2.2. O‘rta Osiyo masalasida Rossiya va Angliyaning o‘zaro raqobati.
XIX asr ikkinchi yarmi boshlarida Turkiston xonliklarini bo‘ysundirish maqsadida Rossiya olib borayotgan siyosat Angliyaning shu borada uzoqni ko‘zlagan rejalariga jiddiy xavf solar edi. Shuning uchun Angliya turli yo‘llar bilan O‘rta Osiyodagi davlatlarni Rossiyaga qarshi qo‘yish payiga tushdi. Bu kurash tarixda “katta o‘yin” nomini olgan. Aslida, mazkur davrda Angliya va Rossiyadan tashqari O‘rta Osiyoga nisbatan Eron, Turkiya va Xitoy ham o‘z manfaatlari doirasida ushbu mintaqani egallashga intilgan.
1831-1833 yillarda Ost-Indiya kompaniyasi leytenanti Aleksandr Byorns Hindistondan Afg‘onistonga, undan Buxoroga sayyoh sifatida keladi. Bu «sayohat» natijasida yig‘ilgan dalillar va shaxsiy kuzatuvlar «Buxoroga sayohat» deb nomlangan uch jildlik kitobga asos bo‘ldi. Angliya o‘z diplomatlari, sayyohlari hamda ayg‘oqchilari vositasida Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklarini Rossiyaga qarshi ittifoqqa uyushtirishga harakat qildi. Ular shu maqsadda fors va turk tillarini yaxshi bilgan Konnoli, Byorns, Stoddart, Abbot va Shekspir kabi zobitlarni o‘zbek xonliklariga yubordilar.
Xiva xoni Olloqulixon esa ruslarning bahorda yana hujum qilmoqchi ekanliklaridan xabar topgach, Istanbulga va inglizlar huzuriga o‘z elchilarini jo‘natib, yordam so‘radi. Turkiya davlatidan biror xabar ololmagan Xiva xoni huzuriga ingliz zobitlari Abbot va Shekspir yetib kelishdi. Ular Xiva xoniga poytaxtdagi rus asirlarini ozod qilish va bu bilan bo‘lajak to‘qnashuvga bahona qoldirmaslik lozimligini uqtirdilar. Angliya hukumati bu vaqtda polkovnik Stoddartni Buxoroga yuborgan edi. Stoddartning Buxoroga kelayotganini eshitgan Nasrulloxon unga shaharga kirishda otdan tushib, yayov yurishini va qurolini topshirishi zarurligini buyuradi. Ammo, Stoddart Osiyo tartib-qoidalarini unutib, Buxoro hukmdorining buyrug‘ini mensimaydi. Nasrulloxon esa alamini ichiga yutib, Stoddartni qabul kilishga majbur bo‘ladi. Amir uning asl maqsadi ayg‘oqchilik emas, do‘stona munosabat o‘rnatish ekanligiga ishonmay, undan tegishli hujjat so‘raydi. Polkovnik Stoddartda bunday hujjat yo‘q bo‘lgani uchun amir uni hibsga oladi. O‘z elchilarining Buxoroda tutib qolinishi Angliya hukumatini ularni ozod etishga urinishga majbur etadi. Ingliz hukumati oldin Xiva xoni vositasida, keyin Turkiya hukumati orqali Buxoro amiriga ta’sir etishga urinadi. Ammo, Buxoro amiri tomonidan talab qilingan hujjat kelavermagach, Stoddart zindonga tashlanadi. Bu xabarni eshitgan kapitan Konnoli Buxoroga jo‘naydi. Amir uni ham kerakli hujjati yo‘qligi uchun hibsga oladi. 1842 yilda ular josus sifatida qatl etiladilar.
Angliya-Turkiya bilan hamkorlikda O‘rta Osiyo davlatlarining harbiy ittifoqini vujudga keltirishga ko‘p urindi. Ayniqsa, Qrim urushida (1853-1856) Angliya O‘rta Osiyo xonliklariga, Afg‘oniston va Eronga o‘z odamlarini yuborib, bu mamlakatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish xarakatini kuchaytirdi. Ammo Turkiya ham, Angliya xam Rossiya xurujiga qarshi o‘zbek xonlari birligini vujudga keltirishni ta’minlashning uddasidan chiqa olmadi. Chunki, xonliklar o‘rtasida o‘zaro nizolar kuchli bo‘lib, ularning ildizi chuqur ketgan edi. Buning ustiga, Rossiya diplomatiyasi Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklarini bir-biriga qarshi gij-gijlab, o‘zining siyosatini izchillik bilan yuritar edi. Rossiya 1847 yilda Raim, 1848 yilda Kazalinsk istehkomlarini qurdi. Bu axvol Xivani tashvishga soldi. Xon o‘z noroziligini bildirib, elchilarini Peterburgga jo‘natdi. Xiva elchilarini rus amaldorlari bu istehkomlar savdoni yo‘lga qo‘yish va cho‘lda tinchlik o‘rnatish uchun qurildi, deb aldadilar. Xiva xoni bu istehkomlarni yo‘q qilishga harakat qildi, lekin Sirdaryo va Orolbo‘yidagi qozoqlar rus istehkomlaridagi qo‘shinlarni yo‘qotish xususidagi Xiva hukumatining maslahatlariga quloq solmadilar.
Rossiya imperiyasi hukmron doiralari Angliyaning Sharqqa nisbatan olib borayotgan siyosatining mohiyatini yaxshi anglaganlar. Xususan, 1857 yilning yanvar oyida podsho hukumati kengashida Angliyaning Osiyodagi siyosati masalasi muhokama qilindi.
Ushbu muhokamada ishtirok etgan ko‘pgina Rossiya imperiyasi davlat arboblari Angliyaning Osiyodagi mustamlakachilik faoliyatini cheklab qo‘yish tarafdori bo‘ldilar. Londondan olingan ma’lumotlar asosida Angliya Rossiyaga ikki tomondan - janubdan Fors ko‘rfazidan, sharqda Afg‘onistondan hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarni 1857 yil 18 fevralda yetkazdi.
Rossiya harbiy vazirligi vaziyatni zudlik bilan o‘rganish uchun “Rossiya bilan Angliyaning O‘rta Osiyoda to‘qnashuvi bo‘lishi ehtimoli” masalasida ma’lumotlar to‘pladi. Ushbu ma’lumotlarda keltirilishicha, Angliya Rossiyaga qarshi kurash yo‘lida faqat o‘z harbiy kuchlaridangina emas balki, musulmon xalqlaridan ham foydalanishi mumkin edi. Aynan shuning uchun ham podsho Rossiya ma’murlari O‘rta Osiyo xonliklarini bosib olishni yanada tezlashtirgan edilar.
O‘z navbatida, Angliyaning birinchi ingliz-afg‘on urushidagi mag‘lubiyati hamda Buxoro bilan munosabatining uzilib qolishi Rossiyaning faol harakatlari uchun yo‘l ochib berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |