Dars jihozi: Darslik, kompyuter, tarqatma materiallar, ko’rgazmali qurollar...
Dars shiori: Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor. (I.A.Karimov)
Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu: G‘AZALLAR «KELMADI»
Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimg‘a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqdim-u, chektim yo‘lida intizor,
Keldi jon og‘zimg‘a-yu, ul sho‘xi badxo‘ kelmadi.
Orazidek oydin erkonda gar etti ehtiyot,
Ro‘zgorimdek ham o‘lg‘onda qorong‘u kelmadi.
Ul parivash hajridinkim, yig‘ladim devonavor,
Kimsa bormukim, anga ko‘rganda kulgu kelmadi.
Ko‘zlaringdin necha su(v) kelgay, deb o‘lturmang meni –
Kim bori qon erdi kelgan, bu kecha su(v) kelmadi.
Tolibi sodiq topilmas, yo‘qsa kim qo‘ydi qadam,
Yo‘lg‘akim, avvalqadam ma’shuqe o‘tru kelmadi.
Ey Navoiy, boda birla xurram et ko‘nglung uyin,
Ne uchunkim, boda kelgan uyga qayg‘u kelmadi.
G‘azal ishqiy mavzuda, o‘zbek tilidagi she’riyatda eng ko‘p ishlatilgan ramali musammani mahzuf (yoki maqsur), ya’ni «foilotun-foilotun-foilotun-foilun (yoki foilon)» vaznida (taqte’si: - V - - / - V - - / - V - - / - V - ) yozilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Radifiga o‘zbekcha so‘z («kelmadi») ishlatilgan va qofiyasidagi sakkiz («gulro‘ - uyqu – badxo‘ - qorong‘u - kulgu - su(v) -o‘tru - qayg‘u») so‘zdan oltitasi - o‘zbekcha, ikkitasi («gulro‘» va «badxo‘») - tojikcha.
Badiiy jihatdan shunday qat’iy bir qoidaga amal qilinganki, har bir baytda kamida bir tazod (zidlantirish, qarama-qarshi ma’nolardagi so‘zlarni qo‘llash) san’ati namunasiga duch kelamiz. Bu badiiy san’at g‘azalda asosiy ifoda va tasvir vositasiga aylangan. Matla’da lirik qahramon kecha (buni «kechasi» deb ham, kecha, ya’ni bir kun oldin deb ham tushunish mumkin) yor («sarvi gulro‘») kelaman deb, kelmadi, shuning uchun tong otgunga qadar ko‘zlarimga uyqu kelmadi, deydi. Shuning o‘zidayoq lirik qahramon holati ma’lum qilinadi. Betoqat yor har zamon-har zamon chiqib, ma’shuq yo‘liga intizor bo‘ldi, hatto, jon uning og‘ziga keldi-yu, u yomonlik istovchi sho‘x go‘zal kelmadi (ikkinchi bayt).
Keyingi ketma-ket uch baytda yorning orazi (yuzi) oqligi bilan oshiq hayotining qorong‘iligi, hajrida devonavor yig‘lagani bilan uni ko‘rib, ustidan kuladigan bormi-yo‘qligi, ko‘zlaridan suv emas, qon kelganligi o‘rtasidagi ziddiyatlar qalamga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |