Moliyaviy tahlil o`tkazish metodikasi quyidagi asosiy bosqichlarni o`z ichiga oladi:
1. Dastlabki baholash. Dastlabki baholashda axborotlar ishonchligini baholashni, moliyaviy hisobotlarni o`qish va uning muhim ko`rsatkichlar tizimini baholashni, aylanma mablag`lar va uzoq muddatli aktivlar, o`z va qarz mablag`lari bilan bog`liq ko`rsatkichlar tizimini mutlaq ifodasi bilan chuqur tahlil etish orqali aniq xulosalarni shakllantirish nazarda tutiladi.
2. Ekspress-tahlil. Moliyaviy koeffitsiyentlarni aniqlash asosida korxonaning joriy va istiqbolli to`lovga qobilligini, ish va bozor aktivligini o`rganish asosida korxonaning moliyaviy ahvoliga baho berishni anglatadi. Ekspress-tahlilning maqsadi xo`jalik yurituvchi subyektning moliyaviy holati, rivojlanish dinamikasini operativ, vizual baholashdan iborat. Ekspress-tahlilni amalga oshirish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
- rasmiy xususiyatlarga ko`ra hisobotni ko`rish;
- auditor xulosasi bilan tanishish;
- korxona hisob siyosati bilan tanishish;
- hisobotdagi og`riqli(muammoli) bandlarni aniqlash va ularni dinamik baholash;
- asosiy ko`rsatkichlar bilan tanishish;
- tushuntirish xatini o`qish;
- haqqoniy balans ma‘lumotlari asosida mulkiy va moliyaviy holatni baholash;
- tahlil natijalari bo`yicha xulosalarni shakllantirish.
Ekspress-tahlilda quyidagi muhim o`zgarishlarga ahamiyat qaratiladi:
davr oxiriga balans jamining davr boshiga nisbatan o`sishiga;
aylanma aktivlarning o`sishi uzoq muddatli aktivlarning o`sishidan yuqori bo`lishiga;
xususiy kapitalning qarz kapitalidan ortiq bo`lishiga;
xususiy kapitalning o`sishi qarz kapitalining o`sishidan yuqori bo`lishiga;
debitorlik va kreditorlik majburiyatlarining o`sishi bir xilda bo`lishiga;
aylanma aktivlarda o`z mablag`lari hissasi yuqori bo`lishiga;
qoplanmagan zarar qatori bo`lmasligiga va h.k.
3. Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlil. Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlilning asosiy vazifasi – qaysi mahsulot turlari, qaysi xarajat turlari, qaysi javobgarlik markazlari tufayli o`zgarishlar yuzaga kelganligini va bu borada rahbarlar qanday yo`l tutishi lozimligiga qaratilgan. Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlilning asosiy maqsadi – xo`jalik yurituvchi subyektining joriy davrdagi natijalarini, ularning kelgusidagi kutilishlarini, moliyaviy holatini keng qamrovli tavsiflashga, baholashga qaratilgan. Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlilning asosiy jihatlari quyidagilarga qaratilgan:
xo`jalik subyektining iqtisodiy va moliyaviy holatini baholash;
xo`jalik subyektining iqtisodiy salohiyatini baholash va tahlil etish;
mulkiy holatini baholash (analitik balansni tuzish, balansning vertikal tahlili,
balansning gorizontal tahlili, mulkiy holatdagi sifat o`zgarishlari tahlili);
moliyaviy holatni baholash (likvidlik va to`lovga layoqatlilikni baholash, moliyaviy barqarorlikni baholash);
moliyaviy xo`jalik faoliyati natijaviyligini baholash (ish aktivligi, foyda va rentabellikni baholash, qimmatli qog`ozlar bozoridagi holatini baholash)ni o`z ichiga oladi.
Moliyaviy tahlilni quyidagi bosqichlardan iborat algoritmini belgilash mumkin:
- tahlil uchun zarur bo`lgan axborotlarni yig`ish;
- axborotlarni qayta ishlash, ko`rsatkichlarni tanlash va ularni tahliliyligini ta‘minlash;
- moliyaviy hisobotlarning gorizontal, vertikal, trend tahlilini o`tkazish;
- moliyaviy hisobotlar ko`rsatkichlari asosida moliyaviy koeffitsiyentlarni hisob-kitob qilish, ularning qiyosiy tahlilini qilish, o`zgarishlarni omilli tahlilini amalga oshirish;
- xo`jalik subyektining moliyaviy holatini, moliyaviy natijalari, pul oqimlarini tahliliy natijalarini chiqarish, ularni yaxshilashning, imkoniyatlarini aniqlash;
- moliyaviy tahlil bo`yicha yakuniy xulosalarni tayyorlash va amaliy chora-tadbirlarni belgilash.
Do'stlaringiz bilan baham: |