Birinchi darajada “Texnologiya” faniga maktab tizimining elementi sifatida, ya’ni umummaktab vazifalarini bajarish vositasi sifatida qaraladi. Masalan, eng muhim umummaktab vazifasi o‘quvchilarda milliy dunyoqarashni shakllantirishdan iborat. O‘quv jarayonlariga ham, butun pedagogik jamoaning sinfdan tashqari faoliyatiga ham taalluqli bu vazifa beistisno hamma o‘quv predmetlarida amalga oshiriladi. Ta’limni unumli mehnat bilan qo‘shish, politexnik ta’lim, mehnat tarbiyasi, o‘quvchilarni kasbga yo‘llash kabi vazifalar ko‘pchilik o‘quv predmetlari, jumladan, “Texnologiya” fani bilan birgalikda hal qilinadi. Bu vazifalarni hal qilishda “Texnologiya” fani alohida ahamiyatga ega, chunki “Texnologiya” fani mashg‘ulotlarida o‘quvchilarni unumli mehnatga jalb etish, hozirgi zamon ishlab chiqarishi asoslari bilan tanishtirish, ularda ommaviy ishchi kasblariga muhabbat uyg‘otish va shu kasblar haqida yetarlicha to‘liq tasavvur hosil qilish uchun qulay sharoitlar vujudga keladi. Umumiy maktab vazifalarini hal qilishda “Texnologiya” fani o‘qituvchisi boshqa o‘qituvchilardan ajralmagan holda ishlashi va o‘z faoliyatini ularning faoliyati bilan birlashtirib olib borishi muhimdir. Shunday qilinganda ularning ishlari takrorlanishdan xoli va yanada maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ko‘rsatilgan vazifalardan tashqari yana torroq vazifalar ham qo‘yiladi va ular, asosan, “Texnologiya” fani doirasida hal qilinadi yoki bular umummaktab vazifalari bo‘lib, o‘ziga xos vositalar bilan amalga oshadi. Bular – ikkinchi darajadagi vazifalardir. Masalan, o‘quvchilarda texnik ijodkorlikning rivojlanishi, tajriba ishlarida qatnashish maktab sharoitida, asosan, “Texnologiya” fani darslari jarayonida va shu ta’lim asosida tashkil qilingan sinfdan tashqari ishlarda sodir bo‘ladi. Materiallarga ishlov berish, mashinalarda xizmat ko‘rsatish va shu kabilarga doir amaliy bilim va malakalarning shakllanishi haqida ham shuni aytish mumkin. Mehnat – o‘quvchilarni har tomonlama rivojlantirishning muhim vositasidir. Fiziologik nuqtai nazardan to‘g‘ri tashkil qilingan mehnat jarayoni bola organizmining jismoniy rivojlanishiga yordam beradi.
Tibbiy soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar ustaxonalardagi amaliy ishlarni sinfda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar bilan almashtirib turish o‘quvchilarning mehnat qobiliyatini oshirishini ko‘rsatdi. “Texnologiya” fani darslari jarayonida jismoniy faoliyat aqliy faoliyat bilan omuxtalashadi. O‘quvchilarning buyumlarni konstruksiyalash, ularni tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish va boshqa qator ijodiy vazifalarni hal qilishlariga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, “Texnologiya” fani darslari fikrlash faoliyati bilan birga amalga oshadi, bu esa o‘quvchilarning aqliy rivojlanishiga imkon beradi.
“Texnologiya” fani darslarining g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy tarbiya uchun ham ahamiyati katta. Ijtimoiy foydali narsalar yaratib, unumli mehnatda qatnashib, o‘quvchilar o‘zlarini ishlab chiqarish qatnashchilari deb hisoblaydilar. Ular davlat mulkiga, moddiy mulkka qanday e’tibor bilan munosabatda bo‘lish talabiga haqiqatda tushuna boshlaydilar, mehnat kishilarini hurmat qila boshlaydilar, ulardan namuna olishga harakat qiladilar.
“Texnologiya” fani darslari jarayonida nafosat tarbisi (estetik tarbiya) uchun ham sharoitlar yaratiladi. O‘quvchilar chiroyli buyumlar yasab, jamiyatga foyda keltirganlaridan ma’naviy qoniqish hosil qiladilar va estetik zavq ham oladilar. Shu bilan ularda badiiy did ham tarbiyalanadi, shakllarning uyg‘unligi haqida to‘g‘ri tasavvurlar paydo bo’ladi. Nihoyat, uchinchi darajadagi vazifalar har bir mashg‘ulot mavzusi doirasida ifodalanadi. Vazifalarning har xil darajalari haqida gapirish, ularni bir-biridan farq qilishga shuning uchun ham to‘g‘ri keladiki, ularning har biridagi vazifa va mazmun o‘zaro bir xil bog‘liq emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |