TARBIYA JARAYONIDA SHAXSNING SHAKLLANISH
REJA:
1.SHaxsning rivojlanish jarayoni.
2.Faoliyat - shaxs shakllanishining asosiy omili sifatida.
3.SHaxs rivojlanishida yosh va individual xususiyatlar.
Shaxsning rivojlanish jarayoni-Har qanday jarayon o‘z natijasiga erishishga qaratilgan qonuniy va izchil harakatlar jamidan iborat bo‘ladi. Tarbiya jarayonining eng asosiy natijasi har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirishdan iboratdir. Bu jarayon ikki tomonlama bo‘lib, o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyatida aktivlik ko‘rsatishni ham talab etadi. CHunki, tarbiya beruvchi tarbiyaning umumiy maqsadlarini amalga oshirish dasturini ishlab chiqadi, tarbiya formalari, metodlari va usullarini asosli tarzda tanlab oladi va tadbiq etadi.
SHarqda ham azaldan farzand tarbiyasiga katta e’tibor bilan qarab kelingan. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek "Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir".
YUrtga, vatanga muhabbat, insonparvarlik tuyg‘ulari xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy hususiyatdir. Ana shu noyob insoniy fazilatlarni asrab, avaylash va yanada takomillashtirish, farzandlarimizni ozod va demokratik O‘zbekistonning munosib o‘g‘il – qizlari qilib tarbiyalash masalasi ma’naviyat sohasidagi ishlarimizning asosiy yo‘nalishini tashkil etmog‘i kerak. Ma’naviyat tarbiyaning eng ta’sirchan quroli ekan, undan oqilona foydalanish, tarbiyalanuvchilarni vatanparvarlik, rostgo‘ylik, xalqsevarlikka o‘rgatish kerak bo‘ladi. Aslini olganda, axloq ma’naviyatning o‘zagi. Inson ahloqi shunchaki salom –alik, hushmuomaladangina iborat emas. Ahloq bu insof va adolat tuyg‘usi, iymon, halollik deganidir.
Qadimda ajdodlarimiz komil inson haqida butun bir ahloqiy talablar majmuasini,ya’ni zamonaviy tilda aytsak, sharqona ahloq kodeksini ishlab chiqqanlar. SHarq tarbiyasida islom dinining roli muhimdir. "Islom dini - bu ota-bobolarimiz dini, u biz uchun ham iymon, ham ahloq, ham diyonat, ham ma’rifat ekanligini unutmaylik. U quruq aqidalar yig‘indisi emas. Bizning ma’rifatparvar ollomalarimiz tomonidan yaratilgan asarlar asosida, o‘quvchilarda mehr -oqibatli, nomusli, oriyatli, andishali, izzat-ehtiromli kabi tushunchalarini shakllantirish va unga rioya etish tarbiyaning bosh vazifasidir." Islom dini, har qanday davrda ham insonlarni poklikka undagan va yaxshi xislatlarni ko‘paytirib yomon xislatlardan halos etishga chorlagan. Pedagogika tarbiyalanuvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan eng samarali shart-sharoitlarni o‘rganadi va aniqlaydi.
Faoliyat - shaxs shakllanishining asosiy omili sifatida
SHaxs tushunchasi ijtimoiy foydali faoliyatda qatnashishga ehtiyoj sezishini va aktiv ishtirok etishini, har bir kishining boshqa odamlar bilan munosabatda bo‘lish ehtiyojini, bu munosabatning mazmuni va formalarini, shaxs bilan uning atrofidagi kishilar o‘rtasidagi munosabatlar tizimini, uning tabiatga, tevarak atrofdagi dunyoga munosabatini shaxsning asosiy xususiyatlari deb ajratish mumkin.
SHaxs rivojlanishida yosh va individual xususiyatlar
SHaxsning rivojlanib kamol topishi, xayotning xamma bosqichlarida bir xil bo‘lmay balki, yosh xususiyatlari va xayot tajribalariga qarab xar xil bo‘ladi. Tarbiya jarayonida o‘sayotgan avlodning yosh va o‘ziga xos xususiyatlarini bilish va xisobga olish juda zarur. Ma’lumki, bir xil yoshdagi bolalarning, o‘quvchi-talabalarning xar birini o‘ziga xos xususiyatlari, psixik jarayonlari mavjud. Bu o‘ziga xoslik rivojlanish jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi. YOsh xususiyatlarini xisobga olish, bola xususiyatiga moslashish emas, balki shu yosh davrda bola imkoniyatlarini xisobga olgan xolda ta’lim va tarbiya ishlarini tashkil etish demakdir.
Glossariy
SHaxs – jamiyatdagi alohida kishi, odam. SHaxs deb konkret kishini aytamiz. Odamning shaxs sifatidagi asosiy belgisi: sotsialligi, ongi, tili.
Mehnat – ma’lum bir ijtimoiy foydali, moddiy va ma’naviy mahsulotni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan faoliyat demakdir. Mehnat faoliyati–kishining eng etakchi, asosiy faoliyati.
Faoliyat–kishining anglanilgan maqsad bilan boshqarib turiladigan ichki (psixik) va tashqi (jismoniy) faolligdir.
Pedagogikaning nazariy vazifasi- ilg‘or va yangi pedagogik tajribalarni o‘rganish
Guruhdagi psixologik muhit- Ijtimoiy psixologik muhit deganda, o‘sha guruhning a’zolari fikrlari, hissiyotlari, dunyoqarashi, ustanovkalar va o‘zaro munosabatlaridan iborat bo‘lgan emotsional-intellektual holati tushunildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |