so’ng organizmning sezuvchanligi ko’zga
tashlanmagan holda qator kutilmagan funktsional o’zgarishlar va hatto o’lim sodir
bo’lishi ham mumkin. Ba’zan zaharsiz moddalar (masalan, penitsillin,
streptomitsin, salitsilatlar va boshqalar) ham organizmning sezuvchanligini
oshirishga sababchi bo’ladi.
Doriga nisbatan allergik holatni oshishida davolovchi vrach shu aniq
bemorga aloqador anamnestik ma’lumotlarni sinchiklab taxlil qilishi va dorivor
modda avval qabul qilinganda o’tkir o’zgarishlarning sababchi bo’lganligiga
alohida e’tibor berishi zarur.
Sud tibbiyoti eksperti allergik holatni sodir bo’lishini isbotlashda tergov
materiallari va tibbiyot hujjatlarini yaxshilab o’rganishi, jabrlanuvchini
ambulatoriya va kasalxona sharoitida kuzatishi, u o’lgan taqdirda murdani sud-
kimyoviy, mikroskopik, bakteriologik va boshqa laboratoriya tekshiruvidan
o’tkazilishi tavsiya etiladi. Dorivor moddalarga nisbatan organizmda o’tkir allergik
reaktsiyaning sodir bo’lishi yoki boshqa sabablari to’g’risidagi xulosa faqat barcha
yig’ilgan ma’lumotlar yig’indisiga nisbatan tuzilishi kerak.
Dori allergiyasi tufayli o’lim sodir bo’lganda voqea sodir bo’lgan joyni
kuzatishda yuborilgan suyuqliklar va dorilarning qoldiqlari, ular o’ralgan
materiallar dori berilganda texnik xatoliklarga yo’l qo’yilganligini farqlash
maqsadida, albatta, tekshirish uchun olinadi. Allergik reaktsiyalarning sababini
332
aniqlashda tergov jarayonida yig’ilgan ma’lumotlar, jabrlanuvchining kasbi,
atrofidagi kishilarning ish sharoiti, ishning holati, qaysi vaqtda o’tkir patologik
holat sodir bo’lganligi, tibbiy yordam ko’rsatish usullari, uning xarakteri va
dorilarning yuborish yo’llari haqidagi ma’lumotlar ekspertizada muhim
ahamiyatga egadir. Tibbiyot hujjatlarida (asl nusxasi) dori allergiyasini aniqlashda
ambulatoriya kartasi, kasallik tarixida ko’rsatilgan anamnestik ma’lumotlar,
shuningdek, dori bilan davolashda organizm o’tkir reaktsiyasini xarakterlovchi
belgilarni o’rganish muhim diagnostik o’rin egallaydi.
Dorivor moddalarning o’tkir allergik reaktsiyalari anafilaktik shok,
angionevrotik shish, bronxial astma va o’tkir gemolitik anemiya shaklida ko’zga
tashlanadi. Bunday holatlar alohida holda yoki bir-biri bilan qo’shilgan holda
namoyon bo’lishi mumkin. Dori allergiyasining yuqorida ko’rsatilgan o’tkir turlari
klinik belgilari,morfologik ko’rinishi va laboratoriya tekshiruv usullarini birgalikda
taxlili ularni aniqlashga asoslanadi.
Dori allergiyasidan o’lim sodir bo’lmagan hollarda allergiyaning oqibatida
sog’lig’ini buzilishi ekspertizasida sud tibbiyoti ekspertiga tan jarohatlarining
og’irlik darajasini aniqlashga to’g’ri keladi. Agar allergik holatdan o’lim sodir
bo’lgan bo’lsa, bunda ekspert tomonidan sababiy bog’lanish klinik va murdani
sud-kimyoviy, mikroskopik, bakteriologik va boshqa asoslarga qarab aniqlaniladi.
Dorivor moddalar bilan turmushda zaharlanish alohida ahamiyatga egadir.
Ko’pincha bunday zaharlanishlarning sababi tashqariga qo’llaniladigan dorilarni
ichish, dorilarning dozasini oshirilishi, odamda bo’lgan kasalliklar uchun zid
dorilarni ishlatish, yaroqsiz holga kelgan dorilarni iste’mol qilish, extiyotsizlik
yoki yanglishib dorilarni qabul qilish, bir vaqtning o’zida dori va spirtli ichimlikni
qabul qilishlar hisoblanadi. Yuqorida ko’rsatilgan bunday holatlar tergov ob’ektlari
bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, turmushda dorivor moddalardan zaharlanish
holatlari bilan birgalikda sud tibbiyoti eksperti ular to’g’risidagi ma’lumotlarni
to’satdan o’lgan odamlarni murdasini tekshirishda esdan chiqarmasligi kerak.
Turmushda uchraydigan medikamentoz zaharlanishlarda ekspert buni
qasddan sodir bo’lishi mumkinligini ham hisobga olishi zarur. Bu tergov va sud
333
organlari tomonida yig’ilgan barcha materiallar to’plamiga qarab, jumladan voqea
sodir bo’lgan joyni kuzatish, murdani sud tibbiyoti va sud-kimyoviy tekshiruvi
natijalari, voqea sodir bo’lgan joydan va murdani kesib ko’rish tufayli olingan
ob’ektlarni o’rganish orqali amalga oshiriladi. Bunda laboratoriya tekshiruvida
topilgan miqdoriy ko’rsatkichlarning diagnostik ahamiyatini alohida ta’kidlash
zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |