Ochiqdan ochiq yuz beradigan nizolar odatda tortishib qolgan shaxslarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita xatti-harakatlari tarzida namoyon bo‘ladi. Bunday nizoni kuzatish, qayd etish va unga keark bo‘lsa, aralashish ham mumkin bo‘ladi. Yashirin nizo esa ochiq namoyon bo‘lmaydi, balki u turli xufyona usullar bilan amalga oshiriladi. Tashqaridan qaragan odam bunday nizoning mavjudligini sezmaydi.
Ba’zan nizolar obyektiv sabablar, shart-sharoitlar bois vujudga keladi. Masalan, agar bu ishlab chiqarishda bo‘lsa – ish sharoitlarining yomonligi, xizmat vazifalarining noo‘rin taqsimlanganligi, kadrlar salohiyatiga bee’tiborlilik, mehnatni rag‘batlantirishdagi adolatsizlik kabilar odamlar o‘rtasida muayyan tangliklarni keltirib chiqaradiki, bu shaxslararo o‘zaro munosabatlarda o‘z aksini topib, ularning o‘zaro va xodimlarning rahbarlar bilan urushib qolishiga, yashirin yoki ochiq konfrontatsiyaga olib keladi. Bu kabi nizolarni bartaraf etish uchun uni keltirib chiqqan obyektiv shart-sharoitlarni o‘zgartirish yoki kamchiliklarni yo‘qotish orqaligina amalaga oshiriladi.Chunki jamoadagi bunday nizolar o‘ziga xos signal funksiyasini bajaradiki, u orqali rahbarlar mehnat jamoasida noma’qul psixologik muhit paydo bo‘layotganligidan xabardor bo‘ladilar.
Subyektiv sabablar yoki omillar tufayli kelib chiqadigan nizolarga aksariyat holatlarda odamlarning o‘zlari, ularning shaxsiy xususiyatlari, ulardagi ehtiyoj, istak va maslaklarning nomutanosibligi asos bo‘ladi. Bunda qaror qabul qiluvchining qarori boshqalarga noma’qul bo‘lishi, ular mehnati adolatsiz bao‘olanishi, ayrim shaxslarning esa ochiq tabiatan janjalkash ekanligi sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, nizolar quyidagicha toifalanadi:
gorizontal – bir-biriga bo‘ysunmaydigan, tobe bo‘lmagan oddiy xodimlar o‘rtasida;
vertikal – o‘zaro bir-biridan amal pog‘onasi bo‘yicha farq qiluvchilar, masalan, rahbar bilan xodim o‘rtasida;
aralash - shaxslararo munosabatlarda u va bu holat uyg‘un kelganda. Odatda ishlab chiqarish faoliyatida eng ko‘p tarqalgan nizo turi vertikal va aralash bo‘lib, ular jami nizolarning 70-80 foizini tashkil etadi.
Nizolarning oldini olish yoki u paydo bo‘lgan bo‘lsa, bartaraf etish uchun uning kelib chiqish sababini, asosiy aybdorlarni yoki obyektiv sabablarni aniqlash lozim. Mutaxassislar nizolarni bartaarf etishning ko‘plab usullari va yo‘llari borasida tavsiyalar ishlab chiqqanlar. Masalan, X.Kornelius va Sh.Feyyerlar uni hal qilish uchun nizo xaritasini tuzishni taklif etadi. Unga ko‘ra, nizoli vaziyatni aniqlash uchun quyidagilar inobatga olinishi lozim:
1) nizoni keltirib chiqqan muammoning umumiy qirralarini ochish, masalan, agar ishlab chiqarishdagi nizo ish xajmining to‘la bajarilmaganligi sababli kelib chiqqan bo‘lsa, avvalo ish taqsimoti diagrammasini tuzish kerak;
2) nizoning asl sababini aniqlash, zero, aynan shu ish odatda eng mushkul ish hisoblanadi;
3) nizoning haqiqiy ishtirokchilarini aniqlash – alohida shaxsmi, guruhmi yoki uyushmami;
4) nizoga sabab bo‘lgan shaxsiy xohish, istaklar, nizokashlarning aynan nimani istayotganligini aniqlash;
5) nizoga qadar nizokashlarning o‘zaro munosabatlari qanday bo‘lganligini bilish;
6) bevosita nizoda ishtirok etmagan, lekin uning ijobiy hal etilishidan manfaatdor bo‘lgan shaxslarning nizoga munosabati.
Do'stlaringiz bilan baham: |