Raxbar: Mamadaliyev Odiljon Toirovich
Qabul kunlari: Xar haftaning Seshanba kuni soat 16:00 dan 18:00 gacha
Tel: (0-369) 227-85-08, (0-371) 230-85-00
Faks: (0-369) 227-85-08
Ishonch telefoni: (0-369) 227-84-84, (0-371) 230-84-84
Manzil: 160133, Namangan shahar, N.Namangoniy ko'chasi 14-uy
E-mail: namstat@inbox.uz, info@namstat.uz
Veb-manzil: www.namstat.uz
Namangan viloyati statistika boshqarmasi to’g’risida Nizom
1. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Namangan viloyatida hududiy statistika boshqarmasining maqomi, asosiy vazifalari, funktsiyalari, vakolatlari va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Namangan viloyati statistika boshqarmasi (keyingi o’rinlarda Boshqarma) O’zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to’g’risida”gi qonuni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 24 dekabrdagi “Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to’g’risida”gi PF-3183-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 8 yanvardagi “O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida”gi 8-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
3. Boshqarma O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi yagona tizimi tarkibidagi hududiy davlat statistika organi hisoblanadi. Boshqarma davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo’jalik yurituvchi sub’yektlar, fuqarolar va tashkilotlarning rasmiy statistik ma’lumotlarga bo’lgan talabini qondiruvchi, yaxlit progressiv statistik axborot tizimining faoliyatini ta’minlovchi davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni amalga oshiradi.
4. Boshqarma statistika ishlarini tashkil etishni quyidagi tamoyillar asosida ta’minlaydi:
ishonchlilik, xolislik, beg’arazlik;
dolzarblik, qiyosiylik va barqarorlik;
qulaylik, ochiq-oydinlik va oshkoralik;
statistika ma’lumotlarini yig’ish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga har qanday aralashishni istisno etish.
5. Boshqarma o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, Davlat statistika qo’mitasining buyruqlari, qarorlari, ko’rsatmalariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
6. Boshqarma yuridik shaxs hisoblanib, O’zbekiston Respublikasi davlat gerbi tushirilgan va o’z nomi yozilgan blank va muhrga, mustaqil balansga, amaldagi qonunchilikka muvofiq ochilgan bankdagi hisob raqamlariga ega.
7. Boshqarmaning joylashgan manzili: Namangan shahar, N.Namangoniy ko’cha,
14 uy.
II. Asosiy vazifalari
8. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat statistikasi sohasida yagona siyosatni amalga oshirish va statistikani tashkil etishning samarali tizimini ta’minlash;
xalqaro standartlarga muvofiq bo’lgan yagona statistika metodologiyasini hamda davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etish;
ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari to’g’risidagi statistika axborotlarini yig’ish, qayta ishlash, to’plash, saqlash, umumlashtirish va tahlil qilish;
Namangan viloyatidagi davlat organlarini va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini, yuridik shaxslarni, davlat muassasalarini, shuningdek jamoatchilikni statistika axborotlari bilan belgilangan tartibda ta’minlash;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini, statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur bo’lgan iqtisodiy-statistik klassifikatorlar tizimini yuritishda ishtirok etish.
III. Asosiy funktsiyalari
9. Boshqarma o’ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
a) davlat statistikasi sohasida yagona siyosatni amalga oshirish va statistikani tashkil etishning samarali tizimini ta’minlash borasida:
Namangan viloyatida statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilarning talablarini o’rganishni hisobga olgan holda Davlat statistika ishlari dasturiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi;
davlat statistikasi tamoyillariga rioya etilishini va xalqaro standartlarga muvofiq bo’lgan statistik metodologiyaning yagonaligini ta’minlaydi;
b) xalqaro standartlarga muvofiq bo’lgan yagona statistika metodologiyasini va davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etish sohasida:
davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etadi va davlat statistika kuzatuvlarini yagona statistika metodologiyasiga qat’iy amal qilgan holda o’tkazilishini ta’minlaydi;
statistika axborotlarining tezkorlik bilan qayta ishlanishi va uzatilishini ta’minlovchi yangi axborot-kommunikatsiya resurslari va texnologiyalarini Namangan viloyati davlat statistikasi organlari faoliyatiga joriy etadi;
Namangan viloyati davlat statistikasi organlari kadrlarining malakasi oshirilishini va qayta tayyorlanishini tizimli asosda ta’minlaydi;
v) statistika axborotlarini yig’ish, qayta ishlash, to’plash, saqlash, umumlashtirish va tahlil qilish sohasida:
Davlat statistika ishlari dasturi va Davlat statistika ishlarini ishlab chiqarish dasturining bajarilishini ta’minlaydi;
Namangan viloyatini, uning tuman va shaharlarini, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan davlat statistika kuzatuvlarini amalga oshiradi;
qog’oz yoki elektron shakldagi davlat statistika hisobotlarini yig’ishni, uy xo’jaliklarini kuzatishni, ro’yxatdan o’tkazishlarni, bir martalik hisobga olishlarni, so’rovlarni va boshqa kuzatuvlarni o’tkazishni Davlat statistika qo’mitasi tomonidan tasdiqlangan shakllar va metodologiyaga qat’iy amal qilgan holda tashkil etadi
va ta’minlaydi;
Davlat statistika ishlarini ishlab chiqarish dasturida belgilangan makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning statistik hisob-kitoblarini amalga oshiradi hamda Namangan viloyati bo’yicha eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar va hodisalarning dastlabki statistik tahlilini olib boradi;
statistika va hisobot ko’rsatkichlarining tezkorligi, ishonchliligi, xolisligini, statistika axborotlarning qulayligi, ochiq-oydinligi va oshkoraligini kengaytirish bo’yicha chora-tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
statistika ishlarini tashkil etishning statistika axborotlarini yig’ish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining har qanday aralashuvini istisno qiladigan tizimini yaratish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
olingan statistika ma’lumotlarining maxfiyligini, davlat sirlariga ega bo’lgan statistika ma’lumotlarining himoya qilinishini ta’minlaydi;
statistika axborot resurslarining xavfsizligini va davlat statistikasi axborot-hisoblash tizimining ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilinishini ta’minlaydi;
respondentlarni tasdiqlangan davlat statistika hisoboti shakllari to’g’risida xabardor qiladi hamda respondentlarni belgilangan miqdorda davlat statistika kuzatuvlari shakllarining blankalari, ularni to’ldirish bo’yicha tushuntirishlar bilan bepul ta’minlaydi;
g) belgilangan tartibda statistika ma’lumotlari bilan ta’minlash sohasida:
Namangan viloyati bo’yicha barcha foydalanuvchilarga ochiq statistika axborotini tarqatadi va ulardan foydalanish uchun teng sharoitlar bilan ta’minlaydi;
statistika kuzatuvlari va rasmiy statistika ma’lumotlari masalalari bo’yicha axborot-tushuntirish ishlarini olib boradi;
qonunchilikda belgilangan tartibda, shartnoma asosida Davlat statistika ishlari dasturida ko’rsatilganlaridan tashqari statistik, tahliliy, axborot va boshqa xizmatlar ko’rsatadi;
d) Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrini va iqtisodiy-statistik tasniflagichlarni yuritish sohasida:
tasniflashning yagona tizimi asosida Namangan viloyatida joylashgan yuridik shaxslarni hisobga olish va identifikatsiyalashni, shuningdek Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrining samarali faoliyat ko’rsatishini ta’minlashda ishtirok etadi;
davlat statistika kuzatuvlarida statistik tasniflagichlardan foydalanishni ta’minlaydi va foydalanuvchilarga statistik tasniflagichlar va ularga kiritiladigan o’zgartirishlar to’g’risidagi axborotni belgilangan tartibda taqdim etadi.
Boshqarma qonun hujjatlarida belgilangan boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.
IV. Huquq va majburiyatlari
10. Boshqarma o’ziga yuklangan funktsiyalarni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
Namangan viloyatidagi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlaridan, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlaridan, banklardan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda – ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotini olish hamda undan statistika maqsadlarida foydalanish;
Namangan viloyatidagi yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini Davlat statistika qo’mitasi tomonidan tasdiqlangan shakllar va metodologiya bo’yicha o’tkazish va olingan ma’lumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
Namangan viloyatidagi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni so’rash va olish;
Namangan viloyatidagi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro’yxatidan o’tkazishni amalga oshiruvchi organlardan, shuningdek Namangan viloyatida yuridik shaxslar to’g’risida ma’lumotlarning registrlari va axborot bazalarini shakllantiruvchi va yurituvchi davlat organlari va ularga tegishli tashkilotlardan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish va yangilab borish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni olish;
davlat statistika kuzatuvlarini tashkil qilish va metodologiyasi, shuningdek rasmiy statistika ma’lumotlari bilan bog’liq masalalar bo’yicha axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
olinayotgan statistika ma’lumotlarining to’liqligi, ishonchliligi va xolisligini ekspertizadan o’tkazish;
davlat statistika ma’lumotlarida qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish haqida ko’rsatmalar berish hamda Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishilgan holda Namangan viloyati bo’yicha yig’ma davlat statistika ma’lumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq ma’muriy jazo choralarini qo’llash;
davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzganligi uchun mansabdor shaxslarga solinadigan ma’muriy jarimalardan tushumlar hisobiga Maxsus jamg’armani shakllantirish hamda undan belgilangan tartibda foydalanish;
xo’jalik shartnomalari bo’yicha, tijorat asosida statistik, tahliliy, axborot-hisoblash, noshirlik va soha mavzusi bo’yicha boshqa ishlarni amalga oshirish;
Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishgan holda alohida vazifalarni bajarish uchun funktsional bo’linmalar tashkil qilish va davlat statistika kuzatuvlarini amalga oshirish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb qilish.
Boshqarma O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’ladi.
11. Boshqarma o’z vakolati doirasida davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatning samarali amalga oshirilishi uchun javobgar bo’ladi.
12. Boshqarma xodimlari O’zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to’g’risida”gi qonuni talablarini buzganlik uchun, shuningdek statistik ma’lumotlarni yashirganlik va buzib ko’rsatganlik, yoxud mazkur qonunbuzilishlariga ko’maklashganlik uchun qonunga muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgar bo’ladilar.
V. Faoliyatni tashkil etish
13. Boshqarmaga Namangan viloyati hokimining taqdimnomasiga ko’ra, Davlat statistika qo’mitasi Raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Boshqarma boshlig’ining Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ikki nafar o’rinbosari,
shu jumladan bir nafar birinchi o’rinbosari bo’ladi.
Boshliq boshqarmaga yuklangan vazifalarning bajarilishi va uning funktsiyalarini amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi.
14. Boshqarma boshlig’i:
Boshqarma faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Namangan viloyati statistika boshqarmasining tarkibiy bo’linmalari va tuman (shahar) statistika bo’limlari to’g’risidagi Nizomlarni tasdiqlaydi;
Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishilgan holda, xodimlarning tasdiqlangan soni va davlat statistika ishlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag’lar doirasida Boshqarmaning va tuman (shahar) statistika bo’limlarining shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Boshqarma xodimlariga nisbatan malaka talablarini belgilaydi;
Boshqarma va tuman (shahar) statistika bo’limlari xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishilgan holda, belgilangan tartibda tuman va shahar statistika bo’limlari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
Davlat statistika qo’mitasi tomonidan ajratilgan moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini Boshqarma va tuman va shahar statistika bo’limlari tomonidan amalga oshirilgan davlat statistika ishlari hajmlariga muvofiq taqsimlaydi;
Boshqarma ixtiyorida qolgan foyda va boshqa tushumlardan xodimlarga yuqori malakasi uchun bir oylik lavozim maoshidan oshmaydigan ustamalar belgilash uchun, shuningdek xodimlarning kasb mahoratini, o’z lavozim vazifalarini sifatli bajarganligini rag’batlantirish uchun foydalanadi;
o’z vakolati doirasida Namangan viloyati statistika boshqarmasi va tuman (shahar) statistika bo’limlari xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan buyruqlar chiqaradi;
Boshqarmaga yuklangan vazifalarni o’z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun amaldagi qonunchilik doirasida zarur choralar ko’radi;
Boshqarma nomidan ishonch qog’ozisiz ish tutadi, uning manfaatlarini ifodalaydi, qonunchilik va mazkur Nizomga asosan Boshqarma mol-mulkini boshqaradi.
15. Boshqarmada 5 kishilik tarkibda Kengash tashkil qilinadi. Kengashning shaxsiy tarkibi Davlat statistika qo’mitasi bilan kelishilgan holda boshqarma boshlig’i tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash quyidagi masalalarni ko’rib chiqadi:
hududiy davlat statistika organlari faoliyatining asosiy yo’nalishlarini amalga oshirish;
kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo’yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida, Davlat statistika qo’mitasining buyruq va qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo’yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o’z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Boshqarma rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Kengash faoliyatining tartibi, uning Kengash tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
Kengash qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va boshqarma boshlig’ining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
VI. Mol-mulki va xo’jalik faoliyati
16. Boshqarma mol-mulkini asosiy vositalar va aylanma mablag’lar, shuningdek qiymati Boshqarmaning mustaqil balansida aks etadigan boshqa boyliklar tashkil etadi.
17. Boshqarmani moliyalashtirish va moddiy-texnika ta’minoti Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq Davlat byudjeti mablag’lari hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan qo’shimcha statistika ishlariga haq to’lash buyurtmachilar mablag’lari hisobiga moliyalashtiriladi.
Boshqarma tomonidan olingan foyda, amortizatsiya ajratmalari, shuningdek boshqa tushumlar uning ixtiyorida qoladi hamda ulardan Namangan viloyati statistika organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish, xodimlarning kasb mahoratini, o’z lavozim vazifalarini sifatli bajarganligini, ijodiy faolligini va tashabbuskorligini rag’batlantirish uchun belgilangan tartibda foydalaniladi.
18. Boshqarma o’z faoliyatini har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturiga, Davlat statistika qo’mitasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlarini ishlab chiqarish dasturiga, shuningdek mahsulotlar, ishlar va xizmatlardan foydalanuvchilar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashkil qiladi.
19. Boshqarma o’z ishlari natijalarining tezkor va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisobotini yuritadi.
VII. Tugatilishi va qayta tashkil etilishi
20. Boshqarmani tugatish va qayta tashkil etish davlat tashkilotlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda, O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi tomonidan tuziladigan tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |