4-jadval “Tour Salon” MCHJ faoliyatining samaradorligiga joriy aktivlarning tarkibi ta’sirini tahlil qilish maqsadida, ularni qo‘yidagi belgilar bo‘yicha turkumlash tavsiya qilinadi:
salmog‘ining oshirilishi sof foydaning kamayishiga olib keluvchi moddiy joriy aktivlar (material zaxiralari, ombordagi tayyor mahsulot);
salmog‘ining oshirilishi sof foydaning oshishiga olib keluvchi moliyaviy joriy aktivlar («normal» debitorlik qarzlari, pul mablag‘lari, qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalar).
Joriy aktivlarni rejalashtirish nuqtai nazaridan, bizning fikrimizcha, tasnifga ularning «asoslangan» (me’yordagi) va asoslanmagan (ortiqcha va yetarli bo‘lmagan) joriy aktivlarga taqsimlash maqsadga muvofiq.
Joriy aktivlar turlarining ko‘pligi ularni boshqarish vazifalarining murakkabligini belgilab beradi. Joriy aktivlarni boshqarish jarayoni ularning tarkibi va tuzilishi, ularga bo‘lgan ehtiyojni umumiy va alohida rejalashtirish, ularning shakllantirish manbalarini aniqlash, shuningdek joriy aktivlarni tahlil va nazorat qilish bo‘yicha operativ ishlarni o‘z ichiga oladi.
Joriy aktivlardan samarali foydalanish yuqorida sanab o‘tilgan barcha masalalarni takomillashtirish orqali erishiladi. Joriy aktivlar hisobi bilan bog‘liq masalalar korxona tomonidan ishlab chiqiladigan hisob siyosatining «joriy aktivlarni boshqarish bo‘limi»da aks ettirilishi lozim. Joriy aktivlarning yetarli hajmi va tarkibini shakllantirish hamda ularning moliyalashtirish manbalari tarkibini optimallashtirish masalalari aniq belgilab berilishi lozim. Joriy aktivlarning yana bir elementi debitorlik qarzi bo‘lib, u tovar oldi-sotdi bitimi va uning to‘lovi o‘rtasida yuzaga keladigan vaqt natijasida hosil bo‘ladi.
Debitorlik qarzi asosan mol yetkazib beruvchilar va xaridorlar bilan hisob-kitoblarni tovar, xizmat va ishlarni qabul qilgan kunda to‘lov amalga oshirilmagan barcha holatlarni o‘z ichiga oladi. Debitorlar korxona pul mablag‘larining harakatini sustlashtirishi bois debitorlik qarzlari moliyaviy aktivlarning eng past likvidli qismi hisoblanadi.Buxgalteriya hisobida qarzdorlikni baholash usullari dargumon qarzlarning mazmunini aniqlashga asoslangan. Dargumon qarz - bu korxonaning shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lanmagan debitorlik qarzdorligi bo‘lib, tegishli kafolatlar bilan ta’minlanmagan. Ushbu zaxiralar 4910- «Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv» schoti bo‘yicha sarflangan debitor qarzdorlik fondlari asosida tuziladi. Zaxira miqdori qarzdorning moliyaviy ahvoliga va qarzni to‘lash ehtimolini to‘liq yoki qisman baholashga qarab aniqlanadi.
Qarzdorning to‘lash qobiliyati bo‘lmasa qarz bekor qilinadi va bu balansdan tashqari schotda aks ettiriladi (007- schot «Iqtisodiy nochor qarzdorlarning hisobdan chiqarilgan qarzlari»). Bu qarz qarzdorning mulkiy ahvolida o‘zgarishlar bo‘lishi va uning to‘lov qobiliyatini qayta tiklanishini nazorat qilish uchun bekor qilingan kundan boshlab besh yil davomida balansda hisobga olinishi lozim. MHXSda rezerv yaratish uchun buxgalteriya balansida (1-shakl) «Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv» (ingl. Allowance for Uncollectible Accounts) va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda (2-shakl) «Umidsiz debitorlik qarzini hisobdan chiqarish xarajatlari» schoti (ingl. Uncollectible Accounts Expense) dan foydalaniladi. Xalqaro tajribaga muvofiq dargumon qarzlar uchun rezerv yaratishda quyidagi usullardan foydalanish va ularni hisob siyosatida aks ettirish maqsadga muvofiq: 1. Interval usuli. 2. Ekspertlar usuli. 3. Statistik usul. 1. Interval usuli. Rezervga ajratmalar miqdori kechikish muddatiga ko‘ra qarz miqdori foiz stavkasi sifatida har chorakda (oylik) hisoblanadi. Ya’ni har bir dargumon qarz bo‘yicha rezerv uchun ajratilgan mablag‘lar kechikish davri bilan mutanosibdir. Rezervni shu tarzda hisoblash uchun quyidagi algoritmni qo‘llash tavsiya etiladi:
Interval yoki ekspert usuli qo‘llanilganda quyidagi variantlarni tanlash mumkin: agar rezerv yaratilgan qarzlar umidsiz deb topilsa, u rezervdagi mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Agar rezervda pul mablag‘lari yetarli bo‘lmasa, rezerv hisobidan qoplanmagan qarz summasi boshqa operatsion xarajatlarga hisobdan chiqariladi; agar rezerv qarzni qoplasa, rezerv miqdori tiklanadi, ya’ni boshqa operatsion daromadlarga kiritiladi.