Ta’lim tizimidagi xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti va ish xaqi.
Maktabgacha bolalar muassasalarining pedagog xodimlariga qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi.
Xо‘jalik bekalari, о‘rta va kichik tibbiy xodimlar, idish-tovoq yuvish va bolalarni ovqatlantirish ishida band bо‘lgan yordamchi ishchi-enagalar uchun, shuningdek sil kasalligi bilan og‘rigan, aqliy jihatdan zaif bolalar hamda markaziy nerv sistemasi og‘ir jarohatlangan, shu jumladan nutqida og‘ir nuqsonlari bо‘lgan va poliomilit kasalligini boshdan kechirgan bolalar tarbiyalanadigan maktabgacha bolalar muassasalarida olti soatlik ish kuni joriy etilgan.
Maktabgacha bolalar muassasalarining ish tartibi hokimning qarori yoki tegishli korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan hokim bilan kelishilgan holda belgilanadi. Maktabgacha bolalar muassasalari odatda haftasiga besh yoki olti kun ishlaydi. Zarur hollarda uch yoshdan yetti yoshgacha bо‘lgan bolalar uchun yakshanba va bayram kunlari ham ishlaydigan navbatchi guruhlar tashkil qilinishi mumkin.
Bolalar bog‘chasining ishi ertalab soat yettidan keyin boshlanib, kechi bilan soat yigirmada tugaydi. Istisno tariqasida bu vaqtni yarim soatga о‘zgartirishga yо‘l qо‘yiladi.
Ishchi va xizmatchilar uchun ikki kun dam olinadigan besh kunlik ish haftasi joriy qilinadi. Smena muddati ichki mehnat tartibi qoidalari yoki smenalilik grafigi bilan belgilanadi.
Besh kunlik ish haftasini joriy etish maqsadga muvofiq deb topilmagan taqdirda olti kunlik ish haftasi joriy etiladi. Har kungi ish muddati haftalik ish normasi 40 soat bо‘lganda, yetti soatdan va haftalik ish normasi 35 soat bо‘lganda, olti soatdan oshmasligi kerak.
Besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasi maktabgacha bolalar muassasasi ma’muriyati tomonidan kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishgan va jamoaning fikri hisobga olingan holda belgilanadi. Smenalilik grafigini ham ma’muriyat kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqadi va amalga kiritilishidan bir oy oldin har bir xodim tilxat bilan undan xabardor qilinadi.
Maktabgacha bolalar muassasalari tarbiyachilarning ovqatlanishi ish boshlanishidan 30 daqiqa burun yoki tugagandan keyin yoxud bolalar bilan birgalikda yoki bolalar uyquga ketgan paytda uyushtiriladi. Ish sharoitlariga kо‘ra ovqatlanish va dam olish uchun tanaffus belgilash mumkin bо‘lmagan boshqa xodimlar uchun ham bu masala shu taxlitda hal etiladi. Xizmat kо‘rsatuvchi xodimlar uchun tushlik tanaffus ichki mehnat tartibi qoidalari bilan belgilanadi.
Maktablarda bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi joriy qilingan, boshlang‘ich sinflarda besh kunlik ish haftasi belgilanishi mumkin.
Maktabda ish vaqti, uning boshlanishi va tugashi xalq ta’limi mahalliy organlari tomonidan smenalar miqdoriga qarab belgilanadi.
Pedagog xodimlarning ish vaqti dars jadvali va о‘rta maktab Nizomi hamda ichki mehnat tartib-qoidalariga binoan ularga yuklanadigan lavozim vazifalari bilan belgilanadi. Ma’muriyat ishga kelish va ishdan ketish hisobga olib borilishini yо‘lga qо‘yishi shart.
Maktablarda pedagog xodimlarning vaqtini tartibga solib turishning о‘ziga xos xususiyatlari shundan iboratki, maktab direktori kasaba uyushmasi qо‘mitasi va jamoa bilan kelishgan holda har о‘quv yilida har bir о‘qituvchi uchun dars soatlari miqdorini belgilaydi. Bu ish xodimlarning ta’tilga ketishiga qadar qilinishi va bunda quyidagi sharoitlar albatta hisobga olinishi shart:
pedagog xodimlarda, odatda, sinflar (guruhlar)ning davomiyligi hamda dars soatlari hajmi saqlanishi lozim;
о‘qituvchilar, tarbiyachilarning ayni shu maktabning о‘zida olgan oyliklari hisobiga о‘zlari uchun belgilangan dars soatlaridan tashqari beradigan darslari qancha bо‘lishi kerakligi belgilab qо‘yilmagan. Dars soatlarini taqsimlash chog‘ida bajariladigan ishning sifati, pedagog xodimlar bilan ta’minlanish darajasi va mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda boshqa omillar ham hisobga olinishi kerak;
yosh mutaxassislar о‘quv yurtlarini tamomlaganlaridan keyin belgilangan oylik ish haqiga muvofiq keladigan dars soatlari bilan ta’minlanishi zarur;
xodimga tо‘liq bо‘lmagan dars soatlari belgilashga faqat uning yozma ravishda ifodalangan roziligi bо‘lgan taqdirdagina yо‘l qо‘yiladi;
pedagog xodimlarning dars soatlari hajmi, odatda, butun о‘quv yili davomida о‘zgartirilmasligi lozim. Faqat maktabda о‘quvchilar va sinflar soni qisqargan, ularning bir qismi о‘sha yerning о‘zida yangidan qurilgan maktabga о‘tkazilgan, shuningdek ba’zi alohida hollardagina dars soatlari miqdori kamaytirilishi mumkin.
2002 yil 7 avgusta О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2002 yilning 1 sentabrida boshlab о‘qituvchilar va о‘quv yurtlari muallimlarining, ilmiy xodimlarning ish haqi miqdorlarini oshirish tо‘g‘risida” Farmon qabul qildi. Bu Farmonga binoan 2002-2003 о‘quv yilidan boshlab umumiy о‘rta ta’lim muassasalari о‘qituvchilarining, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari hamda о‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari mualimlarining pedagog yuklamalari quyidagicha belgilangan;
boshlang‘ich sinflarda – haftasiga 18 soat;
yuqori sinflarda – haftasiga 20 soat;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida – yiliga 800 soat.
Dars jadvallari ham kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishilgan va pedagog xodimlar bilan ta’minlanish darajasi hisobga olingan hamda sanitariya-gigiyena normalariga rioya qilingan va о‘qituvchining vaqti eng kо‘p tejalishi nazarda tutilgan holda tuziladi va tasdiqlanadi. Bunda pedagog xodimlarga uslubiy ishlar olib borishlari va о‘z malakalarini oshirishlari uchun haftada bir bо‘sh kuni nazarda tutilishi lozim.
Xizmat kо‘rsatuvchi xodimlarning ish kuni muddati smenalilik grafigi bilan belgilanadi. Bunday grafik hafta yoki boshqa о‘quv davri uchun belgilangan ish vaqti muddatiga rioya qilingan holda tuziladi va maktab ma’muriyati tomonidan kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Dam olish, ovqatlanish tartibi va joyini maktab ma’muriyati kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilaydi. Smenalilik grafigi xodimlarga tilxat olib tanishtirilishi va odatda, amalga kiritilgan joyda osib qо‘yilishi kerak.
Xodimlarning ayrim toifalari (tungi enagalar, о‘t yoquvchilar) uchun kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishilgan holda ish vaqti jamlab hisobga olib belgilanishi mumkin. Xodimlarning bunday toifasi uchun tuzilgan ish grafigida haftasiga 40 soatdan kam bо‘lmagan muddat bilan uzluksiz dam olish kо‘zda tutiladi.
Bayram va dam olish kunlarida ishlash taqiqlangan. Dam olish va bayram kunlarida о‘qituvchilar, tarbiyachilar va maktablarning boshqa ba’zi xodimlarini navbatchilik qilish va ba’zi turdagi ishlarga jalb qilishga qonunlarda kо‘zda tutilgan alohida hollardagina tabiiy ofatning oldini olish va uni tugatish, zarur bо‘lgan, ilgaridan kо‘zda tutilmagan ishlarni tezda bajarish uchun kasaba uyushmasi qо‘mitasining roziligi bilan ma’muriyatning yozma ravishdagi buyrug‘i asosida yо‘l qо‘yiladi. Dam olish va bayram kunlarida navbatchilik qilganlik yoki ishlaganlik dam olish kuni uchun amaldagi qonunlarga muvofiq beriladi.
Maktab-internatlar, bolalar uylari, maxsus maktablarning xodimlari, ish vaqtini jamlab hisobga olish tartibi joriy qilingan xodimlar dam olish va bayram kunlarida ishga jalb qilinadilar. Bu ish vaqti, odatda, oylik ish vaqti normasiga qо‘shiladi. Ularga beriladigan dam olish kunlari grafikda kо‘zda tutiladi. Bayram kunlari bajarilgan ishga oylik maoshidan tashqari bir hissa soatlik yoki kunlik norma miqdorida haq tо‘lanadi. Xodimning hoxishi bilan unga boshqa dam olish kuni berilishi ham mumkin.
Ma’muriyat pedagog xodimlarni maktabda navbatchilik qilishga jalb etadi. Navbatchilik mashg‘ulotlar boshlanishidan kamida 20 daqiqa ilgari boshlanishi va mashg‘ulotlar tugagandan keyin kо‘pi bilan 20 daqiqa о‘tguniga qadar davom etishi lozim. Navbatchilik grafigi maktab direktori tomonidan kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishilgan holda tuziladi.
Kuzgi, qishki va bahorgi shuningdek yozgi ta’tillar vaqti, agar navbatdagi ta’tilga tо‘g‘ri kelmasa, ish vaqti hisoblanadi. Bu davrda pedagog xodimlar ma’muriyat tomonidan о‘z dars soatlaridan ortiq bо‘lmagan vaqt doirasida ta’til boshlanguniga qadar tashkiliy ishlarga jalb qilinadilar.
Maktab mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi zarur hollarda, ammo yiliga kamida ikki marta о‘tkaziladi.
Pedagogika kengashi majlislari, odatda, har chorakda bir marta о‘tkaziladi. О‘qituvchilar va tarbiyachilarning maktab ichidagi uslubiy birlashmalarining mashg‘ulotlari о‘quv choragida kо‘pi bilan ikki marta о‘tkaziladi.
Umumiy ota-onalar yig‘ilishlari yiliga kamida ikki marta, sinf yig‘ilishlari yiliga kamida tо‘rt marta chaqiriladi.
Mehnat jamoasining yig‘ilishlari, pedagogika kengashlarining majlislari va uslubiy birlashmasining mashg‘ulotlari, odatda, kо‘pi bilan ikki soat, ota-onalar yig‘ilishlari - bir yarim soat, о‘quvchilar yig‘ilishlari-bir soat, tо‘garaklarning mashg‘ulotlari - 45 daqiqadan bir yarim soatga qadar davom etishi kerak.
Yillik ta’tillar berish navbatini maktab ma’muriyati kasaba uyushmasi qо‘mitasi bilan kelishilgan holda maktabning normal ishlashini ta’minlash zaruriyatidan kelib chiqib va xodimlarning dam olishi uchun qulay sharoit yaratishni hisobga olgan holda belgilaydi. Ta’tillar, odatda, yozgi ta’til davrida beriladi.
Ta’lim muassasalariga mehnat haqi tо‘lashga mо‘ljallangan mavjud mablag‘lar doirasida oylik va lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan tarzda ustamalarni mustaqil belgilash hamda mehnat xaqi tо‘lash va rag‘batlantirishni tashkil qilishning turli xil shakllarini qо‘llash huquqi berilgan.
Qishloq xо‘jalik mutaxassislariga belgilangan imtiyozlar qishloq joylarda joylashgan davlat ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari uchun ham ta’lluqlidir.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlari, korxonalar, tashkilotlar, fermer va dexqon xо‘jaliklari va boshqa muassasalar davlat ta’lim muassasalarining xodimlariga qо‘shimcha ijtimoiy imtiyozlar berishga haqlidirlar.
Xodimlar mehnatiga haq tо‘lash ta’rif sistemasi ta’rif-malaka ma’lumotnomasi, ta’rif jadvali, ta’rif bо‘yicha belgilangan maosh va ta’rif koeffitsiyentlaridan iborat.
Ta’rif-malaka ma’lumotnomasi ishlab chiqarish va ish turlariga qarab guruhlarga bо‘lib chiqilgan ishchi kasblarining ta’rif-malaka tavsiflarini, u yoki bu ish muvofiq keladigan malaka darajalarini, ishchiga tegishli malaka darajasi berishda bilimi va malakasiga nisbatan qо‘yiladigan talablarni о‘z ichiga oladi.
Ta’rif jadvali malaka darajasi har xil xodimlarning mehnati о‘rtasidagi nisbatni ularning malakasiga qarab belgilaydi. U murakkab mehnat uchun yanada yuqori haq tо‘lanishini ta’minlaydi. Ta’rif jadvali ta’rif-malaka darajalari va ta’rif bо‘yicha belgilangan maoshdan tashkil topadi. Birinchi malaka darajasi eng oddiy ishlar bо‘lsa, oxirgi malaka darajasiga murakkab ishlar kiradi. Birinchi malaka darajasi bilan keyingi malaka darajalari о‘rtasidagi nisbatga ta’rif koeffitsenti deb ataladi. U ana shu malaka darajalari bilan birinchi malaka darajasi о‘rtasidagi ta’rif bо‘yicha belgilangan maosh nechog‘li yuqoriligini kо‘rsatadi.
Ta’rif bо‘yicha belgilangan maosh, vaqt birligi soat, kun, oy uchun tо‘lanadigan haq miqdorini belgilaydigan normadir. Ta’rif bо‘yicha belgilangan maosh yordamida bir xil murakkablikdagi ishlarni bajarayotgan bir xil kasbdagi xodimlar mehnatiga bir xilda haq tо‘lash ta’minlanadi.
Agar xodimlarga ish haqi tо‘lashda ta’rif bо‘yicha belgilangan maosh asos qilib olinsa, rahbar, muxandis-texnik xodimlar mehnatiga haq tо‘lashda lavozim maoshi asos qilib olinadi. U ham ma’muriyat tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Biroq xodimlarning bu toifasi mehnatga haq tо‘lashning boshqa shakllaridan ham daromaddan foiz, foydadan ulush hisobida va hokazolardan foydalanish mumkin.