Uchinchi bosqich (2010dan h.d.) –mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qilish davridir. Ushbu davr O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.Karimov tomonidan 2010 yil 12 noyabrdagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ning e’lon qilinishi bilan boshlandi. Ushbu Konsepsiyada ilgari surilgan taklif va tavsiyalar asosida qonunchilik tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan «Saylov erkinligini yanada ta’minlanishi va saylov qonunchiligi yanada rivojlantirilishi munosabati bilan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi hamda «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘zbekiston Respublikasining qonuni 2012 yil 1 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 2012 yil 5 dekabrda Senat tomonidan ma’qullandi hamda 2012 yil 19 dekabrda Prezident tomonidan imzolangan holda 2012 yil 20 dekabrda matbuotda e’lon qilindi .
Mazkur yangi qonunning qabul qilinishini O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligini takomillashtirilishining yangi bosqichi sifatida e’tirof etish mumkin. Kelgusida ushbu Qonunning amalga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi natijasida fuqarolarning saylov huquqi erkinligi yanadata’minlanishiga erishiladi.
Yuqorida qayd qonunlarda saylov tizimi va uning mazmun-mohiyati, saylov tizimining asosiy tamoyillari, saylash va saylanish huquqi, saylovlarni tashkil etish, o‘tkazish, ovoz berish natijalarini aniqlash, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki, saylov huquqining kafolatlari, saylovlarni moliyalashtirish va shu kabi o‘ta muhim masalalarni huquqiy tartibga solish mezonlari belgilandi.
Yangi qonun orqali «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi va «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga 4 tadan, jami 8 ta yangi qo‘shimcha prim moddalar va 16 ta turli mazmundagi qo‘shimchalar kiritildi.
Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mohiyati quyidagilardan iborat.
Birinchidan. «Saylovoldi tashviqoti» tushunchasini aks ettirgan quyidagi yangi definitiv me’yor saylov qonunchiligida mustahkamlandi: «saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat».
Ushbu qoidaning qonunchilikka kiritilishi birinchidan, saylovoldi tashviqotining mazmun-mohiyatidan aholini xabardor etsa, ikkinchidan, saylovoldi tashviqotining o‘ziga xosligi, ob’ekti va sub’ekti, amalga oshirish tartibi haqida ham aniq ma’lumot beradi.
Saylovoldi tashviqoti nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun o‘z imkoniyatlarini namoyon qilish yo‘lidagi o‘ziga xos muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligining asosiy vazifasi siyosiy kurashning adolatli, xolisona, ochiq va oshkora olib borilishi uchun barcha nomzodlarga teng imkoniyat va kafolatlarni yaratish orqali siyosiy plyuralizm, ya’ni fikrlar erkinligi va xilma-xilligi asosidagi sog‘lom raqobatni ta’minlashdan iboratdir. Shundan kelib chiqqan holda saylovoldi tashviqoti tushunchasining aniq ta’rifini ishlab chiqilishi va uni qonun hujjatlarida mustahkamlanishi mazkur jarayondagi turli bahsli masalalarning oldini olish va tushunmovchiliklarni bartaraf etish hamda saylovlarni demokratik andozalarga mos holda amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, yangi qonunga asosan,saylovoldi tashviqotini amalga oshirish muddatlari o‘zgardi. Avval bu jarayon faqatgina saylov kuni amalga oshirilishi taqiqlangan bo‘lsa, yangi o‘zgartirishlarga muvofiq ovoz berish kuniga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotini amalga oshirish mumkin emasligi qonunda aks ettirildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad saylovchilarga o‘z qarashlarini, siyosiy xayrixohligini aniqlab olish, boshqacha aytganda, ularning kim uchun va qanday siyosiy dastur uchun ovoz berish masalasida ongli ravishda aniq bir qarorga kelishi uchun qo‘shimcha vaqt berilishiga imkon yaratish, hamda ovoz berish arafasida turli suiiste’mollik holatlari va qonun buzilishlarining oldini olish imkonini beradi. Mazkur o‘zgartishning kiritilishi uchastka saylov komissiyalarining saylovlarga tayyor bo‘lishi uchun hamda saylovlarni qonunga mos holda o‘tkazishlari uchun sharoit yaratadi.
Uchinchidan, saylov qonunchiligida saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari aniq ifodalash uchun «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi qonunga yangi 271-modda, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi qonunga yangi 251-modda kiritildi.
Bu moddalarda saylovoldi tashviqotini amalga oshirishning turlari sifatida, siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish; deputatlikka nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish; saylovoldi tashviqotini amalga oshirishning shakllari sifatida,saylovoldi tashviqoti omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, deputatlikka nomzod, siyosiy partiya to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish orqali; saylovoldi tashviqotini amalga oshirishning usullari sifatida,saylovoldi tashviqoti ommaviy axborot vositalari, shuningdek televideniye, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i) orqali; bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish va orqali; saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, mazkur moddalarda deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanishi mumkinligi ham qayd etilgan.
To‘rtinchidan, yangi qonunga asosan, saylov qonunchiligiga saylovoldi tashviqotini ommaviy axborot vositalari orqali olib borish tartibini belgilaydigan 272-modda va 252-moddalar kiritildi. Unga muvofiq, saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi. Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Saylov kampaniyasida ishtirok etuvchi ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak. Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, deputatlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni, shuningdek deputatlikka nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi. Saylovoldi tashviqoti maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |