Tashkiliy vazifalar. “Texnologiya” fani bo‘yicha nazariy mashg‘ulotlar uchun o‘quv xonasi va amaliy mashg‘ulotlar uchun ustaxona tashkil qilish va ularda xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini yaratish. O‘quvchilarni mashg‘ulotlar uchun zarur xom ashyo, material, asbob-uskunalar bilan ta’minlash hamda moslamalar, mexanizmlar stanoklar bilan amaliy ishlash jarayonini tashkil qilish. Sanitariya-gigiyena hamda mehnat xavfsizligi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarda belgilangan talablarning to‘liq bajarilishini ta’minlash va muntazam nazorat qilib borish.
O‘quvchilarning turli kasblar bo‘yicha mehnat jarayonlari va kasb egalari bilan yaqindan tanishishlarini amalga oshirish uchun korxonalar, jamoa xo‘jaliklari, tashkilotlar, muassasalar bilan doimiy aloqa o‘rnatish.
Rasmiy hujjatlar: me’yoriy rejalashtiruvchi hujjatlar, ustaxonada xavfsizlik texnikasi, sanitariya-gigiyena talablari va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalariga doir hujjatlarni yuritish.
Uslubiy vazifalar. Mashg‘ulotlarning yarim yoki bir yillik ish rejalarini tuzish, bunda mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarni hisobga olgan holda, kasblar tasnifi asosida o‘quvchilarni yaqindan tanishtirish mumkin bo‘lgan kasb turlarini tanlash. “Texnologiya” fanidan o‘g‘il va qiz bolalarning o‘ziga xos mashg‘ulotlarini va kasb tanlashlarini amalga oshirib borish. Mashg‘ulotlarda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari, yangi didaktik materiallar, vositalardan keng foydalanish, ta’lim va tarbiya birligini ta’minlash. O‘quvchilarda turli kasblarga tegishli dastlabki mehnat ko‘nikma va malakalarini, mehnatsevarlikni shakllantirish. “Texnologiya” fani darslari jarayonida o‘quvchilarni aqliy va axloqiy jihatdan rivojlantirib borishda ularning yosh xususiyatlarini, shaxsiy psixologik va fiziologik sifatlarini hisobga olish. O‘quvchilarning bilimi, ko‘nikma va malakalarini muntazam nazorat qilib borish.
Dasturdagi texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni tashkil qilish va o‘tkazish ketma-ketligi mahalliy sharoit va imkoniyatlar hisobga olingan holda o‘qituvchi tomonidan hal qilinadi.
Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilib, shuni aytish joizki, “Texnologiya” fani vazifalari mazmunan murakkab dialektik bog‘liqlikda bo‘ladi. Buni tushunish uchun shuni nazarda tutish kerakki, “Texnologiya” fani vazifalari turli darajada qo‘yiladi va hal qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |