TA`LIM JARAYONIDA ELEKTRON O`QUV-USLUBIY
MAJMUALARDAN FOYDALANISH
Saliyeva Olima Kamalovna,
Qosimova Sarvinoz
Buxoro muxandislik - texnologiya instituti
saliyevaok@mail.ru
Koronavirus pandemiyasi barcha sohalar singari ta`lim tizimiga ham o`z ta`sirini o`tkazdi: kasallik tarqalishi xavfi tufayli O'zbekistonda ham boshqa davlatlar kabi butun o'quv jarayoni masofaviy o’qitish shakliga o'tkazildi. Umuman olganda, O`zbekistondagi barcha oliy ta`lim muassasalari kabi bizning institutimiz ham darslarni masofaviy shaklda o`tkazishga qisman tayyor edi. Professor – o`qituvchilar tomonidan tayyorlangan o`quv-uslubiy majmualarning elektron versiyalari tizimlashtirilgan, hamda OTM platformasida Moodle tizimi shakllantirilib, unga barcha o`quv predmetlari bo`yicha elektron resurslar joylashtirilgan edi.
Ishlab chiqilgan elektron o`quv-uslubiy majmualar o`quv jarayoni mobaynida namoyish etish vositasi, amaliy va laboratoriya ishlarini bajarish mobaynida uslubiy yordamchi, mustaqil ta`lim olishga vosita, o`quvchilar tomonidan bilimlarni o`zlashtirishini nazoratchisi, amaliy va laboratoriya mashg'ulotlari uchun masala va mashqlar bilan ta`minlovchi bo`lishligi nazarda tutib yaratilganligi bugungi kunda qo`l keldi, desak mubolag’a bo`lmaydi, albatta.
Ma’lumki, ta`lim jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalanishning maqsadi dars mashg’ulotlariga sezilarli ijobiy samara beruvchi yangilik kiritishdan iborat bo’ladi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta`lim modelida pedagoglar fasilitator, t’yutor, mediapedagog, moderator kabi vazifalarni bajaradilar. Jumladan:
- kompyuter texnologiyalari asosida ta`lim berishda pedagog fasilitator, ya`ni jarayonda asosiy yordamchi;
- masofadan o`qitish ta`limida t’yutor vazifasini, ya`ni masofadan o`quvchi bilan o`quv jarayonini tashkil qiluvchi, aloqani o`rnatuvchi, vazifa beruvchi va tahlil qiluvchi;
- mediata`lim beruvchi pedagog esa mediapedagog nomi bilan, ya`ni barcha texnika vositalarini bir vaqtning o`zida o`zi mustaqil boshqara olish, namoyish etish va muloqotga kirishish;
- internet forumda ishlovchi pedagog moderator, ya`ni videokonferentsiyalarda ishni tashkil qiluvchi va aloqa o`rnatuvchi vazifasini bajaradi.
Elektron o`quv-uslubiy majmualar o`quvchilarga axborotni o`qish, ma`ruzalarni eshitish, amaliy va laboratoriya mashg'ulotlariga mo`ljallangan vazifalarni bajarish, o`z bilimlarini tekshirish va zarur hollarda ularni to`ldirish, o`z-o`zini nazorat qilish kabi bilim shakllarini tavsiya etishi mumkin.
Elektron o`quv-uslubiy majmualar o`z ichiga trenajyorlar, amaliy va laboratoriya mashg'ulotlari uchun vazifalar, test topshiriqlari, bir vaqtning o`zida bilim berish va ularni o`zlashtirish jarayonini nazorat qiluvchi dasturiy ta`minotlarni qamrab oladi. Boshqacha aytganda u o`quv predmetlarining asosiy axborotli qismini bayon etuvchi, olingan bilimlarni mustahkamlashga mo`ljallangan mashqlar, o`quvchilarning bilimlarini baholash imkoniyatini beradigan test texnologiyalaridan tashkil topadi.
An`anaviy o``quv jarayonida mustaqil ta`limini tashkil etish uchun elektron o`quv-uslubiy majmualar yaratish va joriy etishning dolzarbligi quyidagi omillar bilan belgilanadi[1] :
- talabalarning mustaqil ta`lim olishga bo`lgan ehtiyojini e`tiborga olish va uni amalga oshirish uchun etarli shart-sharoitlar yaratib berish;
- ta`lim tizimining turli yo`nalishlarida talabalarning faol ta`lim olish shakllariga bo`lgan ehtiyojini aniqlash va uni joriy qilish;
- talabalar tomonidan ta`lim mazmuni, metodi va zamonaviy vositalarini mustaqil tanlashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- fan va texnika taraqqiyotining bugungi darajasi bilan mukammal tanishtirish va bo`lajak mutaxassislarni kasbiy tayyorgarlik sifatini oshirish;
- oliy ta`lim muassasalarining elektron axborot-ta`lim muhiti va integrallashgan o`quv-ilmiy resurslarini yaratish;
- ta`lim jarayonini axborotlashtirish borasida to`plangan ilg'or tajribalarni amaliyotga joriy etish;
- zamonaviy axborot texnologiyalari muhitida talabalar mustaqil ta`limini tashkil etish imkonini beruvchi elektron o`quv-metodik majmualar yaratish;
- talabalar mustaqil ta`lim olishlarini tashkil etish, amalga oshirish va nazorat qilishga oid o`quv-metodik adabiyotlar, tavsiyalar, ishlanmalar, yo`riqnomalar, ko`rsatmalar ishlab chiqish va boshqalar.
O`quv jarayoni uchun elektron o`quv-uslubiy majmualar yaratishning asosiy maqsadi – ta`lim jarayonini individuallashtirish va tabaqalashtirish tamoyillari asosida tashkil etishni ta`minlash, ta`lim tizimida faoliyat ko`rsatayotgan etakchi professor-o`qituvchilarning kasbiy salohiyatlariga tayangan holda, ta`lim sifatini oshirish, talabalar uchun uzluksiz ta`lim olish imkoniyatini yaratish, ta`limning turli shakllarini o`zaro bir-biriga muvofiqlashtirishdan iborat.
O`quv jarayonida elektron o`quv-uslubiy majmualardan foydalanishning afzalliklari quyidagilardan iborat:
ta`lim jarayonida berilayotgan materiallarni chuqurroq va mukammalroq o`zlashtirish;
ta`lim olishning yangi shakllarini joriy qilish;
dars jarayonida bilim olish vaqtining qisqarishi natijasida vaqtni tejash imkoniyati;
o`quvchilarda ma`lum malakalarni shakllantirish vaqti qisqaligi;
mashg'ulotlarda bajariladigan topshiriqlar sonining oshishi;
komp'yuter tomonidan faol boshqarishni talab qilinishi natijasida o`quvchi ta`lim sub`ektiga aylanishi;
o`quvchilar kuzatishi, mushohada qilishi qiyin bo`lgan jarayonlarni modellashtirish va bevosita namoyish qilish imkoniyatining hosil bo`lishi va boshqalar.
Demak, fanlar bo`yicha elektron o`quv-uslubiy majmualarni ishlab chiqish va ular asosida o`quv jarayonini tashkil etishni pedagogik jarayon deb qarash lozim. Pedagogik jarayonda talabalarning ijodiy fikrlash qobiliyati o`sib boradi va mustaqil bilim olish uslubiyoti shakllanib, talaba texnik, iqtisodiy va ilmiy masalalarni echish jarayonida bilimlar va ma`lumotlar mujassamlashgan elektron o`quv-uslubiy majmualardan hamda global tarmoq resurslaridan foydalanishga intiladi.
Bunday jarayonni to`g'ri tashkil etishni ilmiy asoslash, shuningdek undagi har bir sub`ektning vazifalarini aniq belgilash orqali o`quv jarayonini intensifikatsiyalash va uning samaradorligini oshirishga erishishimiz mumkin.
Jahon ekspertlari pandemiya tufayli joriy qilingan karantin qoidalari ta`lim, jumladan oliy ta`lim uchun yangi imkoniyatlar yaratganini e`tirof etishmoqda. Karantin davrida mamlakatimiz barcha o`quv yurtlarining masofaviy ta`lim shakliga o`tkazilgandan buyon, ushbu davr mobaynida yoshidan qat`iy nazar barcha professor-o`qituvchilarda ta`lim platformalari bilan ishlash, masofaviy ta`lim va uni olib borish sohasidagi bilim va ko`nikmalari shakllandi yoki rivojlandi. Karantin davrida o`qituvchilar masofaviy ta`lim berish (Moodle), onlayn rejimda, turli platformalarda (ZOOM, Telegram) ma`ruza o`tish va videodarslar yozish (Camtasio, OBS-studio) ko`nikmalariga ega bo`lishdi. Bu esa aksariyat oliy ta`lim muassasalari tomonidan videodarslardan iborat ulkan media platforma yaratish uchun manbaviy asos bo`lib xizmat qildi.Ta`lim berishning innovatsion uslublari yaratildi. Xususan, onlayn tarzdagi dars vaqtining o`zida internetdagi mavzuga aloqador web-resurslarga havola qilish orqali virtual interfaollik ta`minlandi. Kelajakda masofaviy ta`limni yanada rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo`lgan ishlar esa tahlil etib borilmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Begimqulov U.SH. Pedagogik ta`limda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishning ilmiy-nazariy asoslari. Monografiya. Toshkent: Fan, 2007. – 160 b.
Do'stlaringiz bilan baham: |