Ta'limda psixologik xizmatning asosiy vazifalari: Yoshlarning ijtimoiy-psixologik muammolari, sabab va yechimlari
Annotatsiya
Ushbu maqolada ta'lim tizimida psixologik xizmatning asosiy maqsad-vazifalari, yo'nalishlari, hamda psixologik xizmatni tashkil etishning o'ziga xos tamoyillari haqida so'z boradi. Shuningdek bugungi kundagi yoshlarning xulq-atvorida uchraydigan ijtimoiy - psixologik muammolar: 1) yoshlarda xulq og'ishi va tarbiyaning buzilishi; 2) voyaga yetmaganlar o'rtasida salbiy nuqsonlarning shakllanishiga bir qancha sabablar va ularning yechimlarini topishga doir maslahatlar ham maqoladan o'rin olgan.
Kalit so'zlar
Bilamizki, inson psixologiyasini tushunish, uni teran tahlil qilish va rivojlantirishga e'tibor berish, hamisha har bir davlatning ham ijtimoiy ham iqtisodiy hayotida ustuvor vazifa bo'lib keladi. Shu o'rinda aytib o'tishimiz lozimki, psixologiya fani va uning ilg'or vakillari tomonidan, XX asr boshlarida asoslab berilgan psixologik xizmat ko'rsatish tizimining muqarraligi, butun insoniyat uchun jahonshumul voqea bo'ldi. Shuningdek, ta'limda psixologik xizmatning rivojlanib borishi har bir mamlakatda turli yillarda sodir bo'lgan. Misol tariqasida, AQShda 1800-yillardan, Fransiyada esa undan 1 asr keyin , Chexoslovakiyada 1980-yilda, Estoniyada 1975-yilda, Rossiyada 1982-yilda, O'zbekistonda esa o'tgan asrning 70-80- yillaridan ta'limda psixologik xizmatning rivojlanishi boshlangan. (1, b.4-5)
Quyida psixologik xizmatning qaysi davlatda, qachon, qay tarzda sodir bo'lganligi ko'rsatilgan:
T/r
|
Davlatlar
|
Yillar
|
Voqealar
|
1.
|
AQSH
|
1800
|
AQShning birinchi amaliyotchi psixologlari o'z-o'zini tarbiyalash muammosini o'rgangan dastlabki ekspertlar bo'lib yetishdilar.
|
2.
|
Fransiya
|
1905
|
Aqliy taraqqiyotda orqada qolgan bolalarni ajratib beradigan Bine-Simon test dasturi yaratildi
|
3.
|
Estoniya
|
1975
|
Maktabda psixologik xizmat tashkil etildi
|
4.
|
Chexoslavakiya
|
1980
|
Tarbiya masalalari bo'yicha modda maktab to'g'risidagi qonunga kiritildi
|
5
|
Rossiya
|
1982
|
Maktablarda psixologik shtatlar ochildi
|
6.
|
O'zbekiston
|
1989
|
O`zbekistonda amaliyotchi psixologlarning yetishmasligi sababli Nizomiy nomli TDPIda amaliyotchi psixologlar tayyorlash fakulteti ochildi.
|
Har bir sohaning o'z ustasi bo'lganidek inson qalbining ham mahoratli ustasi bor, shubhasiz, biz ularni psixologlar deymiz! Pedagoglarning yordamchisi, bolalar qalbi va ruhiyatiga yo'l topa oladigan kishilar - psixologlarga bo'lgan ehtiyoj hozirgi kunda ta'lim-tarbiya sohasida ortib bormoqda. Shuning uchun ham, ta'lim tizimida amaliyotchi psixologlarning faoliyat ko'rsatishlari ta'lim mazmuni va uning sifatini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Ta'lim sohasida psixologik xizmatning asosiy maqsadi-o'quvchi yoshlarning ma'naviy va aqliy rivojlanishi, barkamol shaxs sifatida shakllanishi, ularning har tomonlama mukammal psixologik taraqqiyotini ta'minlovchi oqilona zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Ta'limda tizimida psixologik xizmat uchun maktabgacha ta'limdagi bolalar, umumiy o'rta ta'lim o'quvchilari, maxsus o'quv yurti va oliy o'quv maskani talabalari hamda o'qituvchilarni, tadqiqot va ta'sir o'tkazishning obyekti sifatida ko'rishimiz mumkin (2, b152).
Odatda, har bir maqsadning vazifa va yo'nalishlari bo'ladi. Psixologik xizmat faoliyatining ham bir-biri bilan uzviy bog'liq bo'lgan 6 muhim vazifa va yo'nalishlari mavjud. Bular:
1. Psixologik ma'rifat va tashviqot yo'nalishi - pedagoglar, ota-onalar hamda, jamiyatning barcha tashkilotlari o'rtasida hamkorlikni yuzaga keltirish;
2. Psixologik-pedagogik tashxis yo'nalishi - iste'dodli o'quvchilarni aniqlash, ularning individual-psixologik xususiyatlarini va qiziqishlarini o'rganish, ularning qobiliyatlarini namoyon qilish va yanada rivojlantirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
3. Psixologik profilaktika yo'nalishi - o'quvchilarning tengdoshlari va kattalar bilan o'zaro munosabatlarida psixologik shikast yetkazuvchi omillarni bartaraf etishda yordam ko'rsatish hamda, ular o'rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo'yicha profilaktika ishlari olib borish; (3)
4. Psixologik korreksiya yo'nalishi - pedagogik jamoalarda sog'lom psixologik muhitni yaratish va qo'llab quvvatlash, shaxslararo munosabatlar va ziddiyatlarni korreksiyalash, psixologik madaniyatni yuksaltirish;
5. Psixologik maslahat yo'nalishi - turlicha yoshdagi o'quvchilarning shaxsiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishi I psixologik jihatdan kuzatib borish, ta'lim-tarbiyadagi psixologik nuqsonlarni aniqlash, ularning rivojlanishida sodir bo'lishi ehtimoli bo'lgan har qanday salbiy og'ishlarning oldini olish va ularga maslahatlar berish;
6. Kasb-hunarga yo'naltirish yo'nalishi - ta'lim muassasalarida o'quvchilarning qobiliyati, layoqati, qiziqishlari hamda kasb-hunarga moyilliklari asosida ularning kasb-hunarni to'g'ri tanlashlariga ko'maklashish.
Ta'lim va tarbiya xuddiki, ota-ona kabi bir birlariga chambarchas bog'liq bo'lgan 2 tushunchadir. Ta'lim insonlarga bilim, ko'nikma bersa, tarbiyaning umumiy vazifasi - yosh avlodda bilim, ko'nikma ahloq normalarini to'g'ri shakllantirishdan iborat. O'quvchilar xulq-atvoridagi salbiy og'ishlar, nuqsonlar borasida turli olimlar turlicha tipologiyalarni yaratishgan. Masalan, V.Klayn bunday holatlarni 6 ta alohida guruhlarga bo'lgan:" esipast", "ota-onaning dushmani", "axloqsiz Bola", " organik", "psixotiklar", va "nasliy buzuqlik" (4, b 11-12). Bundan ko'rinib turibdiki, har bir holatdagi salbiy og'ishga moyillikning sabablari turlicha. Bunga misol tariqasida, bir nechta omillarni ko'rsatishimiz mumkin:
- o'z (men)iga past nazar bilan qarash, boshqalarga tobelik;
- erkinlik hamda ijtimoiy tartib qoidalardan qochish
- bolalarga Ota-onamlar tomonidan diqqat-e'tiborning yetishmasligi
- oila davrasida doimiy uruah-janjallar, bir-birini tushunmaslik, ota-ona va farzandlarning farqlanuvchi shaxsiy qiziqishlari;
- bolalarning qobiliyatlari ota-onalari tomonidan salbiy baholanishi
- ichki ruhiy yolg'izlik, o'zgalarning tushunmaslik, baxtsizlikdan qiynalish;
- do'stlar bilan ziddiyatli munosabatlar, va shaxsiy muvaffaqiyatsizlik;
- agressivlik, jahldorlik, tezda asabiylashish, ruhiy zo'riqish;
- tug'ma nuqsonlar
- o'z-o'zini boshqarolmaslik
Yuqorida ko'rib turganimizdek, ularning barchasi inson psixologiyasida salbiy og'ishning paydo bo'lishiga sababchi omillar hisoblanadi.
Xo'sh, biz qanday qilib ulardan xalos bo'lishimiz mumkin? Nima bizning salbiy nuqsonlarimizni bartaraf etishimizga yordam bera oladi? ... Albatta , inson qalbining "shifokori" hisoblangan psixologlar biz uchun doim ko'makka tayyor!
Xulq og'ishining oldini olishda psixologik yordam ikkita yetakchi yo'nalishni taqoza qiladi. Bu psixologik prevensiya (ogohlantirish, psixoprofilaktika) va psixologik intervensiya ( bartaraf etish, korreksiya, reabilizatsiya) (5, b 44). Bilamizki, BSST (Butunjahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti) og'ishga xulqning 3 xil turdagi shakllarini taklif qilgan. Birinchi usulda, nohush omillarni oldini olish va bu omillarga nisbatan chidamlilikni oshirish lozim. Ikkinchi turda, asabiy-psixik buzilishlarni oldinroq aniqlash va ularni reabilizatsiya qilish hamda, salbiy og'ishga moyilligi bor yoshlar bilan ishlash kerak. Uchinchi usulda, asabiy-psixik buzilishlarni davolash darkor. Bunday usullar voyaga yetmagan yoshlar o'rtasida tarqalgan salbiy nuqsonlar yoki og'ishlarni oldini olish, ularga to'g'ri maslahat berish orqali davolash ishlariga yordam beradi.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, yurt kelajagi - yoshlar qo'lida, yoshlarning barkamol, teran fikrli, sog'lom aql-idrokli bo'lib ulg'ayishi esa ta'lim sohasidagi psixologik xizmatga bog'liq. Chunonchi, har qanday vaziyatda, o'quvchiga to'g'ri yo'l ko'rsatish, o'zligini anglab yetishishiga ko'maklashish, uning muammolarini teran tushunish va yechim topib berish biz o'ylaganimizdek oson emas, anchagina kuch, matonat, sabr-toqat talab qiladi bu, ayniqsa, uni ta'lim sohasi bilan bog'laganimizda.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Z.T.Nishanova, SH.T.Alimbayeva, M.V.Sulaymonov Psixologik xizmat (darslik) Toshkent:. - 4, 5 betlar
2. Dot. F.А.Akramov, N.Х.Lutfullayeva, Х.R.Xaydarova «Pedagogik psixologiya» fani (maruzalar matni). - Т.: ТDIU, 2005 - 152 bet.
3. https://lex.uz/docs/-4417140
4.G'. Shoumarov, B. Umarov, F. Akramova Yoshlarda xulq og'ishi va tarbiya buzilishining oldini olish bo'yicha psixologik maslahatlar. - T:. 2015 - 11,12 betlar.
5.G'. Shoumarov, B. Umarov, F. Akramova Yoshlarda xulq og'ishi va tarbiya buzilishining oldini olish bo'yicha psixologik maslahatlar. - T:. 2015 - 44 bet.
.
Do'stlaringiz bilan baham: |