bogʻlamoqchi boʻlgandek kunda ustiga qoʻydi. Choʻtkani chaqqonlik
bilan boʻyoqqa botirdi, bir necha daqiqa oʻzi istagan rangini chiqarishga
tirishdi. Choʻtkani sindirib yuboradigan darajada paletga qattiq urardi.
Chiqargan rangini ingichka uchli choʻtkasi bilan dunyodagi eng nozik
shishadan yaratilgan qizning yuzida ohista va ehtiyotkorlik bilan
yurgizardi. Soʻng qalin uchli choʻtkasini oldi, bir necha daqiqa uni
palitraga urib turdi. Keyin qalin uchli choʻtkani rasmga xuddiki
dushmanini oʻldirayotgandek urdi. Kendin shunchalik berilib ketgan
ediki, "Unday qilmaaaa!" deyishdan oʻzini toʻxtatib qololmadi. Jin esa
xotirjam ohangda:
- Haqsan, ammo qoʻrqma! U nima qilayotganini biladi, sen faqat kuzat, -
dedi. Kendin rassomni kuzatib turib, armon boʻlib qolgan orzusini Jinga
aytdi:
- Qobiliyatim boʻlsa edi, men ham rassom boʻlishni xohlardim. Ishon,
buni judayam
istardim, lekin afsus bu iqtidor masalasi...
Jin Kendinning yuziga tikilib qoldi. Qarashlari maʼnosiz edi. Kendin jim
boʻlishi kerakligini tushunib, sukut saqladi va rassomni kuzatishda davom
etdi. U odam soatlab boʻyadi. Goʻyo butun dunyoning rangini
oʻzgartirardi. Birgina xato qilsa qiyomat qoim boʻladigandek. Bu orada
kun ham oʻz oʻrnini tunga boʻshatib berishga hozirlanardi.
Rassom kerosin chiroqni yoqdi. Yana ozroq ishlagach, tashqariga chiqdi.
Koʻp oʻtmay ortiga qaytganda burniga tekkan jigarrang boʻyoq
ketkazilgan edi. U bu safar arqonning narigi tomoniga oʻtdi. Stol ustidagi
qalamlardan birini olib devorga yoza boshladi. Butun devor toʻla edi.
Qayerda bir boʻsh joy qolib ketibdiki, bu odam yana yozsa? Odam
ingichka ingichka yozardi. Soʻngra viqor bilan dunyoning eng hashamatli
kursisiga oʻtirdi. Muqovasi oʻyma yogʻochdan qilingan qalin daftarni
ochib, devorga qarab-qarab, bir narsalarni yozdi. Bir necha soatdan soʻng
qalamini qoʻyib, oʻrnidan turdi va kerosin chiroqni oʻchirib tashqari
chiqdi.
- Qayerga ketyapti?, - dedi rassomning ketidan qarab qolgan Kendin.
- Uxlashga..., - dedi Jin va davom etti:
- Bu inson har toʻrt soatda bir marta yarim soat uxlaydi. Vaqti boʻldi
deguncha hech kimning uygʻotishini kutmasdan turib, yana ishiga
qaytadi. Bizni bu yerga kelganimizga taxminan toʻrt soat boʻldi.
Kendin hayratlandi.
- Ishonish qiyin!
- Uning kim
ekanini aytsam, ishonishing aniq, - dedi Jin. Kendinning
qiziqishi soʻnggi nuqtasiga yetdi.
- Bu inson da Vinchi. Leonardo da Vinchi. Rassom, matematik, fizik,
faylasuf va yana bir qancha sohalarda afsona boʻlgan inson. Endi
ishondingmi?
- Tushunishim kerak edi; lekin ishon agar men ham shunday ishlasam, da
Vinchi boʻlardim, - deb yubordi Kendin, Jinning nima deb javob berishini
hech oʻymagan holda.
- Ishla u holda, - soddagina javob qaytardi Jin. Kendin Jinga ilk bora
3957 xil maʼno va tuygʻu mujassam nigohini qaratdi. Ha, yoʻq, qanday,
nega boʻlmasin, haqsan, ajabo, goʻyo, balki, qoʻlimdan keladimi,
shubhasiz qilaman, albatta, hech qachon, tabiiy va yana bu yerda
sanalmagan yuzlab boshqa maʼnolar bor edi bu nigohda.
Bu kishi Leonardo da Vinchi edi, da Vinchi boʻlish ayni shunday boʻladi.
Sen faqatgina ishlarding. Ichingdagi da Vinchi koʻrina boshlar, afsona
boʻlarding. Yoki ishlamasdan, da Vinchini koʻmarding-u, yoʻq boʻlib
ketarding.