Suvli to‘siqni kechib o‘tish bilan hujumga tayyorgarlik
vaqtida texnik ta’minot
Hujum davomida tankchi (motoo‘qchi) batalonlar va vzvodlar turli suvli to‘siqlardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi, ular hujum qilayotgan qo‘shinlar uchun jiddiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda.
Suvli to‘siqlarni kechib o‘tish bo‘linmalarning jangovar faoliyatini tashkil etish va ta’minlash maxoratini, shaxsiy tarkibni, qurol-aslaha va harbiy texnikani, texnik ta’minot kuch va vositalarini maxsus tayyorlashni talab etuvchi hujumkor jangning murakkab turlaridan biridir.
Tankchi (motoo‘qchi) batalon suvli to‘siqni harbiy qismning asosiy kuchlari tarkibida kechib o‘tadi, ilg‘or otryad yoki avangardda harakatlanayotganda esa - mustaqil ravishda.
Tankchi batalon suvli to‘siqni parom orqali, sayoz joydan yoki suv ostidan kechib o‘tadi (qish sharoitida – muz ustidagi kechuvlardan).
Tankchi (motoo‘qchi) batalonni suvli to‘siqdan muvaffaqiyatli kechib o‘tishi texnik ta’minotni to‘g‘ri tashkil etilishi va amalga oshirilishiga bog‘liq. Tanklarni suv ostidan olib o‘tish usulini qo‘llab, harakat davomida suvli to‘siqlardan o‘tishda texnik ta’minotni tashkil etish eng qiyini bo‘lib, bunda batalon shiddat bilan daryoga kirib, to‘xtamasdan uni kechib o‘tadi va hujumni qarshi qirg‘oqda to‘xtovsiz rivojlantiradi.
Harbiy qismning asosiy kuchlari tarkibida harakatlanuvchi batalonga suvli to‘siqdan o‘tishda asosiy va zahira kechuvlardan iborat bo‘lgan kechuv uchastkasi tayinlanadi, harbiy qismning asosiy kuchlarini suvli to‘siq yaqinida yoyish bilan kechib o‘tishda esa – dastlabki rayon.
Batalonning kechuv uchastkasida desant va parom kechuvlari, tanklarning sayoz joydan yoki suv ostidan kechuvi tashkil etiladi. Suvli to‘siqdan uyushgan holda o‘tish uchun batalonga 1-2 km. uzoqlikda dastlabki marra (rubej) tayinlanadi, bevosita suvli to‘siq yaqinidagi dastlabki rayonni egallaganda esa - suv bo‘yidan 100-300 m uzoqlikda, tashish-desant vositalariga chiqish (yuklash) va tanklarni germetizatsiyalash rayoni suvli to‘siqdan 5-6 km uzoqlikda tayinlanadi. Tankchi (motoo‘qchi) vzvodga suvli to‘siqdan o‘tadigan kechuv joyi ko‘rsatiladi. Kechuvlarning turi va soni tashish vositalarining mavjudligi, suvli to‘siqning xususiyati va qo‘shinlarni kechuvdan o‘tkazishning o‘rnatilgan tartibidan (grafigi) kelib chiqib belgilanadi. Kechuv uchastkasini tanlashda dushman mudofasining xarakteri hisobga olinadi.
Batalonni suvli to‘siqlardan kechib o‘tishga tayyorlashdagi texnik ta’minot tadbirlari o‘ziga xos alohida xususiyatlarga ega:
tanklarni maxsus tayyorlash, kechib o‘tishga tayyorlanishda texnik ta’minotni tashkil etish uchun vaqtning cheklanganligi, bo‘linmalarni moddiy vositalar bilan ta’minlashdagi uzilishlar ehtimoli, texnik va ichkari ta’minoti kuch va vositalari bilan manyovr qilishning cheklanganligi.
Qarshi qirg‘oqda mudofaada turgan va qayta hujum qilayotgan dushman bilan jang shavqatsiz tus oladi, bu esa o‘q-dorilar sarfini oshishiga olib keladi. Moddiy vositalarni keltirish va kechuvdan o‘tkazish, qarshi qirg‘oqda jang olib borayotgan tankchi (motoo‘qchi) bo‘linmalarni texnik, tibbiy ta’minoti bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish, boshlang‘ich davrda tankchi (motoo‘qchi) bo‘linmalar o‘zlarining dastlabki qirg‘oqda turgan va batalon suvli to‘siqqa yaqinlashayotganda safdan chiqqan mashinalarni evakuatsiya qilish va ta’mirlash bilan band bo‘lgan ta’minlash va ta’mirlash bo‘linmalaridan ajralib qolishi oqibatida ancha qiyinlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |