2.2. O‘qituvchi muomala subyekti sifatida. O‘qituvchi faoliyatida muomalaning ahamiyati.
Ma’lumki, maktab o‘smirlarning faoliyati o‘qish va mehnatga qaratilgan. Shu faoliyat vositasida ular tashqi ijtimoiy olamni biladi. Ular dunyoqarashida va ma’naviyatiga oid bilimlar, ko‘nikma va malaka, tasavvurlar zaxirasi to‘planadi. Jumladan, tarbiya jarayonida keng qo‘llaniladigan pedagogik trening, sharhlab o‘qitish, tayanch sxemalar, tayanch belgilar, rolli o‘yinlar uslublarni qo‘llash orqali o‘smirlar o‘z tengdoshlari orasida faollik ko‘rsatadi, ijtimoiy hulq va harakatlarning andazalarini o‘zlashtiradi, kattalar hayotiga kirib boradi. O‘quvchilar bajarayotgan rolga ko‘ra bir-birlariga bo‘ysunadilar va boshqarishni o‘rganadilar. Ana shu tariqa o‘quvchi shaxsida aqliy qobiliyat, shaxsiy va ijtimoiy burch hislari, o‘tkir zehn tarkib topadi, tenglik, demokratiya, birdamlik tuyg‘ulari, insoniy fazilatlar - samimiyat, or- nomus, xushmuomalalik, sertakalluflik kabilar shakllana boshlaydi. Mazkur yuksak tuyg‘ularni amaliyotga joriy qilish jarayonida o‘smir shaxsida yuksaklikka intilish ishtiyoqi tarbiyalanadi. Shu bois o‘smir yoshdagi o‘quvchilar dunyoqarashida axloqiy qadriyatlar va insoniylik sifatlari to‘g‘risida adekvat bilimlar, tushunchalarning tarkib topishi ularni komil shaxs bo‘lib shakllanishiga asos bo‘ladi. Bu jarayonning kechishini ilmiy jihatdan tadqiq etish va ilmiy qonuniyatlar asosida shart- sharoitlarning yaratilishi, o‘z navbatida, inson shaxsini tarkib toptirish bilan shug‘ullanuvchi barcha o‘qituvchi-pedagoglarga uslubiy qurol sifatida xizmat qiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘smirlar dunyoqarashini shakllantirish dolzarb muammolardan hisoblanadi.
Ushbu jarayonda millat va mamlakat uchun jon kuydirgan, Vatanga mehr va e’tiqod asoschi bo‘lgan Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, Tavallo, Abdulla Qodiriy singari siymolarning hayoti va faoliyatini o‘rganish asosida o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatish, xulq-atvorini shakllantirish o‘qituvchining pedagoglik mahoratiga bog‘liqdir. Albatta bunda o‘quvchi shaxsini rivojlanishi uchun tegishli pedagogik muhitni yuzaga keltirish, hamjihatlik, hamkorlik doimo demokratiya ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Demak, pedagog va o‘quvchi o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydigan, ishonch va manfaatlarga rioya etilishiga ko‘maklashadigan, o‘quvchining qobiliyati namoyon bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadigan o‘zaro munosabatlar tizimini yuzaga keltirish muhimdir. Chunki shaxsning rivojiga yo‘naltirilgan demokratik tarbiya, insonparvarlik munosabatlarining uyg‘unligini qadriyat sifatida ma’nosini tushunib yetishga yordam beradi. Pedagogik hamkorlik o‘zaro tushunish, ishonch va o‘zaro yordamni, ijodiy hamkorlikka tayyorlikni yuzaga keltiradi. Bu esa o‘smirlarda axloqiy qadriyatlarni, milliy urf-odatlarni, milliy poklanish, milliy istiqlol g‘oyasining asl mohiyatini chuqur anglab yetishni ta’minlaydi.
O‘quvchilarning qobiliyatini va iqtidorini har jihatdan namoyon etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda pedagogik omillar ustuvorligini ta’minlash, shaxs, jamiyat va atrof-muhitning o‘zaro munosabatlarida uyg‘unlikka erishuv, o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi munosabatni, an’anaviy “ustoz-shogird” o‘zaro munosabatlariga xos chuqur insoniy ehtiromli asoslarga olib chiqish - ta’limni insonparvarlashtirishning bosh yo‘nalishi bo‘lib, ta’lim jarayoni subyektlarining o‘zaro tushunishini va hamkorligini ta’minlaydi. Hamkorlik pedagogikasi yoshlarga hozirgi zamon ruhida ta’lim va tarbiya berishni nazarda tutadi.
O‘qituvchi bolalarni o‘z qiziqishlariga qarab bir jamoaga birlashtiradi. Yoshidan qat’iy nazar agar tarbiyachi o‘z ishining ustasi bo‘lsa, bolalar bilan muloqot davrida o‘zining ham ijodkorlik darajasi ortib boradi.
O‘qituvchi o‘z ish faoliyati davomida ta’limning uzluksizligini ta’minlashga asosiy e’tiborini qaratishi lozim. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’lim-tarbiya jarayoni mazmunini to‘la o‘rganib chiqishi va shunga asoslangan holda mashg‘ulotlarni tashkillashtirishi muhim. Shundagina o‘smir ta’limning uzluksizligiga tortiladi, milliy an’analarning eng yaxshilari va jahon madaniyat boyliklari bilan tanishadi.
Shuni aloxida ta’kidlash kerakki, bugun ta’lim tizimidagi barcha ishlar fan kabinetlarini jihozlash, yangi axborot texnologiyasi jihozlari-yu, takomillashtirilgan dastur, modernizasiya qilingan DTSlar, yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarining barchasi ta’lim-tarbiya jarayonini yuqori saviyada tashkil qilish imkonini beradi. Bu qilinayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad ikki shaxs - o‘qituvchi va o‘quvchi orasidagi muomala, munosabat, muloqotdan iborat bo‘lgan ta’lim-tarbiya jarayonini yuqori saviyada tashkil qilib, o‘quvchining bilim va tarbiyasini jahon andozalari darajasida bo‘lishiga erishmoqdir. Agar ikki shaxs o‘qituvchi va o‘quvchi - bir- birlarini yaxshi tushunsalar, o‘qituvchi berganini o‘quvchi to‘lig‘icha o‘ziniki qilib ololsa, bilingki, bular orasiga uchinchi shaxsning kirib borishiga ehtiyoj qolmaydi. Ikki shaxs muloqoti - ta’lim va tarbiya jarayonida amalga oshadi. Birinchi shaxs - o‘rgatuvchi, ya’ni o‘qituvchining, barcha bilan til topishi, ularning didi, xarakteriga moslab bilim va tarbiya berishida katta muammolar kelib chiqadi. O‘qituvchi berayotgan bilim sinfdagi qabul qiluvchilarning hammasiga bir xilda yetib bormaydi. Chunki, qabul qiluvchilar orasida kimdir tez qabul qilib, kech unutadi, kimdir kech qabul qilib, tez unutadi. Qabul qiluvchilar soni sinfda qancha ko‘p bo‘lsa, o‘rgatuvchiga shuncha qiyin bo‘ladi. Shu bois o‘rgatuvchi yordamga muhtoj bo‘ladi. Qanday yordamga? Qabul qiluvchilarga berayotgan bilim va ko‘nikmalarini ularning hammasining tafakkuriga singdirib olishga, yo‘l topishga. Shu bois o‘rgatuvchiga ko‘mak- yordam zarur. Bu yordam ta’lim muassasasida ijodiy muhitni rivojlantirishdir.
Demak, bolaning o‘zlashtirishi, uning bilimi chuqur yoki sayoz bo‘lishi bu- o‘qituvchiga bog‘liq. Bu isbot talab qilmaydigan va hayotda isbotlangan aksiomadir. Shu bois o‘zining 50 yillik o‘qituvchilik faoliyatining 35 yili davomida o‘quvchilarining barchasini faqat «5» bahoga o‘qitib kelgan, respublikada boshlang‘ich sinf ustasi Mamajon Abdurasulov: «O‘zlashtirmaydigan o‘quvchi bo‘lmaydi, o‘zlashtirgiza olmiydigan o‘qituvchi bo‘ladi. Men o‘zimning o‘qituvchilik faoliyatimda buni isbotladim» deydi. (Ma’rifat, 24 iyul 2005 y.)
Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlarini rivojlantirishdan maqsad ular bilimining sifat ko‘rsatkichini, samaradorligini ko‘tarish, bunday jiddiy ishni yo‘lga qo‘yish, uni amalga oshirishda bosh sababchi, bosh mutasaddi bu o‘qituvchidir. O‘qituvchi o‘z ustida tinimsiz ishlasa, yangilikka intilsa, o‘zining pedagogik mahoratini oshirsa, shunda-gina ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlarini mustahkamlashda har bir o‘qituvchining ijod bilan ishlashi, o‘z ustida ishlab, kasbiy mahoratini oshirishi, dars berish uslubiyotini yangilashi, boyitishi, ilg‘or o‘qituvchi-larning tajribalaridan foydalanishlari, mamlakatimizdagi pedagogika yangiliklari, jahon pedagogikasi tajribasidan boxabar bo‘lish, internet sahifalariga kirish va undan foydalanishlari ta’lim muassasalarida o‘quvchining qiziqishi, intilishi, harakati faoliyatini samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabati boshqalarga namuna, darslari barchaga namunali bo‘lsa, o‘quvchining qiziqishi ortib boradi.
O‘quvchilar o‘z mehnatini qadrlanishini yoktiradi. Yaxshi o‘qigan, ilg‘or o‘quvchilarga alohida e’tibor berib, ulami rnhlantirib, rahmatnoma e’lon qilinsa u bundan g‘ururlanadi, ruhi ko‘tariladi, bundan keyin ham o‘qishga o‘rganadi.
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabatini rivojlantirishda maktab kutubxonasi-ning ishini yaxshilash, uning kitob fondini rivojlantirish, unda o‘qituv-chilar va o‘quvchilarning ijodiy ishlashlari uchun sharoit yaratish, internetga ulash, elektron pochta aloqasi o‘rnatish muhim hisoblanadi.
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabati tarbiya jarayonida keng qamrovli o‘lchov bo‘lib, uni amalga oshirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shuning uchun ham “2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi” da umumta’lim maktablarida o‘qituvchilarning faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu vazifani amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevraldagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 25- sonli qarori hamda Xalq ta’limi vazirligining 2006 yil 7 iyundagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g’risida”gi 149-sonli buyrug‘i qabul qilindi. Yuqoridagi me’yoriy xujjatlar o‘qituvchi kadrlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, ularning mustaqil ta’lim egallashi uni ta’lim-tarbiya jarayonlarini loyihalashtirish, ularni kuzatish va tahlil qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tegishli maslahatlar berib borish kabilarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatildi.
O‘qituvchilar tomonidan tarbiya rejasini bajarilishi maktabda ta’lim samaradorligini oshiradi.
O‘qituvchilarning mustaqil o‘qib bilim orttirishlari, zamonaviy kompyuter texnikasi, aloqa vositalari, axborot-resurs markazlarida, elektron darsliklar, ma’ruza matnlarining elektron versiyalari, turli o‘quv-metodik va badiiy adabiyotlar asosiy va qo‘shimcha manbalardan foydalanishlari bilimlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutish bilan birga o‘quvchilar bilan munosabat qilishda, hamkorlik pedagogikasini amalga oishirshda o‘z samarasini ko‘rsatadi.
Bu jarayonning talab darajasida va samarali olib borilishi uchun o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilari uchun mustaqil bilim olishlariga ularga belgilangan dasturni muvaffaqiyatli bajarishida tegishli yordam ko‘rsatishlari va shart-sharoit yaratib berishlari lozim.
O‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlashda suhbatlar, anketalar, testlar o‘tkazish, o‘quvchilarning fikri, dunyoqarashi kabilarni o‘rganish muhim o‘rin tutadi. Ushbu holatlar o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilardagi muammo va qiyinchiliklari, tipik xato va kamchiliklarini aniqlash yoki faoliyatini ilg‘or pedagogik tajribasini o‘rganish maqsadida amalga oshiriladi.
Bunda o‘qituvchining nazariy, uslubiy tayyorgarlik darajasi, pedagogik mahorati va shaxs sifatlari muhim o‘rin tutadi. O‘qituvchi ta’lim-tarbiya natijalarini o‘rganib, xulosalar tayyorlaydi. Nazariy-uslubiy muammolari, pedagogik mahorati va shaxs sifatlarini korreksiyalash tadbirlari belgilanadi.
Bundan tashqari o‘qituvchi o‘quvchilar bilan munosabatlarni mustahkamlash uchun o‘quvchilarni tarbiyalash faoliyati monitoringi olib borishi maqsadga muvofiqdir.
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabati shaxsni maqsadga muvofiq shakllantirish uchun uyushtirilgan pedagogik jarayon bo‘lib, tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli ta’sir etish imkoniyatini beradi. Tarbiya jarayoni o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikki yoqlama faoliyatni, yani o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyatini o‘z ichiga oladi. Tarbiya jarayonida ong shakllanadi, his-tuyg‘ular rivojlanadi, ijtimoiy hayot uchun zarur va ijtimoiy aloqalarga xizmat qiladigan xulqiy odatlar hosil bo‘ladi.
O‘qituvchi va o‘quvchi munosabatida bolalarning hayoti va faoliyatida tarbiyaviy ta’sirlar, shaxsiy tajribalar va ehtiyojlar namoyon bo‘ladi. Shuning uchun bola faoliyatini uyushtirishda o‘qituvchining munosabati, turli xil kechinmalari uni qanday anglashi, baxslashishi, his qilishi hamda ulardan o‘zi uchun nimalarni maqsad qilib olganligini bilishi shaxsining kamolotga yetishida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tarbiya jarayonida o‘quvchining ongigina emas, balki, xis-tuyg‘ularini ham o‘stiradi. Jamiyatning shaxsga qo‘yadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlarni hosil qiladi. Bunga erishish uchun o‘quvchilarning ongiga, xissiyotiga va irodasiga tizimli va muntazam ta’sir etib boriladi.
Maktabdagi tarbiya jarayoni uzluksiz xisoblanib unda tarbiyalovchi va tarbiyalanuvchi munosabatlari amalga oshadi. Tarbiya aniq maqsadni hal etishga xizmat etadigan faoliyatini belgilaydi va ushbu faoliyatiga o‘quvchilarning faol ishtirok etishni ta’minlaydi. Ular o‘rtasida ma’naviy-axloqiy munosabatlar uchun sharoit yaratadi.
Tarbiyani ijobiy bo‘lishi uchun ushbu jarayonni yaxshi bilish, uni o‘quvchining odobliligi, yetukligi bilan unga qo‘yiladigan talablar o‘rtasi-dagi farqlarni bilish muhim xisoblanadi. Tarbiyachining talablari bilan tarbiyalanuvchining tarbiyalanganlik darajasini bilish, ya’ni bolalarning faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularda onglilik, har bir ishni bajarishda tayyorgarlik darajalarini shakllantirish muhim xisoblanadi.
Tarbiya jarayonida shaxsni har tomonlama shakllantirish maqsadida bola ongi, his-tuyg‘ulari, irodasi va munosabatlar tizimiga ta’sir ko‘rsatish o‘qituvchi faoliyatiga bog‘liq. O‘qituvchi o‘z o‘quvchisiga biror bir vazifani bajarish uchun ko‘rsatmalar beradi. Bu ko‘rsatmalar tushuntirish asosida amalga oshiriladi. Ushbu jarayonda o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlari vujudga keladi. o‘qituvchi bolaga ta’sir ko‘rsatish bilan o‘quvchilar faoliyatini birlashtiradi.
Xulosa
Bolalarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish uchun o‘qituvchi u yoki bu vazifalarni o‘quvchilarga topshiradi. Buning natijasida o‘quvchining jonli nutqi, bolalarning o‘yinlari, jamoatchilik, havaskorlik to‘garaklari murabbiy o‘qituvchi rahbarligida amalga oshiriladi. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchi bilan munosabatlarni tashkil etish usullari, vositalari va shakllaridan mohirona foydalanadi. Bunda bolaning shaxsiy xususiyatlari hamda tarbiyalanganlik darajasi, bola yashayotgan aniq pedagogik vaziyatning tabiatini o‘rganadi.
O‘qituvchti o‘quvchilarning ijtimoiy ong, axloqini shakllantirish bilan birga rag‘batlashtirish, o‘zini-o‘zi tarbiyalash usullaridan foydalanadi.
O‘quvchilarning ongi, his-tuyg‘usi va irodasiga har tomonlama ta’sir ko‘rsatish bilan birga tushuntirish, hikoya, suhbat va namuna metodlari asosida ularda vatanga, xalqqa sadoqat tuyg‘ularini shakllantiradi.
Bolarda xatti-harakatlar, voqealar va hodisalarning ma’naviy, estetik, mazmunini ochib beradi. Ularga xulq-atvor va insoniy munosabatlarga to‘g‘ri baho berishni shakllantiradi.
Bola shaxsini g‘oyaviy va ma’naviy shakllantirishda o‘qituvchining jonli so‘zi ta’sirchan bo‘lib, ularda ishonch, ijobiy his-tuyg‘ular vujudga keltiradi. O‘qituvchi sinf jamoasiga Amir Temur o‘gitlari, Alisher Navoiyning bolalik yillari xaqida gapirib bersa, buning samaradorligini bolalarning qanday quloq solishiga qarab tekshirish mumkin. Agar bolalar “Biz ham Amir Temurni, Alisher Navoiyni o‘rganamiz”, -degan umumiy istak bildirsa demak, o‘qituvchining so‘zlari bolalar ongiga yetib borgan. Bunga javoban o‘quvchilarda savollar tug‘iladi. Biror maqsad yo‘lida munosabatlar tuyg‘usini keltirib chiqaradi.
Axloq haqidagi olib borilgan suhbatlar o‘quvchilarning yurish-turish doirasini kengaytiradi. O‘quvchilar faqat tinglovchilar emas, balki muhokama qilinayotgan mavzulaming faol ishtirokchilarga aylanadilar. Bunday sharoitda o‘qituvchi o‘quvchilar bilan munosabatiga, ularning bilimiga tayanishi lozim va ularning shaxs uchun ahamiyatini hisobga olish zarur. Munosabatlar o‘quvchilarni o‘ylashga, mazkur masala bo‘yicha o‘z bilimlarini orttirishga yordam beradi. O‘qituvchining o‘zi qanchalik kam gapirsa, bolalar dunyosiga shunchalik yaxshiroq kirib borishi, ular bilan ajablanishi, quvonishi lozim, shunda munosabat, hamkorlik samarali bo‘ladi.
O‘qituvchi va o‘quvchilarning munosabatlari bolaga ta’sirini kuchaytirish hamda tarbiyalanuvchining shaxsini, xatti-harakatlarini faollashtirish maqsadida qo‘llaniladi. Munosabatlar harakat qilishga ilhomlantiradi va har qaysi bolaning xususiyatiga qarab o‘zgaradi. Munosabatlar jarayonida istiqbolga doir qo‘yilgan talabalar bola faoliyatini faollashtiradi. Bunday talab bolalarda shod–u hurramlik kayfiyatini tug‘diradi. Har xil bolaning ulg‘ayishi o‘qituvchi uchun ham muhimdir. Chunki, o‘qituvchi maktab hayotida o‘z munosabatlari asosida umumiy yuksalishiga yordam beradi. O‘qituvchi har bir bolaning imkoniyatlarini ko‘ra olish va baholash, olg‘a harakat qilish, iroda va fe'l-atvorni tarbiyalashda tarbiyachi yordam beradi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bolaga shunday ta’sir ko‘rsatadiki, uning xatti- xarakatiga, xulq-atvori ijobiy rivojlanadi. O‘qituvchi bolaning xulq-atvor ko‘nikmalarini mustahkamlash va salbiy ko‘nikmalariga barham berishda, takomillashuvida, xulq-atvor va xatti-harakat bobida qanday yo‘l tutish kerakligini anglab olishga imkon beradi.
O‘quvchi bola faoliyatini rag‘batlantiradi. Unda quvonch kayfiyatini oshirib, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun butun kuchini sarflashga undaydi.
O‘qituvchi bolaning axloqidan uning ishga munosabatidan, muammosidan mamnun bo‘lmasa, bola o‘z xulqini tuzatib olishiga yordam ko‘rsatadi. Buning natijasida bola o‘zini-o‘zi tarbiyalash, ya’ni o‘z ustida ishlash, faol ish olib borish xususiyatlari shakllanadi. Bular bolada hayotda mustaqillikka intilish, oilada va maktabda iroda, tirishqoqlik intizomini tarbiyalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |