5. Ellinistik davlatlarning vujudga kelishi. Ellada, Makedoniya, Sharqiy O'rta yer dengizi mamlakatlari, Eron, O'rta Osiyo va ularga tutashuvchi o’lkalar tarixining Aleksandr Makedonskiy bosqinidan keyingi qariyb 300 yillik davri ellinizm davri deb ataladi. Bu davr ellinistik mamlakatlarning g'arb tomondan Rim imperiyasining, sharq tomondan Parfiyaning zabt etishi bilan tamomlanadi. Mil. av. 30 yillik ellinizm davri tarixini tugallovchi an'anaviy sana deb hisoblaydilar, chunki xuddi shu sanada Ptolomeyning so'nggi mustaqil Ellinistik podsholigi (Misr) Rim tomonidan zabt etilgan edi. Ellinizm davri qadimgi yunon va qadimgi sharq sotsial-iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlarining mahkam qo'shilib ketishi va bir-biriga ta'sir ko'rsatishi davridir. Ayni vaqtda yunonlarning yaqin Sharqni ilgari misli ko'rilmagan miqyoslarda mustabid qilish yuzaga keldi. Sobiq Eron istibdodi hududida katta-katta ellinistik monarxiyalar paydo bo'lib, ular qadimgi yunon polislarini ham, mahalliy qabilalarning uyushmalarini ham, qadimgi sharq hunarmandchilik va savdo markazlarini ham o'zlariga qo'shib oldilar yoki o'z ta'sirlariga bo'ysuntirdilar.
Aleksandr Makedonskiy vafotidan keyin uning ulkan imperiyasi hududida o'zaro urushlar 40 yilcha davom etdi. So'ngra mil.av. III asrning 70 yillarida nisbatan tinchlik zamoni qaror topdi, Ellinistik davlatlarning chegaralari uzil-kesil belgilanib rasmiylashdi.
Eng quratli Ellinistik davlatdan biri Misr edi. Uning poytaxti Aleksandriya eng yirik port, savdo-hunarmandchilik va madaniy markazga aylandi. Papiruslarda yozilgan g'oyat ko'p amaliy, rasmiy va xususiy xujjatlarni Misrning quruq zamini biz uchun saqlab qolgan. Bu hujjatlar mazkur davlatning sotsial-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarini, ma'muriy sistemasini mufassal yoritadi.
Aleksandr Makedonskiyning sarkardalaridan biri Ptolemey Lag Misrda podsholikni egallab oldi va qariyb 300 yil yashagan Ptolemeylar sulolasiga asos soldi. Ptolemeylar podsholigining asosiy hududi Nil havzasi va Nil vodiysida bo'lib, keyinroq Misrning g'arbidagi Kirenaika, O’rta yer dengizidagi Kipr oroli, Osiyoda Janubiy Suriya, Finikya, Kichik Osiyoning janubiy-g'arbiy sohili, undagi yunon shaharlari, Egey dengizidan ma'lum orollarni o'z ichiga olgan edi. Misrning asosiy hududida uch yunon shahri: Aleksandriya, Ptolemaida va Navkratis joylashgan. Poytaxti hashamatli, chiroyli Aleksandriyada edi, u yerda podsho saroylari bor edi. Misrda mahalliy ma'muriy bo'linish – nomlar saqlanib qolgan, uni podsho tayinlagan, strateg boshqargan.
Misrga bo'ysundirilgan boshqa mamlakatlarda mahalliy boshqaruv saqlanib qolgan, lekin Ptolemeylar noiblari nazoratida ish olib borar edilar. Ptolemeylar katta flotga ega bo'lib, mil.av. III asrda O'rta dengizning sharqiy qismidagi dengiz yo'llarini nazorat qilgan va Qizil dengiz orqali Sharqqa boradigan dengiz yo'llarini o'z qo'llarida saqlagan. Ptolemeylar davlati quldorlik davlati edi. Unda dehqonlar va hunarmandlar bevosita quldorlik metodlari bilan ekspluatatsiya qilinib, sotib olingan qullarga unga muhtoj emas edi, bu o'ziga xos xususiyat edi. Yer uchastkalarining haqiqiy yer egalari korandalar deb qaralardi va foydalanganliklari uchun ular turli soliq, to'lov va majburiyatlar o'tar edilar. Asosiy aholi ommasi - Misr dehqonlari va podsho dehqonlaridan iborat edi. Jamoa rasman saqlanib qolgan edi34.
Mil.av. III asrda ellinistik dunyo hududining ko'p qismini salavkiylar davlati nazorat qilar edi. Salavka ham Ptolemey Lag kabi Aleksandr Makedonskiyning qo’shinboshisi edi. Mil.av. 312 yilda Salavka kurashlarda g'olib chiqib podsho bo'ldi va salavkiylar davlati deb ataluvchi sulolaga asos soldi.
Salavkiylar O'rta dengizni O'rta Sharq mamlakatlari bilan bog'lovchi karvon va suv yo'llarida hukmronlik qilardilar. O’rta Osiyo hamda Hindiston orqali hatto Xitoy bilan ham savdo qilganlar. Dastlabki vaqtlarda Salavkiylar Ikki daryo oralig'ining sharqiy tomonida – Eron va O'rta Osiyoda keng territoriyalarga egalik qilardilar va bu hududlar Hindistonga borib taqalar edi. Salavkiylar davlati qabila va xalqlarning quramasi bo'lib, o'ziga nom qilib oladigan biron asosiy elati yo'q edi. Davlat tuzilishida Salavkiylar Ptolemeylar singari, mahalliy va yunon-makedon tajribasidan foydalanganlar. Mahalliy boshqaruvlar satraplarga bo'linish saqlanib qolgan, unga podsho noiblari bo'lmish strateglar bosh bo'lgan. salavkiylar o'z davlatini mustahkamlash maqsadida yunoncha tipda ko'p shahar-qal'alar barpo etganlar, qurgan. Bu shahar-qal'alar O'rta dengizdan to Hindistongacha bo'lgan savdo va strategiya yo'llarida qurilgan.
Butun mamlkatni Orontdagi Antioxiyada turuvchi podsho va podsho saroyi amaldorlari boshqarar edi. Misrda bo'lgani singari, Salavkiylar sulolasining podsholari va mamlakatlari ham ilohiylashtirilar edi. Makedonlar, yunonlar va turli ellinlashtirilgan elementlardan tuzilgan armiya hamisha salavkiylarning bosh tayanchi edi. Salavkiylar davlatida tub podsho yerlari (Xora) bo'lib, bu yerlarni qaram jamoachi dehqonlar ishlardi. Hosilning o'ndan birini podshoga to'lardilar. Salavkiylar davlatida ham turli kategoriyadagi kechib berilgan yerlar bor edi. Ibodatxonalarga tegishli yerlarning ham ahamiyati katta bo'lgan. Salavkiylar davlati juda ulkan bo'lganligi sababli joylardagi qabila va davlat birlashmalari ham muhim rol o’ynar edi. Mil.av. III asrda bu davlat Eronni va O'rta Osiyoni qo'ldan chiqarib qo'ygan.
Mil.av. 250 yilda O'rta Osiyoda Yunon-Baqtriya deb ataluvchi ellinistik podsholik tashkil topgan. Deyarlik ayni bir vaqtda bu podsholikning g'arb tomonidan Kaspiy dengizi bilan Fors ko'rfazi orasida, Eron yerlarida tub qabilalarning qo'zg'oloni bo'lgan va Parfiya podsholigi tashkil topgan. Salavkiylarning uzoq Baqtriyada turgan noibi Diodot yangi Yunon-Baqtriya davlatiga asos solgan. U ham ellinistik davlat bo'lib qolavergan, u ham kuchli armiyaga tayangan. Ichki va tashqi siyosati, tuzumi, ijtimoiy-sinfiy tuzumida o'zgarish bo'lmagan. Bu davlat ancha ravnaq topgan. mil.av. II asr boshlarida kushonlar tomonidan bosib olingan va bu davlat tarkibiga kiritilgan.
Aleksandr Makedonskiy imperiyasi tarqalayotgan paytda Kichik Osiyoning shimoliy-g'arbiy qismida joylashgan Pergam podsholigi ellinistik dunyoning kattagina savdo-hunarmandchilik va madaniy markazi edi. Yeri serhosil bo'lgan. Podsholikning poytaxti Pergam shahri fuqarolari imtiyozli fuqarolar edi. Pergam nomiga yunon polisi hisoblardi. Pergam va bir necha yunon shaharlaridan tashqaridagi yerlarni podsholik yerlari tashkil qilar edi. Bu yerlarda qaram qo'shchi dehqonlar ishlar edi. Pergamda ko'pdan-ko'p podsholik ustaxonalarida antik qullar ishlardilar. Pergam podsholigi qullar mehnatidan foydalanish ma'nosida eng taraqqiy qilgan davlatlardan biri edi. mil.av. III asrning birinchi yarmida Pergamda mahalliy attaliylarning grek sulolasi qaror topdi.
Makedoniyadan ko'plab aholining Sharqqa ko'chib ketishi, yaqin Sharqdagi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga uning aralashuvi mamlakatni kuchsizlashtirdi. Mamlakatda antik mulk formasi rivojlandi, lekin podsholik yerlari ham bor edi. Bu yerlarning bir qismi podsho askarlarga va xizmat ko'rsatgan podshoning “do'stlari” deb atalgan aristokratlarga kechib berilgan edi. Makedoniyalik amaldorlarning yana o'z xususiy yerlari ham bo'lgan. Bu holat ularning mavqeini yuqoriga ko'tarar edi. Hatto ular taxt vorisligi masalalariga ham ta'sir etar edilar. Mamlakatni idora qilish podsho qo'lida bo'lib, u lashkarboshilik va ma'umrlik vazifalarini o'z zimmasiga jamlab olgan edi. Uning maslahatchi “do'stlari” - podsho saroyi a'yonlaridan iborat amaldorlar edi. Makedoniyada podshoni ilohiylashtirish va unga sig'inish yo'q edi. Makedoniya tashqi siyosatining asosiy yo'nalishi Yunonistonda va Egey dengizida gegimonlikka intilishdan iborat edi35.
6. Ellinistik davlatlarning inqirozi. Makedoniya singari, Yunoniston ham Aleksandr Makedonskiy imperiyasi parchalangach, ko'p yillik urush va aholining Sharqqa ketishi natijasida zaiflashgan edi. Mil.av. 280 yilda Etoliya (mil.av. 367 yil) ittifoqidan tashqari Makedoniyaning Yunonistonda hukmronligiga qarshi Axeya ittifoqi tashkil topdi. Korinf bu ittifoqda birinchi o'rinni egalladi. Bu ittifoqning rivojlanishi avval Peloponnes shaharlaridan makedon garnizonlarining quvib yuborilishiga olib keldi. Afina va Sparta mil.av. III asrda yunon shaharlari va qabilalari ittifoqlariga kirmadi. Sparta davlatida ichki ahvol og'ir edi. Spartaning yanada zaiflashib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun sotsial va siyosiy reformalar o'tkazish zarur edi. Mil.av. 243 yilda Spartaning yosh podshosi Agis IV bu ishga boshchilik qildi. U xalq yig'iniga murojaat etib, spartalik uchun 4500 yer uchastkasi taqsimlash, perieklarga Lakonikadan tashqarida 15000 yer uchastkasi ajratish, ularga fuqarolik huquqlari berishni taklif etildi. Soliqlarni bekor etishni e'loq qildi. Shu vaqt Lakonikaga etoliylar hujum qilishadi, Agis urushda edi, qaytib kelgach, yer egalari tomonidan dorga osildi.
Podsho Leonidning o'g'li Kleomen Agis ishini davom ettirdi. Axeya ittifoqi Peloponnesning katta qismini egallagan edi. Kleomen Pelaponnesni istilo qilish uchun hujum boshladi. Axeya ittifoqi boshlig'i Arat Makedoniyadan yordam so'radi. Kuchlar noteng edi. Kleomen ozgina qo'shini bilan Misrga qochdi va u yerda halok bo'ldi. Sparta mil.av. 221 yilda Makedoniya podshosi Antigon Doson qo'shinlari tomonidan zabt etildi. Sparta ham, Axeya ittifoqi ham va umuman Yunoniston (Afinadan tashqari) Makedoniyaga bevosita qaram bo'lib qoldi. Yunon davlatlari Rimdan najot kutdilar. Rim shu vaqtda Karfagen bilan urushayotgan edi. Makedoniya esa Karfagen bilan ittifoq tuzib, Rimga qarshi urush e'lon qildi, lekin mag'lubiyatga uchradi. Elladada Rimning ta'siri ortdi.
Bu davrda Egey dengizidagi muhim savdo yo'lida joylashgan Rodos orolining roli ortdi. Elladadagi turli ittifoqlar, davlat orasidagi kurash Rodos oroli mavqeini kuchaytirgan edi. Mil.av. III asr oxirlarida Rodos Ellin davlatlari orasidagi munosabatlar keskinlashuvi natijasida Rim bilan ittifoq tuzish yo'lini tutishga majbur etdi. Italiyadagi yunon koloniyalari mil.av. IV asrning oxiri - III asrda asta-sekin Rim respublikasi hokimiyati qo'li ostiga o'ta boshladi. Faqat Tarent qarshilik ko'rsatdi. u Epirdan yordam so'radi. Epir unga yordam berib, urushga kirdi, lekin u mag'lub bo'lgach, mil.av. 272 yilda Tarent rimliklar tomonidan zabt etildi. Yunonlar Sitsiliyada birmuncha vaqt mustaqilligini saqlay oldilar. Bu yerdagi eng qudratli davlat Sirakuza edi. U Rim va Karfagen orasidagi kurashda ustalik bilan foydalanib turgan. Mil.av. 211 yilda Sarakuza Rim tomonidan zabt etildi, chunki u Karfagen bilan ittifoqqa kirgan edi. Sarakuza Rim zabt etgan birinchi Ellinistik davlat edi. Eng qudratli Ellinistik davlatlardan Selevkiylar podsholigi bilan Ptolemeylar podsholigi O'rta dengizning sharqiy qismida hukmronlik uchun o'zaro raqobat qilishardilar va Yunonistonda aktiv rol o’ynashga harakat qildilar. Shu bilan birga ular uchinchi Buyuk Ellinistik davlat – Makedoniya bilan murakkab munosabatlar bog'lar edilar, chunki Makedoniya Egey dengizi havzasida kuchli mavqega ega edi36.
Xulosa qilganda, Selevkiylar Kelespriya (Janubiy Suriya) uchun ptolemeylar bilan qattiq kurashdilar va besh marta Suriya urushi deb ataluvchi urush bo'lib o'tdi. Bu urushlarda ko'pincha Ptolemeylarning qo'li ustin bo'lib turdi. Lekin beshinchi urushda Ptolemeylar mag'lubiyatga uchradi, shundan so'ng Misr tanazzulga keta boshladi. Filipp V Makedonskiy Ptolemeylar mag'lubiyatidan so'ng ularning Frakiya va Kariyadagi mulklarini bosib oldi. Lekin Rodos va Pergam davlatlari qarshiligiga duch keldi. Afina ham Filipp V ga qarshi bosh ko'tardi. Bu davlatlarning hammasi Rimga yordam so'rab murojaat qildilar. Sparta bu voqeadan ilgariyoq Rim bilan aloqa o'rnatgan edi. Rim esa Ellada ishlariga aralashish uchun bahona qidirib turgan edi. Natijada ikkinchi Rim-Makedoniya urushi Makedoniyaning mag'lubiyati bilan tugadi. Yunon aholisi demokratik tabaqalari Rimlik istilochilardan noroziligi ptolemeylarning Kichik Osiyodagi mulklarini bosib olgan Selevkiylar davlatiga Yunoniston ishlariga aralashishga asos bo'ldi.