«Tahlil» atamasi arabcha so‘z bo‘lib, «eritib yuborish», «murakkab butunni qismlarga ajratish» ma’nolarini anglatadigan «halala» o‘zagidan kelib chiqqan. Ba’zilar adabiyotshunoslikda bu so‘z zamiriga «halollash» ma’nosi ham yuklangan, deb hisoblashadi. Ya’ni, tahlil deyilganda, badiiy matnning ma’nosi va jozibasi nimadan iborat ekanini xolis ko‘rsatish va o‘quvchiga begona bo‘lgan matnni eritib, uning shuuriga joylashga qaratilgan faoliyat ko‘zda tutiladi. San’at asaridan kelib chiqadigan hayotiy ma’noni topish, uning badiiy tasviriga joziba bag‘ishlagan estetik unsurlarni kashf etish, o‘rganilayotgan asarning boshqa bitiklardan farqini aniqlash, milliy estetik tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatish g‘oyat muhim. Badiiy zavqning manbasi qayerdaligini, kitobxonni muayyan asardan ta’sirlanishga olib kelgan omillar, ko‘rkam so‘zning mantiqiy tushunchalar doirasiga sig‘maydigan jozibasi nimadan iboratligini aniqlash katta ahamiyat kasb etadi.
Milliy adabiyotshunoslik ilmining bugungi darajasi tahlilda tekshirilayotgan asardagi badiiy timsollarni ijobiy va salbiy guruhlarga ajratmaslik, har bir personajga qarama-qarshi tabiatli kishilar sifatida yondashish va baholash lozimligini ko‘zda tutadi. Dunyodagi birorta odamni qat’iy yo‘sinda yaxshi yoki yomon, deb bo‘lmaganidek, badiiy timsollarni ham ijobiy va salbiyga ajratib bo‘lmaydi. Odam o‘ta murakkab, tabiati va kayfiyati adadsiz qirralarga ega, o‘zgaruvchan yaratiqdir. Shu ma’noda har bir odamni to‘liq echimi hech qachon topilmaydigan matematik noma’lumlik deyish mumkin. Badiiy adabiyot ana shu yechimsiz tenglamaning qirralarini butun murakkabligi, jilvalari va tovlanishlari bilan tasvir etish orqali o‘quvchini o‘zgani tushunish va his qilish orqali birovning dardini anglashga o‘rgatadi. To‘g‘ri amalga oshirilgan badiiy tahlil odam ruhiyatida muayyan axloqiy sifatlar hosil qiladi, unda shaxslik fazilatlarini shakllantiradi.
Demak, badiiy tahlil asoslari fanining predmeti adabiyotshunoslik ilmi bo‘lib, uning ob’ekti esa barcha badiiy asarlardir.
Kurs davomida badiiy tahlil tushunchasi, tahlil turlari, bu haqida olimlarning fikr, munosabatlari, tahlilda dunyoqarash va milliy mansublikni o‘rni, badiiy tahlil tamoyillari, badiiy tahlil yo‘nalishlari, badiiy tahlil bosqichlari kabi nazariy masalalar o‘rganiladi.
3. Badiiy matning badiiy tahlil obyekti sifatidagi asosiy belgilariga quyidagilarni keltirish mumkin:
1. Asar yaratilish vaqti va sharoiti.
2. Asarning yozuvchi ijodidagi o‘rni.
3. Adabiy turi(epos, lirika, drama).
4. Asar janri.
5. Asarning asosiy muammoviyligi.
6. Mavzu.
7. Kompozitsiya.
8. Asarning asosiy pafosi va hissiy bo‘yoqdorligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |