11-bob
UZUMNING TAQDIRI
"Chanoqqal'a urushi"ga guvoh boʻlgan Kendin beixtiyor oʻzining
harbiy xizmatda o’tgan kunlarini xotirladi. Armiyada bir kunda bor-
yoʻgʻi 2 soat uxlab 22 soat davomida jang qilgandi. Bu naq 1 yil davom
etgandi. Terror avj olgan zamonlar edi. Kendin minglab askarlar bilan bir
safda kecha-kunduz tinmay terrorchilarni taʼqib qilgandi. Shular esiga
tushib Jinga:
- Bilasanmi, Jin? Men ham naq bir yil davomida kunda bor-yoʻgʻi 2 soat
uxlab 22 soat jang qildim. Yurtim uchun jang qildim. Yolgʻiz emasdim,
albatta. Mingdan ortiq edik. Sira uyqumiz kelmasdi... Uyga qaytgan
chogʻlarim esa Jahon chempioni boʻlgan kurashchi singari kuchli va
sogʻlom edim. Armiyaga ketishdan avval baʼzi kamchiliklarim bor edi.
Qaytganimda esa ularning baridan xalos boʻlgandim.
Jin Kendinning gapini davom ettirdi:
- Soʻngra uyga qaytding. Anchagacha shu tarzda yashading, toʻgʻrimi?
- Ha, aynan shunday boʻldi. Yarim tunda oʻz-oʻzimdan uygʻonib ketar,
qaytib uxlay olmasdim.
Jin kulib davom etdi:
- Lekin koʻrdingki, hamma uxlayapti, uygʻoq boʻlishning hech bir foydasi
yoʻq. "Yaxshisi men ham uxlay qolay, tartib buzilmasin!" deya uxlashni
davom ettirding. Yaʼni, uzum uzumga qarab qorayadi.
Kendin voqealar rivojidagi bir detal esiga tushgandek:
- Hatto uyga qaytgan ilk kunlarim uyqum kelmasa ham yotoqqa kirib
uxlashga harakat qildim, oʻzimni 8 soat uxlashga majbur qilish uchun
anchagacha ovora boʻldim, - dedi.
- Demak, armiyadan qaytganingda insonlarning tabiati buzilib, 15 soat
uxlashni boshlagan boʻlsalar, sen ham shuncha uxlagan boʻlarding,
yolgʻonmi?
Kendin hijolat boʻlib, javob berdi:
- Oʻylashimcha, rost...
- Endi esa aksini tasavvur qil! Agar xizmat qilgan oʻsha joyingda
tugʻilganingda necha soat uxlagan boʻlarding?
Jinning aytmoqchi boʻlgan fikrini tushungandi Kendin:
- Ikki.
- Bu sen uchun normal uyqu muddati boʻlardi. Harbiyda kam uxlarding;
chunki tepangda oʻlim dahshati turardi, ammo sira oʻylab koʻrmading!
Sen ogʻir vaziyatlarda ikki soat uxlay olasan, bu esa sening normal
zamonda ham buni amalga oshira olishingni isbotlaydi.
Jin Kendinga yanada yaqinlashib, ishning asl sirini oshkor qilmoqchi
boʻlgandek bir alfozda davom etdi:
- Inson ikki tuygʻudan biri bilan qarshilashganida, toki ular tugab
bitmaguniga qadar uyqusini Mariana botigʻining eng chuqur yeriga
koʻmadi. Biri "oʻlim qoʻrquvi" boʻlsa, boshqasi "ishq"dir. Aslida ikkisini
umumiy qilib "ishq" desak ham boʻladi. Chunki "oʻlim qoʻrquvi"
deganing hayotga boʻlgan muhabbatdan boshqa bir narsa emas. Xulosa
qilib aytamanki, buyuk bir ishq domiga tushsang, ikki soat uyqu ham
senga yetadi. Ammo senda bunday ishq boʻlmagani sababli yana ikki soat
qoʻshaman: jami 4 soat boʻldi.
Kendin Jinni qiziqish bilan tinglardi.
- Shundan boʻlishiga qaramay, siz uyalmasdan bu muddatga yana 4 soat
qoʻshib, normal uyqu muddati 8 soat deya daʼvo qilasiz. 8 soat uxlay
olmagan kuningiz "Bugun rosa charchadim, yaxshi uxlay olmadim" deb
boʻlmagʻur bahonalar keltirasiz.
Jin gapirarkan, Kendin uning aytganlari haqida fikr yuritardi. Jin
tamoman haq edi. Kendinning har kuni 8 soat uxlashi oddiygina bir
xurofot natijasi edi. Jin soʻradi:
- Hozir boshingga toʻpponcha tirab, "Bundan keyin 2 soat uxlaysan, agar
3 soat uxlasang otib tashlayman!" desam, ishonaver, kunda faqatgina 2
soatlik uyqu bilan umringning oxirigacha yasharding. Xoʻsh, unda bir
kun kelib bu dunyoni tark etishingni va vaqtni aslo ortga qaytara
olmasligingni bila turib, bu qurolga ehtiyoj sezayotganing haqida hech
oʻylab koʻrmaysanmi?
Savolning toʻliq tushunilishi uchun Jin biroz sukut saqladi. Kendin javob
qaytarmay jim tinglardi. Jin yana davom etdi:
- Faqatgina bir oy umring qolgan boʻlsa, yana bir kunda 8 soat uxlay
olarmiding? Umringni soʻnggi oyidasan... Menimcha bilmasang kerak,
ammo oʻlim istalgan vaqt kelib qolishi mumkin.
- ...
- ... Har oningni eng soʻnggisi kabi qabul qilishing kerak. Choʻpon yoki
prezident ekanliging hech nimani oʻzgartirmaydi. Nima ish qilsang qil,
ammo qilgan har ishingni eng soʻnggisi deya qabul etishga oʻrgan.
Oʻlganingda kimdir senga "Eng oxirgi daqiqada nima qilayotganding?"
desa, "Uxlayotgandim!" deyish seni hijolatli ahvolga solmaydimi?
Qilayotgan har bir ishingni oxirgi marta qilyapman deb oʻyla va shunday
yasha!
- Turk harbiylarining bir odati bor, balki eshitgandirsan. Qoʻmondonlari
aytadi: "Oʻlimdan soʻng yana bir qadam tashlashing kerak!" Endi esa shu
insonni tasavvur qil, oʻlganidan soʻng unga biri "Eng oxirida nima
qilayotganding?" desa, "Jang qilayotib oʻldim" deyish oʻrniga "Oʻlgandan
soʻng ham jang qildim!" deb javob beradi. Shunday ekan, har on goʻzal
oqibat uchun kurashasan. Nay chalasanmi yoki davlat ishi bilan
mashgʻulmisan, sen hamisha finaldasan. Qoʻylar tushunmasa ham naying
soz holatda boʻlishi kerak; chunki bu qoʻylarning emas, sening finaling...
Do'stlaringiz bilan baham: |