Texnika fanlarining falsafiy masalalari.
Reja:
“Texnika falsafasi” tushunchasi va uning mohiyati.
2. Texnikaviy bilimlarning taraqqiyoti qonunlari.
3. Texnika taraqqiyotining jamiyat taraqqiyotiga ta’siri, uning negativ oqibatlari.
4. Texnokratik nazariyalar va ularning mohiyati.
1-masala. Texnika inson faoliyatining sohasi sifatida qadimgi davrdan boshlab faylasuflarni qiziqtirib kelgan. Qadimgi Yunon va Rim, Uyg‘onish davri va yangi davr faylasuflari texnikani nazariy hamda amaliy jihatdan tahlil qilishga harakat qilganlar, uning falsafiy ma’nosini ochib berish uchun anchagina faoliyat ko‘rsatganlar. Biroq, “texnika falsafasi” atamasi E.Kapning 1877 yilda Germaniyada chiqqan «Texnika falsafasi asoslari” kitobida ilk bor ishlatilgan
(qo‘llangan). XX asrda texnika falsafasi bilan F. Dessauer, L.Memford, X. Ortega-i Gasset, M.Xaydegger, O.Shpengler, K.Yaspers kabi faylasuflar shug‘ullanganlar. Shunga qaramay texnika falsafasi asrimizning 60 – yillaridagina mustaqil falsafiy soha sifatida tan olindi va 70 – yillarga kelib bu sohaning dasturi ishlab chiqildi.
Texnik taraqqiyot industrial jamiyatda insoniyat oldiga juda muhim muammolarni maydonga tashladi. Atrof– muhitning ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayib ketishi, yadro urushlarining xavfi kabi masalalar XX asr fojiasiga aylandi. Agar shunday jarayon davom etaversa, dunyo sivilizatsiyasi halokatga uchrashi muqarrar, degan masala kun tartibiga qo‘yildi. Agar texnikaning mohiyati, uning taraqqiyot tendensiyasi ilmiy–falsafiy jihatdan talqin qilinmasa, yuqorida aytilgan fojialarning olidini olish juda qiyin bo‘ladi. Buning uchun hayotning falsafiy – tanqidiy talqin qilish, insonning texnika faoliyatiga to‘g‘ri baho berish, uning kelajagi va sotsial oqibatlari haqida ta’limot ishlab chiqish kerak bo‘ladi. Mana shunday sharoitda texnika falsafasi paydo bo‘ldi. Uning insoniyat oldidagi burchi texnikaning mohiyati va insonlar hayotidagi o‘rnini to‘g‘ri ko‘rsatish ham inson mohiyatini ochib berishdan iborat, deyish mumkin.
Buning uchun esa texnika nima, insoniyatga nima beradi yoki qanday salbiy oqibatlarga olib keladi kabi savollarni hal qilish texnika falsafasining asosiy vazifasiga aylandi.
Texnikani tahlil qilish bugungi kunda ikki falsafiy yo‘nalish nuktai nazaridan ko‘rilmoqda:
1. Fanning metodologiyasi nuqtai nazaridan, ya’ni texnik bilimlarni tahlil qilish va yangicha texnik tafakkurni shakllantirish;
2. Antropologiya falsafasi nuqtai nazaridan, ya’ni bunda texnikaning ma’naviy – axloqiy, madaniy muammolarini, shuningdek, texnikani insoniylik – qadriyat nuqtai nazaridan talqin qilish.
Mavjud muammolar doirasida texnika falsafasini o‘rganish masalalari ko‘lami juda keng. Texnika tushunchasining mohiyatini aniqlash, uning tarixiy taraqqiyot bosqichlari, texnika bilimlar tizimining o‘ziga xos tomonlari, texnikaning asosiy sohalari, fan, san’at, iqtisod bilan o‘zaro aloqasi masalasi, inson bilan tabiat o‘rtasidagi yangi tamoyillarning paydo bo‘lishi, yangi texnalogik jarayonlar, texnikaning yangi vazifalari kabi masalalar texnika fanining metodologiyasi doirasiga kiradi.
Texnik ta’lim va tarbiya, texnik qadriyatlar tizimini shakllantirish, insonning intelektual va axloqiy faoliyatini uyg‘unlashtirish, texnikani rivojlantirishda insonning ahamiyati va mas’uliyatini oshirish, texnikadan oqilona foydalanish kabi masalalar antropologiya falsafasi vazifalariga kiradi.
Texnika yunoncha «texne” degan so‘zdan olingan bo‘lib, san’at, ustakorlik, bajara olish kabi ma’nolarni anglatadi. Texnika tushunchasi qadimgi Yunon faylasuflari Ploton va Aristotel qarashlarida sun’iy mehnat qurilmalari sifatida ishlatilgan. O‘zbek tilida “mahorat bilan”, “ustalik bilan”, “san’atkorona” bajarish ma’nosiga to‘g‘ri keladi. O‘zbek tilida hunar, xunarmandlik, ustachilik atamalarini Yevropadagi texnika so‘zining ma’nosida ishlatib kelingan. Texnika tabiatdagi tabiiy jarayonlardan farqli o‘laroq inson faoliyati natijasida sun’iy amalga oshgan narsalardir.
Demak, texnika inson amaliy faoliyati natijasida sun’iy hosil qilingan predmetlardir.
Texnika falsafasiga bo‘lgan qiziqishning kuchliligi tasodifiy bir hol emas. Zotan, bugungi kunda texnikaga bo‘lgan munosabat, uning tabiati, mohiyati va mazmunini, fan va madaniyat bilan aloqalari, inson bilan o‘zaro munosabatini tushunib yetish va boshqa ko‘plab masalalar hozirgi zamon falsafiy muammolarining negizini tashkil qiladi. Kishilik taraqqiyotining inqirozlari - ekologik, esxatologik (termoyadro urushi xavfi), antropologik (inson va ma’anviyat tanazzuli), madaniy va boshqa inqirozlar o‘zaro bog‘liq ekanligi, bunda texnika va hamma narsalarga texnik munosabat dunyodagi bu beqarorlikning omillaridan biri ekanligi sekin-asta oydinlashib bormoqda.
Texnika falsafasi fanining rivojlanishiga M.Xaydegger, K.Yaspers, E.Kapp va F.Dessauer va boshqa faylasuflar ham katta hissa qo‘shdilar. Texnika falsafasi hozirgi zamon falsafa fanining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. U texnika, texnologiya rivojlanishi, muhandislik va texnik faoliyat, texnik fanlarni loyihalashtirish qonuniyatlari hamda ularning insoniyat madaniyati va hozirgi zamon jamiyatidagi o‘rni, inson va texnika, texnika va tabiat munosabatlari, hozirgi zamon texnika va texnologiyasining etik, estetik, global va boshqa masalalarini o‘rganadi. Texnika falsafasi faqat texnikani o‘rganmaydi, ammo texnika mohiyati, shu jumladan insonning tabiatga munosabati, texnikaning insonga ta’siri, muhandislikning ahamiyati, ilmiy oqilonalik shakllari masalalari texnika falsafasining asosini tashkil qiladi. Bunda ko‘rsatib o‘tilgan komponentlarning har biri o‘zicha o‘ta murakkabdir.Texnik taraqqiyot o‘z harakat mo‘ljallariga ega emas, u qayoqqa ketayotganini hech kim bilmaydi. Shu tufayli ham uning oqibatlarini oldindan ko‘ra bilish mumkin emas. Texnik taraqqiyot qancha kuchli bo‘lsa, uning kutilmagan oqibatlari yig‘indisi ham shuncha katta bo‘ladi.
Texnika taraqqiyoti kuchayib borgani sari, u yaratuvchi ziddiyatlar, to‘siqlar va bo‘hronlar soni ham ko‘payib boradi. Xususan, atrof muhitning ifloslanishi, tiklanmaydigan resurslarning kamayishi, potensial xavf-xatarlarning globallashuvi shular jumlasidandir. Binobarin, yetkazilgan zararni qoplashga yoki kamayib borayotgan resurslarning o‘rindoshini topish uchun tadqiqotlarga ajratiladigan moliyaviy mablag‘larni muttasil ravishda qayta hisob-kitob qilish talab etiladi. Shunday hisob-kitobdan keyingina texnik rivojlanish mahsulotining real qiymati, texnika vositalarining real narxlari haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Masalan, kuchli zaharlanishga sabab bo‘luvchi texnika tozalash inshootlari qurishni, salomatlikni tiklash markazlari tashkil etishni talab qiladi. Binobarin, xarajatlar umumiy smetasiga bularning qiymatini ham kiritish talab etiladi. G‘arb falsafasida texnikaga bo‘lgan yondashuvning o‘ziga xos xususiyatlari, bizningcha, quyidagilardan iborat: aniq ifodalangan ijtimoiy va aksiologik munosabat, texnika tabiati va mohiyatiga doir masalalarni hamda uning hozirgi zamon madaniyati taqdiri uchun ahamiyatini birinchi o‘ringa qo‘yish va nihoyat, umumfalsafiy muammolar bilan bir qatorda, amaliy masalalar
qatorda, amaliy masalalar (texnik loyihalarni ekspertiza qilish va baholash, muhandislik ta’limi masalalari va h.k.)ni ham rivojlantirish. Yaspersning, inson o‘z haqiqiy borlig‘ini o‘yqotsa, hurmatni va o‘z-o‘zini hurmatni ham yo‘qotadi degan mavqeiga qo‘shilish mumkin. Biroq, fikrimizcha, gap texnikaning mohiyati va ma’nosida ham emas, balki inson ehtiyojlari va uning qay usulda qondirilishidadir. Haqiqiy borliq, haqiqiy ehtiyojlar va ularning haqiqiy qondirilishidadir. Agar haqiqiy ehtiyoj qondirilmagan bo‘lsa, u holda qondirilishi mumkin bo‘lmagan sohta ehtiyoj tugiladi. Aynan shu holatni, afsuski, odatda inson insonga nisbatan munosabatida, texnika va san’atga, borinki, barcha borliqqa nisbatan bo‘lgan munosabatda kuzatish mumkin. Soxta ehtiyojlar soxta borliqni va aynan ana shular insoniyat azob-uqubatlarining bosh sababidir. Taqdim qilinayotgan pozitsiya, Xaydegger ta’kidlaganidek «texnik bo‘lmagan» asoslarni tadqiq etishning o‘zagini tashkil etadi. Texnika mavjudligi, mutlaq haqiqat sifatida, bizning fikrimizcha, birqadar oshirib yuborilgan. Shunday qo‘rquv mashinarobotlar inson ustidan xukmronlik qilayotganligini bayon qiluvchi ko‘pgina fantast
yozuvchilar asarlarida ham o‘z ifodasini topgan. Mashina kuchli intellektga ega bo‘lishi mumkin biroq u insongagina xos bo‘lgan va uni inson qilib turgan his-tuyg‘ular, farazlar, ruhiy olam kabi turli-tuman hislatlardan mahrum. Texnika moddiy madaniyat sohasiga kiradi. U maishiy va ijtimoiy turmush asosi, o‘zaro muloqot, himoya va hujum vositalari, har xil jabhalarda qo‘llanadigan turli-tuman asbob-uskunalarni o‘z ichiga oladi. XIX-XX asrlar chegarasida P.K.Engelmeyer texnikani shunday tavsiflaydi: «O‘z moslamalari bilan u bizning eshitish, ko‘rish qobiliyatimizni, kuchimiz va chaqqonligimizni kuchaytirdi, masofa bilan vaqtni qisqartirmoqda, umuman, mehnat samaradorligini oshirib bormoqda. Nihoyat, ehtiyojlarni qondirishni yengillashtirib, u yangi ehtiyojlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotir... Texnika bizga zamon va makonni, materiya va kuchni yengishga yordam berdi va taraqqiyot g‘ildiragini tinimsiz olg‘a haydovchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda». Biroq, ma’lumki, moddiy madaniyat ma’naviy madaniyat bilan uzviy bog‘liq. Masalan, arxeologlar aynan moddiy madaniyat qoldiqlari bo‘yicha qadimgi xalqlarning madaniyatini batafsil tiklashga harakat qiladilar. Bu ma’noda texnika falsafasi, agar o‘tmishga (ayniqsa, yozma an’analar texnikada yaxshi rivojlanmagan qadimgi dunyo va o‘rta asrlarga) qaratilgan bo‘lsa, ko‘p jihatdan texnik bilimlar falsafasi, bugungi kun va kelajakka qaratilgan taqdirda esa - texnik bilimlar metodologiyasi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |