Lipidlar
Barcha turdagi turli qurilishga, biologik vazifalarga ega boʻlib, suvda erimay, organik erituvchilarda ekstraktsiyalanadigan yogʻ va yogʻsimon moddalar uchun lipidlar (grekcha lipos-yogʻ) atamasi ishlatiladi. Suv, oqsil, uglevod, ferment, nuklein kislotalar kabi-lipidlar hujayra komponenti hisoblanib, odam va hayvon organizmi tana massasining 10 - 20 % ni tashkil qiladi. Lipidlar oqsil va uglevodlardan asosan geterogenli xarakteri bilan farqlanadi. Lipidlar suvda erimay, xloroform, efir, benzol kabi qutbsiz organik erituvchilarda eriydigan biologik faol, murakkab birikmalardir. Lipidlarga kiruvchi moddalar ma’lum talablarga javob berishi kerak: Kelib chiqishi boʻyicha biologik xossaga ega boʻlishi (yani hayvon va oʻsimliklarning tirik hujayralari tarkibida uchrashi); Gidrofobligi ( suvda erimay, yuqori faollikka ega boʻlishi); Yuqori alkil radikallari yoki karbotsikllarini boʻlishi. Organizm normal faoliyatida lipidlarning ahamiyati juda katta. Chunki qutbsiz yoki neytral lipidlar (triglitseridlar, yogʻ kislotalari) koʻpchilik organizmlar uchun yoqilgʻi hisoblanadi. Kimyoviy reaksiyalarda ulardan ajralib chiqqan energiyani koʻp qismi, organizm turli maqsadlariga ishlatiladi.
Lipidlarning organizmdagi biologik vazifalari:
Biomembranalarning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi;
Biomembranalarning oʻtkazuvchanligini ta’minlaydi;
Nerv impluslarini oʻtkazilishida ishtirok etadi;
Hujayralararo kontaktni ta’minlashda qatnashadi;
Organizmda energetik vazifani oʻtaydi.
Organizmga vitaminlarning tushishi va ularning oʻzlashtirilishini ta’minlaydi.
Lipidlarning tasnifi: Lipidlarning bir necha xil tasnifi mavjud.
Fizik-kimyoviy tasnif; 2. Biologik yoki fiziologik tasnif; 3. Strukturasi boʻyicha tasnif;
Fizik- kimyoviy tasnifga koʻra lipidlar 2 guruhga boʻlinadi.
guruh. Neytral yoki qutbsiz lipidlar-bular zaryadga ega boʻlmagan lipidlar, Masalan: triglitseridlar.
guruh. Qutbli lipidlar-bular zaryadga ega. Masalan: fosfolipidlar, yogʻ kislotalari.
Biologik va fiziologik tasnifga koʻra lipidlar organizmdagi funksiyasiga qarab ikki guruhga-zaxira (rezerv) va strukturali lipidlarga boʻlinadi. Zaxira lipidlari - yogʻ toʻqimasida toʻplanadi va zarur boʻlganda energiya manbai sifatida sarflanadi. Bularga triglitseridlar misol boʻladi. Zaxira lipidlari teri osti yogʻ qavati, charvi, buyrak, yurak, jigar atrofida toʻplanib, organizmda oziqa, ya’ni energiya manbai vazifasini bajaradi. Ular miqdori oʻzgaruvchan-organizm tabiatiga, ovqatlanish darajasiga, muhitga va boshqa faktorlarga bogʻliq. Qolgan lipidlarni struktura lipidlariga kiritsa boʻladi. Strukturali lipidlar-hujayra protoplazmasi komplekslari tarkibida oqsil va boshqa moddalar bilan murakkab komplekslar hosil qilib, muhim biologik funksiyalarni bajaradi. Ularning umumiy miqdori ovqatlanish darajasiga bogʻliq emas. Hatto organizm uzoq vaqt och qolganda ham miqdori sezilarli oʻzgarmaydi. Lipidlar katta yoshdagi odamlar tana ogʻirligining 10-20 % ini tashkil etib, oʻrta yoshdagilarda 10-12 kg ga toʻgʻri keladi. Shundan 2-3 kg strukturali lipidlardir. Zaxira lipidlarni 98 %i yogʻ toʻqimasida toʻplanadi. Strukturali lipidlar turli toʻqimalarda turlicha taqsimlanadi. Nerv toʻqimasida ular miqdori 10-20 % ni tashkil qilsa, hujayra biologik membranalarida quruq massasining 40 % i lipidlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |