I bob. «Xorijiy davlatlar soliq tizimi» fanining predmeti, vazifalari va manbalari
1.1. «Xorijiy davlatlar soliq tizimi» fanining predmeti va vazifalari.
O‘zbekiston istiqlolga erishib, mustaqil iqtisodiy islohotlar yo’lini tanlaganidan so’ng, hukumat oldida mamlakat iqtisodiyotining o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, mohiyatan yangi soliq tizimini vujudga keltirish vazifasi turar edi. Zero, iqtisodiyotni boshqarish borasida sovet ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan meros qolgan byudjetni shakllantirish mexanizmi ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlar talablariga mos kelmas, mamlakatimiz talablariga javob bermas edi.
Soliq islohotlarini amalga oshirishda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan quyidagi masalalarni hal qilish ustivor vazifa sifatida qo’yildi:
Birinchidan, korxonalarga nisbatan soliq yukini imkon qadar kamaytirish. Bundan maqsad korxonaning o’z mablag’larini mustaqil ravishda tasarruf eta olish salohiyatiga ega bo’lishidir. Eng avvalo bevosita soliqlar kamaytirish va bilvosita soliqlarni hamda resurs to’lovlarini, ayniqsa qayta tiklanmaydigan tabiiy boyliklar, yer va suv zahiralaridan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishni optimallashtirishga alohida ahamiyat berish lozim.
Ikkinchidan, ishlab chiqaruvchilardan byudjet va byudjetdan tashqari fondlar uchun undiriladigan soliqlar summasi yalpi ichki mahsulot (YIM) va iqtisodiy rivojlanishning belgilangan sur’atlarida optimal ravishda muvofiqlashtirilishi kerak.
Uchinchidan, soliq siyosatini shakllantirish paytidagi byudjetlararo nisbatlarga qat’iy rioya qilish, ya`ni, daromadlarning qaysi qismi ishlab chiqaruvchilarda qolishi kerakligi, qaysi qismi mahalliy va respublika byudjetiga kelib tushishi lozimligining optimal nisbatlarini ta’minlash kerak.
To’rtinchidan, soliqlarni birxillashtirish, sonini qisqartirish hamda ular bo’yicha hisob-kitob qilish va to’lash mexanizmlarini soddalashtirish bo’yicha doimiy ish olib borish.
Beshinchidan, yillik soliq siyosatini shakllantirishda davlat xarajatlarining mumkin qadar qisqartirilishi va optimallashtirilishini eng muhim ustivorlik sifatida inobatga olish.
Bozor munosabatlari, xo‘jalik yuritishning yangi shakllari rivojlanishi bilan, soliq qonunchiligi, zikr etilgan tamoyillardan kelib chiqadigan hamda islohotlarning tegishli bosqichi sharoitiga mos keladigan jiddiy o’zgarishlarga uchradi. Shu tarzda yangilanish va islohotlar tufayli respublikada byudjetning daromad qismining barqaror shakllanishini taminlovchi va iqtisodiy o’sishni rag’batlantiruvchi rejali, xalqaro tamoiyllar va me’yorlarga mos keladigan soliq tizimi yaratildi3.
Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning soliq tizimi har xil iqtisodiy-siyosiy va ijtimoiy sharoitlardan kelib chiqqan holda shakllanadi. Soliqlarning turlari, tuzilmasi, undirish usuli, stavkasi, ayrim hokimiyat organlarining fiskal darajasi, soliq bazasi soliqlarning amal qilishi, soliq yengilligiga qarab soliq tuzilmasi bir-biridan ajralib turadi.
Oliygohlarda «Xorijiy davlatlar soliq tizimi» fanini o`qitishdan maqsad – talabalarda xorijiy davlatlar, xususan, iqtisodiy rivojlangan unitar va fеdеrativ davlat tuzilishiga ega bo`lgan chеt davlatlar soliq tizimini o`rgatish, ushbu soliq tizimlaridagi xususiyatlar, o`xshashlik va farqlarni tahlil qilish va uning nazariy hamda amaliy tomonlarini o`rganishdan iboratdir.
Fanni o`qitishning asosiy vazifasi — bozor iqtisodiyoti sharoitida chеt davlatlarning soliq tizimi tajribalaridan foydalangan holda soliqlarni hisoblash va byudjеtga undirishning yangi yo`l-yo`riqlarini o`rganish bilan birga ulardan foydalana olishni shakllantirishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |