Bog'liq portal.guldu.uz-XORIJIY DAVLATLAR SOLIQ TIZIMI
XV bob. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi mamlakatlaridagi soliq tizimining o’ziga xos xususiyatlari
15.1. MDH davlatlarida soliq munosabatlarining uyg’unlashuvi va soliq islohotlaridagi rivojlanishlarning asosiy omillari.
Sobiq Sovet ittifoqining yagona xalq xo’jalik majmuasi inqiroziga uchragandan so’ng, ittifoqdosh respublikalar mustaqillikka erishdilar va sifat jihatidan yangi davlatlararo tashkilot-MDH barpo etildi. Inqirozning asosiy iqtisodiy asoratlaridan biri MDH mamlakatlari orasida tovarayirboshlashning qisqarishi bo’ldi. Bu o’z navbatida hamdo’stlik davlatlari chegaralaridagi iqtisodiy aloqalarning bo’shashishiga olib keldi. Ammo ushbu salbiy oqibatlarga qaramasdan, MDHga a’zo davlatlarining iqtisodiy darajadagi o’zaro bog’liqligi saqlab qolindi.
MDH ichidagi tashqi iqtisodiy aloqalarning kengayishi ushbu mamlakatlardagi iqtisodiy inqirozdan chiqish, iqtisodni ko’tarish va ularning samaradorligini oshirishning shartlaridan biridir. Integrallashgan hamkorlikning muhim vazifasi-o’zaro foydali savdo-iqtisodiy aloqalarni boshqarish mexanizmini yaratishdir. Soliq munosabatlarini uyg’unlashtirish muammolari ham hozirgi kundagi dolzarb masalalardan biridir.
MDH davlatlaridagi soliq munosabatlarini uyg’unlashtirish quyidagi maqsadlarga erishishni ko’zda tutadi:
- MDH ichki bozorini birlashtirish, unifikatsiyalash va integratsion jarayonni kuchaytirish;
- soliq chegaralarini yo’qotish va tovarlarning erkin ko’chishini ta’minlaydigan sharoitni yaratish;
- soliq tizimlari strukturasini ratsionalizatsiya qilish va soliq to’lovlarini hisoblash hamda undirish tartibini yaqinlashtirish.
Shuni ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda tashqi iqtisodiy aloqalarni boshqarish doirasida bir qator hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, yagona «Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi tashqi iqtisodiy faoliyati tovar nomenklaturasi», o’zaro savdo sotiqda egri soliqlarni undirish tamoyillari hakida Bitim; daromad va mol-mulkni ikki marta soliqqa tortishga yo’l qo’ymaslik maqsadida MDHga a’zo davlatlar o’rtasidagi ikkiyoqlama bitimi; soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari bo’yicha hamkorlik va o’zaro yordam; xo’jalik yuritishda cheklashlarni bekor qilish va boshqalar. Milliy qonunchilikdagi mavjud farqlar yagona bozor kengligini yaratishga to’sqinlik qilmoqda. Shuning uchun MDHga a’zo davlatlarining yagona soliq kodeksini ishlab chiqishda ushbu mamlakatlarda soliqqa tortishning o’ziga xos xususiyatlarini bilish alohida ahamiyat kasb etadi. Soliq tushumlari MDH davlatlari byudjeti umumiy daromadining 75 - 87 foizga yaqini tashkil qiladi. Shu bilan birga MDHga a’zo davlatlarida undiriladigan soliqlarning asosiy turlari jahon amaliyotida keng tarqalgan soliq to’lovlariga mos keladi. Xususan, ushbu davlatlar soliq tizimida foyda (daromad) solig’i, qo’shilgan qiymat solig’i, aksiz solig’i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i, ko’chmas mulk solig’i, yer solig’i kabilar ma’lum ko’rinishlarda mavjuddir va u har bir mamlakatning soliq tizimi, iqtisodiy ahvoli, milliy udumlaridan kelib chiqqan holda, o’ziga xos xususiyatlarga ega.
Soliq manbalarining parallel ravishda qisqarishi va korxonaga qo’yilgan katta soliq yuki oqibatida soliq to’lashdan ommaviy bosh tortish barcha MDHga a`zo bo’lgan davlatlaridagi davlat byudjetining daromad qismini shakllantirishdagi jiddiy muammolardir. Aytib o’tilgan omillar bozor munosabatlariga o’tish davridagi byudjet defisitining asosiy sabablaridandir. Defisitni yo’qotish maqsadida barcha mamlakatlarda turli darajadagi samaradorlik bilan soliq tizimlari islohotlari olib borilmoqda23.