Bronxoektaziya — surunkali o‘pka yiringlashi shakllaridan biri bo‘lib, mayda bronxlarning kengayib ketishi bilan birga davom etadi, butun bronx devori va atrofidagi to‘qimasining chuqur destruktiv o‘zgarishiga uchrashi natijasida mayda bronxlarning kengayib ketishidan iborat kasallikdir.
Etiologiyasi. Kasallik ko‘pincha o‘pkadagi yalllig‘lanish jarayonlari natijasida kelib chiqadi, lekin tug‘ma bo‘lishi ham mumkin. Bronxoektazlar ko‘pincha chang va ta’sirlovchi gazlarning nafasga kirishi bilan aloqador bo‘lgan zararli korxonalarning ishchilarida, shuningdek, surunkali bronxit bilan og‘rib yurgan odamlarda topiladi.
Bronxoektaziyaga surunkali bronxit, pnevmoniyalar, o‘pka sili, o‘pka abssessi, pnevmoskleroz hammadan ko‘p sabab bo‘ladi. Mana shu kasalliklarda bronxlar shilliq pardasi bilan muskul qavatning o‘zgarib qolishi tufayli bronxlar kengayib ketadi, bu bronx devoridagi elastik to‘qima o‘rniga chandiq to‘qima paydo bo‘lishiga olib keladi. Kasallik tug‘ma va turmushda orttirilgan bo‘lib, katta yoshli odamlar va bolalarda qayd etiladi.
Klinikasi. Kasallik uzoq vaqtgacha zimdan o‘tishi va bemor hech narsadan nolimasligi mumkin. Kasallikda uch davr tafovut qilinadi:
I davr yoki bosqich. Bemor o‘zini sog‘lom deb hisoblaydi: ahyon-ahyonda yo‘tal tutib, shilimshiqli balg‘am tashlab turadi, odatda, buni shamollash yoki chekishdan ko‘rishadi. Perkussiyada va auskultatsiyada bu davrda sezilarli patologik simptomlar topilmasligi mumkin. Bronxografiyada (bronxlarning maxsus kontrast moddalar bilan to‘ldirib, rentgen suratini olish) xalta- chasimon yoki silindrsimon bronxoektazlar borligi ko‘rinadi.
II davr yoki bosqich. Bemorlar, xususan, ertalab, yiringli balg‘am tashlab, yo‘talib turishini aytishadi; balg‘am miqdori asta- sekin ko‘payib boradi. Kasallik harorat ko‘tarilishi va kundalik balg‘am miqdorining 300—500 ml.gacha ko‘payishi bilan vaqt- bevaqt qo‘zib turadi. Bemorlar faqat bir yonboshda yotganim osonroq, boshqa yonboshga ag‘darilib yotish yo‘talning zo‘rayishi va balg‘am tushishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblashadi. Rentgenologik tekshirishda mayda-mayda uyalar holida qorayib turgan joylar topiladi. Bronxografiya kasallik xarakteri to‘g‘risida hammadan aniq tasavvur beradi, bronxografiya qilinganda kengaygan bronxlarning talaygina bo‘shliqlari topiladi.III davr yoki bosqich. Bemorda intoksikatsiya alomatlari paydo bo‘ladi, harorat hamisha ko‘tarilib turadi, doim birtalay (sutkasiga 1 l.gacha) qo‘llansa balg‘am tushishi bilan o‘tadigan yo‘tal tutadi.
Balg‘am tindirib qo‘yilganda uch qatlamga, yiring, suyuq, sekret va shilimshiq qatlamiga ajralib qoladi. Kasallarning uchdan bir qismida bronxlardan qon keladi, ba’zan bu qon tuflash yoki laxta-laxta bir talay qon kelishi ko‘rinishida o‘tadi. Bir qancha hollarda qon tuflash yetakchi alomat hisoblanadi.
Surunkali bronxoektaziya bilan og‘rigan bemorlarda gipertrofik osteoartropatiya sindromi qayd qilinadi. Bu sindrom oyoq- qo‘llarning zirqirab og‘rib turishi, naysimon uzun suyaklarda periostal qatlamlar paydo bo‘lishi va oxirgi falangalarning nog‘ora cho‘plari ko‘rinishida kolbasimon qalinlashib qolishi hamda tirnoqlarning soat oynalari shaklida bukilishidan iboratdir.Perkussiyada o‘pkaning shikastlangan bo‘lagi sohasida perkutor tovushning qisqa tortib qolganligi aniqlansa, auskultatsiyada bronxial tusga ega bo‘lgan dag‘al nafas va har xil kolibrli xirillashlar eshitiladi.O‘pka bo‘lagidagi yallig‘lanish qo‘zigan davrda bronxial nafas, bo‘g‘ilib qolgan tovush va nam xirillashlar bilan birga uchraydigan pnevmoniya simptomlari kuzatilishi mumkin. Bemorlar ozib, darmonsizlanib qoladi, hansiraydi, kechalari terlab chiqadi.Bronxoektaziyaning III bosqichida yurak va nafas faoliyati buziladi, ko‘pincha anemiya qo‘shiladi. Bemorlar mehnatga yaroqsiz bo‘lib qoladi.Asoratlari: o‘pkadan takror-takror qon ketishi, pnevmo- niyalarning tez-tez qo‘zib turishi, sepsis, miya abssessi, buyrak kasalliklari (amiloidoz).Davolash. Kasallikka chalingan bemorlarni vaqt-vaqtida kasalxonaga yotqizish va ularga uy sharoitida o‘rin-ko‘rpa qilib yotishni tayinlash zarur. Bunday bemorlar karavotda birmuncha boshqacharoq holatda yotadilar, karavotning oyoq tomoni biroz yuqori (25—30 sm) bo‘lishi kerak. Bu holat bronxoektazlarda to‘planib qolgan balg‘amning yaxshiroq ketishiga yordam beradi, balg‘am, odatda, o‘pkaning pastki bo‘limlarida bo‘ladi. Karavotning oyoq tomoni, odatda, 3—4 soatga ko‘tarib qo‘yiladi, orada esa tanaffuslar qilib turiladi.
Bronxoektatik kasallikda kundalik ovqat ratsioni oqsilga boy bo‘lishi kerak. A, C, D va B vitaminlariga boy bo‘lishini ta’minlash lozim. Balg‘amni chiqarib tashlash uchun balg‘am ko‘chiradigan vositalar, jumladan, termopsis o‘ti 1 choy qoshiqdan kuniga uch mahal ichish uchun buyuriladi.Hozirgi vaqtda balg‘amni surib olib tashlash, bronxlarni yuvish va bronxlar ichiga antibiotiklar yuborish (balg‘amdagi mikroflora xili va uning antibiotiklarga sezgirligini aniqlagandan so‘ng) usuli qo‘llanilmoqda. Antibiotiklar mushaklar orasiga ham yuboriladi.Fizioterapevtik muolajalardan UVCh, ingalatsiya (penitsillin streptomitsin bilan), pankreatin ingalatsiyasi, gidroaeroionizatsiya, rentgen nuri, UF, diatermiya, induktotermiya, mikroto‘lqinli terapiya, davolovchi jismoniy badantarbiya mashqlari qo‘llanilishi mumkin.
Giyohlar bilan davolashda ajgon, alomat choy, anjir, gulxayri, yetmak, behi, jo‘ka (arg‘uvan), zig‘ir, navro‘zgullardan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |