Yettinchidan, tarixnavislikning badiiyat bilan bog‘liqligi bu bevosita muarrix ijodiy uslubi, uning voqea va hodisalarga yondashish usuli, tadqiqot ob’ektini qanchalik chuqur o‘rgansa, o‘z xulosalarini shunchalik yoqimli shakl va jozibali til bilan ifodalab berishi bilan belgilanadi. Ifodada harorat, qalb qo‘ri bo‘lishi kerak. Aks holda o‘quvchini zeriktiradigan, oxir-oqibatda esa o‘z o‘tmishidan ko‘nglini sovutadigan bedavo «asar» paydo bo‘lib qoladi. Afsuski, bunday asarlar bizda oz emas.
Endi biz muarrixlar oldida ham tadqiqotchilik, ham fuqarolik burchi turganini, bir elkamizda tarixga xolislik, ilmiy haqiqat bilan qarash yuki, ikkinchi elkamizda esa Vatan va Millat oldidagi javobgarlik, o‘tmishimizni asrash, ajdodlar ruhini e’zozlash va kelgusi avlod oldidagi qarzdorlik yuki borligini butun vujudimiz bilan anglamog‘imiz kerak.
Zotan, Birinchi Prezident Islom Karimov ham: «Tarix sohasida mehnat qilayotgan olim mutaxassislarga murojaat qilmoqchiman: sizlar millatimizning haqqoniy tarixini yaratib bering, toki u xalqimizga ma’naviy kuch-qudrat baxsh etsin, g‘ururini uyg‘otsin. Biz yurtimizni yangi bosqichga, yangi yuksak marraga olib chiqmoqchi ekanmiz, bunda bizga yorug‘ g‘oya kerak. Bu g‘oyaning zamirida xalqimizning o‘zligini anglashi yotadi. Haqqoniy tarixni bilmasdan turib esa o‘zlikni anglash mumkin emas», – degan edi.
Tarix falsafasi real tarixiy jarayonni tafakkur orqali anglash, tarixga inson aqli va fe’l-atvorining mahsuli, manfaatlar hamda qiziqishlar natijasi sifatida yondashish va tushunish, boshqacha qilib aytganda tarixiy jarayonning falsafiy interpretatsiyasidir.
Tarix falsafasi inson va tabiat, inson va jamiyat, odam va olam haqidagi falsafiy bilimlarning alohida sohasi bo‘lib, unda asosan insoniyat tarixi asoslari, tarixiy jarayon va uning mohiyati, kishilik jamiyati taraqqiyoti bosqichlari haqida so‘z yuritiladi, ular ilmiy-nazariy tadqiq etiladi.
Tarixni falsafiy idrok etish elementlari qadim-qadimdayoq namoyon bo‘lgan. Insoniyat o‘tmishiga nisbatan bo‘lgan ilk qiziqishlar asta-sekin qarashlar tizimiga aylangan. Demak, tarixni falsafiy anglash, insoniyat o‘tmishi haqida mushohada yuritish holatlari antik falsafa va tarixnavislik shakllana boshlagan davrdayoq mavjud bo‘lgan. U inson tafakkurining shakllanish bosqichlari, evolyutsiyasi, insoniyat taraqqiyoti jarayonlari bilan uzviy ravishda dinamik tarzda rivojlangan. Biroq uni fanga mashhur frantsuz olimi Volter (haqiqiy ismi Fransua Mari Arue) kiritgan. Ayni paytda tarix falsafasi turli yo‘nalishlarda tadqiq etiladi. Jumladan:
–teologik (ilohiyot) tarix falsafasi nuqtai nazaridan borliq, jumladan, inson hayoti Alloh irodasi orqali boshqariladi, tarixni harakatga keltiruvchi kuch-Alloh irodasi sifatida talqin etiladi. Boshqacha qilib aytganda o‘tmish Alloh irodasi orqali tushuniladi va u ilohiy mazmun orqali tushuntiriladi;
–metafizik tarix falsafasi hech qanday chegaralar va doiralar bilan cheklanmaydigan, turli shakllarga va ko‘rinishlarga kiradigan tushunchalar tizimi hisoblanadi;
–idealistik tarix falsafasiga ko‘ra esa, g‘oyalar, insonning axloqiy tushunchalari, ma’naviy-ruhiy kechinmalari asosida tarixga munosabat bildiriladi;
–insoniyat tarixiga naturalistik yondashish tarix falsafasining yana bir yirik oqimidir. Unda insoniyat tarixiga va hayotiga tabiat orqali, tarixiy jarayonlarga tabiiy holat, tabiiy voqelik va tabiat qonuniyati sifatida qarash g‘oyasi ilgari suriladi. Inson hissiyoti va tuyg‘usi ham qaysidir darajada tabiat tomonidan boshqariladi, u qanchalik individuallik kasb etmasin, tabiat mo‘’jizasidir. Shuning uchun tabiat orqali olamni anglash, o‘tmishga nazar solish va uni baholash asosiy mezon qilib olinadi. Naturalistlar qarashlariga ko‘ra inson tabiati, fe’l-atvori, hatti-harakati tabiiy holda yuzaga keladi va shakllanadi;
–materialistik tarix falsafasida asosan iqtisodiy omillarga katta e’tibor beriladi. Unda tarixni yo‘naltiruvchi kuch sifatida tarixiy jarayonlar mohiyatini, voqeliklar mazmunini moddiy ehtiyoj va iqgisodiy zarurat orqali tushunish asos qilib olinadi;
–insoniyat tarixiga individualistik va kollektivchilik (jamoachilik) jihatlardan qarab fikr yuritadigan tarix falsafasi va boshqa yo‘nalishlar ham mavjud. Bunda insonning tarixda va umuman insoniyat taraqqiyotida tutgan o‘rnini aniqlashda individual, ya’ni yakka, alohida shaxsning hamda jamoatchilik, odamlar guruhi yoki fuqarolar uyushmasining roli, vazifasi o‘rganiladi.
Tarix falsafasida, shuningdek, tarix fani tushunchasi, qonuniyatlari, tarixiy jarayon va inson, inson mohiyati, fe’l-atvori, hatti-harakatlari, manfaatlari, turmush tarzi, urf-odatlari, an’analari, qarashlari va e’tiqodlari talqin etiladi. Bu bevosita insoniyat taraqqiyotida, sivilizatsiyalar mohiyati va ularning «to‘qnashuvi»da kishilik jamiyati evolyutsiyasi, inson tafakkuri va ehtiyojlari dinamikasi bilan jamiyat rivoji di-namikasi o‘rtasidagi bog‘liqlik, renessans hodisasi, uning yuz berishi va inqirozi sabablari o‘rganiladi.
Tarix falsafasi ildizlari antik davr allomalari Gerodot va Fukididning tarixiy harakatga doir qarashlariga borib taqaladi. Keyinchalik u Polibiy, Posidoniy, Plutarx qarashlarida ancha-muncha shakllandi. Avgustin esa ilohiy davlat tarixi falsafasini yaratdi va keyingi ming yillarda tarixiy tafakkurning shakllanishida kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
XVIII asrga kelib tarix falsafasining yo‘nalishlari tubdan o‘zgardi. Tarixiy taraqqiyotda insonning ta’siri, o‘rni va roli, tarixga inson qalbi, ichki dunyosi, ma’naviy-ruhiy olami mahsuli sifatida qarash tamoyillari shakllandi. Biroq bunda ham turlicha yondashishlar mavjud edi. Chunonchi, Lebnits tarixda metafizika – kuchlar va g‘oyalar ustuvor deb tushunsa, Gegel tarixda inson aql-zakovati va tafakkurini ustun qo‘yadi. XIX–XX asrlarda tarixni anglashda mavhum mantiq va tarixni bilish nazariyasi bilan bir qatorda A. Shopengauer, Ya. Burkxardt, O. Shpengler tarixni tushkunlik orqali anglash, A. Toynbi optimizm, marksizm asoschilari esa tarixiy materializm goyalarini ilgari surdi.
Ayrim mutaxassislar falsafiy tafakkur Yunonistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropaga ko‘chganini, G‘arb donishmandlari qadimiy yunon falsafasi ta’sirida dunyoga kelganini pesh qilishadi. Biroq tarix haqiqati, sivilizatsiyalarning davriy harakati buni inkor etadi. Darhaqiqat, yunon falsafasi insoniyat tafakkuri olamining sarchashmasi. Ana shu fayziyob falsafa vaqt o‘tib Sharqqa ko‘chdi. Sharqda rivojlanib, miqyosi kengayib, Sharq falsafiy tafakkur maktabi vujudga keldi va butun insoniyat tafakkur tarzini keskin o‘zgartirib yubordi. Aniqroq qilib aytganda, G‘arb ana shu buyuk maktabning baxtiyor tolibi, vorisi va davomchisidir.
Shunday qilib, Sharqda tarixni falsafiy anglashning o‘ziga xos yo‘nalishlari bir necha ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Garchi u tarixshunoslik, tarixnavislik, manbashunoslik, falsafa va boshqa sohalar singari aniq bir yo‘nalish sifatida shakllanmagan bo‘lsa-da, ayni ana shu sohalar bilan birga demografiya, madaniyatshunoslik, aholishunoslik, sotsiologiya, ruhshunoslik va boshqa ijtimoiy fanlarning yaxlit, ularning barcha talablarini o‘zida mujassam etgan tarixiy-badiiy, falsafiy-mantiqiy tadqiqot sifatida yuzaga keldi. Buni biz Beruniyning «Al-Javohir», «Tavdid» singari asarlaridan tortib Mirxondning «Ravzat-us-safo» hamda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqalarning qator asarlari misolida ko‘rishimiz mumkin.
Demak, Sharqda tarix falsafasi tushunchasi o‘ziga xos jihatlarga ega. Forobiy qarashlariga ko‘ra jamiyat taraqqiyotini ilohiy qonunlar boshqaradi. U Aristotelning jamiyat rivojlanishi haqidagi ta’limotini ilk marta juda chuqur tahlil etdi va uni o‘z xulosalari bilan boyitdi. Beruniy esa tarixiy taraqqiyot bosqichlarini tabiat, astrologiya, astronomiya, kecha va kunduz, fasllar almashuvi orqali o‘rganadi va o‘zining «Hindiston», «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarlarida insoniyat tarixiga falsafiy nuqgai nazardan yondashadi, tarixni anglash, idrok etishda butunlay yangicha qarashlarni o‘rtaga tashlaydi. Aytish mumkinki, Beruniy dunyo tarixshunosligida asotirlar, afsonalar va rivoyatlardan ilmiy bilish va dunyoviy ta’limotga o‘tishda muhim hissa qo‘shdi. U Gerodotdan Shopengauer va Shpenglergacha, Fukididdan Toynbi va Yaspersgacha bo‘lgan uzundan-uzoq davrda misli ko‘rilmagan falsafa va tafakkur ko‘prigini bunyod etdi.
Sharq tarix falsafasi bir necha yo‘nalishlarda ko‘zga tashlanadi: jumladan, podsholiklar tarixi yuksak badiiy ifodalar, xarakterlar, obrazlar, munosabatlar orqali ochib beriladi. Voqealar tahlili ibratli hikoyatlar, pand-nasihatlar, yuksak axloqiy me’yorlar bilan mushtarak holda olib boriladi: Ayrim hollarda tarixga jug‘rofiy-hududiy jihatdan yondashiladi. Sayohatnomalar orqali jamiyat tarixi yaratiladi, podsholiklarning boshqaruv usuli, siyosati, uning mohiyati ochib beriladi.
Ma’lumki, insoniyat taraqqiyoti bevosita tafakkur va qarashlar taraqqiyotidir. Vaqt o‘tgan sari tafakkurning yangidan-yangi qirralari ochilishi, o‘zining beqiyos imkoniyatlarini namoyon etishi tabiiy. Ana shuning natijasida odam va olam, inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlar tobora takomillashib borgani sayin uning yaxlit tarixida izchil rivojlanish hodisasi yuz beradi. Dastlabki odamlarning ibtidoiy hatti-harakatlaridan buyuk sivilizatsiyalar va renessans hodisalarigacha bo‘lgan inson tafakkuridagi rivojlanish hodisasi asrlar, ming yilliklar bilan o‘lchanadigan umumjahon tarixiy taraqqiyotining yaxlit evolyutsiyasini qamrab oladi.
Vaqt o‘tgan sari insoniyat tafakkuri kengayib, ijtimoiy fanlar taraqqiy topib borgani natijasida tarix falsafasi tushunchasi atrofidagi mushohadalar ham kengaydi, mulohazalar ancha tiniqlashdi. Ijtimoiy fanlarning muhim yo‘nalishi sifatida uning predmeti va tadqiqot ob’ektiga aniqlik kiritildi. Natijada u bugungi kungacha bo‘lgan o‘ziga xos, katta va salmoqli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Biroq ilmiy izlanishning chegarasi yo‘q. Ana shu ilmiy haqiqatdan kelib chiqib, hozirgi zamon tarix falsafasi oldida turgan eng muhim vazifalar nimalardan iborat, degan haqli savol tug‘iladi. Bizningcha, bu quyidagilarni qamrab oladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |