BANDIXON – Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi joy nomi. 1992-2010 yillarda tuman nomi bo‘lgan. N.A.Maev tomonidan Bandixon tizmasi va darasi qayd etilgan25.
Bandixon nomi izofali ikki so‘z: band+i+xon dan tashkil topgan. Birinchi komponent eroniy tillarga oid. Mahmud Koshg‘ariyning izohlashicha, bandi so‘zi «bog‘landi» ma’nosini beradi26. Fors-tojik tillarida band so‘zi: 1) «bir narsaning ushlanadigan qismi», «dasta», «tutqi»; 2) «bo‘g‘ov», «bog‘lam», «tugun»; 3) «asirlik», «tutqunlik» ma’nolarini beradi27.
Bandixon qishlog‘i atrofidagi qadimgi manzilgohlar bu hududda mil.av. I ming yillikdan to so‘nggi o‘rta asrlar davriga qadar dehqonchilik bilan shug‘ullanilganligini ko‘rsatadi. Bu erga suv O‘rgulsoydan kanal qazish orqali olib kelingan. Kanal to‘silib, bir necha tarmoqqa bo‘linadigan joy Bandixon, ya’ni «band qilingan, to‘silgan ariq, kanal» deb atalgan28. Bu erdagi hayot uzoq vaqtlar davom etganligi bois Bandixon nomi bizning zamonamizga qadar etib kelgan.
BARLOS—Sariosiyo tumanidagi qishloq. Barlos – etnonim. Barloslar Sariosiyo, Denov, Boysun tumanlarida, Qashqadaryoning CHiroqchi, Kitob, SHahrisabzning tog‘li tumanlarida istiqomat qilishadi. Qishloq barlos urug‘i nomidan kelib chiqqan.
Barloslar qadimgi turkiy qabila. Hazrati Mir Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida barloslarning boshqa turkiy xalqlar qatorida Eron shohi Doroga qarshi janglarda ishtirok etganligi yoziladi. IX-XIII asrlarda mo‘g‘ullar orasida ham barlos urug‘i bo‘lgan. «Mo‘g‘ullarning yashirin tarixi»da yozilishicha, mo‘g‘ullarning nirun avlodidan bo‘lgan Xachiun ismli shaxsning o‘g‘lini Barulas deb qo‘yishdi. Uning avlodi barulas (barlos) deb ataldi. Xachulaning o‘g‘illari ham barulas urug‘iga asos solishdi
BOBURQO‘RG‘ON – SHerobod tumani, Xo‘janqon qishlog‘idagi SHamolli tog‘ining ustida joylashgan. Boburqo‘rg‘on ilk bor I.Umarov tomonidan 2013 yilning oktyabrida o‘rganilgan. Qo‘rg‘on juda murakkab rel’efda, kuchli shamol, yomg‘ir va zilzilalar bo‘lishi hisobga olingan holda barpo etilgan. Uning uch tomoni baland jarlik.
Qoyaning odam o‘tishi mumkin bo‘lgan tor joyida toshdan devor terilgan. Devorning uzunligi 40 metr, eni 2 metr, balandligi 1 - 1,5 metr. Uning ayrim qismlari hozirgi kunga kelib nurab tushgan. SHunga qaramay, devorning saqlanib qolgan qismiga qarab, uning uzoq o‘tmishda qurilganligiga ishonch hosil qilamiz.
Qo‘rg‘on qorovullarning kuzatuv nuqtasi hisoblangan. Undan SHerobodgacha bo‘lgan hamma joy yaqqol ko‘rinib turgan. Qo‘rg‘onning pastida ikkita kamar joylashgan. Birinchisi Boburkamar deb ataladi. Ichiga bemalol yuztacha odam sig‘adi. Eng muhimi, kamar pastdan ko‘rinmaydi. Keyinroq, tektonik harakatlar tufayli g‘or ustidagi ulkan qoya tushib, o‘rtasini ma’lum darajada yopgan. SHunga qaramay, hozirga qadar kamarda hech bir qiyinchiliksiz harakatlanish mumkin.
Boburkamardan 50 metrcha pastda Kuygankamar joylashgan. Kamar ichi odam qo‘li bilan o‘yilganligi sezilib turadi. Uning pastida tokcha bo‘lgan. Kamardan ovqat pishirish yoki xabar berish maqsadida foydalanishgan. SHuning uchun kamar shipi tutundan qorayib ketgan.
BOYSUN – Surxondaryo viloyatidagi shahar va tuman nomi. Xitoy manbasi «Tan-shu» da Tohariston (Tu-xo-lo) mamlakatining shimoliy chegarasida Poli tog‘lari qayd etiladi29. Bu tog‘lar hozirgi Boysun tog‘lariga to‘g‘ri keladi. X asr arab geograflari: Istahriy, al-Muqaddasiy, ibn Havkal, al-YA’qubiy va muallifi noma’lum «Hudud al-olam» asarida Sag‘oniyondan Samarqandga o‘tish yo‘lida Basand 30 yoki Masand shahri qayd etiladi31.
Arxeologlarning fikriga ko‘ra, Basand hozirgi Boysun o‘rniga to‘g‘ri kelib, bunga shu erdan topilgan sopol buyumlarning IX-XII asrlarga to‘g‘ri kelishi hamda Samarqand va Buxorodan CHag‘oniyonga o‘tuvchi o‘rta asrlar karvon yo‘li ustida joylashuvi dalil bo‘la oladi32. XVIII asr manbalarida shahar Boysun deb tilga olinadi33.
Boysun so‘zining etimologiyasi haqida turli fikrlar mavjud. Rus sayyohi N.A.Maevning mahalliy aholidan yozib olgan izohiga ko‘ra, Boysunning haqiqiy nomi Boyshin bo‘lib, «boylar, zodagonlar manzili» ma’nosini beradi. Uning bunday deyilishishiga bu shaharda ko‘chmanchi o‘zbek (qo‘ng‘irot) qabilalarining zodagonlari, boylari yashaganliklari sabab bo‘lgan34.
Do'stlaringiz bilan baham: |