Bog'liq Tarix fakulteti jahon tarixi kafedrasi jahon tarixi
3. Dominat tartibining yuzaga kelishi. 284 yilda jangchilar tomonidan taxtga o`tqazilgan Diokletian imperator obro`sini mustahkamlash uchun saroyda dabdabali qabul marosimlari o`tkazgan. Imperator bilan salomlashganda uning etagini o`pib, dominus – uy egasi, xo`jayin deb murojaat qilish tartibi yuzaga keltirilgan. Shu atamadan olinib, Rim tarixining 284-476 yillar davri Dominat deb ataldi.
Diokletian aslida ozod qilingan qulning o`g`li bo`lib, dastlab oddiy jangchi sifatida xizmat qilgan.
Xizmat yuzasidan o`zini ko`rsatib, imperator soqchilarining boshlig`i qilib tayinlangan. U juda aqlli va ajoyib iste'dod egasi bo`lgan. U davlatni o`zi tayinlagan amaldorlar orqali boshqarib, imperiyada saqlanib kelayotgan respublikaga xos mansablarni tugatgan. Imperatorning aytgani hamma uchun qonun hisoblangan. «Sinchkovlar» deb atalgan ko`plab josuslar Italiyada va imperiya viloyatlarida norozi odamlarga ko`z-quloq bo`lib yurardilar. Diokletian o`zini Yupiterning o`g`li deb e'lon qilgan. Ibodatxonalarga uning haykallari o`rnatilgan. Hamma, hatto aslzodalar ham unga yer o`pib ta'zim qilishlari kerak edi. U qo`shinni ko`paytirish va isyonchilarga qarshi kurashish maqsadida varvar qabilalaridan yollanma jangchilar tuzgan. Katta armiyani boqish uchun aholidan olinadigan soliqlar oshirilgan. Imperator isyonchi jangchilarni shafqatsizlik bilan jazolab, qo`shin ichida intizomni bir oz mustahkamlagan. U imperiyani boshqarishda o`zi tayinlagan hokimlarga tayanib ish ko`rgan. Diokletian davrida senat o`z ahamiyatini yo`qotgan, ammo ular aholining eng nufuzli toifasi bo`lib qolavergan. U shahar hayotini tiklash va jonlantirish ishiga ham alohida e'tibor bergan84.
Diokletian imperiyani mustahkamlashni ko`zlab bir necha islohotlar o`tkazgan. U imperiyani 12 o`lkaga, ularning har birini esa 114 viloyatga bo`lib chiqqan. O`lka va viloyatlarga ishonchli noiblar belgilangan. U soliq solishni ham tartibga keltirmoqchi bo`lgan. Jon boshiga solinadigan soliqlar qayta ko`rib chiqilgan. Ayni paytda yer solig`ining yangi tartibi joriy qilingan. Bu soliqning hajmini belgilashda yer, ish kuchi va hayvonlarning soni hisobga olingan. Mamlakatda narx-navoning oshuvi munosabati bilan moliyaviy islohot o`tkazilgan. Biroq moliyaviy islohot narx-navoning oshishini to`xtata olmagan. Diokletianning manixeychilik va xristianlikni ta'qiqlashdagi barcha harakatlari ham behuda ketgan. Imperator imperiya boshiga tushgan inqirozni hal eta olmay hokimiyatdan voz kechishga majbur bo`lgan.