Maktab yoshi haqida tushuncha
«Maktabga tayyor» tushunchasi shartli tushunchadir. Masalan, bir qator mualliflar bu joyda bolaning jismoniy, ijtimoiy va ruhiy rivojlanish darajasini birinchi oʻringa qoʻyishsa, boshqalar esa a’zo va sistemalarning funksional yetukligini, uchinchi guruh namoyondalari esa bolalarni maktabga aloqador boʻlgan organizmining zoʻriqishga boʻlgan tayyorgarligiga katta aha- miyat beradilar. Maktabda oʻqishga tayyor degan tushuncha bolaning maktabda ta’lim olishiga kerak boʻlgan barcha talablarni bajara olishini ta’minlovchi jismoniy va ruhiy rivojlanishini bildiradi. Bolaning maktabda oʻqishga qodirligini baholashda faqatgina ijtimoiy shart-sharoitlar bilan bogʻliq boʻlgan uning aqliy rivojlanish darajasinigina emas, balki organizmning morfofunksional yetuklik holatini ham e’tiborga olish zarur. Buning uchun bu qobiliyatni tekshirishda organizmning biologik yetukligi, jismoniy rivojlanishning barkamolligi, bola salomatligi va funksional sistemalari holati ham aniqlanadi. Biologik yosh pasport yoshiga mos yoki ilgarilab ketgan, nutqi yaxshi rivojlangan, sogʻlom (1- va 2-darajali sogʻlom guruhga kiruvchi) bolalar oʻqishni dastlabki bosqichidayoq yuqori ish qobiliyatiga ega boʻlishi aniqlangan. Umumta’lim maktabining birinchi sinfidagi oʻquv tartibining xususiyati shunga bogʻliqki, maktabga borish vaqtiga kelib bolaning funksional sistemalari ma’lum darajada rivojlanib olgan, u jismoniy va ruhiy jihatdan maktabda oʻqishga etilganlik koʻrsatkichlariga ega boʻladi. Maktabga «etilmaganlik», I.D. Dubinskiy (1975), M.V. Antropova, S.P. Yefremova (1976) fikrlariga qaraganda organizmning umumiy rivojlanishdan orqada qolgani bilan emas, balki faoliyat va sistemalarning yetarli darajada etilmaganligi, oʻquv jarayonida ular ancha zoʻriqishi bilan ifodalanadi. Bolalarning ruhiy, jismoniy jihatdan maktabga yetarlicha tayyorlanmaganligi koʻpincha salomatligida roʻy bergan oʻzgarishlarga bogʻliq boʻladi. Sogʻlom bola organizmi 6-7 yoshga kelib maktabda oʻqishga faoliyat jihatdan asosan etilgan boʻladi. 6-7 yashar bolaning markaziy nerv sistemasi va tayanch-harakat apparatidagi oʻzgarishlar, maktabgacha tarbiya muassasalari va oilada berilgan toʻgʻri tarbiya bolani maktab tartibiga biologik jihatdan tayyor qilib qoʻyadi. Maktabga kirishda funksional jihatdan etilmagan, deb topilgan bolalarning yarmidan koʻprogʻida 1-sinfga qabul qilingandan keyin mashgʻulotlar davomida surunkali kasalliklari qoʻzishi yoki boshqa kasalliklar tufayli salomatligi yomonlashib qolishi mumkin. Tibbiy xodimlar maktabga kirayotgan har bir bolaning salomatligi qanday ekanini yaxshi bilishi kerak. Darslar jarayonining organizm funksional holatiga hamda «etilmagan» bolalar salomatligiga yomon ta’sir qilishi, darslarni yaxshi oʻzlashtirmaslik bolaning maktabda oʻqishi tibbiy va pedagogika nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashga asos boʻladi, Salomatlikka zarar yetmasligi uchun maktabga kiruvchi bolalarning «yetukligini», «Bolalarning maktabga kirishga funksional tayyorligini aniqlashga doir metodik tavsiyalar» bor, shu asosda ish olib borish zarur. Bolalar maktabga borishdan bir yil oldin sentyabr-oktyabr oylarida tibbiy tekshiruvdan toʻla oʻtkaziladi. Ayni vaqtda bolalar muassasasida yoki bolalar poliklinikasining maktabgacha tarbiya boʻlimida bolalarning maktabga funksional jihatdan nechogʻli etilganligi psixofiziologik tekshirib koʻriladi. Bular quydagilardan iborat: tovushni talaffuz qilishdagi nuqsonlar, doirani chizish, odam rasmini chizish va h.k. Tibbiy tekshiruvlar bolaning salomatligi tufayli maktabda oʻqishga etilmaganini aniqlashga imkon beradi. Bunday bolalarga sogʻlomlashtiruvchi davo chora-tadbirlari buyuriladi. Natijani tekshirib koʻrish uchun bolalar maktabga kirgan yilning fevral-mart oylarida takror tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi va bolalar poliklinikasining maktab shifokori, logoped va pedagogdan iborat tibbiy-pedagogik komissiyasi malumotlari asosida xulosa chiqaradi. Psixofiziologik koʻrsatkichlari jihatidan maktabda oʻqishga etilmagan bolalar bir yilga bolalar kombinatida qoldiriladi. Bola organizmining morfologik xossalari, pedagogika jarayoni va oʻquv mashgʻulotlari tufayli uning organizmida kuzatiladigan oʻzgarishlar xususiyatiga qarab maktabda oʻqishning butun davrini bir necha bosqichga boʻlish mumkin. Birinchi bosqich bir qadar ma’lum vaqt qimirlamasdan oʻtirib oʻqish va yozish malakalarini egallash bilan belgilanadi. Keyingi bosqichlarda bolalar bosh miya poʻstlogʻi hujayralari ishtiroki hamda shartli refleks reaksiyalari asosida bilim oladilar. Maktabda oʻqiy boshlagan 6-7 yashar bolalar dastlab maktab sharoitiga oʻrganishga ancha qiynaladilar. Chunki ular oʻzlari uchun notanish boʻlgan yangi bolalar va kattalar jamoasiga, kun tartibiga, oʻqituvchining talablariga, darslarda koʻproq qimirlamasdan oʻtirish zarurligiga asta-sekin oʻrganib, moslashib boradi. Birinchi sinf oʻquvchilarining darslarga moslashishi uchun birinchi yarim yillikda darslar muddatini kamaytirish maqsadga muvofiqdir. 6-7 yashar bolalarning funksional imkoniyatlariga koʻra, oʻquv yilining ikkinchi yarmida darslar muddatini asta-sekin oshirib borish kerak. Sentyabr-oktyabr oylarida 30 daqiqali 3 ta darsdan, noyabr-dekabrda 4 ta darsga, ikkinchi yarim yillikda 35 daqiqali 4 ta darsga oʻtiladi. Shunda bolaning fiziologik faoliyati va oʻzlashtiruvchanligi butun oʻquv yili davomida bir maromda saqlanib turadi. 7 yoshga toʻlmasdan turib oʻqishga kirgan bolalarda moslanish qiyin oʻtadi. Maktabga faoliyat jihatdan yetuk boʻlmaganlarning soni 7 yashar bolalar orasida turli mualliflarning ma’lumotlariga qaraganda, 0 dan 15,7% gacha borsa, 6 yashar bolalar orasida 6,7% dan to 51% gacha etadi. oʻquv yili davomida 6 yashar bolalar 7 yasharlilarga qaraganda koʻproq charchaydilar. 6-7 yashar bolalar ish qobiliyatining har xil boʻlishi yoshga aloqador ruhiy-jismoniy imkoniyatga bogʻliq. 6 yashar bolalarning salga charchashi, betoqatlanishi oliy nerv faoliyatining yoshga aloqador xususiyatlariga bogʻliq. Shuning uchun 1-sinf oʻquvchilarini kuni uzaytirilgan guruhga olib, bu guruhda kunduzi 1-1,5 soat ochiq havoda uxlashini tashkil etish maqsadga muvofiqdir
Do'stlaringiz bilan baham: |