Shaxs psixologiyasi
- bu shaxsni va turli individual jarayonlarni o'rganadigan
psixologiya sohasi hisoblanadi. Shaxsning borliq, hayot, jamiyat va atrofdagilar
bilan bo'lgan munosabatlarining yaxlit tasvirini yaratishga urinishga asosiy e'tibor
qaratiladi. Bundan tashqari, psixik taraqqiyotning dinamik tomonlari, individual
farqlar o'rganiladi.
Odatda shaxs ijtimoiy fanlarning o’rganish predmeti bo’lib, ular insoniyat
tarixida shaxs shakllanishining umumiy qonuniyatlarini, jamiyatning rivojlanish
jarayonida inson hayotining ijtimoiy sharoitlariga bog`liq holda shaxsning
6
o’zgarishi bilan aloqador masalalarning mohiyatini ochib beradi.
Shaxs muammosini tadqiq qilishga tibbiy, tabiiy, ijtimoiy fanlar va falsafa
fani o‘ziga xos ahamiyatga ega.
“Shaxs” kategoriyasi umumiy psixologiyaning eng muhim, tayanch
tushunchasi bo’lsa, “shaxs psixologiyasi” bo’limi uning asosini tashkil etadi.
Psixologiyaning bu sohasini bilish har qanday musutaxassisga samarali ishlash
imkonini beradi.
Shaxs psixologiyasi XX asrning birinchi o’n yilligida eksperimental fanga
aylandi. Biroq nazariy tadqiqotlar ancha oldinroq amalga oshirila boshlangan.
Shaxsni o’rganish tarixida uchta asosiy davrni ajratish mumkin:
• Falsafiy-adabiy davr;
• Klinik davr;
• Sof eksperimental davr.
Falsafiy-adabiy davr. Bu davr antik davrdan boshlanib, XIX asrning
boshlarigacha davom etdi. Bu davrda shaxs psixologiyasiga tegishli ma’lumotlar
asosan faylasuf va yozuvchilar asarlarida o’z aksini topgan va ularda shaxsning
axloqiy va ijtimoiy tabiati muhokama etilgan. Falsafiy-adabiy davrdagi shaxsning
ta’rifi juda keng qamrovli bo‘lib, o‘z ichiga shaxsning biologiyasini,
psixologiyasini, xulq-atvorini, madaniyatini va hatto mol-mulkini ham qamrab
olgan.
Frantsuz faylasufi Eten de Kondilyak o’zining “Sezgilar haqidagi traktat”ida
shaxsni turli sezgi parchalaridan yig`ishga harakat qilgan. F.M. Dostoevskiy har
bir kishi uchun xos bo’lgan “yashirin odam” haqida yozadi. Uning fikricha,
mazkur “yashirin odam” tashqariga chiqishga urinib ko’radi, shuningdek har bir
kishining “niqobi” ham mavjud bo’lib uning haqiqiy qiyofasini yashirib turadi.
Klinik davr. XIX asrning birinchi o’n yilligida shaxs psixologiyasi
muammosi bilan ko’proq shifokor-psixiatrlar shug`ullanishgan. Ular
birinchilardan bo’lib klinik sharoitlarda bemor shaxsini tizimli kuzatish olib
borishga muvaffaq bo’lishgan, inson shaxsining tabiati to’g`risida umumilmiy
xulosalar chiqarishgan. Klinik davrda alohida fenomen sifatida shaxs haqidagi
tasavvurlar qisqartirib yuborilgan. Psixiatrlarning diqqat markazida bemor
kishilarda kuzatilgan shaxs xususiyatlari turgan. Keyinchalik aniqlanishicha,
sog`lom kishilarda kuchsiz ifodalangan xususiyatlar bemorlarda juda kuchli
(gipertrofiya) holatida namoyon bo’ladi.
Shifokor-psixiatrlarning shaxsga bergan ta`rifi bilan normal, patologiyaga
ega va aktsentuatsiyaga ega kishilarni ham tavsiflash mumkin. Bunday ta`riflar
psixoterapevtik vazifalarni echish uchun to’g`ri bo’lishi mumkin, biroq normal
shaxsning mohiyatini anglash uchun torlik qiladi.
Eksperimental davr. XX asrning birinchi o’n yilligida shaxsni o’rganish
7
bilan professional psixologlar shug`ullana boshlashdi. Ular avvallari bilish
jarayonlari va shaxs holatlariga alohida e`tibor berishgan edi. Bu sohadagi
tadqiqotlarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishila boshlandi. Biroq du davrda
psixologiya fanining inqirozi yuz berdi. Bunga inson tabiatini o’rganishga
atomistik qarashlarning kirib kelishi sabab bo’ldi. Mazkur yondashuv inson
psixologiyasini jarayon va holatlarga bo’lishni talab qilardi. Unga ko’ra inson
alohida psixik funktsiyalarning yig`indisi bo’lib, ulardan shaxsni yig`ish va
ijtimoiy xulq-atvorining kompleks shakllarini tushunish qiyin bo’ladi.
Shaxsni eksperimental o’rganish Rossiyada A.F.Lazurskiy, angliyada
G.Ayzenk va R.Kettellar tomonidan boshlab berilgan.
XX asr boshlaridayoq Olimlar mavjud tadqiqotlarga eksperiment tusini
berib, ishonchli ma`lumotlar olish, farazlarni aniq tekshirish, ular asosida
tajribada tekshirilgan nazariyalarni yaratish uchun natijalarni tahlil qilishning
matematik-statistik usullarini joriy etishdi. Eksperimental davrning eng muhim
vazifasi normal shaxsni baholashning ishonchli va validlikka ega test metodlarini
ishlab chiqishdan iboratligi tan olindi. XX asrning 30-yillari oxirida shaxs
psixologiyasida tadqiqot yo’nalishlarining faol differentsiatsiyasi boshlandi.
Natijada XX asrning ikkinchi yarmida shaxs psixologiyasida o’rganiladigan
ko’plab yondashuv va nazariyalar vujudga keldi.
Ana shu nazariyalarni umumlashtirgan holda quyidagi yo‘nalishlarni tahlil
qilish mmkin.
Shaxsning xulqiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga qarab uchta yondashuvni
ajratish mumkin: psixodinamik, sotsiodinamik va interaksionistik.
Psixodinamik nazariya shaxsning xulqini uning psixologik yoki ichki
xarakteristikasi bilan bog’lab tushuntiradi. Sotsiodinamik nazariyaga ko‘ra esa
shaxs xulqining asosiy determinanti tashqi muhitdir. Ular shaxsning ichki
xususiyatlariga katta ahamiyat bermaydilar. Interaksionistik nazariya tarafdorlari
inson faoliyatini va xulqini boshqarishda ichki va tashqi omillarning roli o‘zaro
bog‘liq ekanligini qayd etadilar.
Keyingi yondoshuvlarni shaxsni o‘rganish va haqda ma’lumotlar to‘plash
usullariga nisbatan ikkiga ajratish mumkin: eksperimental va noeksperimental
yondoshuv. Eksperimental nazariya tarafdorlari shaxs haqida ma’lumot to‘plash
uchun albatta ma’lum bir yo‘l orqali tadqiqot o‘tkazish, uning natijalarini tahlil
qilish va umumlashtirnish shart deb hisoblaydi. Neoksperimental nazariya
vakillari esa shaxsni hayotiy vaziyatlar jarayonida kuzatib, u haqdagi fikrlari va
hayotiy tajribalaiga tayangan holda xulosalar yasash mumkinligiga ishonch
bildiradilar va tajribalarga murojaat etish shart emas deb hisoblaydilar.
Shaxs
psixologik
tadqiqotlar
predmeti
sifatida.
B.M.Kedrov
klassifikatsiyasida barcha fanlar tizimida “SHAXS” markaziy o’ringa ega.
8
Shaxsga psixologik sohalar predmeti sifatida turli ta`riflar berilgan. Ularning
aksariyati bilan “Umumiy psixologiya” kursi doirasida tanishgansiz. Xoll K.,
Lindseylar “shaxs” tushunchasuga oid ta`riflarni muayyan mezon asosida
quyidagicha tizimlashtiradilar:
Biosotsial ta`rif – shaxs individning “sotsial stimul qadriyati” bo‘lib,
biologik omillar ta`sirida “atrof – muhitga javob reaksiyasi”ni bildiradi.
Biofizik ta`rif – shaxsni subyekt sifatida o`rganib, individning o’ziga xos
xususiyatlarini o’zida mujassamlashtiradi.
Omnibus ta`rif – shaxs individning muhim jihatlari ko’chirib o’tkazilgan
birlikdir.
Integrativ ta`rif – shaxs individual xulq egasidir.
Dodonov boyicha fanning predmeti:
1. Inson muayyan sharoitda qanday shakllanadi
2. Qanday qilib bolaning ruhiy olami kattalarning ruhiy olami bilan
uyg’unlashadi
3.
Jamiyat taraqqiyoti shaxs taraqqiyotiga qanday ta’sir qiladi
4.
Shaxsni emperik o‘rganish metodologiyasi
Shaxs psixologiyasining predmetiga nisbatan yondashuvlar
1. Individ va shaxs tushunchalarini farqlashga qaratilgan yondashuv
2. Shaxs rivojlanishi omillarini o’rganuvchi yondashuv
3. Shaxs tuzilishini o’rganuvchi yondashuv.
Shaxsni o`rganishning metodlari:
• Obyektiv ma`lumotlar
• Psixodiagnostik metodikalarni qo’llash
•
Shaxsning kundalik xulq-atvorini qayd etish
Shaxs tushunchasi «yuz», «soxta qiyofa» so‘zlaridan kelib chiqadi. Qadimgi
rus tilida «soxta qiyofa» so‘zi «rol», ya’ni, odam boshqalar bilan muloqotda
bo‘lganida kiyib oladigan biror-bir ijtimoiy niqob ma’nosini anglatuvchi «rol»ni
bildirar edi. Lotincha persone so‘zi ham shu ma’noni anglatadi. Per sonare –
niqob ortidan so‘zlashish. Qadimgi yunon, keyinchalik esa qadimgi rim
teatrlarida akter sahnaga u yoki bu – yovuz, laganbardor, payg‘ambar, qahramon
xarakterlari chizilgan niqobda chiqardi. Niqobning bo‘yoqlari ijtimoiy vazifani
bajaruvchi, u yoki bu rolni ijro etayotgan insonning axloqiy belgilariga ishorat
edi.
K.Yungning psixoanaliz nazariyasiga asosan «shaxs» tushunchasi odamning
jamiyatdagi ijtimoiy roli bilan bog‘liq. Hayoti jarayonida u ijtimoiy talablarga
mos ravishda o‘zini tutishni o‘rganadi. Har bir kasb uchun, masalan, jamiyat
a’zosi taqib yuradigan ma’lum niqob xosdir. Shaxs xarakterni tashkil etuvchi
bo‘lib hisoblanmaydi, lekin u bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ichki «Men»ning
9
himoyasi sifatida faoliyat yuritadi. Sharq tillarida (xitoy, yapon) shaxs
tushunchasi odamning yuzi bilan emas, balki butun tanasi bilan bog‘lanadi.
Yevropa an’analarida yuz tana bilan birgalikda o‘rganiladi, chunki inson chehrasi
ruhining timsolidir, xitoyliklar tafakkurida esa «hayotchanlik» tushunchasiga
individning ham ma’naviy, ham vujudiy sifatlari kiradi.
Shu asosda, avval boshidan «shaxs» tushunchasiga ma’lum hayotiy rollarni
ijro etganda o‘ziga xoslikka ega bo‘ladigan tashqi, yuzaki ijtimoiy obraz –
qandaydir «shaxs», atrofdagilarga qaratilgan ijtimoiy yuz ifodasi kiritilgan edi.
Pedagogika, psixologiya va falsafada shaxsga o‘xshash ko‘plab qarama-qarshi
ta’riflari keltirilgan ilmiy tushunchani uchratish amri mahol. Mashhur ruhshunos
V.P.Zinchenko fikriga ko‘ra: ««Inson» tushunchasi bilan faqat «shaxs»
tushunchasi raqobatlashishi mumkin». Olim D.B.Elkonin adabiyotlarda
shaxsning yigirmaga yaqin ta’rifini ko‘rib chiqqandan so‘ng uning o‘zi shaxs
emasligini xulosa qildi.
Narx tushunchasini tilla tanga yoki qimmatli qog‘ozning fizik-kimyoviy
tarkibini tadqiq qilish bilan tushuntirish qiyinchilik tug‘dirgani kabi, faylasuf
E.V.Ilenkovning
yozishi bo‘yicha, shaxs sir-cinoatini inson miyasi
xususiyatlariga tenglashtirib bo‘lmaydi. Shaxs miya tuzilishi bilan emas, balki,
insonning insonga bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar tizimi bilan belgilanadi.
Voqeiy shaxs o‘zini «umumiy natijalar» nomini olgan ijtimoiy ahamiyatga
ega bo‘lgan natijalarni yaratishda anglaydi. Aflotun va Spinoza, Betxoven va
Napoleon, Tolstoy va Mikelandjelo – bunday, odatiy holatlarni sindiradigan
ijtimoiy ahamiyatga molik ishlar mujassam bo‘lgan shaxslarni boshqalar bilan
adashtirib yuborish mumkin emas. Shaxslar ko‘lami, E.A.Ilenkovning odilona
fikriga ko‘ra, faqat ularnigina emas, boshqalarni ham qiziqtiradigan o‘zlarining
faoliyatlari ko‘lami bilan o‘lchanadi.
Yana bir mashhur faylasuf M.K.Mamardashvili tasdiqlashicha: «Shaxs – bu
turmush tarzi, uning shakli, hayotning alohida holati, evolyusiyasining noyob
topilmasi. Shaxs – bu «tabiatning yirik mushohadasi». Shunday ta’rif bergan
bo‘lardim. Uning ifodalanishlarga moyilligi barcha narsalarni bilishga yoki
boshqa yuksak belgilarga bog‘liq emas. Tushunsangizchi, axir insonning eng
muhim ehtirosi – bu ro‘yobga chiqmoq, amalga oshmoq, sodir bo‘lmoq».
Ruhshunoslar individning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini shaxsning
asosiy belgilari, deb hisoblaydilar. B.G.Ananyev «shaxs»ga «jamiyatning
insonga uning ma’lum tarixiy rivojlanishi davrida ko‘rsatadigan ko‘plab
iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy va boshqa ta’sirlari obyekti» sifatida ta’rif
beradi. A.N.Leontyev fikriga ko‘ra, «shaxs insonning ijtimoiy-tarixiy va
ontogenezdagi taraqqiyotining nisbatan kechki mahsulotidir. Shaxs o‘zlashtirib
olingan rollar tizimidir («rol» – bu biror-bir ijtimoiy guruh tuzilishida ma’lum
10
o‘rinni egallagan insonning kutilgan hulq-atvoriga javob beradigan dastur; bu
insonning jamiyat hayotidagi ishtirokining tuzilishga ega bo‘lgan usulidir)».
Shaxs taraqqiyoti individning ijtimoiylashuvi va tarbiya topishi sharoitlarida
amalga oshiriladi. Umumiy psixologiyada ko‘pchilik hollarda shaxs sifatida
qandaydir yadro, mag‘iz, individning turli ruhiy jarayonlarini birlashtiruvchi va
uning faoliyatiga zaruriy ketma-ketlik va barqarorlik bag‘ishlovchi yig‘indi va
amodal boshlang‘ich modda tushuniladi.
L.S.Vigotskiy ijtimoiy tajribasiz, uning ichki ishlanmasiz, so‘ngra uni yana
qayta ishlangan shaklda ichkaridan ishlab chiqarmasdan turib, shaxsning taraqqiy
etishi mumkin emasligi (interiorizatsiya va eksteriorizatsiya qonunlari) haqida
yozgan edi. Bu xususda psixologlarga tarix fanining ba’zi bir namoyondalari ham
qo‘shiladilar. G.S.Knabening ta’kidlashiga ko‘ra, ««shaxs» insonning jamiyat
hayotidagi ishtiroki va hayotda tutgan o‘rni nuqtai nazaridan insonga xos
xususiyatdir». V.A.Shkuratov quyidagi definitsiyani keltiradi: «Shaxs jamiyat
a’zosi va faoliyatdagi mavjudotning ifodalanishini ijtimoiy turlarga ajratish…
Shaxsni uning ijtimoiy va madaniy doirasi, kelib chiqishi, kasbi, o‘z tipi va
h.k.larning xususiyatlaridan yig‘ib olish mumkin».
Hozirgi kunda psixologiya shaxsni insonning jamiyatdagi hayotida
shakllanadigan ijtimoiy-psixologik hosila sifatida tushuntiradi. Odam ijtimoiy
mavjudot sifatida boshqa odamlar bilan munosabatlarga kirishganida va bu
munosabatlar uning shaxsini shakllantiruvchi hal qiluvchi omilga aylanganida, u
yangi sifatlarga ega bo‘ladi.
Chet el psixologiyasida inson shaxsi sifatida barqaror belgilar majmuasini
tashkil etuvchi temperament, sezgirlik, motivlar, layoqatlar, mayllar, turli hayotiy
vaziyatlarga moslashayotganida aynan shu insonga xos bo‘lgan fikrlar oqimi va
hulq-atvorini belgilab beradigan ma’naviyat tushuniladi. J.Godfruaning fikricha,
shaxs umumiy holda ham irsiy, ham ijtimoiy-madaniy ta’sirlar bilan belgilanadi.
«Shaxs» tushunchasi o‘z ichiga tabiiy xossalar (jins, temperament va h.k.) asosida
ijtimoiy muhit (oila, maktab, «boshqa ahamiyatlilar») va faoliyat (o‘yin, bilish,
mehnat) bilan faol o‘zaro ta’sirlar jarayonida hosil bo‘lgan individga xos bo‘lgan
ijtimoiy sifatlar yig‘indisini birlashtiradi.
Inson shaxsi, keng tarqalgan tasavvurlarga qarshi o‘laroq, 30 yoshga
etgunicha o‘zgarmasdan qolmaydi. Misol keltiradigan bo‘lsak, Kaliforniya
Universitetining bir guruh olimlari 130 mingdan ortiq odamlarning «Katta
Beshlik» (vijdoniylik, murosaga kelish layoqati, nevrotizm va ekstravertlik) nomi
bilan ma’lum shaxsiy sifatlarini tahlil qilganlar. Bu sifatlar kayfiyatga bog‘liq
emas, shuning uchun etarlicha ishonchli tarzda namoyon bo‘ladi. Odamlar yosh
o‘tishi bilan hayotiy ixtiloflarni tezda bartaraf etishga o‘rganadilar, xususan,
shafqatliroq va mehribonroq bo‘lishga intiladilar.
11
Aniqlanishicha, ayollarda, erkaklardan farqli o‘laroq, yosh o‘tishi bilan
nevroz holatlari kamayadi. Ikki jins vakillarida samimiylik bir oz kamayadi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, 20–30 yoshlilarda murakkab vazifalarni bajarishda va
tashkilotlar tuzishda ko‘mak beradigan vijdoniylikning kuchayishi kuzatiladi.
Murosaga kelishga moyillik, aksincha, ko‘pchilik holatlarda 30 yoshdan so‘ng
yorqin namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, faylasuflar, tarixchilar, pedagoglar va psixologlarda «shaxs»
tushunchasining
turlicha
talqinlari
mavjud.
Bizlar
esa,
yuqorida
ko‘rsatganimizdek, R.S.Nemov tomonidan berilgan shaxsning, fikrimizcha,
yanada aniq va to‘liq psixologik ta’rifidan foydalanamiz.
Psixologiya tarixida shaxsning psixologik mohiyati haqidagi tasavvurlarga
ko‘p marta o‘zgartirishlar kiritilgan. Avvalambor, shaxsni, aynan, psixologik
tushuncha sifatida anglashning zaruriyati bilan bog‘liq nazariy qiyinchiliklarni
bartaraf etishning eng ishonchli vositasi shaxsni psixologik voqelik kabi tashkil
etuvchi tarkibiy qismlarni sanab o‘tish hisoblanadi. Bu holatda shaxs inson
psixikasining sifatlari, xossalari, qirralari, o‘ziga xos xususiyatlarining to‘plami
sifatida maydonga keladi. Muammoga bunday yondoshish A.V.Petrovskiy
tomonidan «kolleksiya to‘plash» deb nomlangan, bunda shaxs o‘zida
temperament, xarakter, qiziqishlar, layoqatlar va h.k.larning qirralarini
mujassamlashtirgan qandaydir kattalik, hajmga aylanadi.
XX asr 60-yillarining o‘rtalarida shaxs umumiy tuzilishini o‘rganish bilan
bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazishga qaratilgan harakatlar boshlab yuborildi. Bu
yo‘nalishda shaxsni bioijtimoiy, tartibli tuzilish sifatida ta’riflagan K.K.
Platonovning yondoshuvi e’tiborga loyiq. U shaxs tuzilishini quyidagilarga
ajratadi:
1. Yo‘nalganlik (fikrlar, dunyoqarash, mayllar, istaklar, qiziqishlar,
moyilliklar, ideallar kabi shakllarni o‘z ichiga oladi). Bu tuzilish osti tarbiya yo‘li
bilan shakllanadi.
2. Tajriba (ta’lim olishda shaxsiy tajriba vositasida orttirib bo‘lingan, lekin
shaxsning biologik va hatto, irsiy belgilangan xossalarining sezilarli ta’siri
ostidagi bilimlar, malakalar, ko‘nikmalar va odatlarni birlashtiradi).
3. Aks ettirish turli shakllarining individual xususiyatlari (his etish, idrok,
xotira, tafakkur, hissiyotlar, tuyg‘ular, iroda).
4. Biopsixik xossalar o‘zida temperament xususiyatlari, shaxsning jins va
yosh xususiyatlari, patologik, organik o‘zgarishlarni birlashtiradi.
Bu to‘rt tarkibiy qismga yana ikki tarkibiy qism jamlanadi: mustaqil tarkibiy
qism bo‘lib hisoblanmaydigan shaxsning umumiy sifatlaridan iborat, asosiy
tarkibiy qismlarning har birining xususiyatlaridan tashkil topgan xarakter va
layoqatlar.
12
Bunday yondoshuvning asosiy kamchiligi shundan iborat ediki, shaxs
umumiy tuzilishi uning biologik va ijtimoiy belgi, xususiyatlarining yig‘indisi
sifatida izohlanar edi. Natijada shaxs psixologiyasida shaxsdagi ijtimoiy va
biologik xususiyatlar nisbati muammosi asosiy muammolardan biri bo‘lib qoldi.
Lekin, aslini olganda, biologik xususiyatlar inson shaxsi tarkibida ijtimoiyga
aylanadi.
XX asr 70-yillarning oxirida shaxs muammosiga tuzilishli yondoshuv
yo‘nalishi tizimli yondoshuvni qo‘llash tendensiyasi bilan almashindi. SHu
munosabat bilan A.N. Leontyev g‘oyalari alohida e’tiborga loyiq. Uning fikricha,
shaxs, - bu insonning jamiyatdagi hayoti natijasida yuzaga keladigan alohida
turdagi psixologik hosila. Turli faoliyatlarning birgalikda bo‘ysunishi
ontogenezda shakllanadigan shaxsning asosini yaratadi. SHu o‘rinda,
A.N.Leontyev ko‘rsatib o‘tganidek, shaxsga tegishli bo‘lmagan, avvalambor,
irsiyat tomonidan belgilangan: tana tuzilishi, asab tizimining turi, temperament,
biologik ehtiyojlarning o‘sish kuchi, affektivlik, tug‘ma layoqatlar kabi,
shuningdek, orttirilgan ko‘nikma, bilim va malakalar, hamda, – kasbiy belgilarni
ta’kidlab o‘tish joiz. Uning fikricha, sanab o‘tilganlar, insonning individual
xossalarini tashkil etadi.
Shaxs avvalgi tajribalar bilan boyitilgan individ emas. Individ xususiyatlari
shaxs xususiyatlariga aylanmaydi.
A.N. Leontyev tomonidan belgilab berilgan shaxs muammosini o‘rganishga
umumiy yondoshuv A.V.Petrovskiy va V.A.Petrovskiylarning ishlarida
rivojlantirildi. Ularning fikriga ko‘ra, shaxs hamkorlikdagi faoliyatning har bir
ishtirokchisi o‘rtasida o‘rnatilgan mazmun-mohiyati, qadriyatlari vositasidagi
barqaror shaxslararo aloqalar tizimida o‘rganilishi mumkin.
Bayon etilganlar shaxsni faoliyat va muloqotda yuzaga keladigan individual
munosabatlarning (subyekt – obyekt – subyektiv va subyekt – subyekt –
obyektiv) barqaror tizimiga nisbatan subyekt sifatida o‘rganish imkonini beradi.
A.V.Petrovskiy va V.A.Petrovskiylar shaxs tuzilishini individning «o‘ta sezgir»
tizimli xususiyati sifatida ko‘rib chiqadilar. Shaxsni subyektiv munosabatlar
tizimida ko‘rib chiqib, individ shaxsiy turmush tarzining uch xildagi
atributsiyasini (qo‘shib yozish, belgilash) yoki shaxs tushunchasining uch xil
nuqtai nazarini ajratadilar.
Ko‘rib chiqishning birinchi nuqtai nazari – intraindivid shaxsiy atributsiya:
shaxs subyektning o‘ziga xos bo‘lgan xossasi sifatida tushuntiriladi; shaxs individ
turmush tarzining ichki muhitiga kiritilgan holatda bo‘ladi.
Ikkinchi nuqtai nazar – shaxslararo aloqalar muhiti shaxsni aniqlash va
mavjudlik sohasi bo‘lib xizmat qilganida shaxsni tushunish vositasi sifatidagi
interindivid shaxsiy atributsiya.
13
Ko‘rib chiqishning uchinchi nuqtai nazari – metaindivid shaxsiy atributsiya.
Ushbu holatda individning o‘z faoliyati orqali boshqalarga ko‘rsatadigan ixtiyoriy
yoki ixtiyorsiz ta’siri ko‘zda tutiladi. Shaxsga yangicha nazar bilan qaraladi:
uning individ sifatlari qatoridagi muhim xususiyatlarini faqat o‘zida emas, balki
boshqa odamlardan ham izlash taklif etiladi. Bunda shaxs boshqalarda ideal
tarzda tasavvur etilishi, ularning o‘zga turmush tarzi, uning shaxs sifatida
alohidalanishida yuzaga keladi.
Bunday ideal tasavvur etishning mohiyati – subyekt faoliyati yoki uning
hamkorlikdagi faoliyatini yuzaga chiqaradigan boshqa odamning aqliy va
affektiv-ehtiyojiy sohasidagi real faol o‘zgarishlardan iborat. Bunday holatda gap
shaxsning boshqalarda o‘z hayotini davom ettirishi mumkin bo‘lgan faol jarayon
haqida, boshqalarda o‘zining davomiyligini ko‘ra bilishi haqida ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |