5. Me’morchilik va haykaltarshlik. Dastlabki paytlarda yunon me'morchiligi mukammal bo'lmagan. Mil.av. VIII-VI asrlarda yunon ibodatxonalari uch tomoni devor bilan to'silgan va to'rtinchi tomoni ochiq yog'och imoratdan iborat bo'lgan. To'rtinchi tomonidan tomni ushlab turish uchun oldida ustun tirkab qo'yilgan. Odatda dumaloq shaklda bo'lib yaxshilab silliqlab o'rnatilgan. Keyinroq, toshdan yasab qo'yilgan. Shu tariqa qator tosh ustunlar (kolonnalar) paydo bo'lgan. Mil.av. VII asrda ba'zi ibodatxonalar xom g'ishtdan qurilgan, keyinchalik tosh me'morchiligi rivojlanib ketgan. Mil.av. VII asrning oxirlarida hamma tomoni ustunlar bilan o'ralgan yangi shakldagi ibodatxona vujudga kelgan. Xuddi shu vaqtdan doriycha uslub paydo bo'lgan. Bu uslub oddiy tarzdagi qator ustinlar uchun xarakterlidir. Kalonna tagkursiga, o'zak va tepaqoshga bo'lingan. Doriycha ustunlarning qoshi oddiygina, bezaksiz bo'lgan.
Klassik davrda Yunonistonda ibodatxonalar, teatr, majlis binolari - blevteriyalar yetakchi me'morchilik inshoatlari hisoblangan. Mil.av. V asrda shaharlarni loyihalashtirish (plan) boshlangan.
Mil.av. V asrda ioniycha uslub rasm bo'lgan. U doriycha uslubdan ixchamliroq, ustunlari ingichkaroq va chiroyliroq bo'lgan. Usutunlar endi pol ustiga emas, balki tosh tag kursi - baza ustiga qo'yilgan. Ustunlarning qoshi endi ikki gajakli naqshlar- valyutalar bilan bezatilgan. Ioniycha uslubda qurilgan binolar doriycha uslubdagiga qaraganda murakkabroq naqshlar bilan bezatilgan. Mil.av. IV asrda korinfcha uslub rasm bo'la boshlagan. Uning ioniycha uslubdan farqi, uning ustunlari uzunroq, tag kursisi va qoshi murakkab bo'lib, akanf o'simligi yaproqlari bilan bezatilgan. Bizning zamonamizgacha Afina akropoli saqlanib qolgan. Parfenon va Erexteyon ibodatxonalari yunon me'morchiligining eng mashhur namunalaridir.
Ajoyib Parfenon ibodatxonasi ma'buda Afinaga bag'ishlangan. Hozirga qadar ham u jahon me'morchiligining durdonasi hisoblanadi. Parfenonning ustunlari doriycha uslubda bo'lsada, lekin butun binoning tarz-tarovati ioniycha uslubdadir. Parfenon qarshisida turgan Erexteyn ham yunon me'morchiligining mashhur yodgorligidir. Bu bino sof ioniyocha uslubda qurilgan. Uning ustunlari nihoyatda kelishgan va nafisdir. Kariatidalar deb atalmish qiz haykallari ham ajoyibdir, ular ustinlar o'rnida ibodatxona oldidagi kichkina peshayvonning tomini saqlab turishadi.
Mil.av. IV asrda qadimgi Afina markazi afinalik fuqaro Lisikratga qo'yilgan yodgorlik haykalini ham korinfcha uslub namunasi deb hisoblash mumkin. U ham bizning zamonamizgacha saqlanib qolgan. Yunon haykaltaroshligi dastlabki vaqtlarda sharq haykaltaroshligidan ancha orqada bo'lgan. Er.av. U1 asrga doir haykallar harakatsiz bo'lgan. Er.av. U asrdan boshlab yunon haykaltaroshligi ravnaq topgan. Ularda odamning gavdasi va yuzi to'g'ri tasvirlangan hamda harakatli qilib tasvirlangan. Miron, Poliklet va Fidiy ayniqsa, mashhur haykaltaroshlar bo'lgan. Mironning diskobal haykalini ko'rgan kishi yosh yigitning tez burilib diskni irg'itayotganini ko'rgandek bo'ladi. Mironning “Afina bilan Marsey” degan haykallar guruhida har ikkala figura xuddi harakat qilayotgandek his etiladi. Marsey ikkinchi darajali o'rmon ma'budi bo'lib, u ma'buda Afinaning jahlini chiqargan. Haykallar guruhi ana shu manzarani tasvirlab ko'rsatadi.
Argos haykaltaroshi Poliklet asosan yosh o'smirlarni ideal fuqarolarni tasvirlagan. Uning “Nayzabardor” va “Diodumen” (yosh o'smir boshiga boylangan bintni to'g'rilab turgan bo'ladi) haykallari ayniqsa, mashhurdir. Musobaqada g'olib chiqqan yosh yigitchalarni tasvirlovchi bu ikkala haykal g'oyat nafis va quvvat ifodasidir.
Periklning do'sti Fidiyning haykallari go'zal va ulug'vordir. Uning Parfenanda turgan oltin, yog'och va fil suyagidan yasalgan ma'buda Afina haykali juda mashhurdir. Bu haykalning balandligi 12,5 metrdir. Olimpiyada Fidiy Zevs Olimpiyning taxtda o'tirgan vaziyatdagi haykalini yasagan. Bu haykal g'oyat ulkandir. Akropol o'rtasida Afina Promaxosning (ya'ni oldinda turib jang qilayotgan Afinaning) haykali turadi. Bu ma'buda boshida dubulg'a, qo'lida baland ko'tarilgan nayza. Nayzaning o'tkir uchidagi zarhal yaraqlab turardi. Haykal baland tag kursi ustiga qo'yilgan. Haykal Pirey portidan bir necha kilometr uzoqda turgan kemadan ko'rinib turgan. Fidiy ma'buda va ma'budlarni barkamol qilib tasvirlagan. Muallifi noma'lum bo'lgan 15-16 yoshli olimpiya o'yinlarida g'olib chiqqan yuguruvchi qizning haykali ayniqsa chiroylidir.
Mil.av. IV asrning ulug' haykaltaroshi Praksitel bo'lib, u asosan ma'budlar va ma'budalarni chiroyli, latofatli yigitlar va yosh juvonlar shaklida tasvirlagan. Uning go'dak Dionis bilan o'ynab turgan yosh ma'bud “Germes” asari ayniqsa, dong taratgan. Mil.av. IV asrga qadar haykaltaroshlar ayollarni faqat kiyim bilan tasvirlagan bo'lsalar, Praksitel birinchi marta ma'buda Afroditani yalang'och holda aks ettirgan. Mil.av. IV asrda yashagan Skopas odamlarning jismoniy va ruhiy azoblarini tasvirlagan. Uning jon holatda yugurib ketayotgan Menada haykali hamda Tegeydagi fronton guruhiga oid yarador jangchilarning ma'yus boqishlari mashhurdir. Afsuski, bu haykallar yaxshi saqlanmagan. Mil.av. IV asrda yashagan Lisipp jismoniy va irodasi kuchli kishilarni tasvirlagan. Uning “Gerakl”i va o'z badanini qashlag'ich bilan tozalovchi “Apoksiomen”i ana shunday pahlavon kishilardir43.
Qadimgi Yunonistonda rassomlik keng tarqalgan, lekin afsuski, bizning zamonamizgacha uning namunalari deyarli saqlanib qolmagan.