2.1. O’rta Osiyoda mezolit davri tasviriy san’ati. Qoyatosh suratlari.
Ibtidoiy jamoa tuzumi insoniyat taraqqiyoti tarixidagi eng birinchi va uzoq davom etgan bosqich bo’lib, bu davrni hamma xalqlar va elatlar o‘z boshidan kechirgan. Ushbu jarayonda hozirgi qiyofadagi odami tipi paydo bo‘lgan, odamlar jamoasi yuzaga kelgan. Ishlab chiqarish kuchlarining zaifligi odamlarni jamoa bo‘lib yashash va mehnat qilishga da’vat etgan. Odamlar tabiat sirlarini o‘rgana boshlaganlar. O’zlarining madaniyatlari va san’atlarini yaratganlar.
Ibtidoiy jamoa tuzumidan bizgacha ashyoviy dalillar - mehnat va ov qurollari, uy-anjomlari va bezaklar, taqinchoqlar, odamlar yashagan manzillar qoldiqlari yetib kelgan. Bular ibtidoiy jamoa kishisining estetik va diniy qarashlarini bilishga, ibtidoiy jamoaning madaniyati haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Tuproq ostida qolib ketgan moddiy yodgorliklar, odam va hayvonlar jasadining qoldiqlari, g‘or va yerto‘la devorlariga chizilgan surat va bo‘rtma tasvirlar ibtidoiy jamoa davri tarixini o‘rganishning muhim manbai hisoblanadi.
San’at qachon va qanday paydo bo‘lgan? San’at qadim-qadimda kishilarning mehnati jarayonida yuzaga keldi va rivojlandi. Inson madaniyati taraqqiyot olamiga qadam qo‘ydi. San’atning yuzaga kelishi insonning ob’yektiv voqelik to‘g‘risidagi bilimlarining chuqurlashishiga, o‘z avlodi tajribalaridan bahramand bo‘lishga olib keldi. Bu uni tabiat kuchlariga qarshi kurashishga da’vat etdi, uning aqliy kamoloti, estetik qarashlari rivojini jadallashtirdi.
Arxeologiyada ibtidoiy jamoa tuzumi tarixi qurol yasash uchun ishlatiladigan materiallarga qarab, uch asosiy bosqichga ajraladi:
Tosh asri (paleolit, mezolit, neolit, eneolit) – mil.avv. 1 mln. – mil.avv 3 mingyilliklar;
Mis va bronza asri – mil.avv. 3-2 mingyillik;
Temir asri – mil.avv. 1 mingyillik.
O’rta Osiyoda mezolit davri mil.avv. 12-7 mingyilliklarni o’z ichiga olib, bu davrda odamlar katta bo‘lmagan to‘daga ajralgan holda yashay boshlashlari ularga bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chib o‘tish, katta yer maydonlaridan foydalanish imkoniyatini berdi. Qurollarning (mehnat va ov qurollari) ixcham, qulay bo‘lishiga e’tibor kuchaydi. O‘q, kamon-yoy, qayiqlarning ixtiro qilinishi ibtidoiy jamoa kishisining hayoti yanada yaxshilanishini ta’minladi. Odamlar yog‘och, qamishdan foydalanib, o‘zlariga kerakli buyumlar yasay boshladilar. Rassomlik, haykaltaroshlik, me’morchilikning dastlabki ko’rinishlari shakllana boshladi. Ibtidoiy odamlar o’z mehnat va ov qurollariga, kundalik turmushda ishlatadigan buyumlarga turli belgi va chiziqlar chizib, ularga sayqal bera boshladilar, o’zlari uchun bezak-taqinchoqlar yasashga harakat qilganlar. Obishir, Qo’shilish, Machay, Zarautsoy va Sarmishsoy yodgorliklaridan topilgan tasviriy san’at namunalari, suyak bigizlar, mehnat qurollari, turli taqinchoqlar, shuningdek, ayollar haykalchalari mezolit davri kishilarining nafosatidan dalolatdir.
Dastlabki rasmlar qoyatosh yuzalari, g’orlarning devorlari va shiplari, suyak yuzalariga chaqa qilish (qattiq tosh bilan urib yuzada chuqurchalar hosil qilish), qattiq qurollar bilan chizish usulida ishlangan. Suratlarning ayrimlari tabiiy bo’yoqlar yordamida tasvirlangan bo’lib, arxeologlar tomonidan ranglardan namunalar olinib, labarotoriyada tekshirilganda, ibtidoiy odamlar rangli tuproqlarni hayvon yog’i bilan aralashtirib ishlatganlari aniqlangan. Bu tasvirlarning ko’pchiligida hayvonlarning alohida turgan holati, hayvonlar to’dasi, ov manzaralarinin aks ettiruvchi rasmlar uchraydi. Shu o’rinda Zarautsoy rasmlari haqida to’xtalib o’tish maqsadga muvofiqdir.
Zarautsoy suratlari – mezolit davriga oid O’zbekiston hududidagi eng qadimgi qoyatosh suratlari. Hisor tog’ tizmasining janubi-g’arbi, Qo’hitang tog’ining sharqiy yon bag’rida joylashgan. Zarautsoy suratlari 1912 yilda I. Fyodorov tomonidan topib o’rganilgan. 1940-1945 yillarda arxeolog G. Parfyonov, keyinchalik rassom A. Roginskaya, arxeolog A. Kabirovlar tomonidan o’rganilgan. Qoyatoshda 200 dan ortiq rasmlar chizilgan bo’lib, mezolit, neolit va undan keying davrlarga oid bo’lib hisoblanadi. Rasmlar chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob bilan chizilgan. Rasmlarda yovvoyi hayvonlardan tulki, cho’chqa, Burma shoxli echki, jayron, tog’ echkisi va hasharotlar tasviri yetakchilik qiladi. Zarautsoy suratlari noyob yodgorlik sifatida va muhofaza qilish maqsadida “Qizil kitob”ga kiritilgan.
Zarautsoy rasmlarining dastlabkilari so’nggi paleolit davriga oid bo’lib, ular yakka yoki bir necha hayvonlar tasviridan iborat. Ibtidoiy rassom bu ishida ko’rgan narsasini imkoniyati doirasida to’liq aks ettirishga intilgan holda juda oddiy va soda qilib chizgan. Rassom hayvonlardan buqaning xususiyatlarini yaxshi his etib, uning kuchu va harakatini ishonarli va haqqoniy tasvirlagan. Zarautsoy suratlaridan “Ov qilish” kompozitsiyasi birmuncha murakkab bo’lib, mazmunan davr kishilarining hayoti, yashash tarzi va fikr yuritish qobiliyatini namoyish etadi. Odamlar ov qurollaridan tashqari boshlariga somondan pichan g’aramini eslatuvchi niqob ham kiyib, hayvonlar oldiga yaqinroq borish imkoniyatiga ega bo’lganlar. Ovchilarning niqob ostidan ko’rinib turgan oyoqlari va itlar harakati ov jarayoniga qizg’in tus bergan, ovlanayotgan buqa esa xotirjam, baquvvat bo’lib, ziyrak holatda o’z yemishi bilan band bo’lib turgan holatda tasvirlangan. Bir qarashda sodda, oddiy bo’lgan ana shu ibtidoiy san’at davr mohiyati va inson tafakkurining rivojini bilishda nihoyatda ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |