Tayanch iboralar: Qur’on bo‘yicha dunyoqarash. Musulmon tarix teologiyasining tavsifiy xususiyatlari. Dunyo va insonning yaratilishi. Qur’on Koinot, Er, tabiat to‘g‘risida. Musulmon providentsializmi. Qur’on bo‘yicha insoniyat tarixi. Musulmon tarixshunosligining tavsifiy xislatlari. Abu Nasr-al-Farobiyning ijtimoiy – siyosiy qarashlari. Uning jamiyat va davlat haqidagi ta’limoti. Ijtimoiy hayotning turlari, shakllari, kelib chiqishi va o‘rganilishi. Davlat vazifalari. Ibn-Xaldun va uning ijtimoiy taraqqiyot nazariyasi. Tarix va haqiqat. Tabiat olamida ijtimoiy inson. Primitivlikdan sivilizatsiyaga. Nisbiy tenglikdan mutloq tengsizlikka. Davlat: paydo bo‘lish va chetlashish. Davlat va iqtisodiyot.
Sharqda azaldan tarixga qiziqish, insoniyat tarixiy taraqqiyoti bosqichlarini o‘rganish keng taraqqiy topgan. Bu qadimiy makonda inson va kishilik jamiyati, uning dunyoga kelishiga doir tarixiy-falsafiy, tarixiy-badiiy asarlar ko‘plab yaratilgan. Jumladan, Abu Ja’far Tabariy (839-923 yy.) o‘zining «Tarixi Tabariy», «Ta’rix ar-rasul val-muluk» (Payg‘ambarlar va shohlar tarixi) nomli asarlarida eng qadimgi davrdan 915 yilgacha bo‘lgan voqealar ancha keng va batafsil bayon etiladi.
Abu Bakr Narshaxiyning (899-959 yy.) «Tahqiq al-viloyat» (Mamlakat haqida aniq tadqiqotlar), «Ta’rixi Buxoro», «Axbor al-Buxoro» singari asarlari tarixiy tahlil, voqealar va hodisalarning falsafiy-mantiqiy ifodasi bilan alohida ajralib turadi.
Abu Muhammad al-Kufiy (926 yilda vafot etgan) «Futuhi ibn A’sam», arab tarixchisi va faylasufi Abu Ali Miskovayx (1030 yidda vafot etgan) «Adab al-arab val-furs» (Arab va forslarning axloq qoidalari) hamda olti jilddan iborat «Tahsil al-axloq»(Axloqiy tarbiya) nomli kitoblarida umumiy tarix, insoniyat yaxlit o‘tmishining taraqqiyot omillari, bir qator xalqlarning an’analari, turmush tarzi, hayot tajribalari va tafakkur qirralari bayon etilgan.
Abul-Hasan al-Jazoiriyning (1160–1233) 12 jilddan iborat umumiy tarix haqidagi kitobi uning tarixiy tafakkur va tarixiy jarayonlarni tahlil etishda o‘ziga xos maktab yaratganidan dalolat beradi. U Tabariy va Bayhaqiylarning ilmiy tajribalariga tayanib, ularni rivojlantirdi. «Olamning yaralishi»dan o‘z davrigacha bo‘lgan tarixni falsafiy tahlil etdi va tarixiy tafakkurning falsafiy tahliliga doir jiddiy tadqiqotni amalga oshirdi. «Komil fi tavorix» (Mukammal tarix) nomli asari Jazoiriyning tarix falsafasi sohasidagi juda katta ilmiy jasoratidan dalolat beradi. Rashididdin Hamadoniy (1248–1318) o‘zining betakror tarixiy-falsafiy qarashlari, noyob ilmiy-nazariy kashfiyotlari bilan mashhur bo‘lgan allomadir. U muarrix, geograf, tabiatshunos, faylasuf, etnograf va antropolog sifatida o‘z davrida nom chiqargan edi. Uning «Ta’rixi g‘azaniy», «Ta’rixi muboraki g‘azaniy» nomli asarlarida insonning yaralishi, olamning paydo bo‘lishi va qadimgi dunyodan 1300 yillargacha bo‘lgan mo‘g‘ullar tarixi bayon etilgan. V.V.Bartold xulosalariga ko‘ra Rashididtsin Hamadoniyning asarlari – tarixiy qomus, qaysiki bunday mukammal asar Osiyoda ham, Yevropada ham biror bir xalqda yo‘q. Uning mukammalligi, boshqa manbalarda uchramaydigan tahliliy-mushohadaliligi, tarixni talqin etishda mutlaqo o‘ziga xosligi shundaki, Yevropa, Hindiston, Xitoy, Eron, mo‘g‘ullar istilo etgan turk mamlakatlari va xalqlari tarixi juda keng miqyosda tadqiq etiladi. Tarixiy jarayon oqimida tahlil orqali falsafiy tafakkur yorqin namoyon bo‘ladi. Tarixiy jarayonlar, voqealar, hodisalar tarixiy-falsafiy, ijtimoiy-mantiqiy uslubda o‘rganiladi. Xullas, jahon tarixi va umumiy tarixiy taraqqiyot qoidalari, asoslari, omillari va yo‘nalishlari ancha chuqur tadqiq etiladi. Aslini olganda olamni tadqiq etish, insonni tushunish, uning rang-barang va xilma-xil olamiga qiziqish Sharqda G‘arbga nisbatan ancha ilgariroq yuzaga kelgan va bu o‘z-o‘zidan ilmiy qarashlar orqali fanning dunyoga kelishi, shakllanishi va taraqqiyotiga o‘ziga xos zamin yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |