9.1. Qoraqalpoqlar yashagan hududlarning Rossiya tomonidan bosib olinishi va ularning ikkiga ajratilishi
O‘rta Osiyoga bosqinchilik yurishlari arafasida Rossiya hukumati o‘z agentlari orqali mahalliy aholi orasida o‘zaro nizolarni ko‘plab keltirib chiqarishga, savdogar ahlini o‘z tomoniga og‘dirib olishga qanchalik harakat qilgan bo‘lsa, ko‘chmanchi chorvador xalqlarni ham markaziy hokimiyatga bo‘ysunmaslikka, ayniqsa, ularni biror davlatga aloqador emasdek sanashga astoydil harakat qilishgan. Rossiya harbiy hukmdorlari Xiva xoniga tahdid soluvchi maktublar yo‘llashlari bilan bir vaqtda, ya’ni 1860 yillar oxiri – 1870-yillar boshlarida ularning o‘zlari Kaspiyning sharqiy tomonlariga xonlik hududining turli joylariga xavf tug‘diruvchi harbiy ekspeditsiyalar ham uyushtirdi. Rossiya askarlari Qandarli qudug‘i, Shahqadam degan joyga, Hakimota avliyosi atroflariga, Ko‘kto‘fa, Oqbuloq degan joylarga va xonlikning boshqa shimoli-g‘arbiy sarhadlariga kirib kelib qoraqalpoq, qozoq fuqarolariga, savdo karvonlarga ko‘pgina jabr-sitamlar, haqoratlar ko‘rsatganliklari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi fondlarida mamlakat fuqarolaridan xon hazratlariga madad so‘rab bitilgan yuztacha arznomalar saqlanmoqda. Rossiya hukmdorlari tomonidan Xiva xonligiga tahdid soluvchi bunday harakatlar to‘g‘risida Hamid Ziyoev asarlarida ham ko‘plab dalillar keltirilgan. Jumladan, Rossiya hukumati 1869 yili hozirgi Krasnovodsk shahrining o‘rnida polkovnik Stoletov rahbarligida harbiy istehkom barpo etdi. Bu istehkom turkmanlar va xonlik mustaqilligiga xavf tug‘dirdi. Stoletov Xiva xonligini bosib olish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
General Veryovkin Xiva xonligi tomon istilochilik yurishi davomida, xonlik xalqlariga maktublar yo‘llab, ularni rus armiyasiga qarshilik qilmaslikka chaqiradi va do‘q-po‘pisalar qiladi. Jumladan, Veryovkinning Xiva xonligidagi turkman, qoraqalpoq, qozoqlarga o‘z ayg‘oqchilari orqali yuborgan varaqalarida: “Rossiya armiyasini qo‘lida qurol bilan kutib olmoqchi bo‘lgan yoki uning muvafaqiyatiga qandaydir yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lgan barcha Xiva fuqarolari jazoga uchraydilar”,-deyiladi. General Verevkinning “Xiva xonligidagi turkman urug‘larining yovmut, chavdur katxudalariga va barcha turkmanlarga” deb atalgan maktubida esa, ularni Xiva hukumatini quvvatlamaslikka, ruslarga yordam berishga chaqiradi.
Xon saroyidan musodara qilingan qo‘lyozmalar bilan birga davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim hujjatlar va xonlarning har xil yozishmalari xam yig‘ishtirib olinadi. Bu hujjatlar orasida xonlikning har xil manbalardan keladigan daromadlari va sarf-xarajatlari bitilgan daftarlar; shuningdek, xonning sarf-xarajatlari to‘g‘risida Matmurod devonbegi tuzgan hisobot; aholidan olinadigan turli-tuman soliqlar va zakotlar bitilgan daftarlar va xonlikdagi fuqarolarning ro‘yxati ham bor bo‘lib, unga ko‘ra xonlikdagi o‘troq aholi 300 ming kishini tashkil qilgan. Bulardan tashqari, qozoq va qoraqalpoqlar 160 ming kishini tashkil qiladi. Bu ro‘yxatda turkman urug‘lari to‘g‘risida ma’lumotlar berilmagan. Mak-Gaxanning kitobida o‘sha davrda xonlikdagi turkman urug‘lari aholisining soni 110 ming kishini tashkil qilganligi yoziladi.
Gandimyon sulh bitimining imzolanishi bilan Xiva xonligi Chor Rossiyasining Markaziy Osiyodagi mustamlakalari safidan joy oldi. Mustamlaka holatidagi Xiva xonligi Amudaryoning quyi oqimi bo‘ylab uning Darg‘on Otadan Orol dengiziga quyilish joyiga qadar taxminad 360 km cha cho‘zilib ketgan mintaqadan iborat bo‘lib, uni sharqda Buxoro xonligidan Qizilqum dashti, g‘arb va janubda Zakaspiy viloyatidan Qoraqum ajratib turadi.
1873 yilda Rossiya hukumati bilan tuzilgan Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra, Xiva xonligi Rossiya vassaliga aylandi. Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi Xiva xonligi hududlarida yashaydigan ko‘pgina qoraqalpoqlar ham Rossiya fuqaroligiga o‘tkazildi. Bu hududlarda Amudaryo bo‘limi tashkil etildi va 1877 yildan u Turkiston general–gubernatorligining Sirdaryo viloyati tarkibiga qo‘shildi. Amudaryo bo‘limi 2 uezd: markazi To‘rtko‘l qal’asi bo‘lgan Sho‘raxon va markazi Chimboy bo‘lgan Chimboy uezdiga ajratildi. Qoraqalpoqlarning Amudaryoning chap sohilida yashaydigan kam qismi 1920 yilga qadar yana Xiva xonligiga tobe bo‘lib qoldi. Bu esa qoraqalpoqlarning siyosiy va milliy birlashuviga to‘siq bo‘ldi. Mustamlakachilik zulmi 20-asr boshlarida zo‘rayib ketdi.
Gandimiyon shartnomasiga asosan, Amudaryo Xiva xonligi bilan Rossiya oralig‘ida chegara qilib olindi. Chegara Kukertlidan daryo bo‘ylab uning g‘arbiy irmog‘i ajralishi joyiga qadar va o‘sha joydan irmoq bo‘ylab uning Orol dengiziga qo‘yilishi joyiga qadar; undan dengiz bo‘ylab Urga burniga va undan esa, Ustyurt etagi va Amudaryo eski o‘zani bilan janubga- Kaspiy tomon cho‘zilib ketadi. Natijada Xiva xonligining Amudaryo o‘ng tomonidagi butun yerlari aholisi va xonlik fuqarolarining u yerlardagi barcha mulklari bilan istilochilar ixtiyoriga o‘tib ketdi. Shu bilan Xiva xonligi amalda Amudaryodan erkin foydalanish huquqidan ham mahrum bo‘ldi. Chor Rossiyasi O‘rta Osiyoni butunlay bosib olishni yakunlagandan keyin, qoraqolpoqlarning ijtimoiy hayotida, davlat boshqaruvida ancha o‘zgarishlar yuz berdi.
Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi Xiva xonligi hududlarida qoraqalpoqlar ko‘pchilik bo‘lib, Turkiston general gubernatorligining Sirdaryo viloyati Amudaryo bo‘limi deb yuritildi va uning poytaxti PetroAleksandrovsk shahri deb belgilandi (hozirgi To‘rtko‘l shahri).
Amudaryo bo‘limi o‘z navbatida, uezdlarga bo‘lingan. Har bir uezd o‘z tarkibidagi shahar, qishloqlari bilan uezd hokimiga bo‘ysingan. Uezd boshlig‘i viloyat harbiy gubernatori tavsiyasi bilan general gubernator tomonidan tayinlangan.
Uezdlar bir necha uchastkalarga bo‘linib idora qilingan uchastkalarni kichik unvondagi harbiy zobitlar boshqargan (poruchik, shtabs-kapitan). Ular uchastka pristavlari sifatida “Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risida Nizom”da tilga olinadi. Uchastka (bo‘lim) pristavlari harbiy boshqaruvning so‘nggi kichik bo‘g‘ini edi. Ulardan so‘ng mahalliy quyi ma’muriy boshqaruv turgan.
Qoraqalpoqlarning Sho‘ro to‘ntarishiga qadar davlatchilik rivojlanishining, siyosiy-boshqaruv institutlarining ko‘chaygan davri sifatida XIX asrning ikkinchi yarmida Xiva xonligi tarkibida Rossiya protektoratini tan olgan davrini ko‘rsatish mumkin.
Turkiston o‘lkasi tarkibidagi qoraqalpoqlarning siyosiy tuzumi 1886 yili Rossiya hukumati tomonidan qabul qilingan «Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risidagi Nizom»ga muvofiq tartibga solingan.
Xon mahkamasi tomonidan 1910 yil dekabrida tayyorlanilgan ma’lumotga ko‘ra, xonlik aholisi 106 ming uylik(xonadon)dan iborat bo‘lib, har uyda o‘rtacha 7 jon hisobidan 742 ming nafarni tashkil qiladi. Shundan 30 ming uyligi, ya’ni 210 ming nafari turkman urug‘lariga mansubdir. Ular xonlik aholisining 28 foiz dan ortiqrog‘ini tashkil qilib son jihatidan o‘zbeklardan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydilar. Turkman urug‘lari xonlikning Taxta, Oqtepa, Po‘rsi, Ilonli, Ko‘xna Urganch hududlarida istiqomat qiladilar.
Xonlikdagi qoraqalpoqlar 19 ming 995 nafar bo‘lib, Shumanay, Qo‘ng‘irot va Xo‘jaeli hududlarida ixcham holatda yashab, qozoqlar esa, 17 ming 610 nafar bo‘lib, xonlikning shimoli-g‘arbiy qismida ya’ni Qo‘ng‘irot, Xo‘jaeli, Mang‘it, Qipchoq, Gurlan, Ko‘hna Urganch, Toshhovuz kabi hududlarida urug‘ bo‘lib yashab, asosan chorva bilan shug‘ullanganlar. Ularni xonlikning boshqa hududlarida alohida guruhlardan iborat holda ham uchratish mumkin.
Bu davrda xonlikdagi qoraqalpoq va qozoqlarning turmushida dehqonchilik yetakchi o‘rinni egallagan bo‘lsa ham ularning kattagina qismi hali ko‘chmanchilik bilan hayot kechirmoqda edilar. Qoraqalpoqlarning 3 ming 999 uyligidan 1 ming 460 tasi ko‘chmanchi bo‘lib, u xonlikda yashaydigan qoraqalpoqlarning 1/3 qismini tashkil qiladi. Qozoqlarning esa, 3 ming 522 uylikdan 1 ming 578 tasi ko‘chmanchi bo‘lib, u xonlikdagi qozoqlarning deyarli yarmini tashkil qiladi.
1916 yilda Chimboy, To‘rtko‘l va boshqa joylarda podsho Rossiyasi siyosatiga qarshi qo‘zg‘olonlar bo‘ldi. 1917 yilda podsho hukumati ag‘darilgach, o‘ng sohil qismi Turkiston ASSR tarkibiga kirdi, 1918 yilda bu yerda sho‘rolar hokimiyati o‘rnatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |