V BOB. KORXONA FAOLIYaTINI REJALAShTIRISh VA
BAShORAT QILISh
5.1. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida rejalashtirish va bashorat
qilishning iqtisodiy tabiati va ob’ektiv zaruriyati
Iqtisodiyot bo’yicha zamonaviy adabiyotlarda va qo’llanmalarda rejalashtirishga mo’ljallangan ish yoki ma’lum bir harakatlarni bajarish muddati, tartibi va ketma-ketligini ko’zda tutuvchi chora-tadbirlar tizimi sifatida izoh berilgan. Aynan rejalashtirish va bashorat qilish yo’li bilan korxonalar nimani, kim uchun, qachon va qancha mahsulot ishlab chiqarish, qaysi hamkorlar yoki sheriklar bilan shartnoma tuzish yoki kooperatsiyani rivojlantirish, zarur bo’lgan moddiy-tovar boyliklari zahirasini yaratish kabi bir qator masalalarni hal qiladi.
Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va uzoq istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni ifodalaydi. Oxirgi holatda gap korxona faoliyatini bashorat qilish haqida borishi mumkin. Bashorat qilishni rejalashtirishning boshlanishi va uzoq muddatli istiqbolga mo’ljallangan davomi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Rejalashtirish va prognozlashtirish o’zaro aloqada bo’lgan ikkita jarayon bo’lib, xo’jalik faoliyatini avvaldan bajarilgan hisob-kitoblar, eng kam tavakkalchilik va eng yuqori natijalarga erishish asosida yuritishni ko’zda tutadi.
Reja va rejalashtirish orasidagi farqni anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Rejalashtirish indikativ reja yoki prognoz kabi rejalarni ishlab chiqish jarayoni bo’lsa, reja korxonaning ma’lum bir vaqt mobaynida amalga oshiruvchi texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini o’zida aks ettiruvchi hujjatni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, reja – bu, korxonaning maqsadli funktsiyalari va ularni amalga oshirish yo’llarini belgilab beruvchi rejalashtirishning moddiylashgan shaklidir.
Rejalashtirish ishlab chiqarishning maqbul yo’nalishlarini aniqlash, foydalanilmagan zahira va imkoniyatlarni qo’llash, korxonaning oqilona baho siyosatini shakllantirish hamda xo’jalik yuritish aloqalarining samarali shakllarini o’rnatishga ko’maklashadi. Rejalashtirish va bashorat qilish yordami bilan ichki va tashqi bozordagi iste’molchilar talabi aniqlanadi, korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati kuchaytiriladi.
Korxonalar faoliyati va iqtisodiyotda rejalashtirishdan tashqari bashorat qilish ham katta rol o’ynaydi. Bashorat qilish xo’jalik faoliyati yurituvchi sub’ektning istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan holatlarni ilmiy asoslagan holda avvaldan ko’ra bilishini ifodalaydi. U yuzaga kelayotgan yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy holatlarni baholash va tahlil qilish asosida yaratiladi hamda muqobil qarorlarni tanlashga imkon yaratadi.
Bashorat qilish rejalashtirish tavsifida o’z aksini topadi: ishlab chiqarish va korxona iqtisodiy hayotining boshqa jihatlarini strategik rejalashtirish - o’rta va uzoq muddatli bashoratlar asosida hamda joriy rejalashtirish - qisqa muddatli bashoratlar asosida ishlab chiqiladi. Bu yo’nalishlarning ikkalasi ham o’zaro uzviy aloqada bo’lib, ishlab chiqarish strategiyasini fan-texnika taraqqiyoti va hayotning real voqeligi bilan bog’laydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |