Kurs ishning vazifalari: Kurs ishning mavzusidan kelib chiqib, quyidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishni belgilab oldik. Bular quyidagicha:
- Qadimgi Arabistonning tabiiy sharoiti va aholisi
- Qadimgi Arabistondagi islomgacha bo'lgan diniy e'tiqodlar
- Arabiston yarim orolidagi eng qadimgi jamiyatlar
- Janubiy Arabistondagi qadimgi davlatlar
Ushbu mavzu keng qamrovli bo'lib, bu yo'nalishda muammoning barcha jihatlarini yoritish da'vosidan yiroqmiz, muammoni yoritishda kurs ish hajmidagi ma'lumotlarni to'plab, shu asosda kichik ilmiy tadqiqot darajasida fikr yuritildi.
Kurs ishning tuzilishi: Kurs ish kirish, ikki bob, to'rt band, xulosa hamda foydalanilgan adabiyotlar ro'yxatidan iborat.
I.BOB. Qadimgi Arabiston xalqlari
I.1. QADIMGI ARABISTONNING TABIIY
ShAROITI VA AHOLISI
Arabiston yarim oroli Osiyo qit'asining janubi-g'arbida joylashgan. Tomonlari teng bo'lmagan to'rtburchakni tashkil qiluvchi bu yarim orolning shimolida Suriya-Mesopotamiya dashti, sharqida esa Fors ko'rfazi, janubida - Hind okeani va g'arbida Qizil dengiz bilan tutashadi. Yarim orolning uzunligi 2 ming km, eni esa 1,5 ming kilometrdan ziyodroq. Arab tilida u "Jazirat al-Arab", ya'ni "arab oroli" deb ataladi.
Qadimgi Arabiston Ossuriya matnlarida "arabi", Bobil matnlarida "matu arabi", qadimgi Eron manbalarida "araboye", va nihoyat, oromiy yozuvlarida "bet Arabaya" nomlari bilan atalgan3. Shuningdek, bu matnlarning mazmunidan tushunilishicha, ularda asosan Iroq bilan Suriyani ajratib turgan sahro, ya'ni Shimoliy Arabiston ko'zda tutilgan.
Qadimgi yunon-rim manbalariga ko'ra, Qadimgi Arabiston jo'g'rofiy jihatdan uch qismga bo'lingan:
1) Tog'li Arabiston (Agabia Retgaye) - Qizil dengizning shimoliy sohili va Sino yarim orolidan shimoli-sharqda joylashgan uchburchak shakldagi hudud;
2) Sahroviy Arabiston (Agabia Dezerta) - Suriya - Mesopotamiya dashti bilan chegaradosh bo'lgan va yarim orol ichkarisining bir qismini o'z ichiga olgan joylar;
3) "Saodatli Arabiston" (Agabia Felix) - yarim orolning yuqorida zikr qilingan ikki qismidan tashqari bo'lgan hududlar hisoblanadi. Shuningdek ta'kidlab aytish kerakki, yunon-rim mualliflari yarim orol ichki rayonlarining katta qismini o'rganmay turib, ularni "Saodatli Arabiston"ga qo'shganlar. Aslida bu yerlarning ko'pchiligi sahrolardan iborat. "Saodatli Arabiston"ni yarim orolning janubiy-g'arbiy qismi, ya'ni Yaman bilan cheklamok, darkor.
Qadimgi va o'rta asrlar davriga taalluqli bo'lgan aksariyat arab manbalarida Arabiston yarim orolining aholi yashaydigan qismi besh o'lkaga bo'lingan: bular, Yaman, Hijoz, Tihoma, Najd va Yamoma4.
Habashiston tomonidan esib turadigan mavsumiy shamollar Arabistonga yomg'ir keltirardi. Bundan shimoliy-sharqiy tog'lar bilan o'ralgan Yaman ko'proq naf ko'rardi. Shuning uchun ham Yaman qadimda ajoyib iqlimi, hosildor yerlari va boyligi bilan mashhur bo'lgan. Yamanning bu fazilatlari makedoniyalik Iskandarni ham qiziqtirgan. U Yamanni Hindiston yurishidan so'ng bosib olishga qaror qilgan, ammo uning to'satdan vafot qilganligi bu ishni amalga oshirishga imkon bermagan. Lekin ba'zi sharqshunoslar Yamanning boyligi va hosildorligi haqidagi qadimgi ma'lumotlarda mubolag'a bor, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, Yaman mollari deb hisoblangan ko'pgina mahsulotlarni arab va misrlik savdogarlar aslida Hindiston va Sharqiy Afrika qirg'oqlaridan keltirardilar va ular o'z savdo monopoliyalarini saqlash uchun bu haqiqatni o'z qo'shnilaridan sir tutganlar.
Arab manbalarida Hijoz o'lkasi sharqiy va g'arbiy Arabiston o'rtasida to'siq (arabcha - xojiz) bo'lganligi uchun shunday atalgan deyiladi. Hijozda ikki yirik qadimiy shahar mavjud: bular, Makka va Madina5 (Yasrib) shaharlaridir. Tarixchi olimlar Makkani dunyoning eng qadimgi shaharlaridan biri, deb hisoblaydilar. Yunonlarga bu shahar Makoraba nomi bilan ma'lum bo'lgan. Ba'zi sharqshunos olimlar Tavrotning "Borliq" kitobi 30-bobida zikr qilingan Mesha shahrini Makka bilan taqqoslaydilar. Makka haqidagi aniq tarixiy ma'lumot miloddan avvalgi V asrdan ma'lum: u Maqoraba nomi bilan Gerodot asarlarida, so'ngra milodning II asrida ana shu nom bilan Ptolomey asarlarida tilga olingan.
Qadimda Makkada ichishga yaroqli suv manbai bo'lmagan. Shuning uchun Makka aholisi yomg'ir suvlarini jamg'arish yoki boshqa hududlardan ichimlik suvini keltirishga majbur bo'lganlar. Ayni vaqtda Makka atrofidagi yerlar unumdorligi past bo'lganligi uchun makkaliklar oziq-ovqat mahsulotlarini ham boshqa joylardan keltirganlar. Har yili qish oylarida Yamanga va yoz oylarida Shomga (Suriya) muntazam uyushtiriladigan katta karvon safarlari dastlabki davrlarda faqat shu maqsadga xizmat qilgan. Keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari Makkada yiliga ikki marta - rajab va haj oylarida tarqatilardi6.
Madina (islomgacha bo'lgan davr Yasrib) ahamiyati jihatidan Makkadan keyingi o'rinda turgan. Tabiati xo'jalik uchun qulayligi, suvining mo'lligi bilan Yasrib Makkadan farq qilardi.
Tixoma - Sarot tog'i va Qizil dengiz orasida joylashgan past-tekislikdir. Keng ma'noda arablar o'ta issiq va nosog'lom iqlimli qirg'oq bo'yidagi hududlarni Tixoma (ko'pligi taxoim) deb ataganlar. Aniqroq ifodalash kerak bo'lganda ular Hijoz Tixomasini Yaman Tixomasidan farq qilganlar.
Najd - Hijozdan Fors ko'rfazi tomon cho'zilgan, dengiz sathidan o'rtacha 600-700 metr baland yassi tog'likdir. Qadim zamonlarda Najd o'zining ajoyib yaylovlari va a'lo sifatli otlari bilan mashhur bo'lgan.
Najddan sharqda Fors ko'rfazining g'arbiy sohili bo'ylab cho'zilgan qirg'oq rayonini (Bahrayn bilan birga) o'rta asr arab geograflari Yemoma deb ataganlar. Boshqacha aytganda al-Ahso nomi bilan ma'lum bo'lgan bu rayon qadimgi zamon oxirlarida, aytishlaricha, arablarning donga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirgan. Umuman olganda, yer yuzining tuzilishiga ko'ra, Arabiston g'arbdan-sharqqa og'ib turgan yassi tog'likni tashkil qiladi.
Mutaxassislar keyingi bir necha ming yilliklar davomida Sharqiy Arabiston sohillarining dengiz sathidan sezilarli darajada ko'tarilganini qayd kilmoqdalar. Bu holat, albatta, Arabiston relefiga ta'sir qilmay qolmagan. Ma'lumotlarga qaraganda, al-Ahso rayonida ikki yoki uchta katta ko'l mavjud bo'lgan. Hozirgi kunda esa shu yerlar katta-katta sho'rxok pastliklardan iborat. Geologlarning fikricha, bu maydonlar eramizning boshlarida iqlim o'zgarishi natijasida paydo bo'lgan.
Arabiston relefiga o'ziga xos xususiyat beruvchi narsalardan biri yarim orolni har xil yo'nalishlarda kesib o'tgan ko'p sonli katta-kichik soylardir. Eng yirik va mashhur soylardan shimoliy-sharqiy yo'nalishga ega bo'lgan Vodi Rumma va Vodi Davosirni ko'rsatish mumkin. Vodi Rummaning umumiy uzunligi 950 kilometrni tashkil qilib, u Madina yaqinidan to Basragacha cho'zilgan. Vodi Davosir soyi ikki vodiydan boshlangan: biri Makka yaqinidan, ikkinchisi - Yamanning shimolidan. So'ng bu ikki vodiy birlashib, shimoliy-sharqiy yo'nalishda Fors ko'rfazi sohiligacha boradi. Suriya sahrosini ikki soy g'arbdan-sharqqa bo'lgan yo'nalishda to Frot daryosigacha kesib o'tadi. Bular - Vodi Sarhon va Vodi Havron. Bundan tashqari Arabistonning har xil rayonlarida yuzlab mayda soylar uchraydi. Hozirgi kunda quruq o'zandan iborat bu soylar uzoq geologik o'tmishda daryo va iqlimlarni tashkil qilgan, degan fikrlar mavjud. Johiliya davrida quruq soylardan karvon yo'llari sifatida foydalanilgan.
"Sahro" nomi o'rnashib qolgan Arabiston rayonlarini uch turga bo'lish mumkin: 1) dahna; 2) nefud; 3) harra7. Maydoni jihatidan hozirgi Frantsiyadan ikki baravar katta bo'lgan Dahna sahrosi Najddan Hadramavtgacha va Yamandan Ummongacha cho'zilgan yerda joylashgan. Shunday katta maydonda bir qatra ham suv topilmaydi. Ammo mavsumiy yomg'irlardan so'ng yer yuzida ko'm-ko'k maysa paydo bo'lib, ko'chmanchi badaviylar o'z podalari bilan 3-4 oy mobaynida bu yerlarda istiqomat qilganlar. Jazirama issiq kunlari boshlanishi bilan ular yana azaliy yurtlariga - sahro bilan chegaradosh vodiylarga qaytib ketganlar.
Nefud sahrosi Timo vohasidan boshlanib, Sharq tomonga 450 km va shimolda Jauf vohasidan Jabal Shammargacha 250 km. ga cho'zilgan. Seryomg'ir qishlardan so'ng Nefud chorvadorlar uchun haqiqiy "jannat"ga aylanadi, hammayoqni ko'm-ko'k maysa va chaman lolalar bosib ketgan. Ammo bu jannatning umri qisqa - atigi bir necha haftagina davom etgan. Aprel oylaridan boshlab sharq va janubdan issiq shamol esgan. Yoz oylari esadigan qaynoq shamollar yer yuzidagi har qanday nabototni kuydirib tashlagan va Nefud bir necha oylarga yana "jahannam"ga aylangan.
Arabiston sahrolarining uchinchi turi harralar - xuddi yong'indan so'ng qoladigan qop-qora toshlar yoyilib yotgan yerlardir. Bunday yerlar uzoq o'tmishda (erotsen va pliotsen davrida) vulqon otilishlari natijasida yuzaga kelgan. Harralar Arabistonning ko'p rayonlarida uchraydi. Ularning soni 40 taga yaqin. Madina shahri ikkita harra o'rtasida joylashgan. Johiliya she'riyatida vulqonlarga ishora bo'lsa-da, bironta vulqon otilishi haqida bevosita mahalliy ma'lumot bizgacha yetib kelmagan. Arab tarixiy adabiyotlarida qayd qilingan oxirgi vulqon otilishi 1256 yili Madinadan sharqroqda yuz bergan. Asir, Hijoz, Yaman, Hadramavt, O'mon, al-Ahso, al-Hufuf8 va boshqa joylarda oltingugurtga boy qaynoq buloqlar mavjud. Bu ham o'tmishda yuz bergan yer osti o'zgarishlarining natijasidir.
Arabistonda tog' va daralar ham ko'p uchraydi. Sarot tog' tizmasi Arabistonning umurtqasini tashkil qiladi, deyish mumkin. U yarim orolni ikki qismga g'arbiy va sharqiy qismlarga bo'lib turadi. Shimolda Sarot tog'lari Shom tog'larigacha, janubda esa Yaman tog'lariga ulanib ketadi. Arabistonning eng baland tog'lari O'mondagi Jabal Axdar bo'lib, uning balandligi 3000 metrga yetadi. Umuman uncha baland bo'lmagan yassi tog'likdan iborat Najdda Aja va Salma tog'lari ajralib turadi-ki, bu yerlarda Johiliya davrida shuhrat qozongan Tayy qabilasi (Hotam Toyi shu qabiladan) yashagan.
Iqlimi jihatidan Arabiston subtropik zonaga kiradi. Odatda bunday iqlim zonasida fasllar bir-biridan ajralib turadi va bir oydan to'rt oygacha o'rtacha harorat +20°dan past keladi. Faqat Hind okeani sohili tropik zonaga kirib, bu yerlarda o'rtacha harorat hech qachon +20°dan kamaymaydi.
Arabistonning eng issiq rayonlari O'mon va Mosqat hisoblanadi. Mosqatda ochiq joyda maksimal harorat 87°ga yetadi va hatto tunda ham 42° dan pastga tushmaydi. Arabistonning eng sovuq joylari esa O'lik dengizidan sharqroqdadir. Bu yerda dekabr va yanvar oylarida harorat uzoq vaqt 0 dan pastda turadi, bir necha kunlab qor yoqqach, manzara shimoliy kengliklardan farq qilmay qoladi.
Qor Arabiston uchun nodir va noxush narsa bo'lsa (arab tilida umuman "qor" so'zi yo'k, uni ifodalaydigan "salj" so'zi aslida "muz" ma'nosini anglatadi), yomg'ir qadim zamonlardan ezgu hisoblangan. Qadimgi arablar uzoq vaqt yomg'ir yog'magan kezlari qurbonliklar qilib, "salot istisqo" (yomg'ir so'rash) namozini o'qiganlar9. Ammo boshqa subtropik iqlimlar kabi Arabistonda ham onda-sonda keladigan yomg'ir shiddat bilan yog'adi. U bir zumda selga aylanib, kuruq soylar uzra to'lib oqadi. Kutilmaganda boshlangan bunday yomg'irlar ko'pincha badaviylarga ko'plab talafotlar keltirgan.
Arabiston yarim orolini arablarsiz tasavvur qilish qiyin. Ammo aksiomadek tuyulgan bu fikr boshqa murakkab masalalar bilan bog'liqki, ularning ba'zilariga javob berishga hali fan ojizlik qiladi.
Hozirgi zamon tilshunosligida an'anaviy "somiy-homiy tillari" o'rniga ko'proq "afro-osiyo tillari oilasi"10 tushunchasi ishlatilmoqda. Afro-osiyo tillari oilasi dastlab qayerda shakllanganligi masalasi muammodir. Bu hakda juda ko'p bahsli fikrlar mavjud.
Bir guruh olimlar afro-osiyo tillari oilasi Shimoliy Afrikada aniqrog'i, Saxarada uzoq o'tmishda u yashash uchun qulay bo'lgan paytlarda shakllangan, deb hisoblamoqdalar. Ularning fikricha miloddan avvalgi IV ming yillikda iqlim o'zgarishlari natijasida Saxara aholisi ikki yo'nalishda ko'chib ketgan: biri - shimoliy-sharqqa, Nil vodiysi va undan o'tib, Osiyoga; ikkinchisi - janubi-sharqqa, Sudan va Efiopiyaga. Keyinchalik afro-osiyo tillari oilasi somiy, qadimgi Misr, barbarliviy, chad, kushiy va omot singari oltita mustaqil shohobchani tashkil qildi11.
Afro-osiyo tillari oilasidan eng keng tarqalgani somiy tillaridir. XX asrgacha ko'pchilik Tavrot rivoyatiga tayangan holda somiylarning ilk vatani - hozirgi Iroq deb hisoblab keldi. Tavrotning "Borliq" kitobi VIII bobida keltirilgan bu rivoyatning qisqacha mazmuni shundan iboratki, xudolar tomonidan bo'lajak to'fon xususida ogohlantirilgan payg'ambar Nuh uch o'g'li bilan oldindan tayyorlangan qayiqda jon saqlab qoladilar. To'fon ularni qayig'i bilan Ararat tog'iga uloqtirib yuboradi. Suv qaytgach, u yerdan Nuhning o'g'illari uch tarafga tarqab ketadilar: Yofas - sharqqa, Xom - g'arbga, Som esa janubga yo'l oladilar. Tavrot rivoyati bu masalada ham boshqa hollardagi kabi shu kitob bunyodga kelgan davrdagi mavjud voqelik, ya'ni somiy, xomiy, yafetik (turkiy) xalqlarning yashab turgan joylariga ishora qiladi. Keyingi paytlarda somiy tillari guruhining va umuman afro-osiyo tillari oilasining ilk vatani - Arabiston yarim oroli, deb hisoblash ustun kelmoqda.
Arablar somiy xalqlar majmuasiga mansubdirlar. Somiy tillari aslida to'rt katta turkumni tashkil qiladi: 1) shimoliy-sharqiy - qadimgi Bobil va Ossuriya lahjalarini o'z ichiga olgan Aqqod tili; bu tilda miloddan avvalgi III ming yillikning o'rtalaridan miloddan avvalgi I ming yillik oxirlarigacha yozilgan manbalar mavjud; 2) shimoliy-g'arbiy-xanaan (amorey, ugarit, finiqiy, qadimgi yahudiy, moav) va oromey tillari; 3) arab tili; 4) arab-habash tili12.
"Arab tili" va "arablar" tushunchalari nisbatan kech, asosan miloddan keyin paydo bo'lgan. Ammo mutaxassislar Arabiston yarim orolida eramizdan bir necha ming yil avval aholi yashab kelgan, deb hisoblaydilar. Arab tarixiy adabiyotida "somiy ko'chishlari" degan tushuncha mavjud bo'lib, unga ko'ra, go'yoki Arabistonda aholining tabiiy o'sishi qadim zamonlarda shunchalik yuqori nisbatda bo'lganki, taxminan har ming yilda yarim oroldan tashqari rayonlarga somiy xalqlarining katta ko'chishi yuz berib turgan.
Arabiston yarim oroli bir necha ming yil avval pleystotsen asrida qadimgi dunyoning o'rmon-dasht, ya'ni aholi yashash uchun eng qulay zonasiga kirgan va keyinchalik neolit asrida sekin-asta yarim orolning tabiiy sharoitida sezilarli o'zgarishlar yuz bergan bo'lishi mumkin. Ammo "somiy ko'chish"lariga qadimgi dunyo uchun urf bo'lgan, muayyan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar taqozo qilgan boshqa xalqlarning ko'chishlariga o'xshash jarayon sifatida qaramoq kerak. Shuningdek, bu jarayon bir tomonlama, ya'ni faqat yarim oroldan uning tashqarisiga yo'nalgan bo'lmay, ba'zida aksincha, tashqaridan yarim orol ichkarisiga qaragan bo'lishi ham mumkin.
Arab tarixchilari qadimgi Arabiston aholisini ikki katta guruhga bo'ladilar: islomdan oldin yo'q bo'lib ketgan arablar (arab boida) va islomdan keyin saqlanib qolgan arablar (arab boqiya). Ikkinchi guruhni odatda yana ikki qismga ajratadilar: a) janubiy yoki "asl" arablar (arab oriba), b) shimoliy arablar (arab musta'riba)13.
Yo'q bo'lib ketgan arab qabilalarining bir nechasi, jumladan, Od, Samud, Mad'yan Qur'onda zikr qilingan, Sharqshunos olimlarning ba'zilari bu aholi guruhini hisobga olmaydilar va ular haqidagi ma'lumotlarni arab mifologiyasi bobidan deb qaraydilar. Od, Samud singari qabilalar Tavrotda zikr qilinmaganini ularning tarixiy emasligiga dalil qiladilar. Od, Samud II asrdan so'ng, balki islom vujudga kelish arafasida yashagan qabilalar bo'lishi kerak. Bundan tashqari ichki Arabiston qabilalari haqida Tavrot mualliflari ma'lumotga ega bo'lmagan bo'lishlari mumkin. Bunga shu ham dalil bo'la oladiki, Qur'ondan tashqari Tarafa, An-Nobika, Zuhayr, Tu-fayl bin Auf, Mutammim bin Nuvayra, Umayya bin Abu Salt kabi Johiliya shoirlarining she'rlarida Od qabilasi tilga olingan. Islom arafasida Od haqidagi gaplar arablar o'rtasida keng tarqalgan.
O'sha paytda Od asli qabila nomi bo'lsa-da, turdosh ma'noda "qadimiy", "ko'hna" tushunchalarini ham anglatgan. Masalan, o'zlariga noma'lum tilda toshga o'yiltan yozuvni ko'rsalar, arablar bu "odiy", ya'ni Od zamonidan qolgan, qadimiy narsa, deganlar. Qadimgi binoga qarab "odiy" bino deydilar. Hozirgi zamon arab tilida ham shu so'zning ko'plik shakli "odiyot" - qadimgi yodgorliklar ma'nosini anglatadi14.
Qur'onning "Ankabut" surasi 38-oyatida shunday deyilgan: "Va Odan va Samudan va qad tabayyana lakum min masakinihim..." va Odni va Samudni (halok qildik); va bu ularning xarob bo'lgan maskanlaridan (turgan joylaridan) degan ma'noni anglatadi. Yoki Fajr surasi 9-oyatda deyilgan: "Va Samud alla-ziyna jobu-s-saxra bil-Vod" (Va Vodiga xarsang tosh keltirgan Samudlar). Mufassirlar "Jobu-s-saxra" iborasini "tog'ni kesib, g'or yasaganlar", deb tafsir qiladilar. "Vodi" so'zini ular "Vodi al-Qura" deb sharhlaydilar. Vodi al-Qura - Hijozdan Shomga boradigan yo'lda, hozirgi Iordaniyaning janubida joylashgan. Keyingi davrlarda aynan mana shu yerlardan 500 dan ortiq samudiy yozuvlari topilib, ammo olimlar hali ularni o'qib, tarjima qilishga erishganlari yo'q. Lekin o'sha atrofdan topilgan samudlar ibodatxonasi xarobalarida yozilgan lavha o'qilganda, bu milodning I-III asrlarida bino qilinganligi hamda samudlar o'z xudosini Alloh nomi bilan ataganlari ma'lum bo'ldi. Nihoyat, ba'zi mutaxassislar Samud qabilasi vulqon otilishi yoki kuchli zilzila singari fojia natijasida qirilib ketgan bo'lishi mumkin, deb faraz qilmoqdalar.
Asl arablar (arab oriba) atamasiga kelsak, bu o'rinda janubiy arablar, qadimgi Yaman aholisi yoki boshqachasiga aytganda, qahtoniylar ko'zda tutiladi. Qanday bo'lganda ham miloddan avval ikki ming yil davomida Yamanda nisbatan yuqori madaniyat vujudga kelganki, antik mualliflar Yamanni "Saodatli Arabiston"15 deb bejizga aytmaganlar. Ma'lumki, milodiy VII-VIII asrlarda dastlab ummaviylar, so'ng abbosiylar xalifaligi davrida shimoliy va janubiy arablar o'rtasida ziddiyat - markaziy hokimiyat uchun kurash kuchayib ketadi. Shunday vaziyatda janubga mansub bo'lgan mualliflar tomonidan Yamanning uzoq o'tmishi ko'pincha asossiz ravishda bo'rttirib ko'rsatilgan, o'ziga xos afsonaviy tarix yaratilganki, ilmiy adabiyotda bu qahtoniylar an'anasi degan nomni olgan.
Qahtoniylar o'zlarini asl arablar, shimoliylarni esa, arablashgan, noasl arablar deb hisoblaganlar. Arab geneologlari (nasabchilari) shimoliy arablarni payg'ambar Ibrohimning o'g'li Ismoildan tarqalgan, deb hisoblaydilar. Ismoil haqidagi arab rivoyatlariga ko'ra, Ibrohim misrlik joriya Hojar va undan tug'ilgan Ismoilni u paytda dashtu biyobon bo'lgan Makkaga olib keladi. Zam-zam suvi tufayli ular jon saqlab qoladilar. Ismoil ulg'aygach, Makka yaqinida o'rnashib qolgan Jurhum qabilasidan bir qizga uylanadi va ulardan 12 farzand tug'iladi. Shu zaylda go'yo shimoliy arablar nasabi boshlangan.
Qadimgi Misr manbalarida Ibrohim va Hojar tilga olinmagan. Yuqoridagilardan qat'i nazar, qadimgi arablar darhaqiqat ikki katta guruhga - janubiy va shimoliy arablar guruhiga bo'linganliklarini qayd qilmoq lozim. Ularning hayot tarzi va tashqi qiyofasi o'rtasida yaqqol ko'zga tashlangan farqlar bor. Birinchidan, janubiy arablar, asosan, shaharlarda, ko'proq o'troq hayot kechirganlar, shimoliylari, aksincha, nisbatan ko'chmanchi tarzda yashaganlar. Ikkinchidan, janubiy arablarning tili va yozuvi keyinchalik arab adabiy tiliga asos bo'lgan shimoliy arablarning tilidan va yozuvidan farq qilgan. Uchinchidan, shimol aholisi toshdan yo'nilgan sanamlarga sajda qilgan bo'lsa, janubiy arablar ko'proq samoviy jismlarga sig'inganlar. To'rtinchidan, antropologik jihatdan shimoliy arablar O'rta dengiz havzasida yashagan aholi singari uzun boshli bo'lsalar, janubiy arablar kalta bosh, keng dahan, burgut burundir. Beshinchidan, irqiy jihatdan janubiy arablar ko'proq efiopiyalik yoki somaliylarga o'xshash qora tanli, shimoliy arablar esa, kichik osiyoliklar singari sariq-mag'iz rangda bo'lganlar. Nihoyat, oltinchidan, janubiy arablar shimoliylarga qaraganda qadimiyroq madaniyatni vujudga keltirganlar16.
Turmush tarziga ko'ra ko'chmanchi yoki o'troq hayot kechirgan arablarni doimo ham aniq-ravshan ikki qismga bo'laverish mumkin emas. Chunki bir tomondan, ko'pgina arab jamoalari yarim ko'chmanchi, yarim o'troq hayot kechirsa, ayni paytda shaharda birmuncha muddatdan beri yashayotgan ilgarigi ko'chmanchilar ancha vaqtgacha badaviylik xislatlarini tark etmasdilar. Arab badaviylari lo'lilar singari joydan-joyga ko'chishni kasb qilmaganlar. Ular ma'lum chegaralarda, faqat mavjud yaylovlarga, muayyan mavsumlarda ko'char edilar va mavsum oxirigacha muqim hayot kechirardilar.
Badaviylar bilan shahar aholisi o'rtasida g'aroyib munosabat mavjud edi. Badaviy tabiatan ko'p ne'matlardan mahrum bo'lgani uchun shahar aholisini talashga o'zini haqli deb bilardi. Bunday chora qo'qqisdan qilingan hujum (g'orat) tusida amalga oshirilsa-da, aslida kelishuvchilik (muqoyada) yo'li bilan hal bo'lardi. Ko'chmanchi arablar o'zlarini doimo shahar aholisidan yuqori qo'yardilar. Ularning nazarida shaharliklar qanchalik to'q bo'lmasinlar, nochor edilar. Badaviy qonining tozaligi, tilining ravonligi, shoirligi, qilichi, oti (ko'proq tuyasi) va eng muhimi nasabi bilan faxrlanardi.
Badaviylarning tashqi qiyofasida sahroning asari yaqqol ko'rinib turardi. Uning kundalik ovqati xurmo, sut yoki suvda qorilgan ataladan (sarid) nari o'tmasdi. U egniga qishin-yozin to'piqqacha yetadigan uzun ko'ylak kiyadi. Oyok kiyimini deyarli bilmaydi. Eng asosiy fazilati - chidamlilik, eng og'ir sharoitda ham taqdirga tan bermay, undan qutulish chorasini qidiradi.
Badaviylarning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli doimo g'azot qilishni taqozo qilardi. G'azot go'yo sport o'yinidek bo'lib qolgandi. Bu "o'yin"ning qoidalari asosan qon to'kmaslikni ko'zda tutardi. Chunki qadim-qadim zamonlardan boshqa somiy xalqlari singari arablarda ham qasos (qonga-qon, jonga-jon) tamoyili hukm surib kelardi. Bu tamoyilga ko'ra, qon to'kilgan taqdirda qasos ham faqat qonli bo'lmog'i lozim edi. Bora-bora arablar qonli qasosni xun bilan almashtirdilar. G'azot yo zaif qo'shni badaviy qabilasiga, yoxud shahar o'troq aholisiga qarshi uyushtirilardi. G'azotdan qutulishning yo'li bor edi - uning uchun kuchliroq qo'shni qabilaga xuvva (birodarlik haqi) to'lash kerak edi.
Suv va yaylovlar uchun kurash g'azotni taqozo qilgan bo'lsa, og'ir tabiiy sharoit oldidagi ojizlik badaviylarda o'zaro mushtaraklik, mehmondo'stlik hissini tug'dirardi. Birorta boshpana topish amri-mahol bo'lgan sahro sharoitida kutilmagan mehmonni qabul qilmaslik badaviy uchun or edi.
Badaviylar hech qachon dinga katta ahamiyat bermagan. Samoviy dinlarning barchasi vodiy va vohalarda barpo bo'lgan. Qumli sahrolarda kuchli din vujudga kelishi uchun "sharoit" bo'lmagan. Hatto islom Arabiston yarim orolida to'la g'alaba qilgan paytlarda ham badaviylar dinga sidqidil bo'lmaganlar. Qur'onning Tavba surasining 97-oyati shu haqidadir: "Al a'robu ashad-du kafran va nifoqan" - A'roblar (ko'chmanchi arablar) eng ashaddiy kofirlar va munofiqlardir". Bu oyatning paydo bo'lishiga sabab -ilk islom davrida ko'pgina badaviy arab qabilalari payg'ambarga dilda emas, faqat tilda bo'ysungan edilar.
Nihoyat, badaviylarga xos yana bir xislatni ko'rsatmoq kerak. Bu - "asabiya" deb atalmish badaviylarning ruhi. "Asabiya" har bir badaviydan o'z hamqabilasiga nisbatan o'ta vafodorlikni talab qilardi. Keyinchalik arab istilolari paytida bu ruhning katta ahamiyat kasb qilganini ko'rish mumkin.
Qadimgi Arabistonning xarakterli xususiyatlaridan biri - badaviylar ham, shahar aholisi ham urug' va qabilalardan tashkil topganida. Qabila - aksariyat hollarda bir mintaqada yashaydigan va ehtiyoj yuzasidan boshqa joyga birgalikda ko'chadigan jamoadir. Ularni bir qilib turadigan omillar ko'p. Shulardan biri - qondoshlikdir. Xun to'lash yoki qotilning qonini talab qilish paytida qabilaning barcha a'zosi qatnashishi shart bo'lgan. Bu - qabilaning kuchli yoki kuchsiz ekanligini namoyish qilardi.
Qabila bir ajdodga mansub bo'lgan asl a'zolardan va ittifoqda (hilf) bo'lgan, ya'ni himoya istab kirgan a'zolardan tashkil topardi. Halif (ittifoqdosh) yakka shaxs yoki o'z xavfsizligini ta'minlashga qodir bo'lmagan butun bir qabila bo'lishi mumkin edi17.
Agar qabila ichida biror kishi qotillik qilib qo'ysa, uni hech kim o'z himoyasiga olmasdi. Qabiladan qochsa, tarid, ya'ni haydalgan hisoblanardi. Qabiladan haydalish badaviy uchun eng og'ir musibat edi. Bunday shaxs Arabiston sharoitida uzoq vaqt tanho qolishi amri mahol bo'lib, albatta biror boshqa qabilaning himoyasiga o'tmog'i lozim edi. Buning uchun u boshqa qabilaning vakili bilan qondoshlashardi. Gerodot o'zining kitobida shunday shaxs boshqa kishining bir necha tomchi qonini so'rganini tasvirlagan. Begona kishi panoh istab boshqa qabilaga kirsa, daxil nomini olardi. Qabilaga qabul qilinganlar asl a'zolar singari hamma majburiyatlarni ado qilmoqlari lozim edi. Qotillik boshqa qabila yerida sodir bo'lsa, qotilning qabilasi o'ziga qasos chegarasini belgilab olar, zero qabilaning har bir a'zosi qasosga yo'liqishi mumkin edi. Qasos adovati 40 yilgacha davom etgan.
Qabilada urug'lar ko'payib ketsa, u bo'linishi mumkin edi. Bunday holatlarda umumiy nasab o'tmish xotiralari bo'lib qolardi. Aksincha, bir necha qabila o'zaro hamkorlik va umumiy dushmanga qarshi ittifoq maqsadida birlashishi hollari ham ko'p bo'lgan. Tayy, G'atafon, Tag'lib shu taqlidda vujudga kelgan shimoliy arab qabila ittifoqlari edi. Qabila - qavmlardan (batn), qavm - urug'lardan (faxz), urug'lar esa oilalardan tarkib topgandi18.
Er-xotin va avlodlardan iborat oila qabilaning eng kichik bo'g'ini edi. Ayollar nisbatan erkin bo'lgan. Bunga misol - arab she'riyatida ko'p uchraydigan faqat ota emas, balki ona nasabi bilan ham faxrlanish, qavmni madh qiluvchi qasidaning boshida ayolni vasf qilish va hokazo. Yangi tug'ilgan qizaloqni tiriklayin ko'mish kabi qabih odat (vad) ham bo'lgan. Ammo bu narsa barcha arab qabilalarida emas, balki Asad va Tamim singari ayrim qabilalardagina yuz bergan.
Oila va urug'ning nufuzi erkaklar bilan bog'liq bo'lgani uchun ota-o'g'il, aka-uka va amakivachchalar munosabati mahkam bo'lgan. Bir oila yoki urug' a'zolari haq-nohaqlikdan qati nazar bir-birlarini qo'llab-quvvatlamoqlari shart bo'lgan. Aks holda or hisoblanardi. Shunday ibora bor edi: "Og'a-iningni zolim bo'lsa ham, mazlum bo'lsa ham, yonini ol!". Bunday hol bir xil qabilalarni mustahkamlashga xizmat qilgan bo'lsa-da, ob'ektiv ravishda boshqa qabilalarni bir-biridan uzoqlashtirar, ular o'rtasiga adovat solardi. Har bir qabilaning boshlig'i shayx yoki sayyid deb atalardi. Bunday boshliq muayyan sifatlarga ega bo'lmog'i lozim edi.
Qabila shayxi qaysi urug'dan bo'lsa, o'sha urug' eng nufuzli hisoblanardi. Ammo qabila a'zolarining ko'pchiligini qoniqtirmasa, shayxlik boshqa urug' vakiliga o'tmog'i lozim edi. Qabila boshlig'ining obro'-e'tibori uning shaxsiy fazilatlari, nasabi, boyligi, axloqi va tajribasi bilan bog'liq edi. Urush paytida u qo'mondonlik qilardi. Qabila a'zolarini ko'chirish yoki joylashtirish uning amri bilan bo'lardi. Ayni vaqtda har bir qabila a'zosi shayxning ismini atab, hech qanday mulozamatsiz va takallufsiz murojaat qila olar, u bilan bahslashar, hatto hak bo'lsa, o'z fikrini o'tkazardi ham.
Ba'zida qabila boshlig'ini ulug'lash uchun "amir" va hatto "malik" ham deb atashgan. Ammo u hech qachon mutlaq hokimiyatga ega bo'lmagan. Aksincha, doimo qabila boshlig'ining hukmi jamoa nazorati ostida bo'lgan. Bu vazifani odatda "mashyaxa" yoki "majlis" ado etgan. Qabila majlisi e'tiborli kishilardan tashkil topardi. Shunday kishilardan biri qabila shoiridir. Dushman bilan kurashda shoirning so'zi qilichdan ham qaqshatqich, nayzadan ham o'tkir ta'sir kuchiga ega edi. Shoirlik - kamolot cho'qqisi hisoblanib, mashhur shoirlar odatda "Komil" unvoniga sazovor bo'lardilar.
Qabilalar o'rtasidagi munozaralar "xatiblar" tomonidan, bir qabila a'zolari o'rtasidagi nizolar esa, "hakamlar" tomonidan hal qilinardi. Har bir qabilada bir yoki bir necha hakam bo'lishi mumkin edi. Majlisga mashhur chavandozlar, kohinlar, arroflar (folbin) va qassos (baxshi)lar ham a'zo edilar. Bundan tashqari urug' boshliqlari va qabilada yoshi ulug'lar o'z-o'zidan majlis a'zolari hisoblanardilar19.
Qabila majlisi muayyan yig'ilish kunlariga ega bo'lmasa-da, odatda kechqurunlari qabila boshlig'i mehmon bo'lib turgan joyda zarurat tug'ilib qolsa, chaqirilardi. Bunday majlislar juda jonli o'tardi: xatiblar nutq so'zlashar, shoirlar yangi qasidalarini o'qir, hakamlar hukmlarini e'lon qilardilar. Bundan tashqari urush, tinchlik, mojarolar va xun to'lash haqida qarorlar shunday majlislarda qabul qilinib, ularni ado etish har bir qabila a'zosi uchun majburiy edi.
Qabila boshlig'ining hokimiyati o'z avlodiga meros bo'lishi shart emasdi. Shuning uchun 2-3 avloddan ortik, shayxlik qilingan holatlar kam uchraydi. Shayx qabila a'zolariga nisbatan saxovatli bo'lmog'i, qabila xarajatlarining katta qismini o'z gardaniga olmog'i lozim edi. Bunday "saxovat"ning manbai bor edi, albatta. Qabila qo'liga tushgan o'ljaning to'rtdan biri (mirbo), u o'lja taqsimlanmasdan oldin ajratiladigan qism (safoyo), o'ljaning bo'linmas qismi (fudul) va dushman bilan bevosita to'qnashmasdan olingan foyda (nashita)lar shayx ixtiyoriga o'tardi.
Har bir qabilaning siyosiy jihatdan barqarorligi tinch davrlarga qaraganda ko'proq urush paytlarida yaqqol ko'zga tashlanardi. Odatda katta masofalarda tarqalib yashovchi qabilaning urug'lari urush holatida bir joyga to'planardilar. Bunday urush qo'qqisdan boshlanib ketishi mumkin bo'lgani uchun har bir qabila doimo unga tayyor turmog'i lozim edi.
Har xil qabilaning ikki a'zosi o'rtasida chiqqan nizo amalda ikkala qabila o'rtasida urushga olib kelardi. Arab adabiyotida "ayyom al-arab" deb nom olgan bunday urushlar juda ko'p bo'lgan. Ulardan eng mashhurlari "Dohis" urushi (Abs va Zubyon qabilalari o'rtasida), "Fijor" urushi (Quraysh va Havozin o'rtasida), Bassus urushi (Bakr va Tag'lib o'rtasida), Bios kuni (Avs va Xazraj o'rtasida) va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |