Umumqo‘shin jangi barcha zamonaviy qurol-yarog‘ vositalaridan, jangovar va boshqa texnikadan foydalangan holda olib boriladi. Zamonaviy qurol-yarog‘ vositalarini, jangovar va boshqa texnikani barcha o‘t va zarba berish vositalari, qo‘llaniladigan artilleriya, zenit, aviatsiya, o‘qchi, muhandislik jangovar aslahalari hamda yondiruvchi jangovar o‘q-dorilar, yondiruvchi aralashmalar tashkil etadi. Jangda artilleriya, tank, piyoda askarlarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar), zenit vositalari va o‘q otish qurollaridan o‘t ochish aviatsiya zarbalari bilan hamkorlikda dushmanni qirib tashlashning asosiy vositalari hisoblanadi.
Zamonaviy zararlash qurollarining eng samarali turlari bo‘lib yuqori aniqlikda uruvchi qurollar hisoblanib, ularga razvedka-zarba komplekslari (razvedka o‘t ochish) hamda birinchi otishdayoq (uchirishda) nishonni yo‘q qila oladigan boshqariluvchi va o‘z-o‘zini yo‘naltiruvchi raketalarni qo‘laydigan qurol-yarog‘ komplekslari (tizimlari) kiradi.
Yondiruvchi o‘q-darilar va olov hosil qiluvchi aralashmalar dushmanning ochiqda joylashgan yoki uzoq muddatga mo‘ljallangan o‘t ochish va fortifikatsiya (istehkom) inshootlaridagi tirik kuchlarini hamda uning jangovar texnikasini va boshqa ob’ektlarini zararlashda qo‘llaniladi.
Bo‘linmalar faqat zamonaviy qurollarning barcha turlaridan foydalangan holda mahorat bilan jang olib boribgina qolmasdan, balki ommaviy qirg‘in qurollari ta’sir ko‘rsatib turgan sharoitlarda ham harakat qilishga doimo shay turishlari zarur.
Dushmanning yalpi qirg‘in qurolidan himoyalanish vaziyatning barcha sharoitlarida to‘liq hajmda tashkillashtiriladi. U yalpi qirg‘in qurollari kuchini maksimal darajada susaytirish, guruh (seksiya, tank ekipaji) shaxsiy tarkibining jangovar qobiliyatini saqlab qolishga va ular tomondan qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli bajarilishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
Yalpi qirg‘in qurolidan himoyalanish o‘z ichiga joyning himoya vositalaridan foydalangan holda tayanch punktini (dastlabki, o‘t ochish pozitsiyalari, joylashuv joylari) fortifikatsiya jihatdan jihozlashni; shaxsiy tarkibni yalpi qirg‘in qurolining bevosita xavfi qo‘llanish ta’siri boshlanganligi haqida ogohlantirish hamda radioaktiv, kimyoviy va biologik (bakteriologik) zararlanish to‘g‘risida xabar berish; epidemiyaga qarshi, sanitar-gigienik va maxsus tibbiy profilaktik choralarni amalga oshirish; yalpi qirg‘in quroli ta’siri oqibatlarini bartaraf etish; shaxsiy tarkibning xavfsizligini zararlangan zonalarda, vayrona, yong‘in va suv bosgan rayonlarda harakatlanganda ta’minlashni oladi.
Jangning asosiy turlari mudofaa va hujumdir.
Mudofaa dushmanning hujumini qaytarish, unga talafot etkazish va o‘z qo‘shinlarining hujumga o‘tishlari uchun sharoit yaratishdan iborat bo‘lib, mudofaaga o‘tish rejali yoki majburan amalga oshiriladi.
Hujum dushmanni to‘liq yakson qilish va joyning asosiy rayonlari (chegaralari, ob’ektlari) ni egallash maqsadida amalga oshiriladi.
Mudofaada sabotli va bardoshli bo‘lish, hujum jarayonida faol va qat’iy harakat qilish motoo‘qchilar (tankchilar) guruhi tomonidan jangovar vazifaning muvaffaqiyatli bajarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Motoo‘qchilar (tankchilar) guruhi (seksiya, tank) jangovar vazifani bajarish davomida mohirona harakat qilib, artilleriyadan o‘t ochish va aviatsiya zarbalari natijalaridan foydalanib, o‘z qurolidan o‘t ochgan holda dushmanni yakson qiladi.
Motoo‘qchilar (tankchilar) guruhi (seksiya, tank) zamonaviy qurol-yarog‘larga ega bo‘lgan holda dushmanning tirik kuchi, tanklari, piyodalarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar), artilleriyasi, tankka qarshi va boshqa o‘t ochish vositalarini yakson qilishga, uning samolyotlari, vertolyotlari, boshqa havo kuchlariga qarshi kurashga hamda shiddat bilan hujum qilishga, egallab turgan tayanch punktini (pozitsiyani) matonat bilan himoya qilishga, razvedkada va soqchilikda faoliyat ko‘rsatish va boshqa vazifalarni bajarishga qodirdir.
Motoo‘qchilar (tankchilar) guruhi (seksiya, tank) jangovar vazifani bajarish jarayonida, odatda, vzvod (guruh) tarkibida harakat qiladi. Razvedka, shturm qiluvchi guruhlarda, jangovar (yurish vaqtida va qorovullik), soqchilikda u mustaqil harakat qilishi mumkin. Bundan tashqari motoo‘qchi guruh taktik havo-desantida harakat qiluvchi motoo‘qchi batalon (vzvod) ning oldingi guruhiga tayinlanishi mumkin.
Bajarilayotgan topshiriq, joyning xususiyati va vaziyatning boshqa shart-sharoitlari bilan bog‘liq ravishda, motoo‘qchilar guruh (seksiya) piyoda holda, piyodalarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar, avtomobillar) da va tanklarida desant tarzida harakat qilishi mumkin.
Motoo‘qchi guruh granatomyot, pulemyot, ognemyot, zenit bo‘linmalari, ayrim hollarda esa muhandis-sapyor bo‘linmalari, kimyo-razvedkachilar va tank, tank guruhiga esa, bulardan tashqari, motoo‘qchi bo‘linma berilishi mumkin.
Jangovar topshiriqni bajarish vaqtida motoo‘qchi guruh vaziyatdan kelib chiqqan holda safar, jang oldi va jangovar tartiblarida, tank vzvodining tank guruhi esa safar va jangovar tartiblarda harakat qiladi.
Motoo‘qchi (tank) guruhining safar tartibi – kolonna. U marshda, ta’qib qilishda, manyovrlar o‘tkazganda qo‘llaniladi va u yuqori tezlikda harakat qilishni va jadallik bilan jang oldi va jangovar tartiblarga o‘tishni ta’minlashi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |