1388-yil yanvarida Amir Temurning qaytishini kutgan dushman orqaga qayta boshladi. Amir Temur amirlari Husayn, Shayx Ali Bahodir va boshqalarga dushmanni daf qilishni topshirdi. Ular Sirdaryo bo`yidagi Sarisuv degan joyda dushmanni quvib yetib unga katta talofat yetkazdilar. To`xtamish 1388-yil oxirida Amir Temurga qarshi qayta hujum boshladi. Amir Temur esa urushga tayyorlanish uchun Sagoron (Kattaqo`rg‘on)da qarorgohini tikib, qo`shinlarini jangovar holatga keltirdi. Amir Temur dushmanning orqa tarafidan hujum qilish uchun Qo`ng‘i o`g‘lon, Temur Qutlug‘ o`g‘lon, Shayx Ali Bahodir qo`mondonligidagi qo`shinlarni yuboradi. Hujum muvaffaqiyatli bo`ldi. Dushman tor-mor etilib, To`xtamish zo`rg‘a qochib qutuldi.
1393-1394-yili Amir Temur Sheki (Ozarbayjonning shimoliy qismi)da turgan paytda To`xtamish Kavkazorti viloyatlariga hujum qildi. Amir Temur Shekidan chiqib Qura daryosi bo`ylab yurdi. Oltin O‘rdaliklar Amir Temur qo`shinlari kelayotganini eshitib chekinishga majbur bo`ldilar. 1395-yil aprelida Amir Temur va To`xtamish o`rtasida urush harakatlari yana boshlanib ketdi. Jangning asosiy qismi o`ng qanotda bo`ldi. Ushbu qanotda mushkul vaziyat paydo bo`lgan. Amir Temur zahira qo`shin bilan jangga kirdi va dushmanni chekinishga majbur qildi. To`xtamish uchinchi jangdan keyin hokimiyatdan ajraldi.
To`xtamish qo`shinining Terek daryosi bo`yida tor-mor etilishi va 1395 yilda Saroy Berkaning xaroba qilinishi Oltin O`rdaga juda kuchli zarba bo`ldi. Shundan keyin u o`zini o`nglay olmadi.
Amir Temurning bir mamlakatga qilgan yurishlari uning boshqa mamlakatlarga qilgan yurishlari bilan ketma-ket borganligini urush voqealari ko`rsatib turadi. Amir Temur Ozarbayjonga bir necha marotaba hujum qilib bordi va 1387-yilda uni bo`ysundirishga muyassar bo`ldi. Armaniston va Gruziyani Amir Temur 1392 yilda bo`ysundiradi. Temurning uzoq Hindistonga yurishi 1398-yilda tamomlandi.
Sohibqiron Amir Temurning harbiy mahorati shunda ediki, u o`z dushmanlarini erkin nafas olishga qo`ymagan. 1400-yilda Amir Temur qo`shinlari turk sultoni Boyazid I va Misr sultoni Faraj bilan kurash olib bordilar. 1402-yilda Amir Temur Anqara yonida Boyazid bilan ikkinchi marta to`qnashdi va uni tor-mor etdi.
Amir Temur o`z qo`shinlari bilan 1404-yilning oxirida Xitoyga qarab yo`lga chiqqandi. O`sha yili qish O`rta Osiyo tarixida eng qahraton qish bo`lgan. Sirdaryoning suvi 1 metga muzlagan, askarlardan ko`pini quloq-burunlarini, qo`l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o`zi ham ko`p o`tmay shamollab qoladi. 1405-yil yanvar oyining o`rtalarida O`trorda to`xtashga qaror qilishadi va bu erda 18-fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi.
Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar qiladi. Bu yurishlar natijasida u buyuk davlat tashkil qilishga erishdi. Uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Kaspiy atrofidagi viloyatlar, hozirgi Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, Iroq, Janubiy Rossiya, Kavkaz va G‘arbiy Osiyoning bir qator mamlakatlari kiradi. Amir Temurning muvaffaqiyatiga avvalo uning nodir harbiy iste’dodi sabab bo`ldi. Amir Temur qo`shinida qat’iy tartib va intizom o`rnatilgan edi. Har bir jang rejasini va barcha qismlar uchun yo`l-yo`riqlarni o`zi ishlab chiqardi. Uning harbiy iste’dodi Anqara yaqinida Sulton Boyazidga qarshi jangda ayniqsa yorqin namoyon bo`ldi. Armiyaning yuragini va qo`mondonlik o`zagini barlos urug‘i vakillari tashkil etardi. Shu davr voqealarining shohidi bo`lganlarning guvohlik berishicha barloslar harbiy qo`nimsizlikka nihoyatda chidamli, yoydan o`q uzishga juda usta, o`z hukmdorlariga sodiq va sabr-toqatli bo`lganlar.
Mustaqillik sharofati hamda Respublikamiz Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan sovetlar davrida unut bo‘lgan buyuk Sohibqironning pok nomi qayta tiklandi.Tarixiy adolat qaror topib, 1996 yili Sohibqironning 660 yillik tavallud yoshi butun jahonda keng miqyosda nishonlandi.
ADABIYOTLAR
Karimov IA Amir Temur haqida so‘z.T. 1986 y.
Tsmur va Ulug‘bek davri tarixi.T. 1996 y.
Amir Temur va temuriylar davrida madaniyat va san'at. T.1996 y,
Abdurahmonov A. Ulug‘bek va uning rasadxonasi.T. 1996 y.
Ahmedov B. Temur.T. 1995 y.
Ahmedov B. Ulug‘bek.T. 1994 y.
Dadaboev H. Amir Temurning harbiy mahorati.T. 1996 y.