14-MAVZU. MEHNAT BOZORI STATISTIKASI
Mehnat bozori tushunchasi va statistikasining vazifalari
Mustaqillikning dastlab yillaridanoq mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun eng ustuvor yo’nalishlardan biri sifatida aholi bandligini oshirish va yangi ish o’rinlarini yaratish masalasiga katta e’tibor berib kelinmoqda. Xususan, respublikamiz bo’yicha mamlakat iqtisodiyotini erkinlashtirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, kichik biznesni qo’llab-quvvatlash kabi ko’rilayotgan barcha chora-tadbirlar aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan.
Zamonaviy iqtisodiy nazariyalarda mehnat bozori mavjud resurslarning bir qismini sotuvchi yoki bozor iqtisodiyotini tashkil etuvchi va unda amal qiluvchi xom ashyo va materiallar, qimmatli qog’ozlar, valyuta, sug’urta, investitsiya va boshqa bozorlardan biri sifatida qaraladi. Uning mavjudligiga qarashlar turli tuman bo’lib, ularni quyidagilarga bo’lish mumkin:
1) Yangi klassik nazariya tarafdorlari bo’lgan J.Perri, P.Samuelson, R.Xoll, D.Tilder va boshqalarning qarashlari mehnat bozori boshqa bozorlar singari bahoning muvozanati asosida harakat qiladi;
2) Keynscha nazariya tarafdorlari bo’lgan J.Keyns, R.Gordon va boshqalarning fikricha baho (mehnat bozorida ish haqi) bozorni asosiy regulyatori bo’la olmaydi;
3) Monetaristik nazariya tarafdorlari M.Fridman, R.Lukas, J.Mutlarning yondashuvlari bozor muvozanatini saqlash uchun pul-kredit siyosati vositalarini qo’llashni taklif etadi;
4) Institutsionalistlar maktabi vakillari J.Gelbreyt, R.Meydner va boshqalar kontseptsiyasiga asosan ishchi kuchi va tegishli ravishda ish haqining tarkibida kasbiy va tarmoq farqlarini tahlil qilish kerak;
5) Sotsialistlarning (K.Marks, F.Engels va boshqalar) fikriga ko’ra ishchi kuchi mehnat jarayonida qiymat yaratsa, boshqa resurslar mehnat orqali yangi qiymatga o’tadi.
Ushbu yondashuvlar bir–birini to’ldiradi va ularning har biri mehnat bozorini alohida tarkibiy qismlarni ifodalaydi. Uning mavjudligini to’liq va aynan baholash qiyin, chunki mehnat bozori maxsus bozor bo’lganligi bilan boshqa bozorlardan farqlanadi va unda regulyator vazifasini nafaqat makro va mikroiqtisodiy omillar, balki ijtimoiy va ijtimoiy-psixologik omillar ham bajaradi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, fikrimizcha, umumiy ko’rinishda mehnat bozori deganda bir tomondan ish beruvchilar, ikkinchi tomondan ishga talabgorlarning (yollanuvchilarning) o’zaro munosabati amalga oshuvchi bozor iqtisodiyotining maxsus bo’lagi tushuniladi va u quyidagi komponentlardan tashkil topadi: mehnatga talab; mehnat taklifi; ishchi kuchi bahosi; ishchi kuchi qiymati; raqobat.
Mehnatga bo’lgan talab mamlakatda ishchi kuchiga bo’lgan ehtiyojni ifodalaydi. Talab ishchilar soni bilan baholanadi. Mehnat taklifi ishchi kuchining umumiy sonidir. Mehnatning bozor narxi ish haqi bo’lib, yollanib ishlovchilarga ma’lum vaqtda bajarilgan ishning miqdori va sifatiga qarab to’lanadi.
Ishchi kuchi qiymati uni takror ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar bilan, ya’ni iste’mol qilinadigan moddiy va nomoddiy mablag’lar hajmi bilan aniqlanadi.
Ish bilan ta’minlash – odamlarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga zid kelmaydigan, o’z shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog’liq bo’lgan, ularga ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan faoliyatidir.
Mehnat bozori sub’ektlari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
– ishlab chiqarish vositalari egalari va ularning manfaatlarini yoqlovchi organlar;
– yollanma ishlovchilar va ularning manfaatlarini yoqlovchi tashkilotlar;
– davlat ish beruvchi va yollanib ishlovchilar o’rtasida vositachi sifatida.
Bozor iqtisodiyoti shakllanib kelayotgan O’zbekiston iqtisodiyotida, xususan mehnat bozori qator ijobiy tavsiflarga ega: zamonaviy ehtiyojlarga javob beruvchi ishchi kuchini takror ishlab chiqarishda muhim o’rin egallaydi; ishchi kuchining tarmoqlar va hududlar o’rtasida taqsimlash va qayta taqsimlanishini ta’minlaydi; ishchi kuchi harakatchanligini jadallashtiradi; mehnat unumdorligining o’sishini rag’batlantiradi va h.k.
Har qanday bozorga o’xshab mehnat bozori ham o’z rivojlanish omillari, segmentlari va modellariga ega.
O’zbekiston mehnat bozorining mantiqiy-tarkibiy tahlili respublika mehnat bozoriga ta’sir o’tkazuvchi omillarning quyidagi guruhlarga bo’linishini:
– aholi soni, tarkibiy tuzilishi, oila, aholining harakatchanligi va boshqalar (demografik omillar);
– hayot, bilim va muomala darajasi, umumiy mentalitet va boshqalar (ijtimoiy omillar);
– davlat tashkilotlarining mehnat va aholini ish bilan bandligini tashkil etishdagi roli, ish beruvchi bilan yollanib ishlovchilar o’rtasidagi huquqiy me’yorlar, tadbirkorlik va kichik biznesning huquqiy-munozarali masalalari va boshqalar (tashkiliy-huquqiy omillar).
Ushbu va boshqa omillarning ta’siri ostida tabiiy ravishda mehnat tabaqalanib boradi va natijada kichik bozorlar yoki mehnat bozorining segmentlari paydo bo’la boshlaydi. Bozor segmentatsiyasini o’rganishda odatda uchta belgi (kasb-tarmoq; malaka-ish haqi; ijtimoiy-demografik) va to’rtta daraja (korxona; tarmoq; mintaqa; iqtisodiyot) ko’riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |