birinchidan, fan dasturining kirish qismida o‘qitiladigan fanning dolzarbligi va ahamiyati, uning maqsad va vazifalari, uning kelajakda nima kerakligini ochib berishga alohida e’tiborni qaratish lozim. Buni fanga tegishli hayotiy misollar, fan va texnologiyalar, ishlab chiqarish sohalarida erishilayotgan yutuqlarni inobatga olib yoritib berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu albatta ta’lim oluvchilarda fanga bo‘lgan boshlang‘ich motivatsiyani uyg‘otishga, kelajakka bo‘lgan ishonch kurtaklarining yuzaga kelishiga yordam beradi;
ikkinchidan, bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Respublikamizga xorijdan ko‘plab yangi texnika va texnologiyalar, investisiyalar kirib kelmoqda, qolaversa o‘zimizda ham ishlab chiqarilmoqda, yangi-yangi korxona hamda ishlab chiqarish tashkilotlari barpo etilmoqda. Albatta ertaga ularda mustaqil ishlay oladigan, ularni boshqara oladigan mutaxassis zarur. Shuning uchun bugungi kunda biz kelajak uchun tayyorlayapgan mutaxassislarimizga ular tomonidan qo‘yilayotgan zamonaviy malaka talablarini aniq, to‘g‘ri, pala-partish qilmasdan, “bizdan ketdi - egasiga yetdi” tarzida ish qilmasdan o‘rganib, kerak bo‘lsa ushbu korxona va tashkilotlarga borib, ko‘z bilan ko‘rib, ularning yetakchi, tajribali mutaxassislari bilan hamkorlikda shakllantirish lozim. So‘ngra ushbu tayyor malaka talablari o‘quv dasturida o‘z aksini topishi lozim;
uchinchidan, amaldagi o‘quv dasturlarida soatlar taqsimotini jadval shaklida berish. O‘quv rejadagi fan mavzusi soatlari taqsimoti o‘quv dasturida o‘z aksini topishi maqsadga muvofiq. Chunki, pedagog dasturni ochganda soatlarni izlab yurmaydi, o‘quv rejasiga murojaat qilmaydi. Bu ishni osonlashtiradi va vaqtni tejaydi;
to‘rtinchidan, o‘quv dasturida fanni o‘qitishda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish deb: aqliy hujum, bumerang, sinkveyn, konseptual jadval kabi interfaol usullar yozilganini kuzatamiz. Axir ular pedagogik texnologiyalar emas-ku, ular pedagogik texnologiyalar asosida yaratilgan interfaol usullardir. Axborot texnologiyalari bo‘yicha esa biron bir texnologiya nomi yozilmagan. Demak, bu noto‘g‘ri yondashuv va talqin. Shuning uchun bunday kamchiliklarni bartaraf etish uchun quyidagilarga e’tiborni qaratish lozim fanni o‘qitishda foydalaniladigan zamonaviy pedagogik texnologiyalar deb:
ta’lim oluvchining ijtimoiy va bilish faolligini ta’minlashga yo‘naltirilgan - shaxsiy-insonparvarlik;
o‘quv jarayonining texnologik darajasini to‘liq ifodalash, amalda joriy etishga yo‘naltirilgan – loyihalash;
ta’lim oluvchida ijodkorlik, yangilik yaratish qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan - evristik o‘qitishni e’tiborga olish.
Pedagogik texnologiyalar asosida yaratilan interfaol usullar deb, bunda ta’lim oluvchining:
mustaqil va ijodiy ishiga yo‘naltirilgan - kichik guruhlarda ijodiy izlanish;
bilim doirasini, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, ilmiy maqola, risola va kitoblar bilan tanishtirish orqali, bilim olish va fanga bo‘lgan qiziqishini orttirish, avval o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakasini yangi vaziyatlarda qo‘llash orqali yangi bilimlarni egallashiga yo‘naltirilgan - erkin fikrlash;
tinglash va muloqot qilish ko‘nikmasini, turli nuqtai nazardan tushunish malakasini rivojlantirish, bahsli masalalarni hal qilish, tahliliy mushohada yuritish va fikrlash layoqatini oshirish, o‘z fikrini shakllantirish mahoratini mustahkamlashga yo‘naltirilgan - tanqidiy tafakkur;
faoliyat, muloqat, hamkorlik, turli hayotiy hodisalarni boshdan kechirishga yo‘naltirilgan – diskussiya;
fikrini hamda mavzuga bo‘lgan munosabatini aniqlash, mustaqil holda umumiy bir fikrga kelishiga va to‘g‘ri xulosa chiqarishiga yordam berish, erkin holda bahslashishga yo‘naltirilgan – muloqot;
shaxsiy funksiyasini dolzarblashtirishga, uning muhim tanlashni amalga oshirish tajribasini to‘plashga, tanqidiy qabul qilishga, hayojonli muammolarni ijodiy yechishga refleksiyaga maxsus yo‘naltirilgan – dialog;
mustaqil ishlash ko‘nikmasi, ijodiy fikrlash qobiliyati va jamoani boshqarish, yechim qabul qilish hamda uni bajarishni tashkil etish malakasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan – o‘yinni e’tiborga olish.
Axborot texnologiyalari deb: dasturlashtirilgan, avtomatlashtirilgan, chiziqli texnologiyalarga e’tiborni qaratish;
Do'stlaringiz bilan baham: |