Tojik xalqi ma’naviyati va fors-tojik adabiyoti
Qadimiy va navqiron tojik adabiyotini Oʻrta Osiyoda yashovchi xalqarning adabiyoti bilan, ayniqsa oʻzbek adabiyoti bilan chambarchas bogʻlovchi ajoyib anʼanalar mavjud. Xorazmiy, Kamol Xoʻjandiydan tortib, Alisher Navoiy, Gulxaniy, Maxmur, Hamza Hakimzoda Niyoziy va Sadriddin Ayniylargacha boʻlgan bir qancha oʻzbek va tojik yozuvchilari oʻz asarlarini har ikki tilda – ham tojik, ham oʻzbek tillarida ijod etdilar. Ulugʻ tojik shoiri Abdurahmon Jomiy bilan genial oʻzbek shoiri Alisher Navoiy oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik, Sadriddin Ayniy bilan Hamza Hakimzoda Niyoziy ijodidagi gʻoyaviy-badiiy uygʻunlik bu ikki qardosh xalq va ular adabiyotining bir-biriga yaqinligidan guvohlik beradi.
Odatda tojik adabiyoti quyidagi davrlarga boʻlib oʻrganiladi:
Qadimgi tojik adabiyoti (quldorlik jamiyati davri).
IX-XV asrlar tojik adabiyoti (feodalizm jamiyatining shakllanish va mustahkamlanish davri).
XVI-XIX asrlar tojik adabiyoti (feodalizm jamiyatining yemirilish davri).
Yangi tojik adabiyoti.
Arab istilochilari Oʻrta Osiyoni bosib olmasdan avval mamlakatdagi iqtisodiy-madaniy taraqqiyot zaminida tojik xalqining shakllanish jarayoni boshlangan edi. Oʻlkaning arablar tomonidan zabt etilishi bunga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Faqat IX-X asrlarga kelib chet el bosqinchilariga qarshi mustaqillik uchun olib borilgan kurashlar tojik feodal davlati – somoniylar davlatining tashkil topishi bilan yakunlandi. Shu vaqtgacha davlat tili hisoblanib kelgan arab tili oʻrnini endi tojiklar gaplashadigan jonli til – “dari” (forsiy) tili egalladi va shu tilda yozma adabiyot yaratila boshladi.
Bu adabiyotning yirik vakillari Abutoqiyi Abbos ibn Tarxon Samarqandiy, Abuhafs Samarqandiy, Xanzol Bogʻdisiy, Masʼud Marvoziy, Feruz Mashriqiy, Muhammad ibn Vosif Sagʻziy, Abusolih Gurgoniy, Abbos Marvoziy, Bassom Kurd Xorijiy, Muhammad ibn Muhallidlar boʻlib, ularning ijodida folklorning taʼsiri juda kuchli edi. Abulhasan Rudakiy tojik va fors klassik adabiyotining otasidir. U juda koʻp ishqiy gʻazallar va falsafiy-didaktik qasidalar yozgan ajoyib insonparvar shoir edi. Rudakiy oʻrta asr klassik poeziyasini ham shakl, ham mazmun jihatdan boyitib, uni yuqori pogʻonaga koʻtardi.
X-XI asrlarga kelib tojik klassik poeziyasida ruboiy (Ibn Sino va Umar Xayyom), gʻazal (Unsuriy, Farruxiy, Manuchehriy) hamda qasida janrlari bilan bir qatorda dostonchilik ravnaq topdi. Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”si, Asadiyning “Gurshaspnoma” va Fahriddin Gurgoniyning “Vis va Romin” dostonlari bu davr fors-tojik adabiyotida yaratilgan yangilik edi.
X-XI asr fors-tojik poeziyasida Nosir Xisrav va Umar Xayyomning ijodi salmoqli oʻrin tutadi. Ular oʻzlaridan ilgari oʻtgan klassik shoirlar ijodidagi falsafiy motivlardan oziqlanib, oʻsha zamon uchun progressiv ahamiyatga ega boʻlgan ilgʻor gʻoyalarni olgʻa surdilar.
XIII-XIV asrlar fors-tojik poeziyasi koʻproq falsafiy-didaktik xususiyatlarga ega boʻlib, unda Chingizxon boshliq moʻgʻul bosqinchilarining dahshatli janglari taʼsiri ostida paydo boʻlgan sufistik dunyoqarash yetakchi rol oʻynaydi. Jaloliddin Rumiy, Xusrav Dehlaviy va Saʼdiy Sheroziylar bu poeziyaning yirik vakillari edilar.
Xusrav Dehlaviy fors-tojik adabiyotida buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy-Ganjaviyning “xamsa”chilik anʼanasini davom ettirgan shoir hisoblanadi. Uning “Xamsa”siga kirgan besh mustaqil dostonda Nizomiy dostonlaridagi anʼanaviy syujet va obrazlar qoʻllanilgan boʻlsa-da, ularning talqini tamoman yangi va originaldir.
Oʻzining ajoyib ishqiy-lirik gʻazallari va “Boʻston”, “Guliston” nomli asarlari bilan dunyo adabiyotiga hissa qoʻshgan shoir, faylasuf Saʼdiy Sheroziy xalq ogʻzaki ijodining bebaho boyliklaridan barakali foydalanib, gʻazalchilikni yuqori pogʻonaga koʻtardi, badiiy proza taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdi.
XV asrga kelib, feodal munosabatlarning mustahkamlanishi sharoitida, Samarqand, Buxoro, Hirot shaharlarida adabiy hayot yana jonlandi. Bu davr tojik va oʻzbek shoirlari ijodida klassik adabiyotning eng yaxshi anʼanalarini rivojlantirishga boʻlgan intilish sezildi. Oʻzbek va tojik shoirlarining doʻstligi, oʻzaro ijodiy hamkorligi kuchaydi, ikki tilda asar yozish rasm boʻlib qoldi. Ana shunday sharoitda buyuk tojik shoiri Abdurahmon Jomiy va genial oʻzbek shoiri Alisher Navoiylar yashab ijod etdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |