Neolit jamoalarining ma’naviy madaniyati - qoyatosh rasmlari, aholi diniy e’tiqodi, qabrlar, etnik birikmalar, antropologik tiplar.
Neolit jamoalari ma’naviy madaniyati borasida qimmatli ma’lumotlar beruvchi qoyatosh rasmlari yodgorliklari ham juda ko‘plab topilgan. Keyingi yillarda bu borada qiziqarli tadqiqot ishlari amalga oshirilib, yangidan-yangi yodgorliklar kashf etilmoqda.
Bu turdagi yodgorliklar ichida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo miqyosida ilmiy jihatdan ahamiyatlisi Zarautsoy darasidan topilgan qoyatosh suratlari hisoblanadi. Zarautsoy yodgorligi mamlakatimizning janubiy tomonida joylashgan yodgorlik bo‘lib, qoyatoshdagi tasvirlar mezolit, neolit davrlar va undan keyingi tarixiy taraqqiyot bosqichlariga tegishli. Ibtidoiy odamlar, odatda, suratlar chizish uchun keng, tekis sathli qoyatoshlarni tanlashgan. Tasvirlar asosan ov jarayoni bilan bog‘liq holda chizilgan. Suratlarda odamlarning itlar yordamida buqa, jayron, to‘ng‘iz, taka, arxar kabi yovvoyi hayvonlarni ov qilishi ifoda etilgan. Tasvirlardan ovchilarning kamon, nayza, bolta, extimol bumerang kabi ov qurollari bo‘lganligini bilib olishimiz mumkin. Tasvirlarda nafaqat hayvonlar, balki odamlar rasmlari ham ko‘plab uchraydi. Hattoki, jarohatlangan odamlar tasvirlari bor. Ulardan odamlar to‘dasi ov o‘ljasi uchun o‘zaro qurolli to‘qnashuvlar qilishganliklari haqida fikr yuritish mumkin. Zarautsoy qoyatosh suratlari tarkibida yanada qiziqarli bo‘lgan tasvirlar-niqob kiygan odamlarning rasmlari mavjud. Niqoblar keng konussimon yopqichlar va tuyaqush ko‘rinishiga ega bo‘lgan. YAqin yillar tadqiqotida Zarautsoy qoyatosh rasmlarining yangi talqinida kompozitsion tasvirlar orasida motiga ushlab turgan odam tasviri mavjudligi aniqlanib, shu asosda yodgorlik tegishli davr odamlarining ziroatchilik xo‘jaligi haqida fikrlari keltirilgan. Hayvonlar va qushlar ko‘rinishidagi niqoblar kiyib olgan odamlar tasvirlari bo‘lgan qoyatosh suratlari Markaziy Osiyoning boshqa hududlaridan, xususan, Tojikistondagi SHaxta g‘ori va Qizilqum ichki hududlarida joylashgan Qirbukan daralarida topilgan. YAqin yillarda A.N.Xolmatov tomonidan SHimoliy-SHarqiy Nurota tog‘ tizmasining yon bag‘irlaridagi soylar daralaridan turkum qoyatosh rasmlarining tadqiqoti amalga oshirildi. Xususan, 2010-2017 yillarda CHorbog‘soy, Ilonbuloqsoy, Quduqchasoy, Beklarsoy, Tomchisoy, G‘oldirotasoy, Boshbuloq, Zobota, SHahidsoy, Toshqo‘rg‘on, Biybuloqsoy, Potlomasoy, Sulluklisoy, Olmalisoy, Oqchopsoy, Arxarpo‘shsoy, Noqisoy kabi dara va soylarning yon qayirlarida ko‘plab yangi qoyatosh rasmlari aniqlanib, xaritaga olindi va birinchi marotaba fanga kiritildi.
Mezolit, neolit davri tasviriy san’atiga xos bo‘lgan umumiylikdan tashqari, qoyatosh suratlari bir-birlaridan manzaraning naqadar tabiiyligi, yuksak badiiy mahorat bilan bajarilganligi jihatidan ham farq qiladi. Hayotiy jarayonni oddiy elementlarigacha ko‘rsatishiga intilish kuchli bo‘lganligidan petrogliflarning qadimgi aholi turmush tarzi, xo‘jalik yumushlarini o‘rganishda g‘oyat ahamiyatli manba bo‘lib hisoblanadi. Qoyatosh suratlari nafaqat haqiqiy, real vaziyatni aks ettirib qolmasdan, balki ularda ibtidoiy odamzodning real, fantastik, diniy o‘y-xayollari, tevarak atrof haqidagi tasavvurlari bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan holda tasvirlangan. SHuning uchun ham qoyatosh suratlari o‘z davrining noyob san’at yodgorligidir. Ayrim tadqiqotchilar yirik qoyatosh suratlari jamoa a’zolari uchun dastavval muqaddas sajdagoh, turli diniy marosimlarni o‘tkazadigan, sig‘inadigan joy bo‘lganligi uchun olisroq, chet, lekin odam borishiga qulay bo‘lgan joylar tanlangan deb hisoblashadi.
Ba’zi manzaralarda jamoaning himoyachisi, ofatlardan saqlovchisi – totemi sharafiga (totem–biron-bir hayvon sig‘inish timsolida) bajariladigan afsungarlik xatti-harakati tasvirlari uchrab turadi. Jumladan, hosildorlik va quyoshga sajda qilish tasvirlari nisbatan ko‘proq tarqalganligini ko‘ramiz. Odam va hayvon ko‘rinishidagi tasvirlarni shu darajada uyg‘unlashtirganki, ulardan unumlilik, foydalilik, hosildorlik hissini sezamiz. Quyoshga sig‘inishni bildiruvchi tasvirlar, odatda doira, krest, doira ichidagi krest kabi belgilarda keltirilgan. Ikkala sig‘inishning kelib chiqish ildizi bir-biri bilan bog‘liq, ikkalasi ham hosildorlik, tabiatning tiklanishi kabi g‘oyalarni o‘zlarida aks ettirgan.
Etnografik manbalar yoki mumtoz tarzdagi obrazlar orqali bizga ma’lum bo‘lgan ko‘plab mifologik lavhalar, mutaxassislarning fikricha, o‘z mazmun-mohiyati, ildizi bilan ibtidoiy davr qoyatosh suratlari lavhalariga borib taqaladi.Qoyatosh suratlarining bir joyga turkum holatda jamlanishidan ibtidoiy odamzod uchun muqaddas, sajdagoh joy bo‘lganligi to‘g‘risida fikr yuritish mumkin. Bunday joylar tabiatan manzarali joylar bo‘lib, ular yaqinida albatta ichimlik suvi manbai mavjud bo‘lgan. Bejizga bunday qoyatosh suratlarining ko‘pchiligi tik, qoyatoshli daralarga ega bo‘lgan joylardan topilmagan. Tadqiqotlardan shu narsa aniq bo‘ldiki, sajdagohlar ming yillar davomida an’analarga tayangan holda aholi tomonidan foydalanib kelingan. Tasvirlardagi lavhalarning asrlar davomida ba’zan biroz o‘zgartirilgan holda, qayta ishlanib avloddan-avlodga o‘tib kelganligi ham sezilib turibdi. Neolit jamoalariga tegishli bo‘lgan qoyatosh suratlari nafaqat aholi turmush tarzi, xo‘jalik mashg‘ulotlari, diniy e’tiqodlari, balki ijtimoiy tuzilmalari borasida ham qimmatli manba bo‘lib hisoblanadi.
Neolit davriga kelib etnik birikmalar davrning «arxeologik madaniyatlar» ida yanada ravshanroq namoyon bo‘lganliklari tadqiqotlardan aniqlangan. Bu etnik jarayonlar mezolit, neolit jamoalari moddiy madaniyati o‘z aksini topganki, buni O‘rta Osiyo miqyosida amalga oshirilgan tadqiqotlar misolida ham kuzatish mumkin. Bu haqda V.M.Masson, S.P.Tolstov, A.V.Vinogradov, U.Islomov, V.A.Ranov, M.Jo‘raqulov, N.U. Xolmatov kabi mutaxassislar tadqiqotlarida ma’lumotlar mavjud. Xususan, V.A.Ranov «neolit davri etnik jamoalar shakllangan davr Joyitun, Kaltaminor, Hisor madaniyatlari nafaqat tarixiy- madaniy jamoalar, balki etnik birlashmalar hisoblanadi» hamda ular nafaqat antropologik tip belgilari, balki tili nuqtai nazaridan etnik jihatdan bir-biridan farqlanadi degan xulosani bildiradi. SHu o‘rinda V.M.Masson tomonidan Joyitun, Kaltaminor, Hisor madaniyatlari xususidagi turli tuman etnik tarkiblar borasida bildirgan xulosalari ham ahamiyatlidir. Bunda mazkur madaniyatlar ajratilishga ilmiy asos bergan sopol idishlar va ular naqshlari ahamiyatiga e’tibor qaratilgan neolit davri etnik jarayonlar etnomadaniyat hamda etnik guruhlar borasida A.V.Vinogradov tadqiqotlari ma’lumotlari alohida ahamiyat kasb etadi. Qon-qardosh qabilalarning ma’lum hududlarga tarqalib yashashi, vaqt o‘tishi bilan mahalliy xarakterdagi madaniy variantlardan iborat kaltaminor etnomadaniy jamoalari neolit madaniyati shakllanishiga olib kelgan (Oqchadaryo, Lavlakan, Quyi Zarafshon). Bu tom ma’noda etnogenetik birlashmadir. V.A.Ranov tomonidan hisor madaniyatining mahalliy madaniy variantlarga ajratilganligi (Tutqovul, Sayyod - «klassik hisor»; Kangurttut, Bulyoni-Payon, Qulob; YAvan vohasi) ham etnik birikmalarga misol bo‘ladi. Kaltaminor jamoalarining janub o‘troq dehqon jamoalari (Janubiy Turkmaniston, SHarqiy Eron) bilan umumiy qarindoshlik kelib chiqishi ildizlari bilan bog‘lanishi holatlari ham ma’lum ma’noda etnik jihatlarni ifodalaydi. Jabal, Oyuqli, Uchaщi 131, Joyitun sopollari mezolit davri so‘nggi bosqichlari va ilk neolitda mazkur hudud jamoalari etnomadaniy aloqalari haqida fikr yuritish imkonini beradi. Demakkim, copol idishlar shakli, naqshlari jihatidan arxeologik madaniyatlarning o‘ziga xosligini ifodalashda muhim omildir. Kaltaminor etnomadaniy jamoalari madaniyatining mahalliy xarakterdagi madaniy variantlarini (Oqchadaryo, Lavlakan, Quyi Zarafshon) ajratishda tosh qurollar, sopol idishlarning tarixiy manba sifatida o‘rni bor. Xullas, tosh qurollar, sopol idishlar ham tarixiy va etogenetik jarayonlarni bilishda ahamiyatlidir.
Tadqiqotlarda neolit davriga kelib etnik jarayon jadal kechganligi va ular Joyitun, Kaltaminor, Hisor, Markaziy Farg‘ona, Sazog‘on kabi neolit jamoalari moddiy madaniyatida (madaniyatlarning mahalliy madaniy variantlarida ham) namoyon bo‘lganligi aniqlangan va buni soha tadqiqotchilari e’tirof etishgan.
Neolit davri odami va ularning antropologik tipi haqida O. Berdiev, V.V.Ginzburg, T.A.Trofimova, V.M.Masson, A.V.Vinogradov, L.T.YAblonskiy, T.K.Xodjaev, M.D.Djurakulov, T.P. Kiyatkina, A.Alekseev, N.M.Vinogradova, V.A.Ranov, D.V. Pejemskiy kabi tadqiqotchi olimlar ma’lumot berishadi. Xususan, Joytun madaniyati tadqiqotida 1 ta yosh bola, 10 ta katta yoshli odam bosh chanog‘i topilgan. Bu topilmalar antropologik jihatdan V.V.Ginzburg, T.A.Trofimovalar tomonidan evropoid irqining SHarqiy O‘rta er dengizi tipiga mansub deb topilgan. SHuningdek, A.Alekseev etakchiligida taniqli antropolog olimlar mazkur odam chanoqlari kompleks belgilari Old Osiyo odamlari antropologik tipiga o‘xshashligidan kelib chiqib, bu ikki mintaqa odamlarining genetik jihatdan bog‘liq bo‘lishganligi haqida xulosaga kelishgan. Antropolog T.A.Trofimovaning ko‘rsatishicha Manjuqlitepa yodgorligi eneolit davriga oid odamlari bosh chanog‘i bir tomondan Eronning Xotu g‘orining kramonon tipidagi, ikkinchi tomondan ekvotorial xususiyatiga ega bo‘lgan Janubiy Hindiston aholisiga xos belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan. Lekin, T.A.Trofimovaning bu g‘oyasiga A.Alekseev etakchiligidagi olimlar e’tiroz bildirishgan.
Kaltaminor jamoalariga tegishli Tumek-Kichikjik qabrlari odamlari antropologik tipi T.A.Trofimova, L.T.YAblonskiylar tomonidan aniqlangan.T.A.Trofimova ularni asosan protoevropoid irqiga, 1 dona ayol kishiga oid bosh chanoqni esa SHarqiy O‘rta er dengizi tipiga mansub deb hisoblaydi. L.T.YAblonskiy Tumek-Kichikjik manbalarini atroflicha o‘rganib, Kaltaminor aholisining jismoniy tuzilishida protoevropeoid antropologik asos bo‘lganligini ta’kidlaydi.
Neolit davri odami antropologik tipi borasida Tojikiston hududi Hisor madaniyati yodgorliklari tadqiqotida muhim ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Bu ma’lumotlar V.A.Ranov, T.P.Kiyatkina, N.M.Vinogradova, D.V. Pejemskiylarning tadqiqotlarida o‘z aksini topgan.
Hisor madaniyatiga oid yodgorliklardan 6 ta qabr o‘rganilgan: 3 ta Tutqovul yodgorligidan, 1 tasi Sayyod yodgorligidan, 1 tasi Bulyoni-Poyon yodgorligidan, 1 tasi Kangurtut yodgorligidan topilgan. T.P.Kiyatkina bu qabr odamlari bosh chanog‘ini o‘rganib, Tutqovul, Sayyod, Kangurtut yodgorligidan topilgan bosh chanoqlar bir-birlariga o‘xshashligini aniqlagan. Tadqiqotchining qo‘rsatishicha bu bosh chanoqlar cho‘ziq boshli evropoid irqining SHarqiy O‘rta Er dengizi tipiga mansub. SHuningdek, ularda janubning kramon’on, ekvatorialga xos xususiyatlar ham mujassamlashganligi haqida fikr bildirilgan.Markaziy Osiyo tosh davri jamoalari antropologik tipi masalasida T.P.Kiyatkina tomonidan bildirilgan ikkita muhim xulosasini keltirish mumkin: Birinchidan Markaziy Osiyo miqyosida irqiy differensialanish har ming yil vaqti bilan ro‘y bergan: Ikkinchidan SHarqiy O‘rta Er dengizi antropologik tipining Markaziy Osiyoda shakllanishi masalasida faqat migratsiyalar ta’sirini asos qilib olabermasdan, balki bunda mahalliy, avtoxtonlik jihatni ham nazardan qochirmaslikni ta’kidlagan.
O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida joylashgan sazog‘on neolit madaniyatiga tegishli yodgorliklar tadqiqotida ham muhim antropologik manbalar qo‘lga kiritilgan (Sazog‘on 2 yodgorligi). T.K.Xo‘jayov ko‘rsatishicha qabr odami bosh chanog‘i antropologik jihatdan o‘rganilgan bo‘lib, bu bosh chanoq Tumek-Kichikjik odami bosh suyagidan farq kilishi va u dolixokraniyasi, uzunchoq va nisbatan kichik yuzi bilan genetik jihatdan O‘rta SHarq va Janubiy Osiѐga xos katta evropeoid irqining janubiy tipiga borib taqaladi. Uchtut neolit shaxtasi yaqinidan topilgan odam bosh chanog‘i morfologik jihatdan Sazagan odamidan farq qilib, u Evroosiѐ dashtlarining protoevropoid antropologik tipiga oiddir.SHuningdek, mamlakatimiz janubiy qismida joylashgan Machay g‘or makonidan ham antropologik manba topilgan. Bu odam bosh chanog‘i antropolog A.Alekseev tomonidan dolixokraniyasi, uzunchoq va nisbatan kichik yuzi nuqtai nazaridan evropoid irqiga mansub deb aniqlangan.
T.K.Xo‘jayov Markaziy Osiyo neolit davri aholisi antropologik tipi asosan protoevropoid va SHarqiy O‘rta er dengizi tipi belgilarini mujassamlashtirganligi (Markaziy Osiyo ikki daryo oralig‘itipi) haqida xulosa beradi. SHuningdek, Markaziy Osiyoning janubiy sarhadlari neolit aholisi O‘rtaer dengizi sharqiy tipi 2 ta varianti- g‘arbiy va ekvatoril belgilarni o‘zlarida namoyon etganliklarini ham alohida ta’kidlaydi.Markaziy Osiyo miqyosida tadqiqotlarda neolit odamining protoevropoid, evropoid irqining SHarqiy O‘rtaer dengizi tipi, evropoid irqining janubiy shakli, evropoid irqning arxaik ko‘rinishi kabi antropologik tiplar aniqlanishiga erishilgan va neolit davri arxeologik madaniyatlari shu jihatlari bilan ham bir-birlaridan farqlanadi.
SHu o‘rinda Markaziy Osiyo neolit jamoalarining antropologik tipi va tili masalasida taniqli olim Ahmadali Asqarovning ilmiy yondoshuvlarini keltirish o‘rinlidir: “Joytun madaniyati aholisi antropologik tip jihatidan katta evropa irqining sharqiy O‘rtaer dengizi tipi bilan xarakterlanadi, ya’ni dolixokefal bosh chanoqli, yuzi uzunchoq, ko‘k ko‘z, malla soch. Kaltaminor madaniyati aholisi esa protoevropeoid tipni tashkil etadi, ya’ni braxokefal bosh chanoqli, yuzi dumaloqroq, ikki iyagi biroz bo‘rtib chiqqan, qo‘y ko‘z, tanasi bug‘doy rang, jismonan baquvvat. SHu antropologik xususiyatlar ularning avlodlariga ham o‘tgan, ya’ni Joytun madaniyatining vorislari: eneolit (Anov-Namazgoh, Sarazm), bronza (Gonur, Dashli, Sopolli) davri odamlari antropologik tipida o‘z aksini topgan. Kaltaminor madaniyatining vorislari esa eneolit (Kamishli, Zamonbobo), bronza (Suvѐrgan, Andronovo, Qayraqqum) davri odamlari antropologik tipida o‘z aksini topgan. Fanda birinchisi shimoli-sharqiy eroniy til sohiblari sifatida talqin etiladi, ikkinchisiga esa prototurk ajdodlar sifatida qaralmoqda. protoevropeoid- turkiylar, sharqiy o‘rtaer dengizi tipi shimoli-sharqiy protoeroniylar bo‘lgan. Prototurk ajdodlarimiz sharqiy eroniy tilli sug‘diylar, bohtariylar, xorazmiylar kabi hozirgi O‘zbekiston hududlarining eng qadimgi aholisi, ularning tarixiy ildizlari nafaqat bronza, balki eneolit, hatto neolit davriga borib taqaladi, degan g‘oya asosida tarixiy haqiqat bordir”.
Neolit davri jamoalari ma’naviy kechinmalari, diniy e’tiqodlarini bilishda Ochilg‘or makoni tadqiqida madaniy qatlamning konstruktiv tuzilmalari, tarkibiy elementlarini ifodalovchi o‘choqlar, hayvonsuyak uyumlari, aylana shakldagi tosh qurilmalar topildiqlari hamda ular bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan uloqcha topilmasi borasida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar birlamchi manba sifatida muayyan ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash mumkin. Ayniqsa, ikkala tosh qurilma o‘rtasida g‘orning tosh tubiga taqalgan joyda maxsus o‘raga qo‘yilgan uloqcha topilmasi bu masalada muhim ma’lumotlar berdi. Qizig‘i shundaki, uloqcha gavdasi joylashgan o‘raning qazilma konturi yaqqol qo‘zga tashlanadi. Uloqning orqa oyoq uchi tomoni er qismida 3-6 santimetrgacha qalinlikda gulxan qoldig‘i kuzatildi. Bu hodisa hayvonlarga topinish, ya’ni totemizm bilan bog‘liq urf-odatlar mavjudligidan guvohlik beradi. SHu o‘rinda, Sazog‘on 2makonipastki madaniy qatlamidanaylana shaklda tosh qurilmasi o‘rta qismida bosh chanog‘ibo‘yni bilannotabiiy ravishdaorqaga qayrilganholatda yotganechkijasadi topilganligi va bu topilma tadqiqotchilar tomonidan ma’lum diniy marosim, urf-odatlar bilan bog‘liq degan xulosada tahlil etilganligi faktini keltirish maqsadga muvofiqdir. YUqorida keltirilgan manbalar g‘orda turmush qizg‘in davom etganligidan dalolat beradi. SHu manbalardan ma’lum bo‘ldiki, g‘orda ona urug‘iga taalluqli jamoa yashagan va o‘choqlarning ko‘pligiga qaraganda har bir kichik juft oilao‘z o‘chog‘iga ega bo‘lgan. Katta gulxan bilan bog‘liq o‘choq qoldig‘i jamoaning umumiy topinadigan, olovga sig‘inadigan dastlabki “mehrobi” ya’ni “otashgohi” bo‘lishi mumkin.
O‘rta Osiyo miqyosida neolit davriga oid bir necha qabrlar tadqiq etilib, qabrlar tuzilishi, mayitlar uchratilishi holatlari va ular atrofidan topilgan materiallarlardan aholi diniy e’tiqodlari borasida muhim ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. SHunday neolit qabrlaridan biri Tumek -Kichikjik yodgorligi Amudaryo etagi qadimgi Sariqamish havzasida joylashgan. Bu yodgorlikdan hammasi bo‘lib, o‘ttizga yaqin qabr o‘rganilgan. Qabrlar ensiz, nisbatan chuqurroq qazilgan. Mayit qabr tubiga, erga elkasi bilan cho‘zilgan holda, qo‘llari ham tana bo‘ylab cho‘ziltirilgan holda qo‘yilgan. Tana qizil bo‘yoq sepilgan joyga qo‘yilgan. Ba’zan tana ustidan ham qizil bo‘yoqlar sepilganligi holatlari aniqlangan. Ko‘pincha mayitlarning bosh qismi shimoli-sharq tomon yo‘naltirilgan holatda dafn etilgan. Qabr ustida biron-bir qurilish bo‘lganligi belgisi aniqlanmagan, balki ular hozirgacha saqlanmagan bo‘lishi mumkin. Qabristonning g‘arbiy va sharqiy qismidagi ba’zi qabrlarning usti aylana tarzda toshlar bilan o‘ralganligini bildiruvchi belgilar uchratilgan.
Qabrlar ichidan kam miqdorda bo‘lsada, arxeologik manbalar topilgan. Qabrlardan topilgan manbalar bir necha chaqmoq toshdan yasalgan qurollar hamda sochilib yotgan holatdagi bir nechta sopol idish parchalaridan iborat. Bu sopol parchalari bevosita mayitning tana suyaklari oldida emas, balki mayit ustiga tashlangan tuproq qatlamlari orasida tartibsiz holda uchraydi. Tumek-Kichikjik yodgorligi qabrlaridan topilgan sopol buyum parchalarining o‘ziga xos ilmiy ahamiyati bor. Xususan, bir qabr tadqiq etilayotganda mayit suyaklari ustida ichiga gulxanda kuydirilgan go‘sht bo‘lagi solib qo‘yilgan idish bo‘lagi topilgan. Qabrlardan topilgan zeb-ziynat va taqinchoqlar ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. E’tiborli jihati, tadqiq etilgan qabrlarning yarmidan ko‘pida, turli-tuman bezaklar va taqinchoqlar topilgan. SHular ichida eng ahamiyatlisi to‘ng‘izning qoziq (so‘yloq tishi) tishidan ko‘krakka tizilgan holda taqib yurishga mo‘ljallangan bezaklar hisoblanadi. Ularga juda mohirona ishlov berilgan bo‘lsa-da, asl o‘roqsimon ko‘rinishini saqlab qolgan. Taqinchoqlar ichida eng ko‘p uchragani chig‘anoqdan yasalganlari hisoblanadi. Tumek-Kichikjik yodgorligi Kaltaminor jamoalariga tegishli qabrlar bo‘lgan. Buni qabrlardan topilgan tosh qurollari, sopol idishlar xususiyati ko‘rsatadi. Xususan, mayda sopol parchalaridan yig‘ilgan butun idish, qayiqsimon ko‘rinishdagi idish bo‘lib chiqdi. Tosh qurollari ham o‘z shakli va ishlov berilish usullari bo‘yicha Kaltaminor jamoalari qurollariga xos. Bu yodgorlik xronologik jihatidan Kaltaminor tarixiy-madaniy jamoalari madaniyatining o‘rta rivojlanish bosqichiga to‘g‘ri keladi va moddiy madaniyati hususiyatlariga ko‘ra Tolstov makoniga yaqin turadi. Janubi-SHarqiy Ustyurt sarhadlaridan ham neolit davri so‘nggi bosqichlarida yashagan jamoalariga tegishli bo‘lgan qabrlar topilgan. Bu Koskajol yodgorligi hisoblanib, u asosiy qismi neolitning keyingi bosqichlariga oid bo‘lgan qabrlardan iborat. Qabriston chet qismidan deyarli buzilib ketgan qadimiy qabr aniqlangan. Qazish jarayonida mayitning yaxlit tana suyaklari topilmagan, lekin turkum holatda ikki yon tarafi va qirralariga yaxshi ishlov berilgan o‘q-yoy uchlari hamda chig‘anoqlardan yasalgan bezaklar topilgan. Qabr tubida qizil bo‘yoq qoldiqlari borligining aniqlanishi ham ahamiyatlidir. Qabr tuzilishi tomonlarga nisbatan yo‘nalishi, qizil bo‘yoqlarining topilishi, tosh qurollariga ko‘ra Tumek-Kichikjik yodgorligini eslatadi. Ikki taraflama ishlov berilgan o‘q-yoylar o‘z shakli va ishlov berilish usullari bo‘yicha u neolit davri so‘nggi bosqichlari yoki ilk bronza davri jamoalariga tegishli bo‘lishi mumkin. SHuningdek, 1976 yili A.V.Vinogradov tomonidan Jonbos 4 va Jonbos 5 makonlari o‘rtasida ikkita buzilgan neolit davriga oid qabrlarning o‘rganilishi ham bu davr jamoalarining dafn bilan bog‘liq urf-odatlarni bilishimizda muhim ma’lumotlar berdi. Qabrlarning tartibli holda joylashganligining o‘zi jamoaviy tuzilma ekanligini, dafn jarayonida ma’lum marosimlar o‘tkazilganligi, qabrdan chiqqan ashyoviy dalillar ajdodlarimiz turmush tarzini ifoda etuvchi sig‘inishlar bo‘lganligini amalda tasdiqlab turibdi. Ma’lumki, urug‘-jamoasi rivoji, ilk bosqichlarida vafot etgan kishi yoniga narsa buyumlar, hatto «u dunyoda iste’mol qilishi» uchun oziq-ovqatlar qo‘yish odati paydo bo‘lgan. Bu odat Tumek-Kichikjik qabrlari tadqiqotlarida ham kuzatilgan. Lekin, bu odatlar biroz o‘ziga xos tarzda bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. Agar boshqa neolit jamoalariga tegishli bo‘lgan yodgorliklarda jangovar va mehnat qurollari, idishlar qabr tubi - er ustiga yoki mayit tana suyaklari yoniga hamda maxsus chekkaroqda ajratilgan joylarga qo‘yilgan bo‘lsa, Tumek-Kichikjik qabrlarida bu tartib kuzatilmaydi. Biz hatto mayit tanasi suyaklari ustiga qovurilgan go‘sht bo‘laklari solingan idish parchasi qo‘yilganligining guvohi bo‘ldik. Tumek-Kichikjik yodgorligi maydon sathi nuqtai nazaridan ham kichikroq bo‘lgan yodgorlik hisoblanadi. U mayda urug‘ jamoasi yoki urug‘ jamoasining bir qismini tashkil etgan nisbatan kichik guruhning qabristoni bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |