1-mavzu: “Texnologiya fanini o‘qitishda pedagogik texnologiyalar” o’quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari.
Reja:
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan “Texnologiya” fani haqida qisqacha ma’lumot. “Texnologiya” fani darslarining mazmuni va ahamiyati.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Texnologiya”fani darslarining tashkil qilish.
Yangi pedagogik texnologiyalarni hayotga tatbiq etish yo‘llari.
Zamonaviy o’qitish metodlari – interaktiv metodlar, innovatsion texnologiyalarning o’rni, mohiyati.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan “Texnologiya” fani haqida qisqacha ma’lumot. “Texnologiya” fani darslarining mazmuni va ahamiyati. Ma’lumki, qadimdan ota-bobolarimiz o‘z farzandlarining ta’lim-tarbiya olishi, hunar o‘rganishiga alohida e’tibor qaratganlar. Binobarin, har bir ota-onaning o‘z farzandlari oldida burchlari bor, jumladan, yaxshi nom qo‘yish, xat-savod o‘rgatish, kasb-hunarli qilish, boshini ikki va uyli-joyli qilish. Qadimdan ota-bobolarimiz bu naqlga amal qilib kelishgan. Ular, hech bo‘lmaganda, o‘z hunarlarini avlodlariga meros qilib qoldirishgan. Ana shu tufayli bizning milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, milliy hunarmandchiligimiz asrlar osha rivojlanib, sayqal topib kelmoqda.
Respublikamiz davlat mustaqilligiga erishgan davrdan boshlab, o‘zbek o‘g‘il-qizlarini zamonaviy o‘quv muassasalarida, zamonaviy texnika vositalaridan foydalangan holda malakali mutaxassislar qo‘lida ta’lim-tarbiya topishlari uchun ta’lim tizimida tubdan islohotlar olib borilmoqda.
Ta’limni isloh qilishdan maqsadi nima? Asosiy maqsad shuki, biz O‘zbekiston atalmish kelajagi buyuk davlat qurmoqchimiz. Mamlakatimiz kelajagi bugungi kundagi avlodlar qo‘lidadir. Biz O‘zbekistonning buyuk kelajagini yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom, malakali va ijodkor shaxslar qo‘lida bo‘lishini istaymiz. Bunday fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslarni kamol toptirish uchun esa ta’lim-tarbiya tizimiga diqqatimizni qaratmog‘imiz lozim. Mana shu maqsadda “Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”, “2004-2009-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish milliy davlat dasturi to‘g‘risda”gi qonunlar, qonun osti hujjatlari ishlab chiqildi va ular izchillik bilan hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Ta’lim muassasalari turlariga mos holda Davlat ta’lim standartlari va bu standartlar asosida o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. Ta’lim berishning davlat va nodavlat tashkilotlari tuzildi, o‘quv adabiyotlari yaratib kelinmoqda. Bularning barchasi kelajak avlodlarimiz uchundir.
Bugungi kunda O‘zbekiston jahon miqyosida keng quloch yozib, rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonni yanada rivojlanishi va taraqqiy etishi uchun biz malakali kadrlarni tarbiyalamog‘imiz zarur. Malakali kadrlar esa bular – o‘qimishli, uddaburon, ijodkor shaxslardir. Bunday shaxslarni kamol toptirish – mamlakatni va jamiyatni taraqqiy ettirish garovidir. Aks holda ular bir nuqtada qotib qoladi. Chunki ijod bor joyda o‘sish ham, rivojlanish ham, raqobat ham bo‘ladi.
Xo‘sh, ijodkor shaxsni tarbiyalash nimaga bog‘liq? Albatta, bu masala pedagoglarga borib taqaladi, chunki izlanuvchan, bilimli, o‘z kasbining ustasigina haqiqiy mutaxassisni tarbiyalashi mumkin. O‘quvchilarning yaxshi ta’lim-tarbiya olishi uchun sog‘lom muhit, qulay shart-sharoitlar ham yaratilishi lozim. Bu borada mamlakatimizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining qurilishi, maktablarni mukammal ta’mirlanishi, zamonaviy texnika va jihozlar bilan ta’minlanishi, zamonaviy darsliklar, elektron darsliklarning yaratilishi yuqoridagi fikrlarimizning isbotidir. Demak, mana shu qulayliklardan foydalanib, malakali kadrlar yetishtirish albatta pedagog xodimlarning vazifasidir.
Bugungi kunda respublikamizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlar barcha fanlarning o‘qitilishida bir qator vazifalarni maqsad qilib qo‘ymoqda. Shu bilan bir qatorda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tiladigan “Texnologiya” fani darslarini o‘qitishni va o‘quvchilarni kasbga yo‘llash ishlarini yanada yaxshilash uchun bir qancha amaliy ishlarni amalga oshirish zarurligi yaqqol ko‘rinmoqda.
Ma’lumki, Respublikamiz davlat mustaqilligiga erishgandan beri mamlakatimizga bir qator chet el davlatlarining investitsiyalari olib kirilmoqda, bir qancha xorijiy mamlakatlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda, chet el dastgohlari olib kelinib, bir qancha ishlab chiqarish sanoat korxonalariga o‘rnatilmoqda, lekin mana shu joylarda faoliyat yuritish uchun bizga zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan malakali kadrlar yetishmasligi bugungi kunning dolzarb masalaridan hisoblanmoqda. Bu masalani hal qilish uchun albatta kasb-hunar kollejlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklatiladi. Kasb-hunarga yo‘llash masalalari esa umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Texnologiya” fani darslarini o‘qitishni yaxshilashga katta ahamiyat qaratishni talab qiladi. Biz faqat kasb-hunar egalarini emas, balki mustaqil fikrlay oladigan va ishlaydigan shaxslarni tarbiyalashni oldimizga muhim masala qilib qo‘ymog‘imiz zarur. Shularni hisobga olgan holda mustaqil fikrlay oladigan va ishlay oladigan shaxsni tarbiyalash masalasini maktablarda o‘tiladigan “Texnologiya” fani mashg‘ulotlarining asosiy mezoni qilib belgilab olishimiz ayni maqsadga muvofiqdir.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan “Texnologiya” fanining aosiy maqsadi – maktab o‘quvchilariga texnologik ta’lim qirralarini singdirishdan iboratdir. Ya’ni bu – texnologiya fani o‘qituvchisi rahbarligida o‘quvchilar tomonidan bajariladigan aqliy va jismoniy harakatlar jarayonidan iborat bo‘lib, yakuniy natijada ularni mehnat qurollari, vositalari va jarayonlari haqidagi bilimlarni hamda ma’lum sohadagi ishlab chiqarish mehnatini bajarish uchun zarur amaliy ko‘nikma va malakalarini egallashlariga, ongli ravishda kasb tanlashga hamda jamiyat va shaxs farovonligi yo‘lida mehnat faoliyatiga qo‘shilishlariga imkon beruvchi shaxsiy sifatlarini va tafakkurlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv fanidir.
Ma’lumki, “Texnologiya” fani darslarida o‘quvchilarning amaliy ishlarini, shu jumladan, mustaqil va ijodiy faoliyatini tashkil etish bevosita o‘qituvchining shu sohaga oid bilimi hamda pedagogik mahoratiga bog‘liqdir. Odatda, bunga oid tushunchalar talabalarga “Texnologiya” fanini o‘qitish metodikasi fanini o‘qitish jarayonida beriladi. Ya’ni texnologiya fanini o‘qitish metodikasi umumlashtiruvchi fan bo‘lib, bunda talabalarga maktablarda “Texnologiya fani” darslarini tashkil etish shakllari va usullaridan foydalanish ishlari umumiy tarzda o‘rgatiladi. Bunda o‘qitish jarayonida ta’lim texnologiyalaridan, xususan, interfaol metodlardan, innovatsion pedagogik texnologiyalar-dan foydalanish masalalariga kam vaqt ajratilgan. Shu sababli “Texnologik ta’lim” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun “Texnologiya fanini o‘qitishda innovatsion pedagogik texnologiyalar” deb nomlanuvchi mazkur o‘quv fanining o‘qitilishi talabalarning shu sohadagi bilimi va mahoratlarini oshirishlariga yaqindan yordam beradi. Shundan kelib chiqib, “Texnologiya fanini o‘qitishda innovatsion pedagogik texnologiyalar” o‘quv fanining obyekti – umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan “Texnologiya” fani darslari bo‘lib, predmeti esa – mana shu darslarda qo‘llaniladigan interfaol metodlar, innovatsion pedagogik hamda axborot texnologiyalardir. Bu o‘quv fani “Texnologiya fanini o‘qitish metodikasi” fanining uzviy bir qismi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |