Me'morligi
Ilk oʻrta asrlarda vujudga kela boshlagan Vatican maʼmuriy majmuasiga 15— 16-asrlarda yaratilgan koʻpdan-koʻp inshootlarni oʻz ichiga oluvchi Vatican saroy ansambli (mayd. 55 ming m2) kiradi. Oʻz navbatida ansambl devorlari B. Mikelanjelo, P. Perujino, S. Bottichelli, D. Girlandayo ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Sikstin kapellasi, Beato Anjeliko ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Nikolay V kapellasi, Rafael moʻyqalami sayqal bergan peshayvonlar va zallar, Uygʻonish davri uslubidagi ichki hovlilar (meʼmor D. Bramante), barokko uslubidagi darvozaxona (meʼmor L. Bernini), shuningdek koʻzni qamashtiradigan kutubxona, badiiy muzeylar va boshqadan iborat. Vatican bogʻlarida Piy IV kazinosi, Vatican pinakotekasi (17-asrgacha boʻlgan italyan rassomlari asarlari toʻplami) binosi va boshqa bor. Vatican majmuasiga Avliyo Pyotr sobori (meʼmorlar D. Bramante, Mikelanjelo, K. Maderna va boshqa), Navon maydonidagi qator kolonnalar (meʼmor L. Bernnni) qoʻshilib ketgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |