Manfaatlar qarama-qarshiligini boshqarish va bartaraf qilish
Kompaniyada vujudga kelgan manfaatlar qarama-qarshiligini boshqarish va bartaraf etish uchun kompaniyaning boshqaruv va nazorat organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari kompaniyaning manfaatlariga mos keladigan sudga murojaat qilishgacha bo‘lgan qonuniy va asoslangan echim qidiradi.
Kompaniya Boshqaruvi raisi aksiyadorlar va boshqalar tomonidan boshqaruv va nazorat organlari, korporativ kotib va barcha tarkibiy bo‘linmalarga kelib tushadigan yozma va og‘zaki talabnoma, xat va arizalarning hisobini yuritilishi hamda o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlashi lozim.
Korporativ qarama-qarshiliklarning hisobini yuritish vazifasi kompaniyaning aksiyadorlar bilan korporativ munosabatlar boshqarmasi mutaxassisiga yuklatiladi. Bu mutaxassis korporativ qarama-qarshilikka oldindan baho berib, masalaning mohiyatidan kelib chiqib unga oydinlik kirituvchi hujjatlarni tayyorlaydi va kompaniya kuzatuv kengashi roziligi bilan ushbu masalani echish vakolati mavjud tarkibiy tuzilmaga taqdim etadi.
Kompaniyaning korporativ mutaxassisi tez-tez takrorlanib turuvchi masalalarni tahlil qiladi, tahlil natijalari bo‘yicha qarama-qarshilikka kirishgan barcha taraflarga qo‘shimcha axborot berish, yoki bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi va/yoki kompaniya kuzatuv kengashi raisiga bu kabi manfaatlar qarama- qarshiligining kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan ichki tartib va qoidalarni o‘zgartirish, qarama-qarshilikni kelib chiqishini bartaraf qiluvchi boshqa takliflarni beradi.
Taraflar yoki boshqa manbalardan qarama-qarshilik holati bo‘yicha axborotga ega bo‘lgan xodim zudlik bilan bu to‘g‘rida mansab lavozimi bo‘yicha o‘zidan yuqori xodimni ogohlantirishi shart. Agar qarama-qarshilikni tarkibiy tuzilma miqyosida echish imkoniyati bo‘lmasa tarkibiy tuzilma rahbari bir ish kuni ichida kompaniya Boshqaruvi raisi, yoki uning o‘rinbosarini qarama-qarshilik, uning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan omillar hamda uni bartaraf qilish uchun ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ogohlantirishi shart. Kompaniya Boshqaruvi raisi, yoki uning o‘rinbosari manfaatlar qarama-qarshiligini bartaraf qilish usulini belgilaydi va mas’ul shaxs belgilaydi. Zarur hollarda esa qarama-qarshilikni bartaraf qilish uchun komissiya tuzilishi mumkin.
Manfaatlar qarama-qarshiligini bartaraf qilish uchun belgilangan mas’ul xodim, yoki komissiya qarama-qarshilikni bartaraf qilishning barcha choralarini
ko‘radi. Agar uni bartaraf qilish imkoniyati bo‘lmasa, kompaniya Boshqaruvi raisi ushbu masalani Boshqaruv yig‘ilishi muhokamasiga kiritadi va kompaniya kuzatuv kengashiga to‘liq axborot taqdim qiladi.
Boshqaruv tomonidan manfaatlar qarama-qarshiligi bo‘yicha taqdim qilingan axborot kompaniya kuzatuv kengashi tomonidan manfaatlar qarama- qarshiligining kompaniya faoliyatidagi ta’siri, uning hajmi va boshqa shu kabi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib uning navbatdagi yig‘ilishi muxokamasiga kiritadi, yoki ushbu masalani zudlik bilan hal qilish maqsadida navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirishi mumkin.
Kompaniya Boshqaruvi raisi, yoki uning o‘rinbosari manfaatlariga ta’sir qiluvchi yoki ta’sir qilgan har qanday manfaatlar qarama-qarshiligi to‘g‘risidagi axborot 3 ish kuni muddatda kompaniya kuzatuv kengashi muhokamasiga kiritilishi va uning bartaraf qilish uchun qabul qilingan qaror ijrosini ta’minlash va nazorat qilish uchun aniq shaxslar belgilanishi lozim.
Vujudga kelgan manfaatlar qarama-qarshiligini boshqarish va bartaraf qilishda kompaniyaning qabul qilingan ichki hujjatlariga o‘zgartirish kiritish, yoki yangi tartib qabul qilinishi lozim bo‘lsa kompaniya kuzatuv kengashi, yoki Boshqaruvi o‘z vakolat doiralaridan kelib chiqib tegishli qaror qabul qilishlari lozim.
Kompaniyaning boshqaruv organlari vujudga keladigan har qanday manfaatlar qarama-qarshiligini bartaraf qilish uchun quyidagilarni amalga oshirishlari lozim:
-vujudga keladigan manfaatlar qarama-qarshiligini imkon qadar tez aniqlashi va uning vujudga kelish sabablarini o‘rganishi;
-kompaniyaning boshqaruv organlari vakolatlari va javobgarligini aniq chegaralashlari;
-manfaatlar qarama-qarshiligini bartaraf qilish bo‘yicha mas’ul xodimni belgilashi, lozim hollarda esa komissiya tuzishlari;
-imkon qadar tezkorlik bilan manfaatlar qarama-qarshiligi bo‘yicha kompaniyaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning qarashlarini aniqlash, kompaniya manfaatlarining himoyasi bo‘yicha qarorlar qabul qilish va qarama- qarshilikdan manfaatdor taraflarga etkazish;
-manfaati kompaniya manfaati bilan qarama-qarshi kelgan tarafga kompaniyaning asoslangan nuqtai-nazari aks ettirilgan to‘liq va asoslangan javob berish, manfaati qarama-qarshi tomonga ularning talablarini ijro etilmasligi bo‘yicha qonunchilik, normativ hujjatlar, kompaniya ustavi, yoki ichki hujjatlar talablaridan kelib chiqib, ularga asosan javob berish;
-manfaatlar qarama-qarshiligini bartaraf qilishga ishtirok etuvchi mas’ul shaxslar ularning yoki ularning oila a’zolarining manfaatlarini ham keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yoki keltirib chiqaradigan holatlar bo‘yicha zudlik bilan ma’lum qilish;
-manfaatdor shaxslarni manfaatlar qarama-qarshiligi holatlarini boshqarish va bartaraf qilish jarayoniga ishtirok etmasligini ta’minlash.
Aksiyadorlar, kompaniya boshqaruvi organlari va aksiyadorlar o‘rtasida vujudga keladigan manfaatlar qarama-qarshiligini tartibga solish uchun quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
-kompaniya aksiyadorlari o‘rtasida vujudga keladigan manfaatlar qarama- qarshiligini tartibga solishda kompaniya kuzatuv kengashi mustaqil a’zosining vositachi sifatida ishtirok etishi;
-mas’ul xodim manfaatlari zid kelgan aksiyadorlar o‘rtasida ziddiyatga tegishli o‘zida mavjud axborotlarni taqdim qilgan, yoki qonunchilik va me’yoriy hujjatlar talablarini tushuntirgan holda muzokaralarga vositachi sifatida jalb qilinishi mumkin;
-kompaniyaning vakolatli organlari, yoki vakolatli shaxslari aksiyadorlarga manfaatlar qarama-qarshiligi holati bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berishi, vaziyatni bartaraf qilish bo‘yicha aksiyadorlarga imzolatish uchun hujjatlar loyihasini tayyorlashlari, o‘z vakolat doiralaridan chiqib ketmagan holda kompaniya nomidan aksiyadorlar oldiga majburiyat olishlari mumkin;
-kompaniyaning boshqaruv organlari o‘z vakolatlari doirasida ziddiyatlarni bartaraf qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni ijro etishlari hamda bu qarorlarni boshqa taraflar tomonidan ijro etilishiga amaliy yordam ko‘rsatishlari lozim. Agar kompaniya va ziddiyatli vaziyat taraflari o‘rtasida ularning majburiyatlari bo‘yicha munozarali vaziyat bo‘lmasdan, qabul qilingan qarorni ijro muddati va boshqa shartlari bo‘yicha turli qarashlar bo‘lsa, kompaniya ziddiyatli vaziyatni tartibga solishni davom ettirishi va manfaatlari qarama-qarshi aksiyadorlar talabini qondirish shartlarini ma’lum qilishi lozim;
-agar kompaniya tomonidan manfaatdor aksiyadorni talabini qondirish uchun kompaniyaning ichki hujjati, ustavi yoki qonunchilik talabiga muvofiq mazkur aksiyadordan qandaydir harakatlarni amalga oshirilishi talab qilinsa, aksiyador talabiga berilgan javobda ushbu shartlarni aniq ko‘rsatib berishi lozim (bunda ma’lum bir ishlarni amalga oshirish uchun to‘lovlar, aksiyadordan ma’lum bir hujjatlarni taqdim qilish va boshqa shu kabilar nazarda tutilgan).
Manfaatlar qarama-qarshiligini tartibga solish va boshqarishning yuqorida qayd etilgan uslublari chegara bo‘lmasdan, har bir holat mohiyatidan kelib chiqib, ziddiyatni bartaraf qilishning boshqa maqbul usullari ham qo‘llanilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |