12) 17-grafa. “Kelib tushadigan mamlakat”.
Grafada tovarlar kelib tushadigan mamlakatning Dunyo mamlakatlari tasniflagichiga muvofiq qisqa nomi ko‘rsatiladi.
Tovarlar kelib tushadigan mamlakat — tovarlar yetkazib berilishi lozim bo‘lgan so‘nggi mamlakat;
13) 17a-grafa. “Kelib tushadigan mamlakat kodi”.
Grafada tovarlar kelib tushadigan mamlakatning Dunyo mamlakatlari tasniflagichiga muvofiq raqamli kodi ko‘rsatiladi;
14) 18-grafa. “Jo‘natish/yetkazib berish vaqtidagi transport vositasi”.
Grafada O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidagi o‘tkazish punktiga yetkazib berish uchun tovarlar yuklanishi lozim bo‘lgan transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Grafaning chap bo‘lmasida transport vositalari soni yoziladi, so‘ngra bitta bo‘sh joy (probel) qoldirilib, mazkur Yo‘riqnomaning 6-ilovasida keltirilgan Transport turlari tasniflagichiga muvofiq transport vositasining qisqacha nomi, so‘ngra ikki nuqtadan keyin orasiga “;” ajratish belgisi qo‘yilgan holda bojxona chegarasidagi o‘tkazish punktiga yetkazib berish uchun tovarlar yuklanayotgan transport vositasi to‘g‘risidagi, tovar bojxona chegarasini kesib o‘tgunga qadar qayta yuklanadigan holatlarda esa tovarlarni qayta yuklash joyigacha yetkazib beradigan transport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi (dengiz yoki daryo kemasi nomi, havo kemasining reys raqami, temir yo‘l vagoni raqami, yo‘l transport vositasining ro‘yxat raqami va shu kabi ma’lumotlar).
(22-bandning 14-kichik bandi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2018-yil 30-apreldagi 01-02/13-37-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2773-2, 25.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.06.2018-y., 10/18/2773-2/1394-son)
Masalan:
4 AVTO: A987SA; S654DA; B587NM; K967LV.
Agar tovarlar avtotransport vositalari sostavi bilan olib o‘tilayotgan bo‘lsa, transport vositasining ro‘yxat raqamidan so‘ng “/” ajratish belgisi qo‘yilgan holda pritseplar, yarim pritseplar va h.k. raqamlari ko‘rsatiladi.
Masalan:
2 AVTO: A987SA/K118DS; S654DA/P312LK.
Grafaning o‘ng bo‘lmasida transport vositasi tegishli bo‘lgan mamlakatning Dunyo mamlakatlari tasniflagichiga muvofiq raqamli kodi ko‘rsatiladi.
Agar tashishda avtotransport vositalari sostavidan foydalanilgan bo‘lsa, ushbu transport vositalarni (pritseplarni, yarim pritseplarni va h.k.) harakatga keltiruvchi avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan mamlakatning raqamli kodi ko‘rsatiladi.
Agar transport vositalari bir nechta davlatlarga tegishli bo‘lsa, grafaning chap bo‘lmasida transport vositalari soni, so‘ngra bo‘sh joy (probel) qoldirilib, “BYuDning orqa tomoniga qarang” havolasi yoziladi (qog‘oz shakldagi BYuDda), grafaning o‘ng bo‘lmasidan “999” kodi qo‘yiladi. Qog‘oz shakldagi BYuDning orqa tomonida Transport turlari tasniflagichiga muvofiq transport vositasining qisqacha nomi, so‘ngra ikki nuqtadan keyin transport vositalari raqami va chiziqchadan so‘ng, transport vositasi tegishli bo‘lgan mamlakatning raqamli kodi ko‘rsatiladi.
Elektron BYuDda bunday havola qilinmaydi va barcha ma’lumotlar elektron BYuDning bevosita o‘zida ko‘rsatiladi.
Tovarlar elektr uzatish liniyalari yoki quvur transporti orqali olib o‘tilganda grafada Transport turlari tasniflagichiga muvofiq transport vositasining qisqacha nomi ko‘rsatiladi: “TRUBOPROVOD”, “LEP”;
Do'stlaringiz bilan baham: |